7. Vosita kelishigi qo‘shimchasi -n (-ïn, -in//-un, -ün//-an, -än) ish-harakatning sodir bo‘lish, boshlanish o‘rni, birgalik, vosita ma’nolarini ifodalaydi: Ötükän ärin qïšladïm “Oʻtikan yerida qishladim”, bu yolïn yorïsar “agar bu yoʻldan yursa” (Toʻn), oğlïn qul boltï “o‘g‘li bilan qul bo‘ldi”. közün körmädük, qulqaqïn eshidmädük “ko‘z bilan ko‘rmadik, quloq bilan eshitmadik” (KT), süŋügün “nayza bilan”, tilin “tili bilan”, yulduzun “yulduz bilan”. Qadimgi turkiy til va eski turkiy til davriga xos boʻlgan vosita kelishigining qoldiqlari hozirgi oʻzbek adabiy tilida ham uchrab turadi: qishin-yozin, ertan, ochin-toʻqin, yupun va h.k.
Otlarning yasalishi. Qadimgi turkiy tilda ot, fe’l, otlashgan so‘z yoki sifatdan ot yasovchi quyidagi qo‘shimchalar mavjud boʻlgan:
1. -čï, -či qo‘shimchasi. Qalin negizga –čï, ingichkasiga -či shakli qo‘shiladi. Bu qo‘shimcha kasb va biror yumush egasini bildiruvchi ot yasaydi: bädizči (<bädiz “naqsh”) “naqqosh”, yoğčï (<yoğ “aza”) “azachi”, ayğučï (<ayğu “maslahat”) “maslahatchi”, emči (<em “davo”) “tabib”, bitigči (<bitig “xat”)“kotib”.
2. -lïq, -lik//liğ, lig//-luq, -lük//-luğ, -lüg qo‘shimchasi. Lablanmagan unlili qalin negizga –lïq, ingichkasiga –lik, lablangan unlili qalin negizga –luq, ingichkasiga –lük shakli qo‘shiladi: ačlïq (<ač “och”) “ochlik”, yemišlik (<yemiš “meva”) “mevazor”, qamïšlïğ (<qamïš “qamish”) “qamishzor”, täblig (<täb “yolgʻon”) “yolgʻonchi”, burunluğ (<burun “burun”) “burunduq”, börluq (<bör “may, sharbat”) “uzumzor”, künlük (<kün “kun”) “kunlik”.
3. -qan (xan), -kän//-ğan, -gän qo‘shimchasi laqab, unvon, geografik va astronomik nomlar tarkibida uchraydi. Qalin negizga –qan, ingichkasiga – kän variant qo‘shiladi: täŋrikän (<Täŋri “Xudo”) “xudojoʻy”, bazğan (<baz-bas “bosmoq”) “bosuvchi”, yetikän (<yeti “yeti”) “Yetti qaroqchi”, Qadïrqan (<qadïr “qiyin, qattiq”) “Qadirqan (hozirgi Xingan)”.
Do'stlaringiz bilan baham: |