Oqsillar va ularning bola organizmi uchun ahamiyati


Download 30.97 Kb.
bet1/3
Sana29.03.2023
Hajmi30.97 Kb.
#1305600
  1   2   3
Bog'liq
OQSILLAR VA ULARNING BOLA ORGANIZMI UCHUN AHAMIYATI


OQSILLAR VA ULARNING BOLA ORGANIZMI UCHUN AHAMIYATI
Reja:

  1. Oqsil, yog‘ va uglevodlarning bola salomatligidagi ahamiyati

  2. Oqsillar va aminokislotalar

  3. Bola o‘sishi va rivojlanishida oqsillar, yog‘lar, uglevodlar, suv, mineral tuzlarning ahamiyati.

Xulosa
Foydalanilgan adabiyotlar.


  1. Oqsil, yog‘ va uglevodlarning bola salomatligidagi ahamiyati

Oqsillar – har qanday tirik hujayraning asosiy tarkibiy qismi hisoblanib, yangi hujayra va to‘qimalar qurilishiga sarflanadigan azot faqat ularda bo‘ladi. Shuningdek, bolalarning oqsilga ehtiyoji kattalarnikiga qaraganda ancha ko‘p, ular ulg‘aygan sari bu talab ham ortib boraveradi.
Ovqat hazm qilish yo‘llariga tushgan oqsillar me’da va ichak shirasi ta’sirida aminokislotalarga parchalanadi. Aminokislotalar ichak devori orqali qonga so‘rilib, butun organizmga tarqaladi. Ma’lumki, organizmga ovqat bilan birga tushadigan 8 ta aminokislota (triptofan, fenilalanin, lizin, metionin, valin, leysin, izoleysin, treonin) mavjud.
Hayvonlardan olinadigan mahsulotlar (tuxum, sut, tvorog, go‘sht, baliq va boshqalar)da bo‘ladigan oqsillarning biologik jihatdan juda ham faol ekani aniqlangan. Bundan tashqari, ularda inson uchun zarur bo‘lgan barcha zarur aminokislotalar bor. Ayniqsa, emizikli chaqaloqlar to‘la sifatli oqsilga juda muhtojdirlar.
O‘simlik mahsulotlari (non, kartoshka, sabzavotlar, yormalar va boshqalar)dagi oqsillar hayvon oqsillariga qaraganda organizmga sekin singadi. O‘simlik va hayvon mahsulotlari to‘g‘ri aralashtirilib, birinchisini ikkinchisi bilan boyitish orqali odam organizmiga zarur oqsil va aminokislotalarning tanaga tez singishini ta’minlash mumkin. Shu bois bolaga har xil hayvon va o‘simlik mahsulotlaridan iborat turli ovqatlarni bergan ma’qul.
Yog‘lar faqat energiya va issiqlik manbai bo‘libgina qolmay, a’zo va to‘qima hujayralari tarkibiga kiradi, ular ichki a’zolarni turli mexanik shikastlanishlardan saqlaydi. Shuningdek yog‘lar ham oqsillar kabi sifatli va sifatsiz bo‘ladi. Sut mahsulotlari (sariyog‘, qaymoq, smetana, tvorog, pishloq), tarkibiga kiradigan sut yog‘i, baliq moyi va tuxum sarig‘idagi yog‘ eng foydali hisoblanib, ularda bola salomatligi va o‘sishi uchun zarur bo‘lgan A va B vitamini mavjud. Mol va qo‘y yog‘ida bu vitaminlar juda kam, o‘simlik moyida esa deyarli yo‘q. Ammo o‘simlik moyi o‘sib kelayotgan organizm uchun zarur bo‘lgan ba’zi foydali to‘yinmagan yog‘ kislotalarining manbai. Bular moddalar almashinuvida va immunitet ishlab chiqarilishida qatnashadi. Shu sababli 1 yoshdan oshgan bola ovqatiga hayvon oqsillari bilan bir qatorda o‘simlik moyini ham albatta ishlatish kerak.
Uglevodlar energiya va issiqlik hosil bo‘lishiga xizmat qiladi. Bolalarning uglevodlarga bo‘lgan kunlik ehtiyoji kattalarnikiga qaraganda 2 hissa ortiq bo‘ladi.
O‘simliklardan tayyorlanadigan mahsulotlar (non, yormalar, kartoshka, sabzavotlar, mevalar) uglevodlar manbai sanaladi, chunki ularda ko‘p miqdorda qand, kraxmal va kletchatka mavjud. Hayvonlardan olinadigan mahsulotlardan faqatgina sut qandga boy bo‘ladi.
Bolalar ovqatida oddiy qandlar – glyukoza va fruktozadan iborat yengil singuvchi uglevodlar muhim rol o‘ynaydi. Bular mevalar, sabzavotlar, sharbatlar, shuningdek, sut (sutda sut qandi – laktoza bo‘ladi) bilan birga organizmga tushib turadi.
Umuman, bola sog‘lom o‘sib ulg‘ayishi uchun uning taomnomasida oqsil, yog‘ va uglevodlar kerakli miqdorda bo‘lishi shart.

2. Oqsillar va aminokislotalar


Biz oqsilni umumiy tushuncha sifatida qabul qilamiz: ratsionimizda maʼlum miqdorda boʻlishi kerak boʻlgan gomogen tarkibli moddalar deb qaraymiz. Ammo siz molekulyar biologiya laboratoriyasida ishlasangiz (masalan, yozgi amaliyot uchun), oqsilga boshqacha nigoh bilan qaray boshlaysiz.
Xoʻsh, qanday qilib? Aytaylik, siz oqsilni faqat bitta modda emas deb bilgan boʻlishingiz mumkin. Aksincha, bir hujayrada yoki organizmda turli xil koʻplab oqsillar borligini bilgan boʻlishingiz mumkin. Ular siz tasavvur qila oladigan har qanday oʻlchov, shakl va turda boʻladi va har birining oʻziga xos va yagona vazifasi bor. Ayrimlari hujayraning strukturaviy tarkibiga kiradi yoki hujayra harakatiga yordam beradi. Boshqalari esa shishadagi xabarlar kabi hujayralar orasida suzib yuruvchi signal vazifasini bajaradi. Yana boshqalari esa metabolik fermentlar boʻlib, hujayra uchun zarur biomolekulalarni oʻzaro birlashtiradi yoki parchalaydi. Va nihoyat, bu noyob molekulyar oʻyinchilar tadqiqotingiz davomida sizniki boʻladi.
Oqsillar jonli sistema boʻylab eng keng tarqalgan organik molekulalar qatoriga kiradi va makromolekulalarning boshqa sinflariga nisbatan tuzilish va vazifalarida oʻziga xos farq mavjud. Bitta hujayra minglab oqsillarni oʻz ichiga olishi mumkin va har bir oqsilning takrorlanmas vazifasi mavjud. Ularning tuzilishi va vazifalarida juda katta farq boʻlsa-da, barcha oqsillar bir yoki bir nechta aminokislotalar zanjiridan iborat. Ushbu maqolada oqsillarning qurilish tarkibi, tuzilishi va ahamiyati haqida toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlamiz.
Oqsil turlari va vazifalari
Oqsillar hujayra va organizmda keng qamrovli ahamiyatga ega. Bu yerda sizlarga yaxshi tanish boʻlgan va koʻp organizmlarning (shu jumladan, insonlarning) biologiyasida muhim ahamiyatga ega, koʻp uchraydigan oqsil turlaridan bir nechta misolni koʻrib chiqamiz.
Fermentlar
Fermentlar biokimyoviy reaksiyalarda katalizator sifatida vazifa bajaradi, yaʼni reaksiyalarni tezlashtiradi. Har bir ferment bir yoki bir nechta substratni aniqlaydi. Substrat reaksiyaning boshlangʻich mahsuloti sifatida reaksiyaga kirishuvchi molekula hisoblanadi. Turli xil fermentlar turli reaksiyalarda ishtirok etadi va ular substratlarni parchalashi, bogʻlashi yoki qayta qurishi mumkin.
Tanamizda uchraydigan fermentga misol tariqasida soʻlak tarkibidagi amilazani olish mumkin, u amilozani (kraxmalning bir turi) kichik shakar molekulalarigacha parchalaydi. Amilozaning taʼmi unchalik ham shirin emas, ammo undan hosil boʻlgan shakar molekulalari shirin taʼmni beradi. Shu sababli tarkibida kraxmal bor mahsulotlarni uzoqroq muddat chaynasangiz, uning taʼmi shirinroq boʻladi, chunki bunda soʻlak tarkibidagi amilaza ishga tushadi.
Gormonlar
Gormonlar endokrin hujayralar (xuddi gipofiz bezi hujayralari kabi) tomonidan ishlab chiqariladigan, masofaviy taʼsir qiluvchi kimyoviy signallar hisoblanadi. Ular oʻsish, rivojlanish, metabolizm va koʻpayish kabi muayyan fiziologik jarayonlarni nazorat qiladi. Ayrim gormonlar steroid tabiatli (lipidlar haqidagi maqolani koʻring), boshqalari esa oqsil tabiatli. Ushbu oqsil tabiatli gormonlar odatda peptid gormonlari deb ataladi.
Masalan, insulin qondagi glyukoza miqdorini tartibga solishga yordam beradigan muhim peptid gormon hisoblanadi. Qondagi glyukoza miqdori koʻtarilganda (masalan, ovqat isteʼmol qilgandan keyin), oshqozon osti bezidagi maxsus hujayralar qonga insulin ajratadi. Insulin jigar va tananing boshqa qismlaridagi hujayralar bilan bogʻlanadi va ular glyukozani oʻzlashtiradi. Bu jarayon qondagi glyukoza miqdorini normal, barqaror koʻrsatkichga qaytarishga yordam beradi.



Download 30.97 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling