Muhokama uchun savollar:
1. Badiiy tahlil aynan asar dunyoga kelgan vaqtdagina zarurmi yoki o‘tmish badiiy adabiyot namunalari ham tahlilga tortiladimi?
2. Badiiy tahlilning shakliga ko‘ra turlaridan qaysi biri ko‘proq samara beradi?
2-savol bo‘yicha dars maqsadi: Badiiy asar tahlilining maqsadiga ko‘ra turlari va o‘quv tahlilga xos etakchi xususiyatlar haqida ma’lumot berish.
Identiv o‘quv maqsadlari:
1.1. Badiiy asar tahlilining maqsadiga ko‘ra turlarini bilib oladi.
1.2. O‘quv tahliliga xos etakchi xususiyatlar haqida ma’lumot bera oladi.
2-savol bayoni:
Badiiy asar tahlilini amalga oshirilayotgan tahlilning maqsadiga ko‘ra: a) ilmiy (filologik); b) o‘quv ( didaktik) singari ikki turga bo‘lish mumkin.
Filologik (ilmiy) tahlil adabiy asardagi tasvirning yozilgan hamda o‘rganilayotgan paytagi badiiy va hayotiy mantig‘i hamda estetik o‘ziga xosligini anglashga yo‘naltirilgan intellektual-hissiy faoliyatdir. Ilmiy tahlilda badiiy asardan chiqarilgan xulosalarning adabiyottanuvchilik ilmi erishgan darajalarga muvofiq kelishi talab etiladi. Tahlil jarayonida bildirilayotgan har bir fikr ham mantiqiy tushunchalar, ham estetik qonuniyatlar bilan asoslangan bo‘lishi lozimdir. Shuningdek, ilmiy tahlilda o‘rganilayotgan asarning umummilliy adabiyotdagi o‘rni va milliy tafakkur taraqqiyotiga ta’siri darajasi ko‘rsatilishi ko‘zda tutilishi kerak.
Filologik tahlil ommaboplikdan yuqoriroq turib, har qanday adabiy hodisaga mutaxassis nazari bilan qaralishini taqozo qiladi. Ilmiy tahlildagi asosiy narsa adabiy asarning badiiyligi, ta’sirchanligi, jozibasi va sehrini ta’minlagan jihatlarni ko‘rsata bilishdir. Shu ma’noda, filologik tahlil ilmiy-estetik faoliyatdir. U, asosan, bir kishi tomonidan amalga oshiriladi. Ilmiy tahlil bilan shug‘ullanayotgan mutaxassis vaqt jihatidan ham, imkoniyat jihatidan ham deyarli barcha cheklovlardan xoli bo‘ladi. Ilmiy tahlilni amalga oshirayotgan kishi faqat o‘zi belgilab olgan bosh maqsad bo‘lmish badiiy matn mantig‘i va jozibasini ochish sari intiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |