Ot bilan: Axloqi zamimalarning eng zararligi hasaddur. ( A. Avloniy)
Download 42.5 Kb.
|
Fe’l kesimmi – ot kesim Norqul Mo’minov Hasanovich Urgut tumani
Barchamizga ma’lumki, hozirgi vaqtda juda ko’p abituriyentlar oliy o’quv yurtiga tayyorlanish jarayonida, maktab darsliklari bilan bir qatorda turli xil ilmiy qo’llanmalardan ham foydalanib kelishmoqda. Shu jarayonda o’quvchi va abituriyentlarni chalg’itadigan ba’zi bir ma’lumotlar borki, ularni alohida ta’kidlab o’tish kerak bo’ladi. Jumladan joriy yilgi 8- sinf ona tili darsligidan fe’l kesim va ot kesim masalasiga bir nazar tashlab o’tamiz. Kesim ifodalanishiga ko’ra fe’l kesim va ot kesimga ajraladi. Fe’l kesim sof fe’l va ba’zan ravishdosh bilan ifodalanadi: 1. Hasad bilan g’azab ikki qanot bo’lib harakatga kelsa, toza va chiroyli hayotlarni xira va kuduratli qilib yuboradi. ( Abu Rayhon Beruniy) 2. Ishning boshi- boshlanguncha. Fe’ldan boshqa so’z turkumlari ( ot, sifat, son, olmosh, ravish, taqlid so’z) bilan, shuningdek, fe’lning harakat nomi shakli bilan ifodalangan kesim ot kesim deyiladi. ot bilan: Axloqi zamimalarning eng zararligi hasaddur. ( A.Avloniy); sifat bilan: Usti yaltiroq , ichi qaltiroq. ( Maqol); son bilan: Ikki o’n besh- bir o’ttiz.(Maqol); olmosh bilan: O’zim har joydaman, ko’nglim sandadur.( Qo’shiq); ravish bilan: Savobning eshigi ko’p.( Maqol); modal so’z bilan: So’zdan so’zning farqi bor, o’ttiz ikki narxi bor. (Maqol); harakat nomi bilan: Burchimiz- a’lo o’qish; sifatdosh bilan: Yigit kishining uyal+gan+i- o’l+gan+i; taqlid so’z bilan: Ko’chada odam g’ij-g’ij; Undov so’z bilan: Endi uning holiga voy. [1] Yuqoridagi qoida orqali ko’rishingiz mumkinki, bu yerda sifatdoshning ot kesim qoidasida ham, fe’l kesim qoidasida ham tilga olinmagani ko’pgina ilm ahli, o’quvchi ( o’zimizning shogirdimiz bergan savol sabab bo’ldi bu ishga) va abituriyentlarning ikkilanishlariga sabab bo’lmoqda. Shu o’rinda haqli savol tug’ilishi mumkin sizda. Axir sifatdoshga ot kesim tarkibida misol keltirib o’tilgan-ku. Siz haqsiz. Unda nimaga ikkilanasan dersiz. Keling yana bir qoida bilan tanishing, undan so’ng yana qaytamiz: Kesim barcha mustaqil turkum so’zlar bilan ifodalanishi mumkin. Shunga ko’ra fe’l kesim va ot kesim ajratiladi. Fe’l kesim hamisha sof fe’l – fe’lning tuslangan shakllari bilan ifodalanadi: Men maktabga boraman. Kecha kun juda qizidi. Obro’ni bolalikdan asra! Fe’l kesimlar quyidagi ko’rinishlarga ega: sof fe’l kesimlar: Men maktabga boraman; ravishdosh bilan ifodalangan kesim: Uy egasi dasturxonni mehmon oldiga yozguncha, Fotima ham barkashni olib keldi.( S.A) sifatdosh bilan ifodalangan kesim: It hurar – karvon o’tar. Po’lat xatni kecha yuborgan. [2] Yuqorida keltirib o’tilgan ikki holatdan so’ng ,albatta, har qanday abituriyent biroz bo’lsada o’ylanadi. Xo’sh, Davlat test markazi savol tuzganda aynan shu savol tushmasligiga kim kafolat beradi. Savollar amaldagi darsliklardan tuziladi dersiz. Bunda ham haqlisiz, lekin bir narsani unutmasligimiz kerakki, bugungi kunda faqat maktab darsliklari emas, turli xil ilmiy qo’llanmalarda ham fe’l kesim va ot kesim borasida farqlanishlar mavjud. Quyida bugungi kunda eng ko’p qo’llanilayotgan ilmiy ma’ruzadan misol keltiramiz. Fe’lning turli shakllari orqali ifodalangan kesim fe’l kesim deyiladi. Fe’l kesimning ifodalanishi: Sof fe’l bilan ifodalanadi: Men maktabga boraman. Ravishdosh bilan ifodalanadi: Motor gurullab, mashina oldinga intildi. Sifatdosh bilan ifodalanadi: po’lat xatni kecha yuborgan. [3] Mana biz siz bilan bir qancha maktab darsligi-yu ilmiy qo’llanmalar bilan tanishdik. Keling endi ilmiy jihatdan o’zimiz shu masalaga e’tibor qaratsak. Harakat nomi otga xoslangan shakl bo’lgani uchun egalik va kelishik qo’shimchalarini to’g’ridan to’g’ri qabul qiladi ( harakat nomiga ushbu qo’shimchalar qo’shilganda otlashish sifatida qaralmaydi). Harakat nomi fe’lga xos bo’lgan zamon, mayl, shaxs-sonni ifoda eta olmaydi. Shunday ekan harakat nomini kesim sifatida har doim bog’lama shakllantiradi. Demak, harakat nomi ot kesim. Sifatdosh fe’lning sifatga xoslangan shakli hisoblanadi. Harakat nomidan farqli o’laroq sifatdosh fe’lga xos bo’lgan zamonni to’g’ridan to’g’ri ko’rsata oladi. Fe’lga xos bo’lgan zamonni ko’rsata olgan so’z fe’l kesim vazifasida kela oladi. Biz buni yuqoridagi iqtiboslar orqali ham guvohi bo’ldik. Shu bilan bir qatorda sifatdosh ismlarga xos bo’lgan egalik va kelishik qo’shimchalarini qabul qilishi ikkilanishlarga sabab bo’lmoqda. Joriy yilgi darslikning ot kesim mavzusida ham sifatdoshning otlashgandagi holati keltirilgan. sifatdosh bilan: Yigit kishining uyal+gan+i- o’l+gan +i. Lekin shu joyda shuni ham e’tibordan chetda qoldirmasligimiz lozimki, bu qo’shimchalarni sifatdosh harakat nomi singari to’g’ridan to’g’ri emas otlashib qabul qiladi. Sifatdosh otlashgan holatida ot kesim bo’lishi mumkin , chunki bog’lamani qabul qiladi. Yigit kishining uyalgani- o’lganidir( bo’lmoq, sanalmoq, hisoblanmoq). Ammo sifatdoshning –gan, -ar shakli otlashmagan holatda bog’lamani qabul qila oladimi? Po’lat xatni kecha yuborgan sanaladi, hisoblanadi yoki – dir (yuborgandir so’zi tarkibidagi dir gumon ifodalaydi, shuning uchun sanaladi, hisoblanadi so’zi bilan erkin almasha olmaydi) desa bo’ladimi?- ar shaklini olgan sifatdosh-chi? It hurar – karvon o’tar. Bu misolga bog’lamani qay yo’sinda qo’yamiz? It hurardir yoki it hurar sanaladi deymizmi? Bu misolda sifatdosh bog’lamani qabul qila olmadi. Demak, kesim fe’l kesim hisoblanadi. Bunday holatlarda - gan va -ar shaklan sifatdosh, lekin zamon qo’shimchalarining xususiyatini namoyon qiladi. Kesim qaysi turkumga oid so’z bilan ifodalanishiga ko’ra ikki xil bo’ladi: fe’l kesim ot kesim. Fel bilan ifodalangan kesim fe’l kesim deyiladi. Men maktabga boraman. Osmonni qora quyuq bulut qoplamoqda. Ishning boshi boshlanguncha. It hurar – karvon o’tar. Po’lat xatni kecha yuborgan. Fe’l bilan ifodalanmagan kesim ot kesim deyiladi. Eman daraxtining egil+gan+i sin+gan+i, yigit kishining uyal+gan+i o’l+gan+i... [4] Yuqorida keltirilgan misoldan ham ko’rishimiz mumkinki, sifatdosh hamisha ham ot kesim bo’lib kelaolmaydi. So’zimizning oxirida shuni aytib o’tmoqchimizki, bugungi kunda ilm olishga intilayotgan yoshlar uchun bu kabi holatlar , albatta, ikkilanishlarni yuzaga keltiradi. Bu ikkilanishlarni bartaraf etish uchun esa nima qilish kerak? Avvalo, maktab darsligidagi qoidaga ( ot kesim mavzusida taqlid so’z ot kesimni yuzaga keltirishi aytib o’tilib, modal va undov so’zga ham misol keltirilgan. Shu yerda ham taqlid so’z bilan degan joyini oraliqdagi so’zlar bilan birikmasiga almashtirilsa , maqsadga muvofiq bo’lar edi) sifatdoshning otlashgandagi holati ot kesimni yuzaga keltirishini kiritish kerak. Yoki bo’lmasa, har yili, har xil chiqayotgan ilmiy ma’ruzalar, ilmiy qo’llanmalarning mualliflari maktab darsligi bilan farq qiladigan ma’lumotlarni o’z kitoblarida yetarlicha qilib sharhlab o’tishlari joizdir. Agar shu masalada bizning fikrimiz mutasaddilar tomonidan qanoatlantirilsa, o’ylaymizki ko’pgina ilm ahli va yoshlarga ma’qul bo’lar edi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Qodirov M. va boshqalar. Ona tili. Umumiy o’rta ta’lim maktablarining 8- sinfi uchun darslik.T.: Cho’lpon nomidagi nashriyot- matbaa ijodiy uyi, 2019 2. Qodirov M. va boshqalar. Ona tili. Umumiy o’rta ta’lim maktablarining 8- sinfi uchun darslik.T.: Cho’lpon nomidagi nashriyot- matbaa ijodiy uyi, 2014 3. Erkaboyeva N. O’zbek tilidan ma’ruzalar to’plami. T.: yosh kuch, 2019 4. Usmonov J, Nurmurodov O. Muxtasar grammatika. Buxoro: Hodiyev education, 2020 Download 42.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling