2-asosiy savol bo’yicha darsning maqsadi: Ijodkor tarjimai holini o’rganishning turlari haqida ma’lumot berish.
Identiv o’quv maqsadlari:
1. Yozuvchi hayot yo’lining umrbayonining o’rganilishi to’g’risida ma’lumot beradi.
2. Yozuvchining hayot yo’li va adabiy faoliyatini o’rganishning ahamiyati haqida gapiradi.
3. Adib hayotini o’rganishning shakl va usullari haqida fikr bildiradi.
2-asosiy savolning bayoni:
Adabiy ta’limda yozuvchilar umrbayoni ikki sababga ko’ra o’rganiladi.
Yozuvchining tarjimai holini o’rganishda uning boshqa yozuvchilar bilan adabiy aloqada bo’lganiga, ular ijodiga bo’lgan munosabatiga ahamiyat beriladi. Chunki har bir yozuvchi faqat o’z zamondoshlari bilan cheklanmasdan, o’zidan oldin yashab ijod etgan yozuvchilarning adabiy merosini o’rganadi, ularning eng yaxshi an’analarini ijodiy davom ettiradi. Shu ma’noda u o’tmish avlodlar ijodning davomchisi, kelajak ijodkorlarning ustozi, yosh avlodning tarbiyachisi hisoblanadi.
O’qituvchi yozuvchining tarjimai holi va ijodiy faoliyati haqida ma’lumot berishda darslik materiallaridan tashqari, zamondoshlarining u haqda bildirgan fikr va xotiralari hamda hayotiga doir o’zi yozgan asarlaridan foydalanadi. Masalan, Alisher Navoiyning tarjimai holini o’rganishda Xondamirning «Makorim-ul axloq» («Yaxshi xislatlar»), Olim Sharafiddinovning «Alisher Navoiy», V. Abdullayevning «Navoiy Samarqandda», I.Sultonovning «Navoiyning ijodiy metodi», N.M. Mallaevning «Alisher Navoiy va xalq og’zaki ijodiyoti» asarlari va boshqa materiallar yaxshi manba bo’la oladi.
Yozuvchining hayot yo’li va adabiy faoliyatini o’rganishda uning siymosi ibratli tarzda yoritilgan asarlarni eslatish, hayotida muhim ahamiyatga ega bo’lgan voqealarni qisqacha hikoya qilish darsning qiziqarli bo’lishiga yordam beradi. Masalan, Alisher Navoiyning tarjimai holi va adabiy faoliyatini o’rganishda buyuk shoir ijodining gultoji bo’lgan «Xamsa»ning yaratilishi haqida gapirilar ekan, Abdurahmon Jomiyning «Xiradnomayi Iskandar» asarning xotima qismidagi quyidagi satrlarni o’qib berish mumkin:
Bu beshlarga avval boshlab o’rib panja,
Xushxabarlar keltirganning yurti Ganja.
Lekin turkiy tilda keldi bu naqsh ajab,
Uni ko’rib sehrli so’zlar bog’lagay lab...
So’zamollik maydoniga sen so’rding ot,
Qayta bodan so’zning yurt porladi bot.
Sening aq’lu fikring bilan safo topdi,
Ey,Navoiy, lutfing bilan navo topdi.
Ayrim adiblarning tarjimai holini o’rganishda esa boshqa kishilar, mashhur shaxslar, yirik olimlar, yirik davlat va jamoat arboblarining fikrlaridan ham foydalanish mumkin bo’ladi.
«Bobur-dilbar shaxs. Uyg’onish davrining tipik hukmdori, mard va tadbirkor odam bo’lgan, u san’atni, adabiyotni sevardi, hayotdan huzur qilishni yaxshi ko’rardi. Uning nabirasi Akbar yana ham dilbarroq bo’lib, ko’p yaxshi fazilatlarga ega bo’lgan».
Do'stlaringiz bilan baham: |