Ozarbayjon tarixi
Download 31.23 Kb.
|
OZARBAYJON
OZARBAYJON TARIXI Umumiy ma'lumot Shimolda Katta Kavkaz tog‘lari, G‘arbda – Gyoycha ko‘li havzasi bilan birga Alagyoz tog‘ tizmasi va Sharqiy Onado‘li, Sharqda Kaspiy dengizi, janubda esa Sultoniya-Zanjon-Hamadon hududlari bilan o‘rab olingan tarixiy Ozarbayjon yerlari zamonaviy sivilizasiyaning rivojlanishi boshlangan eng qadimgi madaniy markazlardan biridir. Ozarbayjon xalqi bu hududda – tarixiy Ozarbayjon zaminida boy va o‘ziga xos madaniyat, jumladan, davlatchilik an'analarini yaratdi. Ozarbayjon ismining tarixiy talaffuzi turli-tuman bo‘lgan. Manbalarda bu nom qadimdan Andirpatian, Atropatena, Adirbijan, Azirbijan va nihoyat, Ozarbayjon shaklida qo‘llanilgan. Ozarbayjonning qadimgi tarixi arxeologik, etnografik, antropologik va yozma manbalar asosida yozilgan. Arxeologik qazishmalar vaqtida topilgan ashyolar Ozarbayjonning moddiy va madaniy tarixini o‘rganish imkonini bergan. Tarixiy manbalar va ekspedisiyalar davrida to‘plangan etnografik materiallar asosida odat-an'analar, moddiy va ma'naviy madaniyat, boshqaruvning o‘tmish shakllari, oilaviy munosabatlar va boshqalar o‘rganiladi. Respublikamiz hududida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar jarayonida ilk aholining joylashishiga oid boy moddiy madaniyat namunalari kashf etilib, ular respublikamiz hududining inson tomonidan shakllangan manzilgohlar ro‘yxatiga kiritilishiga zamin yaratdi. Ozarbayjon hududida ilk ibtidoiy odamlarning 1,7-1,8 mln. yil avval qanday yashay boshlagani bilan bog‘liq eng qadimgi arxeologik va paleontologik materiallar topilgan. Ozarbayjon hududi dunyodagi eng qadimiy inson manzilgohlaridan biri ekanligini isbotlovchi arxeologik yodgorliklarga o‘ta boy. Azix, Tag‘lar, Damchili, Dashsalaxli, Gazma (Naxchivan) g‘orlaridan, shuningdek, boshqa yodgorliklarda aniqlangan arxeologik topilmalar, shu jumladan bundan 300-400 ming yil muqaddam yashagan Ashol davridagi qadimgi odam - Azix odami (Azixantrop) ning jag‘ suyagi Ozarbayjonning ibtidoiy odamlar shakllangan hudud ekanligini ko‘rsatadi.
* Ushbu nodir topilmaga ko‘ra, Ozarbayjon hududi "Evropaning eng qadimgi aholisi" xaritasiga kiritilgan. Shu bilan birga Ozarbayjon xalqi dunyodagi eng qadimgi davlatchilik an'analariga ega xalqlardan biridir. Ozarbayjon xalqi 5 ming yilga yaqin davlatchilik tarixiga ega. Ozarbayjon hududida dastlabki davlat tuzilishlari yoki enopolitik uyushmalar Urmiya havzasida miloddan avvalgi IV ming yillikning oxiri - III ming yillikning boshlarida paydo bo‘lgan. Bu yerda tashkil topgan qadimgi Ozarbayjon davlatlari butun mintaqaning harbiy va siyosiy tarixida muhim rol o‘ynagan. O‘sha davrda Ozarbayjon Dajla va Frot vodiylarida joylashgan va jahon tarixida chuqur iz qoldirgan qadimgi Shumer, Akkard va Ossuriya davlatlari, shuningdek, kichik Osiyodagi Het davlati bilan o‘zaro yaqin aloqada bo‘lgan. Eramizdan avvalgi birinchi ming yillikda – milodning birinchi ming yilligi boshlarida Ozarbayjon yerlarida Manna, Iskit (Skit, Skif) podsholigi, Atropatena va Albaniya kabi qudratli davlatlar mavjud bo‘lgan. Bu davlatlar Ozarbayjonda davlat boshqaruvi madaniyatini yanada takomillashtirishda, mamlakatning iqtisodiy va madaniy tarixida, shuningdek, yagona xalqni shakllantirish jarayonida muhim rol o‘ynagan. Eramizning boshlarida mamlakatimiz o‘z tarixining eng murakkab sinov davrlaridan biriga duch keldi: III asrda Ozarbayjonni Sosoniy-Eron imperiyasi, VII asrda esa Arab xalifaligi egalladi. Bosqinchilar Eron va Arabistondan ko‘plab Eron va Arab aholisini ko‘chirdilar.
Eramizning birinchi asrlaridayoq mamlakat aholisining ko‘pchiligini tashkil etgan va harbiy va siyosiy jihatdan yanada uyushgan va mustahkam bo‘lgan turkiy etnik guruhlar yagona xalqni shakllantirish jarayonida muhim rol o‘ynadi. Turkiy etnik guruhlar orasida o‘g‘uz turklari ustunlik qildi. * Eramizning birinchi asrlaridan boshlab turkiy til Ozarbayjon hududida yashovchi sanoqli xalqlar va etnik guruhlar o‘rtasidagi asosiy aloqa vositasiga aylandi. Turkiy til ham shimol bilan janub o‘rtasida birlashtiruvchi, bog‘lovchi rol o‘ynagan. Bu omil o‘sha davrda yagona xalqni shakllantirish jarayonida juda muhim rol o‘ynadi. Chunki bu davrda butun Ozarbayjon hududini qamrab oluvchi yagona diniy qarash – monoteistik din yo‘q edi. Qadimgi turklarning asosiy xudosi bo‘lgan Tangriga sig‘inish hali boshqa diniy qarashlarni bostirishga va boshqa diniy qarashlargi butunlay barham berishga qodir emas edi. Zardushtiylik, otashparastlik, quyosh, oy, osmon, yulduzlar, yer, suv va hokazolarga sig‘inish davom etmoqda edi. Mamlakat shimolida - Albaniya hududining ayrim qismlarida, asosan tog‘li g‘arbiy hududlarda xristianlik tarqalayotgandi. Biroq, mustaqil Alban cherkovi qo‘shni armani va gurji cherkovlaridan kuchli raqobat sharoitida faoliyat ko‘rsatar edi. VII asrda islom dinining qabul qilinishi bilan Ozarbayjonning tarixiy taqdirida tub burilish yuz berdi. Islom dini yagona xalq va tilning shakllanishiga kuchli turtki berdi va bu jarayonning tezlashuviga hal qiluvchi ta'sir ko‘rsatdi. Turkiy va turkiy bo‘lmagan etnik guruhlar o‘rtasida diniy birlikning yaratilishi Ozarbayjon hududida tarqalgan umumiy urf-odat va an'analarning shakllanishiga, qarindoshlik aloqalarining kengayishiga va aralashish jarayonining yanada chuqurlashishiga olib keldi. Islom dini uni qabul qilgan barcha turkiy va turkiy bo‘lmagan etnik guruhlarni butun Janubiy Kavkazni xristianlik ta'siri doirasiga olib kirishga intilgan Vizantiya imperiyasiga va unga homiylik qilgan arman va gruzin feodallariga qarshi yagona turkiy-islomiy bayroq ostida birlashtirdi. IX asr o‘rtalaridan boshlab Ozarbayjon davlatchiligining qadimiy an'analari qayta jonlandi. Ozarbayjonda yangi siyosiy jonlanish boshlandi: Ozarbayjonning Islom dini keng tarqalgan yerlarida Sajiylar, Shirvonshohlar, Salariylar, Ravvadiylar va Shaddodiylar davlatlari paydo bo‘ldi. Mustaqil davlatlarning tashkil topishi natijasida siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotning barcha sohalarida uyg‘onish yuz berdi. Ozarbayjon tarixining uyg‘onish davri boshlandi. 600 yilga yaqin davom etgan Sosoniy va Arab asoratidan so‘ng mahalliy davlatlar (Sajiylar, Shirvonshohlar, Salariylar, Rabbadiylar, Shaddadiylar, Sheki hokimligi)ning yaratilishi, butun mamlakat bo‘ylab islom dinining asosiy monoteistik dinga aylanishi Ozarbayjon xalqining etnik evolyusiyasida, yagona til va madaniyatning shakllanishida muhim rol o‘ynadi. Islom dini, shuningdek, Ozarbayjonni idora etgan ayri-ayri feodal sulolalar biri birining o‘rnini egallagan bir tarixiy sharoitda butun Ozarbayjon aholisi, ham xalqimizning shakllanishida asosiy rol o‘ynagan turli turkiy qabilalar, hamda ular bilan aralashib ketayotgan turkiy bo‘lmagan etnik guruhlarning xorijiy bosqinchilarga qarshi bir kuch holida birlashuvida ham progressiv ahamiyat kasb etdi. Arab xalifaligi tanazzulidan so‘ng - IX asr o‘rtalaridan boshlab Kavkazda, shuningdek, butun Yaqin va O‘rta Sharq bo‘ylab turkiy-islom imperiyalarining roli kuchaydi. Sajiylar, Shirvonshohlar, Salariylar, Ravvadiylar, Shaddodiylar, Sheki hukmdorlari, Saljuqiylar, Eldenizlar, Mo‘g‘ullar, Elxoniylar-Hulakular, Chobaniylar, Jaloirlar, Temuriylar, Usmoniylar, Qoraqo‘ylilar, Oqqo‘ylilar, Safaviylar, Afsharlar, Qajarlar va boshqa turk-islom sulolalari idora qilgan davlatlar nafaqat Ozarbayjon, butun Janubiy Kavkaz, balki butun Yaqin va O‘rta Sharq davlatchiligi tarixida chuqur iz qoldirganlar. XV-XVIII asrlarda va undan keyingi davrda Ozarbayjon davlatchilik madaniyati yanada boyidi. Bu davrda Sharqning bepoyon imperiyalari – Qoraqo‘yli, Oqqo‘yli, Safaviy, Afshar va Qajar imperiyalari bevosita Ozarbayjon sulolalari tomonidan boshqarilgan. Bu muhim omil Ozarbayjonning ichki va xalqaro munosabatlariga ijobiy ta'sir ko‘rsatdi, mamlakatimiz va xalqimizning harbiy va siyosiy ta'sir doirasini, Ozarbayjon tilining faoliyat sohasini kengaytirdi, Ozarbayjon xalqining moddiy va ma'naviy madaniyatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratdi. Bu davrda Yaqin va O‘rta Sharqning xalqaro aloqalari, harbiy va siyosiy hayotida muhim o‘rin tutgan Ozarbayjon davlatlari Yevropa-Sharq munosabatlarida ham juda faol ishtirok etdilar. Ozarbayjonning buyuk davlat arbobi Uzun Hasan (1468-1478) hukmronligi davrida Oqqo‘yli imperiyasi butun Yaqin va O‘rta Sharqda kuchli harbiy va siyosiy omilga aylandi. Ozarbayjon davlatchiligi madaniyati yanada rivojlandi. Uzun Hasan barcha Ozarbayjon yerlarini qamrab olgan kuchli markazlashgan davlat tuzish siyosatini olib bordi. Shu maqsadda u maxsus "Qonunnoma" tayyorlattirdidi. Buyuk hukmdor Qur'oni karimni Ozarbayjonga aylantirdi va o‘sha davrning atoqli olimi Abu Bakr Al-Tehroniyga "Kitobi-Diyorbakiriya" nomli O‘g‘uznoma yozdirdi.
XV asr oxiri - XVI asr boshlarida Ozarbayjon davlatchiligi o‘z tarixiy evolyusiyasining yangi bosqichiga kirdi. Uzun Hasanning nabirasi atoqli davlat arbobi Shoh Ismoil Xatoiy (1501-1524) bobosi boshlagan ishni tugallab, shimoldan janubga tomon barcha Ozarbayjon yerlarini o‘z hukmronligi ostida birlashtirishga muvaffaq bo‘lgan. Poytaxti Tabriz shahri bo‘lgan yagona markazlashgan Ozarbayjon davlati - Safaviylar davlati paydo bo‘ldi. Safaviylar hukmronligi davrida Ozarbayjonda davlat boshqaruvi madaniyati yanada yuksaldi. Ozarbayjon tili davlat tiliga aylandi. Shoh Ismoil, Shoh Tahmasib, Shoh Abbos va boshqa Safaviy hukmdorlar olib borgan muvaffaqiyatli islohotlar, ichki va tashqi siyosat natijasida Safaviylar davlati yaqin Sharqdagi eng qudratli imperiyalardan biriga aylandi. Safaviylar davlati qulagandan keyin hokimiyat tepasiga kelgan taniqli Ozarbayjon sarkardasi Nodirshoh Afshar (1736-1747) sobiq Safaviylar imperiyasi chegaralarini yanada kengaytirdi. Ozarbayjonning afshar-turk qavmlaridan bo‘lgan bu buyuk hukmdor 1739 yilda Shimoliy Hindistonni, jumladan Dehlini ham bosib oldi. Biroq Ozarbayjon hukmdorining bu ulkan hududda qudratli markazlashgan davlat tuzish rejalari amalga oshmay qoldi. Nodirshoh vafotidan so‘ng uni boshqargan keng imperiya inqirozga uchradi. Nodirshoh hayotligida ozodlik uchun kurashga otlangan, mustaqillik sari intilayotgan Ozarbayjon yerlarida mahalliy davlatlar paydo bo‘ldi. Shunday qilib, XVIII asrning ikkinchi yarmida Ozarbayjon kichik davlatlar - xonliklar va sultonliklarga bo‘linib ketdi. XVIII asr oxirida Eronda Ozarbayjon Qajarlar sulolasi (1796-1925) hokimiyat tepasiga keldi. Vaqt o‘tishi bilan Qajarlar o‘z buyuk bobolari qoraqo‘yli, oqqo‘yli, safaviylar va, nihoyat, Nodirshoh hukmronligi ostida bo‘lgan barcha hududlarni, jumladan, Ozarbayjon xonliklarini Markaziy hukumatiga bo‘ysundirish siyosatini yurita boshladilar. Shu tariqa Qajarlar va Janubiy Kavkazni egallashga urinayotgan Rossiya o‘rtasida uzoq davom etgan urushlar davri boshlandi. Ozarbayjon ikki buyuk davlat o‘rtasidagi qonli urushlarning sahnasiga aylandi. Guliston (1813) va Turkmanchay (1828) shartnomalariga ko‘ra, Ozarbayjon ikki imperiya: Shimoliy Ozarbayjon Rossiyaga, Janubiy Ozarbayjon esa qajarlar hukmronlik qilgan Eron shohligiga qo‘shib olindi. Shunday qilib, Ozarbayjonning keyingi tarixida yangi siyosiy-geografik tushunchalar paydo bo‘ldi: "Shimoliy Ozarbayjon "(yoki "Rossiya Ozarbayjoni") va "Janubiy Ozarbayjon" (yoki "Eron Ozarbayjoni"). Rossiya Janubiy Kavkazda o‘ziga tayanch yaratish uchun bosib olgan Ozarbayjon yerlariga, xususan, Qorabog‘ning tog‘li tumanlariga, sobiq Irevan va Naxchivan xonliklari hududiga qo‘shni mamlakatlardan ommaviy tarzda kelgan arman aholisini joylashtirdi. G‘arbiy Ozarbayjonning Turkiya bilan chegaradosh yerlarida - sun'iy ravishda va maxsus maqsad bilan "Arman viloyati" yaratildi. Bu esa Ozarbayjon yerlariga bo‘lajak Armaniston davlatining poydevorini qo‘ydi. Bundan tashqari, Rossiya 1836da mustaqil Alban cherkovini bekor qildi va uni armani Grigorian cherkovi tobeligiga topshirdi. Shunday qilib, Ozarbayjonning qadimiy aholisi bo‘lgan xristian albanlarning grigorianlashtirish va armanilashtirish uchun yanada qulay sharoit yaratildi. Armanilarning ozarbayjonlarga qarshi yangi hududiy da'volariga asos solindi. Bularning barchasiga qanoat qilmay, chor Rossiyasi yanada chirkin siyosatga qo‘l urdi: Armanilarni qurollantirib, ularni turk-musulmon aholisidan ustun qo‘ydi va ozarbayjonlarga qarshi ommaviy qirg‘inlar yoyishga kirishdi. Bu ozarbayjonlar va Janubiy Kavkazning butun turkiy-musulmon aholisiga qarshi qatliom davrining boshlanishi edi. Shimoliy Ozarbayjondagi ozodlik kurashi misli ko‘rilmagan fojialarga aylandi. Bu yerda hokimiyatni qo‘lga olgan Shaumyanning dashnoq-bolshevik hukumati 1918-yil mart oyida Ozarbayjon xalqiga qarshi dahshatli qatliomni amalga oshirdi. Qardosh Turkiya Ozarbayjonga yordam qo‘lini uzatdi. Ozodlik harakati g‘alaba qozondi. 1918 yil 28 mayda Shimoliy Ozarbayjonda Sharqda birinchi demokratik respublika, Ozarbayjon Xalq Respublikasi tashkil etildi. Ozarbayjon xalqi tarixida birinchi Parlament respublikasi bo‘lgan Ozarbayjon Xalq Respublikasi, ayni paytda, butun Sharqda, jumladan, turk-islom dunyosida ilk demokratik, huquqiy va dunyoviy davlat namunasi bo‘ldi. Ozarbayjon demokratik Respublikasi davrida parlamentarizm tarixi ikki davrga bo‘linadi: birinchi davr 1918 yil 27 maydan 19 noyabrgacha davom etdi. Shu olti oy mobaynida Ozarbayjon Milliy Kengashi nomidan harakat qilgan va musulmon turklarining 44 vakilidan iborat birinchi Ozarbayjon parlamenti juda muhim tarixiy qarorlar qabul qildi. 1918 yil 28 mayda birinchi parlamentimiz Ozarbayjon mustaqilligini e'lon qildi, mamlakat boshqaruvini o‘z qo‘liga oldi va tarixiy Mustaqillik deklaratsiyasini qabul qildi. Ozarbayjon demokratik Respublikasi parlamentarizm tarixidagi ikkinchi davr yoki Boku davri jami 17 oy - 1918 yil 7 dekabrdan 1920 yil 27 aprelgacha davom etdi xolos. 1919 yil 1 sentabrda parlament tomonidan qabul qilingan Boku Davlat Universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi qonunni alohida ta'kidlash lozim. Milliy universitetning ochilishi respublika rahbarlarining o‘z ona xalqi oldida juda muhim tarixiy xizmati bo‘ldi. Boku Davlat universiteti Ozarbayjon Xalq Respublikasi qulaganidan keyin ham respublika g‘oyalarining yashashi va xalqimizning yangidan mustaqillikka erishishida beqiyos rol o‘ynadi. Ozarbayjon Xalq Respublikasi mavjudligi davrida jami 155 ta parlament sessiyasi bo‘lib, shundan 10 tasi Ozarbayjon Milliy Kengashi tomonidan (1918 yil 27 may - 19 noyabr), 145 tasi esa Ozarbayjon parlamenti faoliyati davomida (1918 yil 7 dekabr - 1920 yil 27 aprel) o‘tkazildi. Parlament muhokamasiga 270 dan ortiq qonun loyihalari taqdim etildi, ulardan 230 ga yaqini qabul qilindi. Qonunlar qizg‘in va ishchan fikr almashish muhitida muhokama qilinib, shu bilan birga uchinchi o‘qishdan keyingina qabul qilingandi. 23 oygina yashaganiga qaramay, Ozarbayjon Xalq Respublikasi eng shafqatsiz mustamlakachi va repressiv tuzumlar ham ozarbayjon xalqining ozodlik ideallari va mustaqil davlatchilik an'analarini yo‘q qilishga qodir emasligini isbotladi. Sovet Rossiyasining harbiy tajovuzii natijasida Ozarbayjon demokratik Respublikasi yo‘q qilindi. Shimoliy Ozarbayjonda mustaqil Ozarbayjon davlatchiligi tugatildi. 1920 yil 28 aprelda Respublika hududida Ozarbayjon Sovet Sosialistik Respublikasi (Ozarbayjon SSR) e'lon qilindi. Sovet ishg‘olidan so‘ng mamlakatda Ozarbayjon Xalq Respublikasi davrida tashkil etilgan mustaqil davlat boshqaruvi tizimini yo‘q qilish boshlandi. "Qizil terror" butun o‘lka bo‘ylab quturgan edi. Bolsheviklar tuzumining mustahkamlanishiga qarshilik ko‘rsata olgan har bir kishi darhol "xalq dushmani", "aksilinqilobchi" yoki "fitnachi" nomi bilan "qizil terror" qurboni bo‘lari. Shunday qilib, 1918 yil martidagi qatliom ketidan, aslida, Ozarbayjon xalqiga qarshi yangi genosid boshlandi. Farq shundaki, bu safar millatning eng sara vakillari - Ozarbayjon Xalq Respublikasining taniqli davlat arboblari, generallar, Milliy armiyaning yuqori rutbali zobitlari, ilg‘or ziyolilar, din arboblari, partiya rahbarlari, siyosatchilar, mashhur olimlar yo‘q qilinayotgandi. Bolshevik-dashnoq guruhi bu safar ongli ravishda faqat xalqning qaymog‘ini yo‘q qilishga boshlab, uni boshidan ayirishga urindi. Aslida bu 1918 yil martidagi qirg‘indan ko‘ra shafqatsizroq, dahshatliroq edi. 1921 yil 6 mayda Ozarbayjon SSR Sovetlarining birinchi qurultoyi chaqirilishi bilan Shimoliy Ozarbayjonni sovetlashtirish yakunlandi. 19 may kuni Ozarbayjon SSRning birinchi Konstitusiyasi qabul qilindi. Ozarbayjon xalqi o‘z mustaqil hokimiyatidan mahrum etilgach, uning boyliklarini talon-taroj qilish boshlandi. Yerga xususiy mulkchilik bekor qilindi. Mamlakatning barcha tabiiy resurslari nasionalizasiya qilindi, to‘g‘rirog‘i, davlat mulki hisoblandi. Neft sanoatini boshqarish uchun xususiy ravishda Ozarbayjon neft qo‘mitasi tashkil etildi va unga rahbarlik Lenin tomonidan Bokuga yuborilgan A. P. Serebrovskiyga topshirildi. Shunday qilib, 1920 yil 17 martdayoq Kavkaz fronti harbiy inqilobiy Kengashiga yuborgan telegrammada "Bokuni qo‘lga olish biz uchun juda va juda zarur" deya Shimoliy Ozarbayjonning bosib olinishiga ko‘rsatma bergan V. I. Lenin o‘z maqsadiga erishdi. Boku nefti Sovet Rossiyasi qo‘liga o‘tdi. 30-yillarda butun ozarbayjon xalqiga qarshi repressiyalar olib borildi. Birgina 1937 yilda 29 ming kishi qatag‘on qilindi. Ularning barchasi ham Vatanning eng munosib farzandlari. Bu davrda Ozarbayjon xalqi Husayn Jovid, Mikoil Mushfiq, Ahmad Javod, Salmon Mumtoz, Ali Nazmiy, Tag‘i Shahboziy va boshqa o‘nlab mutafakkirlaridan, tengsiz ziyolilaridan ayrildi. Xalqning intellektual salohiyati, uning eng jonkuyar shaxslari yo‘q qilindi. Bu dahshatli zarbadan so‘ng Ozarbayjon xalqi o‘nlab yillar davomida tiklana olmadi. 1948-1953 yillarda ozarbayjonlarni buyuk vatani - G‘arbiy Ozarbayjondan (Armaniston SSR deb atalmish hududdan) ommaviy surgun qilishning yangi bosqichi boshlandi. Armanlar G‘arbiy Ozarbayjon yerlarida o‘zlarini yanada kuchaytirdilar. Ularning bu sohada son jihatdan ustunligi ta'minlandi. Ozarbayjon xalqining bunyodkorlik ishlari tufayli erishilgan salmoqli muvaffaqiyatlarga qaramay, qator ob'ektiv va sub'ektiv sabablarga ko‘ra 60-yillarda Ozarbayjon iqtisodiyotining ko‘plab tarmoqlarida - sanoatda ham, qishloq xo‘jaligida ham salbiy tendensiyalar paydo bo‘la boshladi.
Respublika tushgan bu murakkab vaziyatda Ozarbayjon rahbariyatida muhim o‘zgarish ro‘y berdi. 1969 yilda Ozarbayjonda Haydar Aliyev rahbarligining birinchi davri boshlandi. Totalitar tuzum hukm surgan murakkab tarixiy sharoitda o‘z ona xalqiga nihoyatda sadoqatli bo‘lgan Haydar Aliyev Ozarbayjonni Sovet Ittifoqining yetakchi respublikalaridan biriga aylantirish maqsadida hayotning barcha sohalarida keng qamrovli islohotlar dasturini amalga oshirishga kirishdi. Buyuk siyosatchi birinchi iqtisodiyot (shu jumladan, qishloq xo‘jaligi) va madaniyat turli sohalarda, o‘z Vatani, xalqining ravnaqi uchun zarur bo‘lgan eng muhim masalalar bo‘yicha avvalo Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi siyosiy byurosi, Markaziy qo‘mitasi plenumlari, Kommunistik partiya s'ezdlari darajasida qulay qarorlar qabul qilinishiga erishar, keyin bu qarorlarni amalga oshirish uchun butun xalqimizni safarbar etar, ona Ozarbayjon taraqqiyoti uchun tinimsiz, tunu kun kurashardi. Ozarbayjonni mustaqil yashashga qodir bo‘lgan va yuksak ilmiy-texnologik taraqqiy etgan bir o‘lkaga (o‘sha zamon terminologiyasida, ma'muriy-iqtisodiy birlik) aylantirish uning bosh rejalaridan edi. Bir so‘z bilan aytganda, Vatanimizning mustaqillikka erishish yo‘li Haydar Aliyev tomonidan o‘shanda boshlangan edi. 1970-1985 yillarda tarixan qisqa davrda butun respublika hududida yuzlab zavod, fabrika va ishlab chiqarish sohalari yaratildi. 213 ta yirik sanoat korxonasi ishga tushirildi. Ko‘pgina muhim ishlab chiqarish sohalarida Ozarbayjon Sovet Ittifoqida yetakchi o‘rinlardan birini egallardi. Ozarbayjonda ishlab chiqarilgan 350 nomdagi mahsulot dunyoning 65 mamlakatiga eksport qilinardi. Haydar Aliyevning ilk rahbarligi davrida amalga oshirgan bu ulkan qurilish ishlarining ulkan tarixiy ahamiyati shundan iboratki, xalqimizda milliy g‘urur, milliy o‘zlikni anglash, erk va istiqlol tuyg‘ulari uyg‘ondi. Aslida bu XX asrning 70-yillarida Ozarbayjon xalqining milliy ozodlik harakati yangi bosqich-tiklanish bosqichiga kirganini anglatardi. Ozarbayjon davlatchiligi tarixining so‘nggi bosqichi 1991 yil 18 oktyabrda "Ozarbayjon Respublikasining Davlat mustaqilligi to‘g‘risida"gi Konstitusiyaviy Aktning qabul qilinishi bilan SSSR parchalanishi arafasida boshlandi va shu kungacha muvaffaqiyatli davom etmoqda. Tarix davomida Ozarbayjon davlatlari yuksalish va tanazzul davrlarini boshdan kechirdilar, ichki urushlar, xorijiy istilolarga duchor bo‘ldilar. Ozarbayjon hamisha qo‘shnilari bilan tinch munosabatlarni saqlab kelgan. Biroq tinchliksevar qo‘shnilar, ayniqsa, G‘arbiy Ozarbayjonda o‘rnashib olgan armanilar Ozarbayjon yerlariga doimiy ravishda ko‘z tikib, fursat topilishi bilan muayyan hududlarni bosib olishgan.
1988 yilda tog‘li Qorabog‘ Muxtor viloyatining ayirmachi-terrorchi guruhlari va Armaniston qurolli kuchlari tog‘li Qorabog‘ni qo‘lga olish uchun harbiy amaliyotlarni boshladi. Ularga Armaniston va tog‘li Qorabog‘ Muxtor viloyatida joylashgan SSSR Qurolli kuchlari bo‘linmalari qo‘shildi. Avval Ozarbayjonning tog‘li Qorabog‘ posyolkalarini ishg‘ol qilish boshlandi. 1992 yil 15 yanvar kuni Karkijahon, 10 fevral kuni - Malibeyli, Qushchilar qishloqlari bosib olindi, tinch va qurolsiz aholi qoni to‘kildi, Xo‘jali va Shusha qamali iskanjasi toraydi. Arman va Sovet harbiy qismlari fevral oyining o‘rtalarida Qoratog‘li qishlog‘ini qo‘lga oldi. 1992 yil 25 dan 26 fevralga o‘tar kechasi hozirgi tarixdagi eng fojiali voqea yuz berdi. Arman harbiy tuzilmalari Rossiyaning 366-moto-o‘qchi polki askarlari bilan birgalikda Xo‘jalida ozarbayjonlarga qarshi dahshatli qirg‘in sodir etdi. Xalq harakati yanada kuchaygan sharoitda 1992 yil mart oyida respublikaga rahbarlik qilgan A. Mutallibov iste'foga chiqdi. Hokimiyatda paydo bo‘lgan bo‘shliq Ozarbayjon Respublikasining mudofaa qobiliyatini yanada zaiflashtirdi. Natijada 1992 yil may oyida armani va sovet harbiy tuzilmalari Shushani qo‘lga oldi. Shunday qilib, armanilar amalda Tog‘li Qorabog‘ning butun hududini egallab olishdi. Keyingi qadam tog‘li Qorabog‘ni Armaniston bilan bog‘lagan Lochin tumanining ishg‘oli bo‘ldi. Ozarbayjon Xalq fronti hukmronligi davrida davom etgan yangi hukumat bilan to‘qnashuvlar (1992 yil may - 1993 yil iyun) respublika mudofaasiga og‘ir zarba berdi. 1993 yilning aprelida Kalbajar ishg‘ol qilindi. Iyun oyida Ozarbayjonda chuqur siyosiy inqiroz yuz berdi. Xalq talabi bilan Haydar Aliyev hokimiyat tepasiga keldi. Haydar Aliyevning hokimiyatga qaytishi bilan Ozarbayjon ozodligi yo‘lida hal qiluvchi burilish yuz berdi. Donishmand davlat arbobi bir qancha siyosiy jarayonlardan so‘ng fuqarolar urushi xavfini bartaraf qildi. Umummilliy rahnamo Haydar Aliyev urush masalasida to‘g‘ri yo‘l tutdi. Dono strateg sifatida u haqiqiy vaziyat bilan hisoblashdi. U makkor dushmanlarimiz va ularning xalqaro homiylarining kuch-qudratini, rejalarini, Ozarbayjon tushgan qonli girdob qanchalik xavfli ekanini e’tiborga oldi. Vaziyatni to‘g‘ri baholadi. Real vaziyatdan kelib chiqib, o‘t ochishni to‘xtatishga erishdi. Ozarbayjon xalqining umummilliy rahnamosi Haydar Aliyev xalqni va mamlakatni milliy-ma'naviy parchalanish va tanazzuldan qutqardi. O‘zidan avvalgi "rahbar"lar tarixi o‘tmishining ibratli saboqlari, o‘zgaruvchan dunyoning real haqiqatlari, ichki hayot va xalqaro vaziyat haqiqatlariga emas, hissiyotlarga asoslangan noto‘g‘ri qarorlar ijrosini to‘xtatdi. Yurtimiz, xalqimiz, tilimizdagi azaliy va abadiy "Ozarbayjon" muhri o‘zimizga qaytarildi. Bu bilan vatanparvarlik, xalqimizning nomi va tili, kuch-qudratimiz va birligimizning asosi bo‘lgan islom-turk birligi tiklandi va etnik nizolar ehtimoli istisno etildi. Dushmanlarimizning o‘qlari bu masalada ham xato ketdi. Bugungi kunda mustaqil Ozarbayjonning xalqaro maydondagi obro‘ - e'tibori va shuhrati tobora ortib bormoqda. Ozarbayjon Respublikasi butun dunyoda demokratik, huquqiy, dunyoviy davlat nufuziga ega bo‘ldi. Haydar Aliyevning aql-zakovati mahsuli bo‘lgan asosiy qonunimiz dunyodagi eng demokratik va mukammal konstitusiyalardan biri bo‘lib, xalqaro maydonda vatanimizni yuksak hurmatga sazovor etmoqda. Mamlakatimizda hukm surayotgan barqarorlik va amalga oshirilayotgan ichki islohotlar xorijiy davlatlar bilan aloqalarimizni kengaytirishga ijobiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Tashqi siyosatini tenglik va o‘zaro manfaat tamoyillari asosida qurgan Ozarbayjon Respublikasi dunyoning barcha davlatlari uchun ochiq mamlakatga aylandi. Download 31.23 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling