IMLO QOIDALARI BILAN ISHLASH VA U BILAN BOG‘LIQ
MASHQLAR USTIDA ISHLASH
116
Ko‘p hollarda «bir» so‘zi orqali yasalgan ayrim so‘zlarni noto‘g‘ri tarzda ajratib yozish yoki qo‘shib yozishga yo‘l qo‘yilmoqda. Bu xatoni bartaraf etish uchun tarkibida “bir” so‘zi qatnashgan quyidagi so‘zlarnigina qo‘shib yozing. Qarang: baribir, birato‘la, birvarakayiga, birdam, birmuncha, birpas.
Shuni esda tutingki, so‘zlarni qo‘shib yozishda ularning (kamida ikki so‘zning) bir butun tushunchani, biror narsaning nomini bildirishiga asoslanish lozim. Mabodo birinchi so‘z narsaning soni yoki biron belgisini ko‘rsatsa, bunday birikma qo‘shma so‘z hisoblanmaydi. Qiyoslang: oqsoqol (kishi) – oq (qanday) soqol, uchoyoq (o‘choq) – uch (qancha) oyoq (izi) kabi.
Narsani boshqa narsaga o‘xshatish, qiyoslash yo‘li bilan ifodalavchi qo‘shma ot va qo‘shma sifatlar qo‘shib yoziladi. Masalan: oybolta, otquloq, oshqozon, toshko‘mir, bodomqovoq, devqomat, sheryurak.
Narsani joy, o‘ringa nisbat berish asosida ifodalovchi qo‘shma otlar qo‘shib yoziladi. Masalan: suvilon, tog‘olcha, cholyalpiz, qashqargul.
Narsaning rangi, mazasi va o‘zidagi biror xususiyatiga ko‘ra nomlovchi qo‘shma otlar qo‘shib yoziladi. Masalan: achchiqtosh, olaqarg‘a, qizilishton, qoraqurt, mingoyoq kabi.
Narsani biror ish yoki maqsad uchun mo‘ljallanganligiga ko‘ra ifodalovchi qo‘shma otlar qo‘shib yoziladi. Oshrayhon, kirsovun, tokqaychi, ko‘zoynak, qiymataxta kabi.
Tarkibidagi so‘zlar ma’nosidan tadbir, marosim, afsona ifodalovchi qo‘shma otlar qo‘shib yoziladi. Masalan: kelintushdi, supraqoqdi, qoryog‘di, tomsuvoq, urto‘qmoq kabi.
Ikkinchi qismi turdosh ot bo‘lgan qo‘shma so‘z shaklidagi joy nomlari qo‘shib yoziladi. Masalan: Qiziltepa, To‘rtko‘l, Yangiyo‘l, Amudaryo, Mirzacho‘l, Arnasoy kabi.
Do'stlaringiz bilan baham: |