Ona tilidagi she’riyat
Download 200.5 Kb.
|
Ona tilidagi she’riyat
Tuygʻuning samimiyligi- Sheʼr texnikasining puxta egallangani, metafora va tashbehlarni oʻrinli qoʻllay bilish ijod namunasining saviyasiga qoʻyiladigan talablarning ayrimlari, xolos. Agar sheʼrda tuygʻular rost va samimiy boʻlmasa, koʻngillarga yetib bora olmaydi. Bu borada ham hazrat Navoiyning oʻgitlariga muhtojmiz. Buyuk mutafakkir:
Nukta su yangligʻ eritur toshni, Topsa haqiqat oʻtidin choshni, – deganda aynan tuygʻuning rost va samimiy boʻlishi zarurligini nazarda tutgan edi. Oʻtgan yilgi toʻplamlarda ana shu tamoyilga muvofiq keladigan sheʼrlar koʻp ekani sheʼriyatimizning mudom oʻsishda, rivojlanishda ekanidan dalolat beradi. Oʻzbekiston xalq shoiri Oxunjon Hakimning “Uyingizga sovchi boradi” toʻplamiga kirgan “Bahor ekan-da” sheʼrida ifodalangan tuygʻular samimiyati oʻquvchi koʻngliga beixtiyor koʻchadi. Uning qalbida bahor shavqini, koʻklam sururini paydo qiladi: Doʻstim, tongda turib bogʻlarga yoʻl ol, Bir chimdim uyquning bahridan kechib, Qara, Lola yuzi yonmoqda yal-yal – Subhidam shudringdan sharobdek ichib… Shoirning mahorati shundaki, u bahor tasvirini hayotiy misollar, taʼsirchan obrazlar, tutilmagan tashbehlar vositasida talqin etadi: Borliqda gurkirash, Borliqda yashnash. Gul jamol koʻrsatdi hatto… tikanda! Moviylikka choʻmib ketdi togʻu tosh, Bahor deganlari bahor ekan-da. Umida Abduazimovaning “Marvaridlarim” hamda “Oʻsha sizmi?” toʻplamlaridan oʻrin olgan sheʼrlar tuygʻularning samimiyligi, talqinning ohori bilan alohida ajralib turadi: Menda vaqtdan boshqa hamma Narsa yetarli. Senda vaqtdan boshqa narsa Yoʻqdir aytarli. Inson birinchi navbatda qadrlashi zarur boʻlgan vaqt haqida juda koʻp sheʼrlar bitilgan. Umida Abduazimovaning sheʼri, ifodaning soddaligi (joʻnligi emas!), samimiyligi bilan koʻngillar toʻridan oʻrin oladi: Menga sitam qilganni kechirib yashay. Yomonligin dilimdan oʻchirib yashay. Bu sheʼr oʻzbekning asl tabiati, yomonlik qilgan kimsaga ham yaxshilik qila olish qudratiga ega ekani juda oz soʻz vositasida koʻngilga yaqin uslubda ifodalangani jihatidan ham qadrlidir. Munavvaraning “Yuragimdasan, Vatan” toʻplamidagi “Shabboda” sheʼri tuygʻuning samimiyatiga, izhorning chinligiga dalil boʻla oladi: Toʻkdimikan oʻrik gulini, Ayni yaproq yozgandir uzum. Yalpiz boʻyi taralgan yoʻlda Qoldimikan mening ham izim. Bolalik haqidagi bu sheʼr shoiraning ijodiy salohiyatidan, undan baland saviyadagi sheʼrlar kutishga haqli ekanimizdan dalolat beradi. Yusuf Ziyodning “Ruhiyat manzaralari” toʻplamidagi sheʼrlar, asosan, muhabbat mavzuida. Mana bu samimiy izhorlar esa, inson va uning mohiyati haqidagi falsafiy mushohadaning nazmiy talqini oʻlaroq dunyoga kelgan: Kun kelib uzilsa umr – jon yaproq, Koʻzim qarogʻidan joy olsa tuproq. Bilmadim, ortimda nelar qoladi, Gunohmi, savobmi, qay biri koʻproq. Fikrlaydigan har bir odam hayotining muayyan bosqichida oʻtayotgan umrini sarhisob qilishga ehtiyoj sezadi. Yaxshi nom qoldira olyapmanmi, qanday savob ishlar qildimu, qay xatolarga yoʻl qoʻydim, deya oʻylanadi. Bu tabiiy hol, albatta. Bunday samimiy tuygʻu goʻzal badiiy shaklda misralarga koʻchsa, taʼsiri yanada kuchliroq boʻladi. Ushbu toʻrtlik buning isbotidir. 2013 yilda, bulardan tashqari, hazrat Navoiydan bugungi yosh shoirlarimizgacha koʻplab ijodkorlarning ona haqidagi sheʼrlaridan tarkib topgan “Onajon” toʻplami nashr etildi. Bu ajoyib gʻoya mualliflariga, toʻplovchi Ashurali Joʻrayevga rahmatlar aytishga burchlimiz. Bunday gʻoyalarni qoʻllab-quvvatlash, ragʻbatlantirish zarur. Samarqandlik ijodkorlar nazmiy asarlarini oʻz ichiga olgan “Iftixorimsan, Vatan” toʻplamining, 30 nafar yosh ijodkorlar sheʼrlaridan tuzilgan “Sozimda Vatan vasfi” almanaxining nashr etilishi tahsinga sazovor ish boʻlganini eʼtirof etish zarur. XULOSA Xulosa qilib aytganda, sheʼriyatimizda milliy ruh talqini yetakchi tamoyil darajasiga koʻtarilmoqda. Shoirlarimiz nazmiy asarlarida soʻzga boʻlgan masʼuliyat, uni isrof qilishdan saqlanish, oz soʻzga koʻp maʼno yuklash singari fazilatlar yaqqolroq namoyon boʻlayotir. Poetik obrazning ohorli, yorqin, taʼsirchan boʻlishiga intilish hissi kuchaymoqda. Sheʼrni sheʼr qiladigan, oʻquvchi koʻngil olamini nurlantiradigan muhim omil – tuygʻuning samimiyligiga eʼtibor tobora ortib borayotir. Bu tamoyillarning namoyon boʻlishi yangi zamon oʻzbek sheʼriyatining badiiyat jihatidan jahon adabiyotining yuksak namunalaridan qolishmasligini koʻrsatadi. Milliy sheʼriyatimiz istiqboliga katta umidlar bilan qarash uchun yetarli asos beradi. Mazkur yutuqlar barobarida, muayyan kamchiliklar borligidan ham koʻz yumib boʻlmaydi. Qofiyali soʻzlar tizmasidangina iborat, oddiy soʻzlashuv jarayonida ifodalanishi mumkin boʻlgan sayoz, joʻn fikrlarni jamlagan, badiiyatdan yiroq “shigʻir”larni oʻz ichiga olgan toʻplamlar ham, afsuski, yoʻq emas. “Shou-biznes”da “qoʻshiq” matni oʻlaroq didsizlikning urchishiga xizmat qilayotgan soʻzbozlik namunalari ham toʻplam oʻlaroq taqdim etilayotgani, ayniqsa, achinarli holdir. Adabiyotshunoslikda “tanqiddan tuban”, degan qarash bor. Shu bois biz ularni nomma-nom keltirishni, tanqid qilishni lozim koʻrmadik. Koʻngilga taskin beradigan jihati shundaki, sheʼriyatimizning yuksak namunalarini jamlagan toʻplamlar oldida ularning nochor saviyasi yaqqol koʻrinib turadi. Ular muazzam adabiyotimiz uchun oʻtkinchi holat sanalib, oʻzbek sheʼriyati rivojiga toʻsiq boʻla olmaydi. Download 200.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling