O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor V b. R. Jumayev
O‘ Q U V M A T E R I A L L A R
Download 0.59 Mb.
|
haj-2021-m1
- Bu sahifa navigatsiya:
- Tayanch tushunchalar
O‘ Q U V M A T E R I A L L A R
MA’RUZA MASHG‘ULOTLARI 1-MAVZU: ADABIYOTGA E’TIBOR- MA’NAVIYATGA, KELAJAKKA E’TIBOR Reja: Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor. “Hozirgi adabiy jarayon” faniga kirish.Faning ob’eki va predmeti.Maqsad va vazifalari. Hozirgi adabiy jarayonga xos xususiyatlar. Fanning boshqa fanlar bilan bog‘liqligi. Tayanch tushunchalar: Adabiyot, ma’naviyat, davr, ijodkor, milliylik, adabiy jarayon, hozirgi adabiy jarayon, “Hozirgi adabiy jarayon” fanining predmeti, maqsadi, vazifalari, obyekti, boshqa fanlar bilan bog`liqligi. 1. Badiiy adabiyot va ijtimoiy hayot hamisha chambarchas bog‘liqlikda rivojlanib boradi. Jamiyat, undagi siyosiy, iqtisodiy, mafkurviy qarashlar, o‘zgarishlar adabiyotga o‘z ta’sirini ko‘rsatgani qatorida badiiy adabiyot ham har doim jamiyatning ma’naviy yuksalishi, yangicha qarashlarning yuzaga kelishida muhim omillardan biri bo‘lib keladi. 1991-yil 31-avgustda o‘zbek xalqning ezgu orzusi ro‘yobga chiqdi: O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikni qo‘lga kiritdi. Milliy mustaqillik xalqimizga o‘zining siyosiy, iqtisodiy madaniy, huquqiy masalalarini o‘zi hal etish imkoniyatini berdi. Yurtimizning barcha sohalarida o‘zgarishlar, islohotlar, yangilanishlar yuzaga kela boshladi. Natijada O‘zbekistonda demokratik asosdagi yangi davlat tizimi tashkil topdi. Mustaqillikka erishilgach, O‘zbekiston o‘z tarixiy taraqqiyotining yangi bosqichiga ko‘tarildi. Ijtimoiy hayotda bo‘lgani kabi badiiy ijod, adabiyot sohasida ham ko‘zga tashlanarli o‘zgarishlar yuzaga keldi. Ijodkorlar so‘z, fikr erkinligini qo‘lga kiritdilar. Yurtimiz tarixining o‘chmas qirralarini yorituvchi, milliy qadriyatlarni tarannum etuvchi asrlar yaratila boshlandi.Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev ta’kidlab o`tganidek: “Аdabiyot va san’atga, madaniyatga e’tibor – bu avvalo xalqimizga e’tibor, kelajagimizga e’tibor ekanini, buyuk shoirimiz Cho`lpon aytganidek, adabiyot, madaniyat yashasa, millat yashashi mumkinligini unutishga bizning haqqimiz yo`q”1. Shu boisdan ham mustaqillik davrida adabiyot va san’atga e’tibor yanada kuchayib bordi. Mustaqillik tufayli hayotga chuqurroq kirib borish, hayotni butun borligi, murakkabligi bilan aks ettirish, hayot haqiqatini teran ochib berishga intilish, kuchaydi. Ijodkorlarda o‘tmish adabiy an’analardan foydalanish qatorida dunyo adabiyoti taraqqiyoti tajribalaridan ham o‘rganishga keng imkoniyat paydo bo‘ldi. Ijodkorlar adabiy tajribalarni sinchkovlik bilan o‘rgangan holda yurtimiz tarixini, milliy mustaqillikni, xalqimizning ezgu orzu-intilishlarini aks ettirib, adabiyotni yangi mazmun, yangi obrazlar bilan boyitishga harakat qildilar. Adabiyotdagi bunday o‘zgarishlar haqida birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov ham ta’kidlab o‘tgan edilar: “Adabiyot, so‘z san’ati azaldan xalq qalbining ifodachisi, haqiqat va adolat jarchisi bo‘lib keladi. Xususan, mustaqillik yillarida yurtimizda ma’naviyatimizning g‘oyat muhim va uzviy qismi bo‘lgan adabiyotni rivojlantirish, shoir va yozuvchilarimizning ezgu mehnatini qadrlash va munosib rag‘batlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘z hosilini berayotgani, badiiy adabiyotimiz mavzular ko‘lami jihatidan ham, janrlar nuqtai nazaridan ham rang-barang bo‘lib borayotgani, adabiyot maydonida yangi- yangi nomlar paydo bo‘layotgani kitobxon xalqimizni, albatta, quvontiradi. Bularning barchasi milliy tiklanish jarayonlari qalam ahlining ijodiy izlanishlari uchun qanday katta ufqdar ochib berganini yana bir bor ko‘rsatadi. Deylik, hozirgi paytda tarixiy mavzuni yoritishda – bu Imom Buxoriy yoki Imom Termiziy bo‘ladimi, Jaloliddin Manguberdi yoki Amir Temur siymosini yaratish bo‘ladimi, olis va yaqin o‘tmishimizning hali ochilmagan sahifalarini aks ettirish bo‘ladimi – buyuk ajdoddarimizning ibratli hayot yo‘li tasvirlangan ko‘plab asarlar dunyoga kelmoqda. Sovet mafkurasi hukmron bo‘lgan zamonlarda bu haqda so‘z ochish, ko‘hna va boy tariximizga bunday munosabatda bo‘lish «tarixni ideallashtirish» deb tanqid qilinib, tazyiq o‘tkazib kelganini o‘sha davrlarni boshidan kechirgan, kommunistik mafkura jabrini tortgan yoshi ulug‘ adiblarimiz albatta yaxshi eslaydilar”2. Milliy adabiyotimizning ana shunday katta tarixiy o‘zgarishlar davri bo‘lgan istiqlol davri adabiyotini o‘rganish, targ‘ib va tashviq etish, badiiy adabiyot namunalarini chet tillarga tarjima qilish, nashr ettirish, qolaversa, ularda aks ettirilgan milliy mustaqillik mafkurasi va g‘oyalarini yoshlarga o‘rgatish davr talabidir. Adabiyot so‘zi har doim erk va ozodlikka chaqiriq bo‘lib yangradi. Loaqal XX asr boshlaridagi jadid adabiyoti namoyandalarining asarlarini eslaylik. Yoki sovet tuzumining dastlabki bosqichida Fitrat, Hamza, Qodiriy, Cho‘lponlarning faryodiga quloq solaylik. II jahon urushi yillarida ijod qilgan “sovet” adiblari G‘.G‘ulom, Oybek, H.Olimjon, M.SHayxzoda, M.Osim kabilarning nega tarixiy mavzuga murojaat qilganliklarining tub sababi haqida o`ylab ko`raylik.Shunda 70-yillarda kommunistik mafkura mustamlaka qilichini qayrab, sal ko‘tarilgan boshni, ovoz chiqargan tilni kesib turgan paytda E.Vohidovning “Ruhlar isyoni”, A.Oripovning “Hangoma”, O.Matjonning “Haqqush qichqirig‘i”, R.Parfining Turkiston haqidagi yoniq asarlari ne-ne mashaqqatlar bilan dunyoga kelib, xalqimizning zimiston ko‘ngilga ozodlik nurini olib kirgani, ko‘zini ochgani adabiyot so‘zining o‘lmasligidan, uning har doim erk bongini chalib turganligidan darak berib turganini anglaymiz. Bularsiz hozirgi adabiy jarayonni tasavvur etish qiyin. Demak, hozirgi adabiy jarayon o‘zining shu kungi bosqichiga quyidagi manbalar va omillar asosida erishdi: Manbalar: Ko‘p asrlik o‘zbek adabiyotining eng yaxshi an’analarini o‘rganish, tadbiq etish, ijodiy yondashish va yangilash tufayli; Sharq adabiyotining barhayot ildizlaridan bahramandlik, G‘arb adabiyoti bilan hamkorlik; Xalq hayotini chuqur o‘rganish va real ifodalash, haqiqat va adolat ustivorligi uchun kurashish; Xalq og‘zaki ijodiga xos buyuk optimistik g‘oyaning barhayotligi. Boshqa xalqlar adabiyoti bilan doimiy ijodiy hamkorlik, o‘rganish va ta’sir etish; Omillar: O‘zbek tiliga Davlat tili maqomining berilishi; O‘zbekistonda SSSR tarkibida yashab turib, Prezidentlik lavozimining vujudga kelishi; Mustaqillikning e’lon qilinishi: a) madhiya (18.11.91); b) bayroq, gerb (18.11.91); v) BMTga a’zo (2.03.92); g) jahon hamjamiyatiga a’zolik (2.06.91); d) milliy valyuta-so‘m (08.94). Adabiy jarayonni davrlashtirish har doim adabiyotshunoslik fanining eng muhim va murakkab masalalaridan biri bo‘lib kelgan. Ko‘p asrlik tarix va tajribaga ega bo‘lgan o‘zbek mumtoz adabiyotini, qariyb bir asrlik davrni qamrab olgan “Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti” va “Yangi o‘zbek adabiyoti”ni davrlashtirish hanuz to‘la-to‘kis amalga oshirilmagan bir paytda mustaqillik davri adabiyotining o`zini davrlashtirishga urinish biroz muammoli bo`lishi mumkin. Biroq shunga qaramay mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy va ma’naviy hayotida shu qadar ulkan o‘zgarishlar, yutuqlar yuz berdiki, bu mustaqillik davri adabiyotining shakllanishi, rivojlanishi va tez sur’atlar bilan yangilanishiga turtki berdi. Shuni hisobga olib, “Hozirgi adabiy jarayon”ni nisbiy tarzda quyidagi davrlarga bo‘lib o‘rganishni tavsiya etish mumkin: Shakllanish va izlanish davri adabiyoti (XX asrning so‘nggi o‘n yilligi); Yangilanish davri adabiyoti (XX1 asrning 1-dekadasi). Ushbu taraqqiyot bosqichlarining o‘ziga xos xususiyatlari, fazilatlari va qusurlarini keyingi darslarimizda yo‘l-yo‘lakay tushuntirib boramiz. 2. “Hozirgi adabiy jarayon ” fani to‘la ma’noda mustaqillik mevasi hisoblanadi. O‘z nomidan ham ko‘rinib turibdiki, bu fan O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi e’lon qilingan 1991-yildan to hozirgacha bo‘lgan davr haqida ma’lumot beradi. Shuning uchun uni dastlab “Mustaqillik davri adabiyoti”, “Istiqlol davri adabiyoti”, “Eng yangi o‘zbek adabiyoti” degan nomlar bilan ham ataldi. Ikki asrni tutashtirgan, XX asrning so‘nggi o‘n yilligi bilan shiddatli XX1 asrning ilk dekadasini o‘ziga xos oltin ko‘prik bilan bog‘lagan bu adabiy jarayon g‘oyatda murakkab davrni bosib o‘tdi. “Hozirgi adabiy jarayon” fanining ob’ekti yurtimizda milliy mustaqillik qo‘lga kiritilgan 1991-yildan keyin yaratilgan badiiy adabiyot namunalari hisoblanadi. “Hozirgi adabiy jarayon” fanining ob’ekti XX asrning 90-yillaridan XX1 asrning shu kungacha bo‘lgan davrda yaratilgan adabiy-badiiy asarlarni o‘z ichiga oladi. “Hozirgi adabiy jarayon” fanining bosh maqsadi mustaqillik davri adabiyotining asosiy xususiyatlari, o‘zbek adabiyotida paydo bo‘lgan muhim konsepsiyalar (lot. qarashlar, fikrlar tizimi, dunyoni tushunish, anglash usuli) va asosiy tendensiyalar (lot. yo‘nalish, harakat, intilish, mayl)ni aniqlash, bu davrda yaratilgan asarlarni o‘rganish va tahlil qilishdan, vazifasi esa badiiy asarni tushunish malakasini shakllantirish, hozirgi davr adabiyotining eng yangi fazilatlarini targ‘ib etish ko‘nikmasini hosil qilishdan iboratdir. Albatta, “Hozirgi adabiy jarayon” fanini so‘nggi 20 yillik adabiyot bilan cheklab qo‘yish uni tor tushunishdan iborat bo‘lur edi. Chunki istiqlol g‘oyasi, erk mavzusi adabiyotning doimiy yo‘ldoshi bo‘lib, u eramizdan oldingi VI asrdayoq paydo bo‘lgan3. “Hozirgi adabiy jarayon” fanining maqsadi 1991-yil – O‘zbekiston Respublikasi milliy mustaqillikni qo‘lga kiritgan davrdan boshlab yaratilib kelinayotgan badiiy adabiyot namunalarini chuqur o‘rganish va davr adabiyotining o‘ziga xosligi, o‘zgarish va yangilanishlarning yuzaga kelish omillari, badiiy asarlarning g‘oyaviy-badiiy xususiyatlarini o‘rganishdan iboratdir. Fanning vazifalari quyidagilardan tashkil topgan: - istiqlol davri adabiyoti namoyandalari ijodini o‘rganish; - davr adabiyotining etakchi taraqqiyot tamoyillari bilan tanishish; - davr adabiyotidagi xarakterli g‘oyaviy-badiiy, uslubiy yangilanshlarning muhim qirralarini aniqlab olish va o‘rganish; - istiqlol davri o‘zbek she’riyatida an’ana va yangilik, lirik qahramon, Vatan va istiqlol mavzusining yoritilishi va kabi masalalarni o‘rganish; - istiqlol davri o‘zbek nasrining taraqqiyot xususiyatlari, zamonaviy qahramon va uning badiiy olamiga xos belgilar to‘g‘risida tahlilllar asosida xulosalarga kelish; - istiqlol davri dramaturgiyasining mohiyati, o‘ziga xos jihatlari to‘g‘risida fikr yuritish; - badiiy ijod namunalarini adabiy-nazariy jihatdan tahlil va taliqin etgan holda davr adabiyoti xususidagi nazariy umumlashmalar chiqarish. 3.Istiqlol adabiyotining o‘ziga xos taraqqqiyot xususiyatlari deyarli barcha adabiy tur janrlaridagi yangilanishlar ko‘rinishida namoyon bo‘ldi. Jamiyatdagi o‘zgarishlar, ayniqsa, she’riyatda yorqinroq ifodalanadi. Yangi davr she’riyati o‘tmish davr she’riyatidan tubdan farq qildi. Kechagi she’riyat ko‘proq ijtimoiylashgan, ko‘proq hayot ziddiyatlarini aks ettirishga qaratilgan bo‘lsa, zamonaviy she’riyat o‘z nigohini insoniyatning ichki dunyosiga qaratdi, kishilarning ruhiy olamini, hissiy dunyosini yoritish borasida yangicha yo‘llardan borildi. Bunda yangicha poetik obrazlar, ramziy ko‘chimlardan unumli foydalanishga alohida diqqat qaratildi. Insonning murakkab tabiati, turfa kechinmalari, o‘ziga xos xarakteri har taraflama, turli qirralari bilan yorqin va to‘laroq ochishga intilish ko‘zga tashlandi. Davrning o‘zida bunga boshqa davrlardagidan ko‘ra ehtiyoj kuchayganligi sezildi. Shuningdek, istiqlol she’riyatida azaliy an’analarga bo‘ysunmaydigan yangi yo‘nalish, yangicha usul yuzaga keldi. Bu modern she’riyatidir. G‘arb adabiyoti va Sharq mumtoz she’riyati an’analarini uyg‘unlashtirgan davr she’riyati milliy zaminda yuzaga chiqqanligi va ijodkorlarning mahorati o‘laroq yangicha uslubiy mohiyat kasb etdi. Jamiyatdagi va inson olamidagi o‘zgarishlarni istiqlol davri nasri qahramonlari faoliyatida badiiy aks eggirishni o‘z zimmasiga oldi. Shuningdek, davr nasrida iymon va e’tiqod, axloq, ma’naviyat, milliylik masalalariga alohida diqqatqaratildi. Istiqlol adabiyoti Sho‘ro davri adabiyotidan ko‘plab xususiyatlariga ko‘ra farq qildi. Insonning qalb iztiroblarie quvonchlarining betakror tahlili va ichki olamning turfa ko‘rinishlari tasviri hamda voqea-hodisalar ifodasining batafsilligi, qahramonlarning milliy va indivi-duallashganligi, qolaversa, voqea-hodisadan ko‘ra, insonning, uning qalbi tahlilining birinchi o‘ringa chiqqanligi bilan ajralib turdi. Shaxs va jamiyat, zamonaviy shaxs va ijtimoiy o‘zgarishlar istiqlol davri dramurgiyasining bosh masalalaridan biriga aylandi. Bunda komil insonni tarbiyalash, insonning ma’naviy barkamolligi ustida bosh qotirish ushbu adabiy tur janrlarida yaratilgan asarlardagi asosiy maqsadlardan sanaldi. Tabiiyki, davr adabiyotidagi o‘zgarishlarni O‘zbekistonda ro‘y bergan iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ma’naviy islohot va yangilanishlar bilan bog‘lamaslikning iloji yo‘q. O‘zbek xalqining milliy mentaliteti, madaniy turmush tarzi, urf-odat va an’analariga davr adabiyotida har qachongidan ham ko‘proq e’tibor qaratildi va shuning orqali milliy mentalitetni badiiy aks ettirish, millatni o‘rganish va uning komolotini ta’minlovchi omillarga diqqat qaratishni adabiyotimiz bosh maqsadga aylantirdi. Istiqlol xalqning hammadan ham ko‘proq xalqning ma’naviy hayotiga o‘zgarish yasadi. O‘timish tarixiy merosimiz, an’nalarimiz va buyuk ajdodlarimizdan qolgan o‘lmas qadriyatlarimiz tiklandi. Nomlari tarix qatlarida qolib ketgan ajdodlarimiz merosiga munosabat o‘zgardi, ularning qoldirgan bebeho ma’naviy boyliklari qayta tiklanib, ajdodlarga etakzish ishlariga bel bog‘landi. Natijada adabiyotimizda ular merosini o‘rganish, ular qoldirgan yaratiqlardan o‘rganish asosida tajriba oshirish asosida adabiyotimizda ham yangicha tamoyillar janriy-uslubiy yangilanishlar ro‘y berdi. Jahonning ko‘plab davlatlari O‘zbekistonni mustaqil davlat sifatila tan olib, yurtimiz bilan diplomatik aloqalarni yo‘lga qo‘ya boshladi. Dunyo xalqlari bilan iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy aloqalar adabiyot sohasida ham ko‘zga tashlandi. Jahon adabiyotidan qilingan tajribalar orqali ma’naviyatimiz xazinasi boyishi qatorida ijodkorlarimiz oldida keng tajriba maktabi paydo bo‘la boshladi. Shoir-yozuvchilar o‘z ijodlarida turli yangiliklar kiritish, janriy izlanishlar yo‘lidan boraishga intildilar. Ushbu tarzdagi yangilanishlar she’riyat, nasr va dramuturgiyaning deyarli barcha janrlarida ko‘rina boshladi. O‘zbekiston davlati istiqlolga tinch yo‘l bilan erishgan bo‘lsa-da, dastlabki yillarda o‘tish davri qiyinchiliklari, qolaversa, uzoq davom etgan mustabid tuzum asoratlari jamiyat taraqqiyotiga, xalqning ruhiyatiga ta’sir ko‘rsatdi. Davr adabiyotida ana shu masalalar ham o‘ziga xos tazda aks ettirldi. Davr adabiyotining eng muhim kashfiyoti shaxs qismati va uning o‘ziga xos badiiy olamini yaratish bo‘ldi. Modern adabiyot, absurd adabiyot kabi kirib kelgan juda ko‘plab yangi tushunchalarning asosida inson omilini turli rakurslarda ko‘rsatishga intilish yotadi. Davr adabiyotida ana’anviy realizm ufqlari kengaydi. Hayot va ruhiyat oqimini xolis kuzatish orqali zamonaviy ijodkor ijtimoiy jarayonlar mohiyatini mahorat bilan ko‘rsatishga erishdi. Adabiyotda mavjud abadiy mavzular yangicha shakllar va yangicha talqinlar asosida o‘ziga xos mazmun-mohiyat kasb etdi. Davr adabiyotining yana bir xususiyati zamonaviylik bo‘lib, yurtdoshlarimizning buguni va ertangi orzu-umidlari. Intilishlarini aks ettirishga qaratilgandir. Chindan, “O‘tmish va kelajakka bog‘lanmaydigan zamonaviylik butun hisoblanmaydi, mayda-chuyda narsalarga parchalanib ketadi va ularning quramasi (konglomerati)ga aylanib qoladi”4. Milliy istiqlol shukuhi, shukronasi, yurt uchun fidoyilik hissi, uning erasi uchun qayg‘urish kayfiyati yangi davr o‘zbek she’riyati lirik qahramoni qatorida, epik va dramatik asarlarda ham yetakchi g‘oyani tashkil etdi. Xulosa, qilib aytganda, istiqlol davri adabiyoti bilan chuqur tanishish va davr adabiyoti namunlarida ilgari surilgan masalalarga teranroq yondashuv yurtimiz tarixining eng muhim davridagi ijtiomiy bosqichini har tomonlama batafsil o‘rganishga yo‘l ochadi. “Hozirgi adabiy jarayon”ning asosiy tendensiyalari hamda konseptual xususiyatlarini quyidagicha tartiblashtirish mumkin: 1. Hozirgi adabiy jarayonning ilk bosqichida o‘zbek ijodkorlari yangicha uslub va mahorat sirlarini egallash maqsadida bevosita G‘arb adabiyotiga murojaat qildilar. Qisqa muddatda jahon tan olgan Kamyu, Kafka, Nitsshe, Joys, Markes singari san’atkorlarning asarlari tarjima qilindi. Bu adabiyotning rivojlanishi uchun ikki tomonlama foyda berdi. Bir tomondan, o‘zbek adabiyoti xazinasi yangi durdona asarlar bilan boyitildi. Adabiy yangilikka muhtoj o‘quvchining ehtiyoji qondirildi. Ikkinchi tomondan, yozuvchining o‘zi asarni tarjima qilish jarayonida ijod sirlarini o‘rgandi, mahorati ortdi. Ana shu o‘rganish oqibatida o‘zbek adabiyotiga absurd, ong oqimi tasviri kirib keldi. 2. O‘zbek adabiyoti bag‘rida modernizm usuli bo‘y ko‘rsata boshladi. Aslida adabiyotda paydo bo‘ladigan turli “izm”lardan cho‘chimaslik kerak. Bu har bir adabiyotning ma’lum bir davridagi izlanish, yangilanish jarayonidir. Agar u ijobiy natija bersa, kashfiyot darajasidagi asarlar yaratilishi mumkin. Ayni paytda beparvo ham bo‘lmaslik lozim – hali suyagi qotmagan yosh qalamkashlar o‘rtasida taqlidchilik paydo bo‘lishi xavfi bor. Hozir o‘zbek adabiyotida modern she’riyati, modern nasri vujudga keldi. Abduvali Qutbiddin, Faxriyor, Bahrom Ro‘zimuhammad kabi shoirlar, O.Muxtor, X.Do‘stmuhammad, N.Eshonqul singari adiblar bu yo‘nalishda muvaffaqiyatli ijod qilmoqdalar. 3. Modernizm adabiyotimizni nechog‘li boyitmasin, qanchalik rang-barang qilmasin, yana buyuk Sharq adabiyoti an’analari, mumtoz adabiyotimizning hayotbaxsh ildizlari, qadimgi yodgorliklar, mif va afsonalar, asotirlar hamda rivoyatlarga qaytish, tayanish, qiziqish kuchaydi. Sharq adabiyoti an’analariga tayanish, avvalo, milliy o‘zlikni anglashga olib keldi. Sharq adabiyoti an’anasiga ko‘ra badiiy asarda tasvirlangan shaxs o‘z manfaatini ajdodlari manfaatlari hamda qadriyatlaridan ustun qo‘ymaydi. Uning G‘arb adabiyotidan farqi ham aynan shundadir, ya’ni G‘arb adabiyotidagi qahramonlarning aksariyati ota-bobolari tutgan yo‘ldan bormaydilar. 4. Qalam ahliga ijodiy erkinlik berildi. Natijada adabiyotning barcha tur va janrlarida hayotni ro‘y-rost, butun murakkabligi bilan tasvirlashga, ijtimoiy-ma’naviy adolatsizlik, xo‘rlik va qullik sharoitida yashagan, ma’nan majruh bo‘lgan inson tasviriga e’tibor kuchaydi. Ch.Aytmatov aytganidek, “adabiyot hamisha insonparvarlikka xizmat qilib kelgan”ligini amalda isbotlashga kirishdi. 5. Yigirma yildirki, mustaqillik bayrami arafasida eng yaxshi yozuvchilarni “O‘zbekiston qahramoni”, “Xalq shoiri” yoki “Xalq yozuvchisi” unvonlari, orden va medallar bilan mukofotlash odat tusiga kirdi. Eng yaxshi asarlar respublika Davlat mukofoti bilan taqdirlanmoqda. O‘zbek adabiyotining taraqqiyotida muhim rol o‘ynagan asosiy konsepsiyalar quyidagilardan iborat: Mustaqillik yillarida chorak kam bir asrlik “Sovet davri adabiyoti”ga turlicha qarashlar, uni inkor etuvchilar paydo bo‘ldi, G‘.G‘ulom, H.Olimjon, A.Qahhor, Uyg‘un kabi adiblar sotsialistik tuzum, kommunistik firqa maddohlari sifatida ayblandi. Ularning ijodi vulgar-sotsiologik nuqtai nazardan talqin etildi. “Inqilob kuychisi” nomini olgan Hamzaga ochiq hujum boshlandi. Keyinroq bunday nomaqbul qarashlarga barham berildi va sovet davri ijodkorlarining merosi xolisona va haqiqat nuqtai nazaridan o‘rganila boshlandi (bu haqda: Y.Solijonovning “Haqiqatning sinchkov ko‘zlari” kitobidagi A.Qodiriy, G‘.G‘ulom, Oybek haqidagi maqolalarini, “Zulmatdan nur qidirganlar” nomli kitoblari). Mustaqillik davri adabiyotida inson omiliga alohida va yangicha qarash boshlandi. Ma’lumki, sho‘ro adabiyotida bosh qahramon faqat kambag‘al toifadan olinar, u o‘ta aqlli, tadbirkor, qo‘rqmas, faqat ijobiy fazilatlarga ega qilib tasvirlanardi. Uning ichki dunyosidan ko‘ra tashqi olami, xatti-harakatlari, ijtimoiy-siyosiy faoliyatini yoritishga ko‘proq e’tibor berilardi. Mustaqillik yillarida yaratilgan asarlarda bunday bir yoqlamalikka barham berildi. Endigi qahramonlarni tom ma’nodagi inson – ham surati, ham siyrati, ham fazilati, ham illati bilan mukammal tarzda tasvirlashga e’tibor kuchaydi. Odamlarning ma’naviy dunyosidagi o‘zgarishlar tufayli badiiy adabiyotga ilgari ko‘rilmagan (to‘g‘risi, ta’qiqlangan) yangi hodisa – ruhoniy kayfiyat – islom ma’naviyati kirib keldi va xalqimizni komillik sari etaklashda muhim rol o‘ynadi. Muxlislar bunday yangilanishni xayrixohlik bilan kutib oldi. Albatta, bu sog‘inch ehtiyojini qondirish dastlab o‘zbek ijodkorlari zimmasiga katta mas’uliyat yukladi. Chunki bu ehtiyojni muallif yoki asar qahramonlarining “Bismillohir rahmonir rahim”, “xudo - Olloh” deyishi yoki nomoz o‘qishini tasvirlash bilangina qondirib bo‘lmasdi. Dastlab shunday kamchiliklar ham ro‘y berdi. Lekin tajriba va bilim ortgan sari insonning diniy-axloqiy ruhiyati, botiniy dunyosini ochishga ko‘proq e’tibor qaratila boshlandi. Ijodiy erkinlik tufayli adabiyotda ta’qiqlangan mavzu va muammo qolmadi. Hozirgi paytda ijodkor xohlagan soha to‘g‘risida yozishi mumkin. Faqat u xalqni yomonlikka o‘rgatmasa, jamiyatga, umumiy maqsadlarimizga qarshi qo‘ymasa bas. Hozir shunday xavf sezilmoqda. Ayrim yozuvchilar nuqul jinoyatchilik, buzg‘unchilik, axloqiy tubanlik, ur-yiqit, o‘g‘rilik, odam o‘ldirish kabi insoniyatga yot mavzularni yoritishga ruju qo‘ymoqdalar. Hayotda badiiy adabiyotning ma’naviy hayotdagi o‘rni va tarbiyaviy rolini oshirishga alohida e’tibor berila boshlandi. Muhtaram Prezidentimizning qator nutq va ma’ruzalarida, suhbatlarida, xususan, “Yuksak ma’naviyat – engilmas kuch”, “Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” nomli risolalarida, adiblar bilan o‘tkazgan bir necha uchrashuvlarida, yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada yaxshilash va “Ijod” fondini tashkil qilish to‘g‘risidagi qarorida bu masalaga alohida urg‘u beriladi. Xullas, nasrimiz va dramaturgiyamizda jiddiy siljishlar ko`zga tashlandi. Qisqasi, mustaqillik davri adabiyoti hech bir davrdagiga o`xshamagan yangicha bir qiyofa kasb etdi. 4. “Hozirgi adabiy jarayon” fani O‘zbekiston tarixi, falsafa, psixologiya, milliy istiqlol g‘oyasi, o‘zbek tili, madaniyatshunoslik, adabiyot nazariyasi kabi bir qator umumkasbiy va ixtisoslik fanlari bilan aloqadordir. Davr adabiyotini o‘rganish yurtimizning mazkur daridagi tarixi, tarixiy o‘zgarishlari to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lishni talab etadi. Chunki ijodkorlarning ijodiy niyati, tasvir ob’ekti to‘g‘risida to‘laqonli bilishga intilish davr tarixi va tarixiy o‘zgarishlarini chuqur o‘rganishni talab etadi. Har qanday fan falsafa va falsafiy kategoriyalar qonuniyatlari bilan aloqador bo‘lgani qatorida “Hozirgi adabiy jarayon” fani ham mazkur fanning nazariy umumlashmalariga tayanadi. Istiqlol davri adabiyotida inson omiliga e’tibor boshqa davrlardagiga qaraganda kuchaydi. Insonning orzu-umidlari, intilishlari, armon va iztiroblari, umuman aytganda, ichki dunyosini kashf etish, tasivrlashga intilish kuchaydi. Badiiy adabiyotimizdagi ana shunday xususiyatni chuqur o‘rganish psixologiya fani qonuniyatlaridan xabardor bo‘lishni talab etadi. “Hozirgi adabiy jarayon” fani milliy istiqlol g‘oyasi va tamoyillariga asoslanadi. Davrning dolzard ijtimoiy-siyosiy, mafkuraviy o‘zgarishlarini aks ettirgan milliy adabiyotni o‘rganish ana shunday masalalarning mohiyatidan chuqur xabardor bo‘lishni talab etadi. Davr adabiyotini ilmiy-tanqidiy jihatdan to‘g‘ri tahlil va talqin etish adabiyotning nazariy qoidalaridan chuqur xabardor bo‘lishni talab etadi. Yangi davr adabiyoti o‘zbek adabiy tilining serjilo tovlanishlarini o‘zida aks ettirib, o‘zbek tilining boy til ekanligini isbotlashga xizmat qiladi. Shu boisdan ham mazkur fan o‘zbek tili va tilshunoslikka oid fanlar bilan bevosita aloqada hisoblanadi. Download 0.59 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling