Oʻzbek adabiyotshunosligi kafedrasi


Download 0.6 Mb.
bet14/123
Sana08.11.2023
Hajmi0.6 Mb.
#1757638
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   123
Bog'liq
1-kurslar uchun Oʻquv-uslubiy majmua andijon – 2022-fayllar.org

Rivoyatlar. Bu so‘z arab tilidan olingan bo‘lib, hikoya, qissa ma’nolarini ifodalaydi. Rivoyatlar afsonalardan hayotga yaqinligi bilan farq qiladi. Agar afsonalarda ro‘y berishi mumkin bo‘lmagan hodisalar hikoya qilinsa, rivoyatlardagi voqealar, ko‘pincha, tarixiy shaxslar, taniqli allomalar, davlat arboblarining hayotlaridagi muayyan lavhalar yuzasidan xabar beradi. Ba’zan bir voqeani eshitganimizda, uning aynan ro‘y berishiga to‘liq ishonamiz, ba’zan alohida fantastik tasvirdan xoli bo‘lsa ham hikoyaga ishonmasligimiz mumkin. Shuning uchun afsona va rivoyat o‘rtasida keskin farqni belgilash qiyin kechadi. Har holda ko‘p yillik tajribadan kelib chiqib aytish mumkinki, ishonilgan voqeani rivoyat, ishonish mumkin bo‘lmaganini afsona deb qabul qilish maqsadga muvofiqdir. Chunki mazmun, syujet tizimi jihatdan afsona va rivoyatlarning farqi bo‘lmaydi. Faqat rivoyatlar tarixiy dalil, isbot ildiziga ega hisoblanadilar.
Rivoyatlar o‘zida aks ettirgan voqea bayoniga ko‘ra afsonalar kabi epik jinsga mansubdirlar. Ular hajm jihatdan qisqa bo‘ladi. Matn hajmi qisqa, ifodalangan voqea lavhalari son jihatdan chegaralangan. Badiiy tasvirga ortiqcha urg‘u berilmaydi, chunki ularda voqea bayoni ustuvor hisoblanadi. Mazmun yo‘nalishiga ko‘ra tarixiy voqelar, ularda ishtirok etgan shaxslar jasorati yoki xiyonati asosida yoki yurtimiz viloyatlaridagi o‘rin-joylarning nomlanishini izohlash maqsadida yaratilgan rivoyatlarga bo‘linadi. Tarixiy rivoyatlarda To‘maris, Shiroq, Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Amir Temur kabi yurti ozodligi va mustaqilligi uchun jonini qurbon qilgan el farzandlari mardligi, shu bilan birga o‘zining o‘tkinchi hirsiy nafsi yo‘lida vataniga xiyonat qilgan Dalvarzin, Guldursunga o‘xshagan xiyonatkor shaxslar kirdikorlari hikoya qilinadi. Mard, jasurlarning ishlari ham, xoinlarning xiyonati ham unutilmaydi.
Rivoyatlarning yana bir turi mahalliy hududlardagi o‘rin-joylarning nomiga oidligi bilan ajralib turadi. Muhimi shundaki, bunday rivoyatlarda asosiy e’tibor tasvirlanayotgan voqeadagi fantastik jihatlarga emas, balki hayotni kuzatish, to‘g‘ri xulosalarga kelish, aqlni ishga solish fazilatlariga qaratiladi.
Rivoyatlar haqida aytilgan fikrlardan shunday xulosalarga kelish mumkin:
1. Rivoyatlar afsonalardan farqli ravishda bevosita hayotda bo‘lishi mumkin bo‘lgan voqealarga asoslanadi.
2. Ular mavzu jihatdan turlarga bo‘lingan holda yo biron tarixiy shaxs hayotidagi ibratli voqeani bayon etadi yo geografik o‘rin-joyning nomini izohlaydi.
3. Rivoyatlarda badiiy tasvirdan ko‘ra ro‘y bergan voqeani qisqa va ixcham, sodda va ravon tarzda bayon qilishga ko‘proq e’tibor beriladi. Aslini olganda, aynan shu fazilatlar rivoyatlarning badiiyligini belgilaydi.
Mumtoz adabiyot va zamonaviy o‘zbek adabiyotida rivoyatlarning go‘zal namunalarini ko‘rish mumkin.
Naql. Naql atamasi O‘rta Osiyo xalqlari orasida qadimdan mavjud bo‘lib, turli xil ma’nolarni anglatgan. Dastlab folklorning ayrim janrlari shu nom bilan yuritilgan. U adabiy jarayonda yuz berib, turkiy xalqlar madaniyati, axloq falsafasi, tafakkuri zamirida paydo bo‘lgan.
Zarbulmasal arabcha so‘z bo‘lib, aybdorni masal bilan urmoq (tanqid qilmoq)ni anglatadi. Muhammad Jobalrudi (XVII asr) bu so‘zni masal va tamsilning sinonimlari sifatida qo‘llagan, boshqa o‘rinda uni ramzli hikoya ma’nosida keltirgan. «G‘iyos ul-lug‘at»da uni nutqda u yoki bu ko‘chma ma’noni tashuvchi, deb belgilangan. O‘zbek xalq nasrida esa masal naql deb atalgan. Zarbulmasal dastlab yozma adabiyotning alohida janri bo‘lgan. Keyinchalik u masal atamasi bilan yuritilgan. Naql rus folklorida pritcha. Fors tilida naql masal, maqol (allegoriya), tojik tilida u ertak, matal, masalni bildiradi, turkman tilida naql-topishmoq, qozoq, qirg‘iz tillarida metel deb yuritiladi.
Turkiy xalqlar folklorida ham turli xil janrlarga mansub asarlar naql atalgan. Ayniqsa, qadimgi yodnoma, xalq kitoblari, qo‘lyozmalarda belgilangan ertak, afsona, rivoyat, doston, maqol, matal va hatto, topishmoqni ham naql atash hollari uchrab turadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Ozarbayjonda ertak naql deb yuritiladi. Naql og‘zaki hikoyani anglatadi. Asosan u arabcha so‘z bo‘lib, uch xil ma’noni bildiradi: birinchisi, harakat, ko‘chish, ya’ni ko‘chma ma’noli voqea va hodisalar shu nom bilan atalgan. Ikkinchisi, voqeani bayon qilish, hikoya qilish; uchinchisi, og‘zaki nasriy turning alohida janrlari: qissa, ertak, matal bir butun holda naql deb yuritilgan.
Mazkur janrlar bir-biriga yaqin, ularni majoziy ma’no, allegoriya tenglashtiradi. Demak, majoziy ma’no naql, matal, masal, maqol, topishmoq uchun umumiy, ayni paytda asosiy va hal qiluvchi belgi. Naql, asosan, hikmatli fikr, o‘gitlar majmuyi. Binobarin, u hayotiy voqea va hodisalardan falsafiy umumlashmalar yaratib, majoziy yo‘l bilan ibratli xulq, muomalani bayon etuvchi hikoya. Demak, naql aql, odob, donolikni ulug‘lab, anglash va baholash imkonini beradi
O‘zbek mumtoz adabiyoti hamda xalq og‘zaki ijodi asarlarida noqil va naql atamasi juda ko‘p uchraydi. Biri aytuvchi, bayon etuvchi, ikkinchisi hikoya ma’nosini anglatadi. Dastlab, qissa, maqol, ertak, matal, topishmoq, dostonlar ham naql deb yuritilgan. Noqil esa o‘rnak olsa arziydigan axloq, odob normalari haqida hikoya qiluvchini bildiradi.
Naqliy asarlar, asosan, ta’limiy-estetik funksiyani ado etadi. Shuning uchun ham u «Naql – koni aql» deb nomlangan. Ertak, doston, maqol, topishmoqlar qadimda bir so‘z bilan naql atalgan.



Download 0.6 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   123




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling