Қон яратувчи ва иммун-ҳимоя органлари
Download 0.62 Mb. Pdf ko'rish
|
Маruza matni № 7. QON YARATUVCHI VA IMMUN A’ZOLARI
SUYaK KO‘MIGI
Suyak ko‘migi markaziy qon yaratuvchi organ bo‘lib, embriondan keyingi (postembrional) davrda qon o‘zak hujayralarining yagona manbai bo‘lib hisoblanadi. Bu yerda yetuk T-limfotsitlardan tashqari, boshqa qonning barcha shaklli elementlari: eritrotsitlar, granulotsitlar, V-limfotsitlar va qon plastinkalari (trombotsitlar) yetiladi. Taraqqiyoti. Ko‘mikning rivojlanishi tog‘ayning suyaklanishi bilan parallel yuz berib, u embrion taraqqiyotining ikkinchi oyida boshlanadi. Mezenxima differentsiallashib, mikromuhit hosil qiluvchi retikulyar to‘qimaga aylanadi. Bu to‘qimaga qon tomirlar o‘sib kirib, sinusoid gemokapillyarlarni hosil qitadi. Shu bilan birga mezenxima hujayralaridan qon tomirlar atrofida qonning o‘zak hujayralari hosil bo‘ladi. Embrion taraqqiyotining 6—7 oylarida suyak ko‘migida qon yaratilish faoliyati boshlanadi va unda asosan eritrotsitlar, qisman granulotsitlar va qon plastinkalari hosil bo‘ladi. Tuzilishi. Voyaga yetgan organizmda qizil va sariq suyak ko‘migi farqlanadi. Qizil suyak ko‘migi qon yaratuvchi a’zo bo‘lsa, sariq suyak ko‘migi sog‘lom organizmda qon yaratish qobiliyatiga ega bo‘lmaydi. Qizil suyak ko‘migi barcha yassi suyaklar g‘ovak moddasini va naysimon suyaklarning epifiz qismini to‘ldirib turadi. U organizm umumiy og‘irligining 4-5% ini tashkil etadi va o‘rta hisobda 3-3,5 kg atrofida bo‘ladi. Qizil suyak ko‘migi to‘q qizil rangli va qonga nisbatan quyuqroqdir. Uning yarim suyuq holatda bo‘lishi undan surtmalar tayyorlab, tekshirish imkoniyatini beradi. Ko‘mikping stromasini retikulyar to‘qima tashkil etadi. Bu to‘qimaning retikulyar hujayralari o‘ziga xos to‘r hosil qilib joylashgan. To‘r orasidan sinusoid gemokapillyarlar o‘tib, ularning atrofida gemotsitopoez jarayonining turli taraqqiyot bosqichida bo‘lgan hujayralar joylashadi. Ko‘mikda taraqqiy etuvchi qon hujayralari ko‘p hollarda orolchalar hosil qilib joylashadi. Taraqqiyotning turli bosqichlaridagi eritrotsitopoez hujayralari markazida makrofag joylashib, eritroblastik orolchalarni hosil qiladi. Makrofaglar bu yerda eritroblastlar uchun «enaga hujayra» vazifasini o‘taydi. Granulotsitopoez hujayralari ham bir-biridan ajralgan orolchalar shaklida joylashadi. Ammo bu orolchalar markazida makrofag hujayrasi bo‘lmaydi. Ko‘mikda megakariotsit hujayralari o‘zining yirikligi (60—100 mkm) va bir-biriga tutashib ketgan, bir necha bo‘laklardan iborat yirik yadrosi bilan ajralib turadi. Yetilayotgan monotsitlar, V-limfotsitlar va plazmotsitlar ko‘pincha retikulyar hujayralar va makrofaglar bilan o‘zaro aloqada bo‘lib joylashadi. Shuni ta’kidlash kerakki, takomil etayotgan hujayralar, ayniqsa, qon shaklli elementlarining oxirgi bosqichlari, ko‘mikning sinusoid gemokapillyarlari va postkapillyar sinuslari tashqi devoriga bevosita yondoshib yotadi. Suyak ko‘migining sinusoid gemokapillyarlari yirik bo‘lib, devori yassi endoteliy hujayralari bilan qoplangan. Endoteliy ostidagi bazal membrana uzuq-uzuq bo‘lib, uning uzilgan qismi endoteliy orasidagi yoriqlarga to‘g‘ri keladi. Ana shu yoriqlar orqali suyak ko‘migida voyaga yetgan qon shaklli elementlari ko‘mikdan qonga o‘tadi. Endotelial yoriqlar qonga faqatgina yetilgan qon shaklli elementlarini o‘tkazadi. Blast hujayralar, promielotsitlar, yadroli normotsitlar, mielotsitlar va boshqa o‘ta yosh hujayralarning qonga o‘tishi faqatgina turli kasallik holatlarida kuzatiladi. Endoteliy hujayralari orasidagi yoriqlarning tanlab o‘tkazish mexanizmlari hali ham oxirigacha ma’lum emas. Ammo bu jarayonda o‘tayotgan hujayra bilan endoteliy hujayrasidagi maxsus retseptorlarning mos kelishi asosiy ahamiyatga ega deb hisoblanadi. Sariq suyak ko‘migi asosan voyaga yetgan odamlarda bo‘ladi va naysimon suyaklarning diafiz qismini to‘ldiradi. Uning tarkibini asosan yog‘ to‘qimasi tashkil etib, yog‘ hujayralarning tsitoplazmasidagi lipoxrom pigmentlari unga sariq tus beradi. Sog‘lom organizmda bu ko‘mik qon yaratish vazifasini o‘tamaydi. Lekin ko‘p qon yo‘qotgan paytda va ba’zi bir kasalliklarda sariq suyak ko‘migida gemotsitopoez (ya’ni qon yaratilish) jarayoni sodir bo‘lishi mumkin. Download 0.62 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling