O`quv-uslubiy majmua (I kurs talabalari uchun mo`ljallangan) Navoiy -2021


Download 0.64 Mb.
bet17/103
Sana25.03.2023
Hajmi0.64 Mb.
#1294293
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   103
Bog'liq
manaviyatshunoslik

3. Ong va ma’naviyat. Ma’naviy ong. Ong to‘laligicha ma’naviyatga kirmaydi, chunki unda o‘zgaruvchan, muvaqqat, tasodifiy holatlar ko‘p uchraydi. Ongga o‘tkinchi kayfiyatlar, ehtiroslar, turli tushunchalar, noxolis va xato baholar katta ta’sir ko‘rsatadi. Ma’naviyat esa bir zumda o‘zgarib qolmaydi. U chuqur tarixiy, madaniy ildizlarga ega. To‘g‘ri, unga ham sobit, barqaror tuyg‘ular, or-nomus, milliy g‘urur va iftixorga oid his-hayajon va ehtiroslar ta’sir ko‘rsatadi. Ammo ular o‘tkinchi emas. Ongning yuqori darajasi – tafakkurga oid unsurlarning ham vaqt sinovidan o‘tgan ko‘pchilik tomonidan tan olingan barqaror, sobitlari (to‘g‘ri yoki xatoligidan qat’i nazar) ma’naviyatni tashkil etadi. Demak, ma’naviyat ongning mohiyatli mazmuni yoki ongdagi mohiyatlilikdir. Ushbu jihatdan ma’naviyat ong kabi ideal hodisadir, ammo ilohiy hodisa emas.
Ideal hodisa sifatida ma’naviyatda eng avvalo insoniy his-tuyg‘ular, kechinmalar, aniq obrazli tasavvurlar ajralib turadi. Uyat, ibo, hayo, halollik kabi oddiy tuyg‘ulardan to ezgulik, go‘zallik, adolat, vijdon azobi va amri, zavq-shavq, vatanparvarlik, fidoyilik, kabi murakkab tuyg‘ulargacha inson ma’naviy ongining birlamchi darajasini tashkil etadi. Ma’naviy ongning ikkinchi – yuqori darajasiga tushunchalar, g‘oyalar, baholar, did, qarashlar, nazariyalar, ta’limotlar, ideal kiradi. Ular tuyg‘ular kabi axloqiy, estetik, siyosiy, huquqiy, diniy, falsafiy qarashlarini ifodalaydi. Faqat tuyg‘ulardan farqli, insonning hissiy munosabatlarini emas, balki aqliy-intellektual munosabatini ifodalaydi. Ular jamiyatning qadriyatlar tizimini tashkil etadi.
Tuyg‘ular va tushunchalar o‘rtasida o‘tib bo‘lmas jarlik yo‘q. Inson o‘z his-tuyg‘ulari to‘g‘risida fikr-mulohaza yuritib, uni anglab olishga, baholashga intilsa, u tushunchalar olamiga o‘tadi. Ezgulik va go‘zallik ham tuyg‘u sifatida, ham tushuncha va ideal sifatida namoyon bo‘ladi. Birinchi holatda inson o‘ylab o‘tirmaydi, ob’ekt unda bevosita his-hayajon uyg‘otadi. Ikkinchi holatda u haqda mulohaza yuritadi, tahlil qiladi. Masalan, kimningdir xulqidan, qilgan ishidan xafa bo‘lgan, jahli chiqqan kishidan sababini so‘rasangiz, u o‘sha kishi xatti-harakatining qaysi jihatlari axloqiy yoki boshqa ijtimoiy me’yorlarga mos kelmasligini, qanday xatoga yo‘l qo‘yganini, yoki bilib turib g‘irommlik, surbetlik qilganini aytadi.
Ideallik ma’naviyatning mohiyatini to‘liq ochmaydi: ideallik ma’naviyatning faqat birlamchi mavjudlik shaklidir. Materialistik yondashuvga binoan: «Ongda mustaqil mavjudlik yo‘q U faqat miyaning ob’ektga nisbatan funksiyasi sifatidagina mavjud... Ongning o‘ziga xosligi shundaki, u qandaydir sub’ektiv, ideal narsadir. U o‘zining moddiy substratlariga – miya va in’ikos ob’ektiga – munosabatidan tashqari mustaqil mavjudlikka ega emas»8.
Ma’naviyat esa masalaga hatto materialistik yondashganda ham, mustaqil – xulq-atvorda, faoliyatda, ijodda predmetlashgan, adabiyot, san’at asarlariga, ilmiy kashfiyotlarga, urf-odatlarga, marosimlarga, an’analarga aylangan madaniy merosda mavjudlikka egadir. Ma’naviyat avvalo madaniyat orqali mustaqil mavjudligini namoyon etadi. U shuningdek, iroda (shaxs va millat irodasi), ijtimoiy-siyosiy va axloqiy muhitni qamrab oladi. Bu haqda keyinroq to‘xtalamiz. Hozircha ma’naviyat va ong munosabatlari to‘g‘risidagi fikrni davom ettiramiz.
Ma’naviyat jamiyatda qaror topgan etakchi g‘oyalarga hamda kishilarning dunyoqarashiga, e’tiqodiga bog‘liq. Haqiqatan, ma’naviyat ongdagi tasodifiy, ikkinchi darajali, vaqtinchalik holat bo‘lishi mumkin emas. U barqaror, mustahkam e’tiqodga aylangan, qadriyat darajasiga ko‘tarilgan bo‘lib, jamiyatdagi munosabatlarni va inson xatti-harakatini tartibga solishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. E’tiqodsiz ma’naviyat bo‘lmaydi. E’tiqod ma’naviyatning eng asosiy ustunlaridan biridir. U ma’naviyatga mushtaraklik va jipslik bag‘ishlaydi. Uning turli tarkibiy qismlarini o‘zaro birlashtiradi va ma’naviyatni amaliyotga bog‘laydi. E’tiqod ma’naviyatning mohiyatini ochib beruvchi tushunchalardan biridir.
Ma’naviy ong ikki darajali hodisa dedik. Birlamchi daraja - uyat, hayo, minnatdorchilik, mehr, qahr-g‘azab, xursandchilik, g‘am-qayg‘u, oshuftalik, muhabbat, do‘stlik, vijdon go‘zallik, zavq-shavq va shu kabi tuyg‘ular, kechinmalar, yoki ma’naviyatning poydevorini tashkil etuvchi ko‘ngil dunyosidir. Uni inson mohiyati yoki ruhoniyati, yoki qalb, dil ham deydilar Lekin inson faqat tuyg‘ulari bilangina yashamaydi. U ko‘rgan, boshdan kechirganlarini o‘zicha tahlil qiladi, ularga baho beradi, tushunchalar va nazariy qarashlar tizimi orqali umumlashtiradi, maqsad muddaolari, jamiyat qadriyatlari va talablari bilan bog‘laydi. Tushunchalar, baholar, qarashlar, ideallar insonning aqliy faoliyati mahsullaridir. Uni aql fikrlar dunyosi (tafakkur) deb ataydilar. SHunday qilib, ma’naviy ong ko‘ngil va aql dunyosidan – ruhoniyat va tafakkurdan iborat. Ko‘ngil va aqlni bir-biridan ajratish, qarama-qarshi qo‘yish xatodir. CHunki ular, magnit qutblaridek, qarama-qarshiliklar birligidir. Bir qutbli magnit bo‘lmaganidek, faqat tuyg‘ulardan (ko‘ngildan) yoki aqldan tashkil topgan, turli nazariy fikrlardan iborat ma’naviyat bo‘lmaydi. Mumtoz adabiyotda va O‘rta SHarq falsafasida ko‘ngil va aqlga biroz tor yondashilgan. Lekin ular bir biriga deyarli qarama-qarshi qo‘yilmagan. Alisher Navoiy asarlarini o‘qib shunday xulosaga kelish mumkinki, ko‘ngil (qalb) o‘zida tuyg‘u va aqlni birlashtiradi: “Ko‘ngul badan mulkining podshohidir... Pas ulkim ko‘ngil mulkining sohib shohi bo‘lg‘ay – shohlar shohi bo‘lg‘ay.” Ayniqsa “ruhoniyat tushunchasini Navoiy ma’naviyat, ya’ni insonning hissiyot va tafakkur dunyosining mushtarak voqeligi sifatida talqin qiladi:
“chun riyozat raf’ etib ruhoniyat,
Salb bo‘lg‘och kimsadin nafsoniyat,
Qolmag‘ay ruhoniyatdan o‘zga hech,
Sen taxallufdan bu ma’ni ichra kech...”- o‘qiymiz “Lison ut-tayr”da. Ammo ba’zi hollarda, masalan, tasavvufda, ustunlik ko‘ngilga berilgan. Faqat Ollohga muhabbat (ishq) tan olingan. Majnunning Layliga, Farhodning SHiringa, SHayx San’onning xristian qiziga, qushlarning Simurg‘ga, bulbulning gulga, shoirning mayga, sharobga ko‘ngil qo‘yishi va oliy muhabbatning boshqa har qanday ko‘rinishlari majoziy ma’noda Ollohga intilishni, Ollohni sevishni ifodalagan. Muhabbatdan zavq-shavq, ishqdan mastlik, o‘zlikdan kechib yor (Olloh) vasliga etishish oshiqning birdan bir muddaosidir. Bunday holda xayolparastlikdan tashvishlarga to‘la real dunyoga qaytaradigan, bu bilan ko‘ngilning sarhush orzularini chil-parchin qiladigan aql shoirga, sufiyga kerak emas. Bir tomonlama yondashuvlarni nafaqat tasavvuf olimlarida, shuningdek ayrim boshqa ta’limotlar allomalarida ham uchratamiz.
SHo‘rolar fanida ko‘proq aqlga ustunlik berilgan. Sovet dohiylari ko‘ngil haqidagi gaplarni ziyoliycha “oh-vohlar”, ular xalqni sinfiy kurash va sotsializm qurishdan chalg‘itadi deb hisoblagan. Ammo ongli ravishda kommunistik g‘oyalarga sadoqat ko‘rsatilganda ham masalaga bir tomonlama, jangavor va vulgar ateizm, murosasiz sinfiylik va partiyaviylikdan kelib chiqib mulohaza yurtilgan.
Ko‘ngil va aqlni muvozanatga keltirish zarurligi ko‘pchilik yondashuvlarda hisobga olinmas edi. Buning natijasi o‘laroq hozirgacha kundalik ongda (nazariy ongda emas) ko‘ngil va aqlni qarama-qarshi qo‘yish, yoshlar o‘rtasida qalbiga quloq tutib sevgini tanlash kerakmi, yoki oilaviy burchinga, ota-onang, yaqinlaringa, agar uylangan bo‘lsang, farzandlaring va xotinga sodiq qolib, sevgidan voz kechish kerakmi kabi mavzularda, ya’ni ko‘ngilgami yoki aqlga – qaysi biriga muvofiq yashash lozim qabilidagi bahslar bo‘lib turadi. Har xil yondashuvlarini ko‘p tanqid qilish mumkin. Lekin masala faqat tanqid yordamida hal bo‘lib qolmaydi.

Download 0.64 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   103




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling