O‘zbek adabiyotshunosligi tarixi


Download 133.69 Kb.
bet2/2
Sana05.10.2023
Hajmi133.69 Kb.
#1692604
1   2
Ilm, Navoiy, sanga matssud bil,
Emdiki, ilm o‘ldi, amal aylagil.
Ana shu tamoyil asosida faoliyat olib borgan olim 1968 yilda «O‘zbek epik poeziyaning taraqqiyoti tarixidan» mavzuida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Mazkur tadqiqot ham akademik V.Abdullayevning ilmiy masla- hatlari asosida nihoyasiga yetkazildi. O‘zbek adabiyot- shunosligida epik she’riyatning yaxlit hodisa sifatida keng qamrovda ilk bora o‘rganilishi natijasida janr va uslub rang-barangligi, dostonnavislikning shakllanishi va taraqqiyot etaplari, an’ana va novatorlik, xususan, badiiy tarjima va nazira an’analarining qorishib ketishi kabi masalalarning ilmiy xulosalari, mantiqiy asoslari ochib berildi. «Yusuf va Zulayho» mavzusidagi asarlar hamda Olim Devonaning «Ravzai asror» dostoni, Xiromiy tarjimalari, ayniqsa, Ochildimurod Miriy va uning «Ra’no va Zebo», «Qissai Salim Javhariy», «Majididdin va Faxrunniso», «Rustam va Suhrob» asarlarining tahlili ilmiy jamoatchilikka taqdim etildi. Olimning yillar davomida olib brogan mashaqqatli ilmiy kuzatishlarining hosilasi natijasida 1974 yil “O‘zbek epic poeziyasi tarixidan” alohida nashrlari amalga oshdi.
Botirxon Valixo‘jayevning ilmiy kuzatishlarida halollik, xolisona va beg‘araz mushohada yuritish mayli ustun turadi. Olimning qaysi bir maqolasi, risolasini qo‘lga olmaylik, unda tahlilga tortilgan mavzuning o‘rganilishi tarixiga murojaat qilinganligining shohidi bo‘lamiz. Tadqiqotchi o‘zigacha amalga oshirilgan ishlarni sikchikovlik bilan o‘rganadi, tavsif etadi, yutuq va nuqsonlarni muloyimlik va odob doirasida aytadi. Bu bilan yoritilishi zarur bo‘lgan masalalarni o‘z oldiga ko‘ndalang qilib qo‘yadi, manbalar bilan ishlash tamoyili- da ilmiylik toshining vazminligini hamda ilmiy etikani shogirdlariga o‘rgatgandek bo‘ladi. Shu o‘rinda birgina misolga e’tibor qaratsak. Olim o‘zining «Dalil – o‘jar narsa» maqolasi hamda «Miriy va uning zamondoshlari» risolasida miriyshunoslikdagi chalkash masalalardan biri - shoirning tug‘ilgan yiliga to‘xtalar ekan, manbalar asosida ish ko‘rishgina muammolarga yechim berishini ta’kidlab, inkor etib bo‘lmas quyidagi dalilni nihoyatda e’tiyotkorlik bilan keltiradi. «Miriy o‘zining «Rustam va Suhrob» asarida poemani yozayotganida necha yoshda ekani haqida shunday deydi.
Umr o‘tmagidan emas g‘amim hech,
Dunyo g‘amidan ko‘ngilda yuz pech.
Ellik yil o‘tibyetushti to‘qqiz,
To‘qqiz nafasimcha bo‘lmadi tuz.
Mazkur asar (“Rustam va Suxrob”) hijriy 1316 (melodiy 1898) yilda yozilganligini e’tiborga olsak, shu yili 59 yoshdaligi ma’lum bo‘ladi. Demak, u hijriy 1257 yilda (melodiy 1841) tug‘ilgan ko‘rinadi.
Ustoz o‘zbek adabiyoti tarixi, xususan, temuriylar davri adabiyoti hamda navoiyshunoslik, boburshunoslik, miriyshunoslikning dolzarb masalalari bo‘yicha muntazam ilmiy izlanishlar olib bordi. Navoiy ijodi sirlarini keng qamrovda o‘rgandi, o‘z navbatida Navoiy navosidan bahra oldi. Olimning bu sohada har biri katta voqea bo‘lgulik asarlari, ilmiy-ommabop maqolalari katta ahamiyatga ega. Alisher Navoiy adabiy merosiga bo‘lgan muhabbat, qiziqish, sadoqat Botirxon domlaning qalbiga padari buzrukvori Xil’at va volidai muhtaramasining she’rxonliklari orqali singgan. Bu gapni Sharq she’riya- ti, qadimiy qo‘lyozmalar haqida ham aytish mumkin. Alisher Navoiy asarlarini eski o‘zbek yozuvida o‘qib savodini chiqargan Botirxon Valixo‘jayev umriniyg oxiri- ga qadar Hazrat adabiy merosining siru asrorlarini tadqiq etishga, talabalarga ushbu xazina durlarini yetkazishga harakat qildi.
1990-1991 yilning boshlaridan Botirxon domlaning Hazrat Navoiy abadiyatiga doir o‘nlab ilmiy, ilmiy- ommabop maqolalari «O‘zbek tili va adabiyoti», «Muloqot» jurnallari hamda bir talay gazeta va jurnallarda chop etildi. Ilk bor tajriba sifatida yaratilgan «Navoiy qomusi» uchun birinchilardan bo‘lib talaygina maqolalar- ni yozib berishga ulgurgan olim ustozi akademik V.Abdullayev boshlab bergan tadqiqotlarga, ya’ni Navoiy- ning Samarqanddagi faoliyatiga jiddiy e’tibor berdi. Jumladan, Botirxon domlaning 1988 yil 9 fevralda viloyat gazetasida chop etilgan maqolasida shunday jumlalarni o‘qiymiz: «Ma’lumki, Alisher Navoiy Samarqandda 3-4 yil yashab ijod etdi. Keyin ham bu shahar bilan aloqasini uzmadi, uni doim esladi. Ana shularni hisobga olgan holda Samarqandsa, xususan, Fazlull^oh Abullaysiy madrasasi joylashgan Faqih Abullays mahallasida Navoiy muzeyini tashkil etish masalasini yaxshiroq o‘ylab ko‘rish darkor. Bu muzeyda «Navoiy va Samarqand», «Navoiy va Abullaysiylar xonadoni» mavzui keng yoritilsa, umuman, Samarqand va Navoiy bilan bog‘liq mavzu - Samarqandning navoiyshunos olimlari, rassomlari, mug‘anniy va xonandalari, Samarqandda Navoiy nomi bilan atalgan joylar tarixi, shoir an’analarini davom ettirgan samarqandlik ijodkorlar kabi masalalar hozirgi zamon talablari asosida namoyish etilsa, mutafakkir tug‘ilgan kunning 550 yilligiga arzigulik sovg‘a bo‘lur edi».
Botirxon domla yillar davomida keng miqyosdagi jamoatchilik ishlari, tadbirlar, navoiyxonlik kechalari- ning rejalarini amalga oshirish, ularning faol ishtirok- chisi bo‘lish bilan chegaralanib qolmadi, balki asosiy o‘zanda - ilmda Samarqand navoiyshunos olimlarining yetakchisi sifatida bir qator tadqiqotlarni amalga oshir- di. Navoiy abadiyati, adabiy merosi, ijodining gultoji - «Xamsa»ning Sharq xalqlari adabiyotida tutgan o‘rni, asarlari badiiyati, allomaning Samarqand bilan bogliq faoliyatiga doir yangi-yangi ma’lumotlar, asosli talqin- ^rni ilm ahli uchun muntazam tortiq qilib bordi. umladan, olimning «Xamsachilik traditsiyasining ba’zi ir xususiyatlari haqida mulohazalar», «Navoiy va arqand», «Samarqandda Navoiy merosini o‘rganish va navoiyxonlik», «Ulug‘ shoirga muhabbat», «Navoiy va aiximbek Suhayliy», «Navoiy va Samarqand adabiy mUHiti», «Navoiy «Xamsa»si», «XIX asrning ikkinchi yarmidagi o‘zbek poemachiligida Alisher Navoiy an’analari», «Bu yerda Navoiy o‘qigan», «Alisher Navoiyning she’riy miniatyuralar yaratishdagi mahorati», «Qalbning nozik torlarin chertib», «Shoirga asrdosh Suqrot», «Navoiy-Foniy», «Alisher Navoiyning mo’tabar dastxat devoni haqida», «Alisher Navoiy va Amir Shohiy», «Alisher Navoiy «Xamsa»sining qo‘lyozma nusxalari», «Alisher Navoiyning Hindistondagi an’analariga doir», «Navoiy va Qosim Anvor», «Jahoniy shuhrat», «Alisher Navoiy «Xamsa»si zamondoshlari talqinida», «Shoirning hindistonlik muxlislari», «Navoiy «Xamsa»si va uning Sharq xalqlari taraqqiyotida tutgan mavqei», «Ezgulikday mangu barhayot», «Samarqandga maftun edi», «Navoiy she’riyatida hasbi hol», «Alisher Navoiyning Samarqand- dagi qadamjolari», «Alisher Navoiyning jahoniy shuhrati», «Alisher Navoiy abadiyati», «Alisher Navoiyning adabiyot tarixiga munosabati», «Samarqandda bitilgan g‘azal», «Arbain» hadis va uning tarjimalari», «Alisher Navoiy talqinida Hindiston va Hindistonda Navoiy talqini», «Alisher Navoiy va Mavlono Lutfiy», «Alisher Navoiy faxriyalarining adabiy-estetik ahamiyati» kabi ilmiy, ilmiy-ommabop maqolalari, «Navoiy ijodi - ilhom manbai» (hammuallif R.Vohidov, 1981), «Alisher Navoiy she’riyati» (2001) kabi monorgafiya va qo‘llanmalari navoiyshunoslikda qo‘lga kiritilayotgan katta yutuqlar sifatida o‘z davridayoq e’tirof etildi.
Mazkur tadqiqotlarning e’tirofga loyiq jihatlaridan yana biri shundaki, ular zamirida Fazlullox Abullaysiy, Mavlono Lutfiy, Abdurahmon Jomiy, Husayn Boyqaro, Shayximbek Suhayliy kabi o‘z davrining yetuk olimu fozillari, ijodkorlari haqidagi qimmatli ma’lumotlar ham mujassamdir. Bu gadqiqotlarning yil- lar sayin mazmuniy teranlashib, yangi-yangi ma’lumotlar bilan to‘lishib borishi natijasida «Ezgulik - umr mazmuni» (1992), «Rashhai qalam» (1993), «Malik ul-kalom Mavlono Lutfiy» (1999), «Sulton Husayn Boyqaro - Husayniy she’riyati» (2000), «Mumtoz siymolar» (Saylanma, 2 tom, 2002) kabi kitoblar nashr etildi.
Uzoq yillar noxolis munosabat bildirilib kelinayotgan Xoja Ahror Vali shaxsiyati va ta’limotiga munosib baho bergan qalam sohibi ham Botirxon Valixo‘jayevdir. Ustozning dastlabki kuzatishlari «Haqiqati O‘zbekiston», «Ovozi Samarqand» gazetalarida, «Muloqot», «Boshlang‘ich ta’lim» jurnallarida e’lon qilingan paytlardayoq, nihoyatda savobli va yuqori qiymatli ekani ilm ahli tomonidan e’tirof etildi. Bora-bora olimning bu mavzudagi izlanishlari «Xoja Ahrori Valiy» (Sug‘diyon, 1992), «Xoja Ahrori Valiy» (Zarafshon, 1992), «Xoja Ahror tarixi» (Toshkent, 1994), «Buyuk ma’naviy murshid» (Toshkent, 2004) nomli kitoblar holida qayta- qayta nashr qilindi. Asarning uch tilda kitob holida chop etilishining o‘ziyoq mavzuning dolzarbligini ko‘rsatadi. Adabiyotshunos olim Abduqodir Hayitmetov «Uning (B.Valixo‘jayev) Alisher Navoiy «Xamsa»si dostonlari, Zahiriddin Bobur ijodiyoti, Xoja Ahrori Valiy faoliyati yuzasidan e’lon qilingan ilmiy ishlari adabiyotshunoslik fanimizning oltin sahifalarini tashkil etadi» deganda juda haqli edi.
Olimning mustaqillikdan keyin yaratilgan «Bobo Xudododi Valiy» (hammuallif B.O‘rinboyev, 1993) risolasi, «Maxdumi A’zam Dahbediy», «Mirzo Ulug‘bek davrida Samarqand adabiy muhiti», «Naqshbandiya tariqatining ulug‘ murshidi», «Sohibqiron Amir Temur Davridagi sivilizatsiya namoyandalari», «Miyonkol adabiy muhitida So‘fi Olloyor mavqei», «Davr qagag‘oniga uchragan shoir” (Nojiy), “Abu Bakr Qaffoli Shoshiy”, “So‘fiyani o‘rganish haqida», «Shayx Xovandi Toxur», «Hadislarning badiiy sharhi», «Hazrati azizon Shayx Xudododi Valining adabiy meroslari haqida», «Samarqand adabiy muhiti va Orif Gulxaniy», «Shayx Qutbiddin Urgutiy», «Mavlono Zaloliddin va Samarqand» kabi maqolalari ham adabiyotshunoslikdagi yangi sahifalarni tashkil etdi. Mazkur tadqiqotlar ham «tarhi toza», xolisona fikrlarga boy. Garchi yuqorida tilga olingan maqolalar tariqat va ilohiyot olami allomalari hayoti va ilmiy-ma’naviy merosi tadqiqiga doir bo‘lsa-da, ular bevosita Sharq adabiyotiga, xususan, o‘zbek mumtoz adabiyotiga bog‘lanadi, uning muammoli jihatlarini oydinlashtirishda yordam beradi.
Boturxon Valixo‘jayevning «Mirzo Ulug‘bek davri madrasalari» (2001), «Samarqandda oliy ta’lim - madrasai oliya. Universitet tarixidan lavhalar» (2001) nomli risolalarining mazmunida 1420 yilda ta’sis etilgan Mirzo Ulug‘bek madrasai oliya majmuasi oliy ta’limimiz tarixida alohida sahifani tashkil etgani, Samarqand davlat universiteti esa Ulug‘bek madrasai oliyasining bevosita vorisi va davomchisi ekanligi o‘z aksini topgandir.
Olim o‘zining bu sohadagi turkum tadqiqotlarida 1X-X asrlardayoq faqat birgina Samarqandning o‘zida o‘n yetti madrasa bo‘lganligi, ular orasida bir necha madrasai oliyalar faoliyat ko‘rsatganligini ham qayd etadi. Tarixiy va adabiy manbalar asosida o‘ta zukkolik bilan Samarqanddagi oliy ta’lim tizimining so‘nggi ming yillikdagi tarixi faqat Movarounnahrda emas, balki sharqu g‘arb olimlari, ilm ahli tomonidan ham e’tirof etilganligini uqtiradi.
Prezidentimiz Islom Karimov Samarqand olimlari haqida gapirganda «Samarqanddan yetishib chiqqan Botur Valixo‘jayev, Erkin Abdukarimov, Yuriy Buryakov, Muhsin Ashurov, Izida Abduqodirova, Temur Shirinov, Ruslan Ro‘ziboqiyev singari taniqli olimlar mamlakatimizning ilm ziyo salohiyatini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda», deya ustoz nomini birinchilardan tilga olganlari bejiz emas, albatta. Bunday ta’rifga sazovor bo‘lish yillar davomida qilingan samarali mehnatga berilgan munosib baho hisoblanadi.
Olim o‘zining yirik monografiya va risolalari bilan, shuningdek, teran tahlillar va xulosalarga boy maqolalari bilan ham nozikta’b jamoat ahli va keng o‘quvchilar nazariga tushdi. Afg‘oniston, Turkiya, Eron, g‘arb mamlakatlaridan Chexiya, Italiya va AQSh nashrlarida olimning qator maqolalari, risola va monografiyalari chop etildi. Jumladan, «Zahiriddin Muhammad Bobur» maqolasi Afg‘onistonning Qobul shahrida o‘zbek tilida chop etiladigan «Yulduz» haftanomasining 1982-1983 yillardagi 24 sonida alohida e’tirof bilan muntazam nashr etildi. «Muhaqqiqi buzurgi du adabiyot» (Dushanbe, Irfon, 1978), «Chakidahoi qalam» («Qalam qatralari. Dushanbe, Adib, 1992), «Xocha Ahrori Valy» (Tehron, 1997), «Ulug‘bek Mirzo davri madrasalari» (Istambul, 2003) kabi kitoblarning xorijiy nashrlarda chop etilishi adabiyotshunosligimizdagi katta yutuqlardan bo‘ldi. Bu esa zahmatkash olimning vatanimiz fani taraqqiyotini ga’minlash va uning dovrug‘i sarhadlarini yanada kengaytirish sohasiga qo‘shgan hissasidir.
Ibratli hayot yo‘lini bosib o‘tgan Botirxon domla oilasida o‘zgacha mehr-muhabbat, samimiylik bor Ma’rifatga, adabiyotga oshuftalik, yuqori madaniyat belgilari oilaning har bir a’zosida mujassam. Bu ayniqsa, ustozning turmush o‘rtog‘i Xadichaxon aya Mulla Aminboy Buxoriy qizining qiyofasida shundoq balqib turadi. O‘z jufti haloliga juda samimiy nazokat bilan muomala-munosabatda bo‘ladigan, uni doimo avaylab qadrlaydigan ayol kamdan kam topilsa kerak. Botirxon domla Xadichaxon aya bilan ikki o‘g‘il (Feruz, Farzod), to‘rt qizni (Farxunda, Farida, Farruxa, Farzona) tarbiyab voyaga yetkazdi. Olti farzandning hammasi oliy ma’lumotli, ma’rifatli, ziyoli, o‘z kasbining haqiqiy mutaxassislari bo‘lib yetishdi. Farida Valixo‘jayeva pedagogika fanlari nomzodi, Farxunda, Farruxa rus tili va adabiyoti mutaxassisi, Farzona tarix ilmidan o‘gillari Firuz va Farzodlar aniq fanlar bilimdonlari.
Botirxon Valixo‘jayev mohir pedagog, mehribsh tengsiz ustoz. Domlaning 55 yilga yaqin hayoti oliy dargohda, Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universitetida kechdi. Ustoz himmat, kamtarlik, ziyraklig-u zukkolik, odillik va samimiyat, ilm istiqboli umid bilan qarash kabi fazilatlar bilan bezangan barkamol inson edi. Ilm va amaliyotni teng tutgan Botirxon domla minglab talabalarga o‘zbek va fors-tojik adabiyoti ilmidan saboq berdi, darsliklar, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, risola va monografiyalar yaratdi. Jumladan «O‘zbek adabiyoti tarixi» besh tomlik darslikning uchinchi jildi, xususan, undagi «Zahiriddin Muhammad Bobur» adabiy portreti Botirxon Valixo‘jayevning qalamiga, mansub. Shuningdek, olimning «O‘zbek adabiyotshunosligi tarixi» (1993), ikki jildlik «Mumtoz siymolar» (2002), «O‘zbek adabiyoti tarixi» (1-qism, 2002), «O‘zbek adabiyoti tarixi» (2-qism, 2002), «O‘zbek adabiyoti tarixi» (XVI asr, 2002, hammuallif Q.Tohirov) kabi kitoblari bugungi kunda respublikadagi oliy o‘quv yurtlarining filologiya fakultetlari talabalarining zururiy o‘quv adabiyotlariga aylangan.
Domla rahbarligida o‘nga yaqin doktorlik, yigirmadan ortiq nomzodlik va magistrlik dissertatsiyalari himoya qilindi. Adabiyot tarixi ilmini o‘rganishda ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritgan Shavkat Shukurov, Rahim Vohidov, Muslihiddan Muhiddinov, Dilorom Salohiy, Shuxrat Sirojiddinov Juma Hamroyev, Sh.Sharipov, S.Xidirnazarov, I.Sanayev kabi zabardast, yetuk adabiyotshunoslar S.Tohirov, B.Muhiddinova, Xoliqulova G. kabi yosh olim-u olimalar ustoz rahnamoligida yetishib chiqtsi.
Botirxon Valixo‘jayev opponentligida qirqdan ortiq mutaxassislar fan doktori va nomzodi ilmiy darajasini olish baxtiga muyassar bo‘ldi. Olim yuzga yaqin nashrga muharirlik qildi.
Botirxon Valixo‘jayev faol jamoat vakili sifatida bir necha uyushma, tashkilotlarning a’zosi sifatida ham faoliyat olib bordi. «Xalqaro Amir Temur hayriya jamg‘armasi» Samarqand bo‘limining faxriy raisi, Xalqaro «Fonus» (Dushanbe) almanaxining tahrir hay’ati a’zosi, «Muloqot» oynomasining tahrir hay’ati a’zosi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi, Tojikiston Respublikasi Fanlar akademiyasi qoshidagi Sadriddin Ayniy komitetining a’zosi, «O‘zbekiston ensiklopediyasi» adabiyot sohasi hay’atining a’zosi, O‘zROAKning SamDU qoshidagi K 067.04.01 ixtisoslashgan kengashi raisi, O‘zR FA Samarqand bo‘limi Ilmiy kengashi bo‘limi a’zosi, SamDU «Ilmiy tadqiqotlar axborotnomasi” jurnalining tahrir hay’ati a’zosi, SamDU Oqsoqollar kengashining a’zosi, SamDU Ilmiy kengashi a’zosi Jahon Sharqshunoslari jamiyatining a’zosi.
Botirxon Valixo’jayev mehnatlarining samarasi uchun “Shonli mehnati uchun”, “Mehnat veterani” medallari, “Mustaqillik”, “O‘zbekiston Respublikasi oily ta’lim a’lochisi” nishonlari, “Mehnat shuhrati” ordeni, “O‘zbekiston mustaqilligining o‘n yilligi” esdalik nishoni, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni kabi yuksak mukofotlar bilan taqdirlandi. Tahsimga loyiq jihati shundaki, Boturxon domla bu unvon-u mukofotlar ortidan quvgan emas, aksincha, mukofotlar ustozni topgan. Ustoz xalq, ilm ahli, shogirdlar nazarida bo‘lishdek eng oily mukofotga tirikligida, barhayotligida sazovor bo‘lgan insondir. Olim uchun muhimi ham shu.

O‘tmishda adabiyotshunoslik va adabiy tanqid tushunchalari o‘zaro chambarchas bog‘liq holda bo‘lib, adabiyotshunoslik atamasi hozir ishlatayotganimiz shaklida uchramaydi. Adabiy tanqid bilan bog‘liq bo‘lgan so‘z va iboralarning qo‘llanilganini esa eslatib o‘tgan edik.


"Tanqid" arabcha — naqada so‘zidan tashkil topgan bo‘lib, muhokama qilmoq, tekshirmoq, o‘rganmoq, nimaningdir haqqoniyligi va to‘g‘riligani isbotlamoq, yutuq va kamchiliklarni belgalamoq va, nihoyat, badiiy asarni tahlil qilish, izohlash kabi ma’nolarni ifodalaydi. Demak, bu hol tanqid tushunchasi doirasnning kengligi, uning hayotdagi barcha hodisa-vohealarga tegashli ekanini ko‘rsatadi. Shu jihatdan tanqid hayotning qaysi bir sohasiga tegashli bo‘lsa, u shu nom bilan ataladi. Jumladan, ijtimoiy tanqid, ihtisodiy tanqid va hokazo.
San’atning turli-tuman sohalari va uning o‘ziga xos xususiyatlari nazarga olinib, hozirga kunda har bir sohaga tegashli tanqid bir-biridan farq qilinadi. Bunga teatr tanqidi, kino tanqidi va boshqalarni misol tarzida keltirish mumkin. San’atning sohalaridan biri bo‘lmish adabiyot bilan bog‘liq bo‘lgan tanqid – adabiy tanqid deb nomlanadi. Chunki adabiy tanqidning qiziqish doirasini so‘z orqali o‘ymakorlarcha tasvirlash san’ati hisoblangan adabiyot tashkil etadi.
Adabiy tanqid, bir tomondan, badiiy tanqidning shakllaridan hisoblansa, o‘ziga xos xususiyati – adabiy uning qiziqish doirasi bo‘lishi nuqtai nazaridan adabiyotshunoslikning muhim ahamiyatga ega bo‘lgan va adabiy jarayon taraqqiyotiga o‘zining hissasini qo‘shuvchi qismlaridan biri hamdir.
Badiiy asar yoki umuman badiiy ijod adabiy tanqidning, adabiy-tanqidiy qarashlarning vujudga kelishi sababi bo‘lib, natija – adabiy tanqid, o‘z navbatida, badiiy ijodning taraqqiyoti sababiga aylanadi, shunday qilib, ular o‘zaro aloqaga kirishadilar.
X asrlardan boshlangan Sharq Uyg‘onishi davri xususiyatlari va o‘sha davr adabiyotshunosligidagi yangi, takrorlanmas asarlar ijod qilish haqidagi nazariy talab "Panj ganj” singari dostonlar turkumini maydonga keltirib, badiiy ijodni janriy rang-baranglikka intilishga rag‘batlantirgan bo‘lsa, "Panj ganj”, o‘z navbatida, keyingi asrlarda baynalmilal badiiy hodisaga aylangan Xamsa yozish ma’nosini va uning turli yo‘sinlarda davom etishini belgiladi.
Bu fikrlar badiiy ijod hamda adabiy tanqid va adabiyotshunosliknnng mustaqilligini inkor etmaydi. Zero ularning har biri hayotni tadqiq etishga o‘ziga xos tarzda yondoshadi, o‘ziga xos tarzda fikr-u mulohaza yuritadi. Agar badiiy ijod hayotni timsol (obraz) orqali aks ettirsa, adabiy tanqid uning qandayligini tekshiradi, adabiyotshunoslik esa bu timsol (obraz)ning tarixiy va tadrijiy taraqqiyoti qonuniyatlarini belgilaydi. Shu jihatdan ijodiylik ularning hammasi uchun ham xos xususiyatdir.
O‘tmish (ba’zan hozir ham) badiiy asar haqida ikki xilda – og‘zaki va yozma tarzda – fikr bildirishni uchratish mumkin.
Badiiy asarning ilk yaratuvchisi xalq bo‘lganidek, bunday asarlarga birinchi bo‘lib o‘z munosabatini bildiruvchi ham xalqning o‘zidir.
Hayotning turli tomonlarini, jumladan, kishilarni, ularning tabiiy ofatlarga, tashqi va ichki dushmanlarga qarshi kurashini, hayot uchun, ozodlik uchun qahramonlik ko‘rsatganligini, fazilati va ruhiy holatini ifoda etuvchi asarlarning maydonga kelishi va xalqning bu asarlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri munosabatda bo‘lishi – asarlarda tasvirlangan hodisa-voqealarni ma’qullashi, ulardan zavqlanishga yoki, aksincha, ulardan qoniqmaganligi tabiiydir. Demak, badiiy asarning paydo bo‘lishi bilan unga baho berish ham, uning qimmatini belgalash ham (qanchalik oddiy bo‘lishidan qat’i nazar) yuzaga kelgan. Bunday fikrlar xalq shoirlari, baxshilari asarlarini eshitganlar tomonidan og‘zaki tarzda ifoda etilgan. Badiiy asar haqida bu tarzda fikr bildirish to‘g‘risida ma’lumotlar unchalik ko‘p bo‘lmasa-da, ammo bizgacha etib kelgan ayrim faktlar bu an’ananing qadimiyigidan guvohlik beradi. Jumladan, Fozil Yo‘ldoshning "Sanobar", "Farhod va Shirin" dostonlarini eshitgan xalqning baxshiga o‘z taassurotlarini bildirganligi fikrimizni tasdiqlaydi.
"Sanobar" dostonini eshitganlar sevimli baxshisiga murojaat qilib, "bizga yig‘loqi kishilar to‘g‘risida emas, balki odamni ruhan tetik qiluvchi, qahramonlik va ezgulikka boshlovchi kishilar haqidagi dostonlarni ko‘proq aytsangiz",-deganida; Baxshining Farhod va Shirin haqidagi qissani qahramonlarning vafot etishi bilan emas, balki murodu maqsadiga erishib, to‘y-u tamosho bilan yakunlash to‘g‘risidagi mulohazalarida katta haqiqat ko‘rinadi. Zero, bu hodisada doim umid bilan yashagan xalqning badiiy asarga baho berish mezoni ham oydinlashadi.
Xalq og‘zaki ijodining asrlar davomida saqlanib, bizgacha yetib kelgan go‘zal namunalarida ana shunday munosabatning ta’siri shubhasizdir.
Xalq ommasining badiiy asarlarga og‘zaki tarzda munosabat bildirish an’anasi turli shakllarda asrlar osha davom etdi. Keyinchalik esa yozma adabiyot namoyandalari ham o‘z mushoira va adabiy anjumanlarida undan foydalandilar. Bunday holatning mavjudligi yozma yodgorliklarda ham qayd qilingan. Jumladan, Alisher Navoiyning "Xamsat ul-mutahayyirin", "Majolis un- nafois", Ali Safiy ibn Husayn Voiz Koshifiyning "Latoif va tavoif", Xondamirning "Makorim ul-axloq", Vosifiyning "Badoye ul-vaqoye’" kabi asarlarida mazkur masalaga doir qimmatli dalillar keltiriladi. Masalan, Salmon Sovajiy va Ubayd Zokoniy o‘rtasidagi mutoyiba, o‘zbek shoiri mavlono Lutfiy va Abdurahmon Jomiy orasidagi musohabalar, Mavlono Lutfiy va yosh Alisher Navoiy o‘rtasidaga suhbatlarning tasviri va hokazo. Bulardan Xondamirning "Makorim ul-axloq" asariga kiritgan hikoyasi nihoyatda muhimdir.
"Mavlono Lutfiy,- deb yozadi Xondamir,- so‘z lutfida yagonai davron edi. Undan ilgari hech kim turkiy tilda she’rni undan yaxshiroq ayta olmagan. Oliy hazrat (Navoiy — B. V.) yoshlari endigana to‘lib, yigitlik davri boshlangan paytlarda, bir kuni Lutfiy xizmatiga bordi. Lutfiy o‘z nozik fikrlaringizning natijalaridan yuzaga chiqqan bir g‘azalni o‘qish bilan bizni bahramand qilsangaz, deb iltimos qildi. Ul hazrat bir g‘azal o‘qidi. Uning matlai mana shu:

Orazin yopg‘och, ko‘zimdin sochilur har lahza yosh,


Bo‘ylakim, paydo bo‘lur yulduz, nihon bo‘lg‘ach quyosh.

Mavlaviy janoblari (Lutfiy) bu alangali g‘azalni eshitish bilan hayrat dengiziga cho‘mib, shunday deydi: "Volloh, agar muyassar bo‘lsa edi, o‘zimning o‘n-o‘n ikki ming forsiy va turkiy baytimni shu g‘azalga almashtirardim va buning yuzaga chiqishini zo‘r muvaffaqiyat hisoblardim".


Bu lavha Mavlono Lutfiy va Alisher Navoiylarning bizga ma’lum asarlarida qayd qilinmagan. Bir suhbatda og‘zaki tarzda bayon qilingan mulohaza og‘izdan-og‘izga Xondamirgacha yetib borgan va u muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bu musohabani o‘z asariga kiritib, uning bizgacha yetib kelishida katta xizmat qilgan. Ana shu tufayligina Alisher Navoiyning yigitlikka qadam qo‘ygan vaqtlardayoq zamonasining mashhur shoirlari e’tiborini jalb etib, tahsinlarga sazovor bo‘lgani bizga oydinlashadi. Demak, yozma adabiyot namoyondalarining u yoki bu asar, she’r va bayt to‘g‘risida mushoira va anjumanlarda, suhbat va uchrashuvlarda og‘zaki bayon etgan mulohazalari ancha asosli va foydali ekani ma’lum bo‘ladi. Afsuski, bunday mushoira va suhbatlar hamma vaqt ham qog‘ozga tushirilib, tarix va avlodlar uchun saqlangan emas. Shuning uchun bu masalaga daxldor har bir dalil qiymatli va mo‘tabardir.
Biz yuqorida yozma manbalarda adabiy-tanqidiy qarashlarning qorishiq tarzda ifodalanganligini ham uqtirgan edik. Shu tufayli o‘tmishda adabiy-tanqidiy qarashlar, she’r va shoirlik haqidagi mulohazalar tarixiy yodnomalarda, esdalik tipidagi asarlarda, devonlarga yozilgan debochalarda, manoqib-holatlarda, kichik lirik janrdagi asarlarda, dostonlarning maxsus boblarida, tazkiralarda, aruz, qofiya, badoye’ va sanoye’ga doir risolalarda, ba’zan esa umuman ilmi adab deb atalmish ilmlar turkumiga bag‘ishlangan kitob va lug‘atlarda bayon etilgan.
Bularda she’r va she’riyat ilmiga doir nazariy masalalar muallifning dunyoqarashi, falsafiy-ijtimoiy va badiiy tafakkuri doirasida turli yo‘nalish va ko‘lamda qo‘yilar va hal qilinar yoki shunga intilish ko‘zga tashlanib turar edi. Ko‘rinadiki, o‘tmishda adabiy-tanqidiy qarashlarni ifodalash uchun turli xildagi adabiy va ilmiy manbalardan foydalanib kelingan.
Shuning uchun o‘tmish adabiyotshunosligi va adabiy tanqidining ifodalanish "janr"larini ularning mohiyatiga qarab ikki guruhga ajratish mumkin:
I. Bavosita "janr"lar, ya’ni aslida adabiyotshunoslik va adabiy tanqidga bag‘ishlanmagan asarlarda she’r va shoirlik, shoirlar hayoti va ijodiga doir fikrlarning keltirilishi.
Bu guruhga: 1) Faxriya; 2) Sheriy parchalar — g‘azalning ayrim baytlari, qita, soqiynoma, kichik masnaviy; 3) Ilmi adabga bag‘ishlangan asarlar; 4) dostonlarning ayrim boblari; 5) tarixiy va tarixiy-esdalik asarlar; 6) nasihatnomalarni kiritish mumkin.
II. Bevosita "janr"lar, ya’ni adabiyotshunoslik va adabiy tanqid masalalaridan bahs yurituvchi asarlar guruhi. Bu guruhga: 1) Tazkira; 2) Manoqib-holatlar; 3) Aruz, qofiya va she’riy san’atlarga bag‘ishlangan risolalar; 4) Debocha; 5) Ro‘znoma va oynomalarda (XIX asrning II yarmi va XX asrning avvali) e’lon qilingan taqriz va ixcham maqolalarni kiritish mumkin.
Ikkinchi guruhga kiritilganlarni o‘tmish adabiyotshunosliga va adabiy tanqidning maxsus janrlari sifatida qarash mumkin.
Adabiyotshunoslik va adabiy-tanqidiy qarashlarning yuqorida eslatilgan "janr”larda ifodalanishiga diqqat qilinsa, unda o‘tmish adabiyotshunosligi va adabiy tanqidiy qarashlari, bir tomondan, badiiy so‘z - adabiyotning vazifasi, tasvir uslubi, tamsollar mohiyatiga doir fikrlarni, ikkinchidan, she’riyat nazariyasiga doir mulohazalarni (aruz, qofiya, badiiy san’atlar), uchinchi tomondan esa adabiyot tarixi, adabiy jarayon, shoirlar tarjimai holi haqida (tazkira, manoqib-holotlar va hokazo) ozmi-ko‘pmi o‘ziga xos tarzda fikr yuritgani ko‘zga tashlanadi. Shuning natijasida ham adabiyot tarixi va uning taraqqiyoti jarayonini o‘rganish, ya’ni tarixiy-adabiy yo‘nalishdagi o‘ziga xos tadqiqotlar va ham badiiy ijod taraqqiyotining xususiyatlari haqida maxsus nazariy asarlar maydonga kelgan. Bunday hol o‘tmish adabiyotshunosligi va adabiy-tanqidiy qarashlarining taraqqiyotidagi yo‘nalishlar ko‘lamining kengligidan dalolat beradi.
Bu o‘rinda shuni qayd qilish joizki, o‘zbek xalqi uzoq asrlar davomida qardosh forsigo‘y va turkigo‘y – tojik, ozarbayjon, afgon, eron xalqlari va Hindiston bilan yaqin munosabatda bo‘lgani kabi uning adabiyotshunoslik va adabiy-tanqidiy qarashlarida ham ana shunday ilmiy-ijodiy hamkorlik ko‘zga tashlanadi. Shuning uchun bu hayotiy holatni nazarda tutib, forsiy va turkiy (ozariy) tillarda yaratilgan manbalarga ham murojaat qilinadi va, shunday qilib, ilmiy tafakkur bobidagi an’anaviy hamohanglik, biri biriga ustoz, biri biriga shogird bo‘lganlik tarixi zarvaraqlariga ham nazar tashlanadi.
Quyida adabiyotshunoslik va adabiy-tanqidiy qarashlarni ifoda etuvchi "janr"lar haqida muxtasar so‘z yuritiladi.
BЕVOSITA "JANR"LAR GURUHI:
1. Faxriya. O‘rta Osiyo xalqlari adabiyotida shu nomda adabiy janr mavjud bo‘lmasa-da, ammo adabiy-tanqidiy qarashlarni ifoda etish vositalaridan biri sifatida faxriya qo‘llaniladi. Odatan, faxriya kichik she’riy janrlar yoki dostonlar ichida kelib, unda muallif, bir tomondan, o‘z ijodiyotini biror mashhur shoir ijodi bilan tenglashtirsa, ikkinchi tomondan o‘z she’rlarining qiymati va ahamiyatiga ham ishora qiladi. Shuni ham uqtirish lozimki, badiiy ijodning ulkan namoyandalari faxriyaga murojaat etganda qech kimni kamsitmasdan o‘z ijodlarini mag‘rurona namoyish etmasdan, boshqa shoir ijodining qiymati va ahamiyatini e’tirof etgan holda o‘z she’riyatlari to‘g‘risida ham faxrlanib so‘z yuritganlar. Jumladan, malik ul-kalom Mavlono Lutfiy badiiy san’atkorlikda shuhrat topgan va uning zamondoshi Abdurahmon Jomiy tomonidan "Bahoriston" asarida "shoiri faseh” - o‘ynoqi va go‘zal so‘z ustasi deb baholangan Salmon Sovajiy (XIX asr) asarlarining‘ san’atkorlik namunasi ekanini e’tirof etgan holda o‘z she’rlarining badiiylikda Salmon Sovajiyning g‘azallaridan qolishmasligini ta’kidlaydi:
Qiling tahsin bila, Lutfiyni dilshod,
Ki rangin she’ri Salmondin qolishmas.
Bunday holni ko‘pgina shoirlar, jumladan Alisher Navoiy va Zahiriddin Bobur ijodida ham uchratish mumkin.
Alisher Navoiy otaxoni Sayid Hasan Ardasherga yo‘llagan masnaviy nomasida Firdavsiy va Nizomiy, Ganjaviylarning ijodini yuksak tarzda baholash bilan birga o‘z ijodi haqida shunday deb aytgan edi:
Men ul menki to turk bedodidur,
Bu til birla to nazm bunyodidur.
Falak ko‘rmadi men kabi nodire,
Nizomiy kibi nazm aro qodire.
Alisher Navoiy bu faxriyada Nizomiy Ganjaviyni "nazm aro qodir" bo‘libgina qolmay, balki bunday shoirni falak ko‘rgan emas, uning ijodi takrorlanmas badiiy kashfiyot demoqchi va, shuning bilan birga, o‘zini ham unutmaydi. Turkiy tilda ijod qilishda nodir ekanini shoirona tasvirlaydi. Bobur esa o‘zining bir baytida fors - tojik adabiyotining ulkan namoyandasi shirinsuxan Sherozlik Hofizni, san’atkor shoir Salmon Sovajiylarni badiiy so‘z ustalari sifatida e’tirof etib, agar mening she’rlarim bu shoirlarning vatani Fors va Iroqi Ajamga yetib borsa, Hofiz ularni yodlab oladi, Salmon esa ma’qullaydi, degan fikrni ifoda etadi:
Iroqu Fors gar yetsa, sening bu she’ring, ey Bobur,
Ani hifz etgusi Hofiz, musallam tutqusi Salmon.
She’rdaga juda nozik tomon shundaki, Bobur o‘z she’rlarining mazmunan yuksalishini "Hofiz ularni yodlab oladi" tarzida, badiiy jihatdan barkamolligani esa "Salmon ma’qullaydi” tarzida faxr bilan zslatmoqda.
Ma’lumki, Hofiz Sheroziy go‘zal va mazmunan yuksak asarlar muallifi sifatida tanilgan bo‘lsa, Salmon badiiy san’atkorlik bilan asar yaratishda tengsiz shoir edi. Demak, ana shunday mashhur ustozlar Zahiriddin Bobur she’rini yodlar yoki ma’qullar ekanlar, bu she’rlarning ham yuksak mazmunli va san’atkorlik bilan yaratilganligiga faxr bilan qilingan ishoradir. Ko‘rinadiki, Bobur o‘z baytida, bir tomondan, mashhur o‘tmishdoshlarini e’tirof etadi, ikkikchi tomondan esa o‘z she’rlari- bilan odob va nazokat doirasida faxrlanadi.
Xuddi shunday nazokat va odob bilan ish tutish XVIII asrning oxiri va XIX asrning boshlarida yashab ijod etgan shoir Humuliyda ham ko‘zga tashlanadi. U bir baytida Alisher Navoiyning shuhratiga ishora qilib, o‘zining she’riyat bobidagi san’atkorligini ham uqtirib, yozadi:
Gar Navoiy lutfidin bo‘ldi Xuroson bo‘ston,
Toza she’ringdin Humuliy, mulki Turon bo‘ldi bog‘.
Yaxshi niyat bilan aytilgan bunday faxriyalar san’atkor shoirning shuhratini, mahoratini tan olish bilan birga ulardan ijodiy madad istash, ular ijodiyotining ibrat va namuna ekanini ta’kidlashni ham nazarda tutadi. Ana shu jihatdan olib qaraganda. faxriyada, garchi umumiy tarzda bo‘lsa-da, biror bir shoir ijodiga ma’lum munosabatni bildirish, ularni targ‘ib qilish maqsadi ham ifoda etiladi..
Shuni ham eslatish joizki, xolis niyatli shoirlar faxriyadan unumli va yaxshi maqsadda foydalaiib, o‘tmishdagi yoki zamondoshlari bo‘lmish so‘z san’atkoriga ehtiromlarini, ularga tenglashish orzusini ifoda etgan bo‘lsalar, ayrim shoirlar esa faxriyani mashhur so‘z san’atkorlarini kamsitish orqali o‘zlarini manmanlik bilan ulardan ustun qo‘yish vositasiga aylantirishga ham uringan edilar.
Masalan, XIX asrning birinchi yarmidagi adabiy oqimning vakillaridan bo‘lmish Fazliy “o‘z asrimning Nizomiysi, Jomiysi va Navoiysiman”,—deb da’vo qilib chiqadi:
Manam Fazliy nomvar dar zamon,
Nizomii asri xudam dar suxan.
Ba guftor doram zi Jomy nishon,
Ba ash’ori turky Navoy bayon.
Mazmuni:
Men zamonning mashhur Fazliysiman,
So‘zda asrning Nizomiysiman.
So‘zlashda Jomiydan nishonim bor,
Turkiyda ash’orim Navoiy bayon.
Shu davrning Mushrif taxallusli shoiri esa zamondoshlaridan ham o‘tib ketib, mashhur Zahiriddin Boburni ro‘y-rost kamsitadi va tahqirlaydi:
Ahli Bobur kay rasad dar poyai she’ri Amir,
Darki sad sulton Husayn omad kucho dar fahmi on.
Bunda Mushrif "Amir Umarxon she’rlarini tushunishga Boburning aqli yetmaydi, yuzta Sulton Husayn Boyqaro bo‘lsa ham ularning ma’nosini chaqa olmaydi"— deyishgacha yetib boradi.
Bunday hol maddohliknnng naqadar zararli ekanligining nishonasidir. Qo‘qon xoni Umarxon Amiriyning maddohi Mushrif o‘z "oliyhazrati"dan kattaroq ulush olish uchun jahonshumul ijodiyot egasi Zahiriddin Boburni kamsitishdan ham qaytmaydi. Baholanki, xuddi shu davrda Bobur nafaqat Sharqda, balki G‘arbda ham shuhrat taratgan, asarlari ingliz tiliga tarjima qilinayotgan edi.
Xolis niyatli adabiyot namoyandalari va xalq ommasi yo‘qoridagidek shoirlarning manmanligi, odobsizligini qoralaganlar. Jumladan, XVII asrda yashagan Niyoziy taxallusli bir shoir o‘zini zamonasining Xusrav Dehlaviysi deb da’vo qilgani, Abdurahmon Jomiyni esa mensimaganligi uchun Samarqand she’riyat muxlislari uni shahardan quvib yuborganlar va qaytib kelishiga yo‘l qo‘ymaganlar. Natijada bu shoirnamo shaxs Afg‘oniston va Badaxshonda sarson-sargardon bo‘lib yurgach oxirida Hindistonning Tatta shahriga borishga majbur bo‘lgan ekan.
Shunday qilib, faxriyada shoirlar haqida muxtasar tarzda turli mavqedan turib umumiy fikr yuritish ko‘zga tashlanadi. Bu hol adabiy qarashlar o‘rtasidaga qarama-qarshilikning faxriyada ham in’ikos etilganligidan guvohlik beradi.
2. She’riy parchalar. Bunday ibora ostida adabiy-tanqidiy asarlarning turli kichik she’riy shakllarda ifoda etilishi nazarda tutiladi. Shoirlar o‘z salaflari, zamondoshlari, ularning asarlariga bo‘lgan munosabatlarini hamda umuman she’r va shoirlikka doir tushunchalarini g‘azal, qit’a, kichik hajmdagi masnaviy, qit’a, soqinoma va shunga o‘xshash janrlarda ham ifoda etardilar. XIV asr namoyandasi Sayfi Saroyining kichik masnaviysi, Alisher Navoiyning "Xazoyin ul-maoniy" sidaga qit’a na soqinomasi, keyinchalik Munis, Maxmur, Komil, Furqat kabi shoirlar tomonidan turli janrlarda yaratilgan asarlar aytilganlarga misol bo‘la oladi. Jumladan, Alisher Navoiy "Xazoyin ul-maoniy’’sidaga soqinoma bu jihatdan diqqatga sazovordir. Shoir umrining oxirida yozilgan bu asar an’anaviy soqinomalar doirasini kengaytiradi, uni ma’lum ma’noda she’riy esdalik darajasiga ko‘taradi. Xuddi shu munosabat bilan unda zamonasidaga shohu shohzodalar, shoiru adiblar to‘g‘risida alohida-alohida so‘z yuritilgan. Shoirlardan Hasan Ardasher, Shayxim Suhayliy, Tufayliy va boshqalar haqidagi bo‘limlarda Alisher Navoiy o‘sha mualliflar bilan bo‘lgan munosabati va ular ijodiyotining muhim tomonlarini bayon etadi. Fikrimizning dalili sifatida soqinomaning 22, 23, 26-bo‘limlarini eslatishimiz mumkin.
Alisher Navoiy soqinomaning 22-bo‘limida;
Sa’diyu Xusravu Salmonu Kamol,
Kim edi har biri beshibhu misol.
Garchi charx etti barin mutavori,
Sen alar o‘rnidadursen bori, -
deb, Shayximbek Suhayliy va uning bilan bo‘lgan munosabatlarini yoritsa, 26-bo‘limida esa ustodi va otaxoni Sayid Hasan Ardasher to‘g‘risida so‘z yuritib, ularning shaxsiy fazilatlari va ijodiyotlari ibratbaxsh ekanligini ta’kidlaydi, 23-bo‘limda shoir Tufayliy haqida bahs yuritib, uning qasida sohasida qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlarini qayd qilib, uning kamchiligi sifatida kam yozishiga ham ishora qilib o‘tadi:
Kam demak so‘zni hunar keldi mudom,
Sanga lekin bu erur aybi tamom.
Shunday qilib, Alisher Navoiy soqinomaning ma’lum bo‘limlarida zamonasidagi ayrim shoirlarning tarjimai holi va ijodiy faoliyati haqida ma’lumotlar beradi, ularga bo‘lgan munosabatini bildiradi. Agar biz soqinomadagi ma’lum shoirlarga bag‘ishlangan bo‘limlarni Sayfi Saroyining kichik masnaviysida shoirlik haqida umumiy tarzda bayon etgan fikrlari bilan chog‘ishtirsak, unda adabiy-tanqidiy qarashlarning XV asrda qanchalik ilgarilab ketganini, umumiylikdan fardiylikka tomon siljiganini, alohida shoir va uning ijodi haqida mulohaza yuritilganini ko‘ramiz. Bunday hol keyingi asrlarda ham davom etib, yana yangi xususiyatlarni, jumladan hajviylikni ham (masalan, Maxmurning "Amakim" she’ri hamda Fazliyning she’rlari) qamrab oladi. Natijada kichik hajmdaga parchalarda she’r va shoirlik haqidagi ikki mafkuraning aqidalari ifodalana borib, u ham adabiy-tanqidiy qarashlarning g‘oyaviy kurash maydoniga aylanadi. Shu jihatdan qaraganda xolis adabiy oqim vakillarining bu sohadagi xizmatlari diqqatga sazovordir. Chunki ular bunday she’rlarda, bir tomondan, o‘zlarining badiiy qarashlarini, u yoki bu shoir, uning ijodiga bo‘lgan munosabatlarini bildirib, adabiy-tanqidiy qarashlarni ifoda etish janrlarini boyitgan bo‘lsalar, ikkinchi tomondan, noxolis adabiy oqim va uning namoyandalari ijodining mohiyatini fosh etdilar.
Aytilganlarni Shermuhammad Munisdan olingan ayrim misollar bilan dalillamoqchimiz.
Munisning devonida "she’r” va "shuaro" deb atalgan she’rlar bor. Bulardan birinchisi she’r va uning mohiyatiga bag‘ishlangan bo‘lib, ikkinchisida zamonasidagi xolis shoirlarning achchiq taqdiridan bahs yuritilgan.
Diqqatga sazovor joyi shundaki, Munis "She’r” deb nomlangan qit’asida she’rni qanday tushunajagi va uning ijtimoiy vazifasi xususida so‘z yuritadi:
She’r ul tig‘i dudamdurkim, jahonni fath etar,
Chekmayin lashkar gar olsa ilgiga har podshoh.
She’r ul ne’mat erurkim, har necha bazl etsalar,
Lazzati ortar, dag‘i qadrig‘a topmas nuqs roh.
She’r ul mahkam imoratdurki, seli hodisot,
Aylamas, har necha bo‘lsa tund, bunyodin taboh.
Har kishi kim xotami she’r uzra oti tutsa naqsh,
Madhi beshak, shahdi shuhrat boshig‘a bo‘lg‘ay kuloh.
Balki she’r afzaldurur farzanddinkim, she’rni,
Nasli boqidin baholig‘dur, der ahli intiboh.
She’rdin topmog‘lig‘ig‘a Sanjaru Sulton Husayn,
Nomi boqiy - Anvariy birla Navoiydur guvoh.
Yozdi Firdavsiy aning otig‘a chun "Shohnoma"ni,
O‘tti gardundin livoyi shuhrati Mahmud shoh.
Bas erur vojib senga aylab hamisha tarbiyat,
Menki Munisman meni qilmoq Navoiy dastgoh.
To‘g‘ri, bunda shoirning aqidasi to‘laligicha bayon etilmagan. Ammo qit’a imkoniyati va o‘z zamonasi tushunchasi doirasida she’rni o‘tkir tig‘ga, lazzatli ne’matga, mustahkam imoratga o‘xshatish orqali uning ijtimoiy hayotdaga mavqeini belgalashga intilish, haqiqiy she’r shoir nomini abadiy qoldirajagani ta’kidlash diqqatga sazovordir. Qizig‘i shundaki, shoir she’rni vayronalik va o‘lim keltiruvchi urushga qarama-qarshi qo‘yadi, uni o‘sha zamondaga keng xalq ommasi uchun nihoyat qadrli bo‘lgan lazzatli ne’mat bilan tenglashtiradi. Bunda shoir, bir tomondan, she’rning g‘oyaviy qurol ekanligini uqtirsa, ikkinchi tomondan uning ma’naviy oziqaligiga ishora qilmoqda. Demak, shoirning tushunishicha, haqiqiy she’r ijtimoiy hayotda muhim mavqe’ga ega.


Mavzuni mustahkamlash uchun savollar

  1. Adabiyotshunos B.Valixo‘jayev hayoti va ijodi haqida so‘zlang

  2. “O‘zbek adabiyotshunosligi tarixi” kitobining ilmiy qimmati haqida gapiring

  3. B.Valixo‘jayevning adabiyotshunoslik va tanqidchilik faoliyati haqida gapiring

  4. Dastlabki adabiy janrlar bo‘yicha ma’lumot bering.

  5. Faxriya janriga o‘xshagan zamonaviy qaysi janrlarni bilasiz.

Download 133.69 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling