O’zbek folklorida hayvonlar bilan bog’liq mifologik obrazlar


Download 20.64 Kb.
bet1/2
Sana15.02.2023
Hajmi20.64 Kb.
#1199517
  1   2
Bog'liq
o\'zbek folklorida hayvonlar bilan bog\'liq mifologik obrazlar


O’zbek folklorida hayvonlar bilan bog’liq mifologik obrazlar.
Eshonqulova Mohinur Otayor qizi
TOSHDO’TAU O’zbek filologiyasi fakulteti,4-kurs
Mohinureshonqulova1@gmail.com +998931039966
Annotatsiya. Ushbu maqolada folklorshunoslikda keng uchraydigan mifologik obrazlar,xususan,hayvonlar bilan aloqador jihatlarni yoritib berishga harakat qilingan.Buning uchun bo’ri va ot obrazi tanlandi. Yoritish jarayonida bu kultlarning tarixiy va ilmiy asosini topishga harakat qilindi va bu borada xalqimiz orasida hali ham mavjud bo’lgan ba’zi urf-odatlar,dostonlarimizda uchraydigan unsurlar,xalq qo’shiqlari va bir nechta ilmiy adabiyotlarga tayanildi.
Annotation. In this article,an attempt was made to explain the mythological images that are common in folklore,in particular,the aspects related to animals.For this,the wolf and the horse was chosen.In the course of the investigation,we tried to find historicaland scientific basis of these cults,and inthis regard,we relied on some traditions that still exist among our people,elements found in our epics,folk songs and several scientific literature.
Kalit so’zlar. Mif ,mifologik obrazlar,totem,mifozoonimlar,usun qabilasi,yakka mix tushunchasi,chipor otlar
Key words. Myth,mythological images,totem,mythzoonyms,Usun tribe, single nail concept,piebald horses.
Ma’lumki, mif qadimgi odamning borliq haqidagi ibtidoiy tasavvurlari majmui bo’lib, koinotning yaratilishi, inson, o’simliklar va hayvonot dunyosining vujudga kelishi, samoviy jismlarning paydo bo’lishi, tabiiy hodisalarning sabablari va mohiyati, afsonaviy qahramonlar, ma’budlar va ilohlar to’g`risidagi e’tiqodiy qarashlarni o’z ichiga olgan. Hali o’zini tabiatdan ajratib olmagan qadimgi odam o’z atrofidagi moddiy mavjudlikning paydo bo’lish sabablarini mifologik tasavvurlar vositasida izohlashga, tushuntirishga harakat qilgan. Mif qadimgi odamning voqelikka bo’lgan ongsiz hissiy munosabati ifodasi bo’lib, tabiat va jamiyat hayotining turli qirralari mohiyatini tushuntiruvchi eng qadimgi tasavvurlar silsilasidir. Mifologik tasavvurlar muayyan voqelik mohiyatini xayoliy uydirma vositasida izohlasa-da, mif yaratilgan va ommalashgan joyida o’z ijodkori va ijrochilari tomonidan haqiqatda bo’lib o’tgan voqealar bayoni sifatida qabul qilingan.
Mifologik tasavvurlar xalq udumlarida e’tiqodiy inonch tarzida, qadimgi san’at asarlaridagi ramziy chizgilarda ifodalangan tasviriy ko’rinishdan tashqari og`zaki hikoya, afsona yoki rivoyatga o’xshab jonli ijro orqali aytib ham berilgan. Zero, professor B.Sarimsoqov to’g`ri qayd qilganidek, variantlilik, og`zakilik, anonimlik kabi folklor asarlariga xos xususiyatlar mifda ham mavjud bo’ladi.1 Demak, mif o’zbek xalq nasrining qadimiy janrlaridan biridir.
Folklorshunoslik fani tilshunoslik, jumladan, onomastika yo’nalishi bilan bog`liq bo’lib, unda qadimgi insonlarning ibtidoiy, mifologik tasavvur-tushunchalari, e’tiqodiy qarashlari asosida paydo bo’lgan mifik obrazlarning nomlari, mifik obrazlarni ifodalovchi tushuncha va atamalar “mifonim”, tangri va ma’budlar nomi “teonimlar” (Mira, Hurmuz kabi) demonologik personajlar “demononimlar” (shayton, pari, dev, jin kabi), afsonaviy qahramonlar “mifoantroponimlar” (Xizr, Jamshid (Yima), Kayumars, Odami Od kabi), mifga aloqador so’z asosida kelib chiqqan afsonaviy joy nomlari “mifotoponimlar” (Ko’hi Qof, Bog`i Eram singari), hayvon ko’rinishidagi mifologik jonzotlar “mifozoonimlar” (ajdar kabi), qush ko’rinishidagi mifologik jlnzotlar “mifoornitonimlar” (Semurg`, Humo, Anqo, Jestirnoq, Samandar kabi), afsonaviy o’simliklar nomlari “mifofitonimlar” (mehrigiyo kabi) va hokazo terminlar ostida birlashtiriladi.
Turkiy xalqlar mifologiyasining eng qadimiy qatlamiga mansub tasavvurlar tizimidan bri totemizm bo’lib, bu inonchlar odamlarning turli-tuman jonivorlar, o’simliklar yoki narsa-hodisalar bilan qon-qarindoshligiga ishonish an’anasi asosida yuzaga kelgan. Bu mifik e’tiqodga ko’ra, “ba’zi o’simlik (daraxt) va hayvonlar odamlarning qo’riqlovchisi va tangrilari hisoblangan. Muayyan qavm a’zolari aniq bir hayvon yoki o’simlik zotidan tarqalgan degan tasavvur shakllangan. Shu boisdan ham totem ular uchun ilohiy (muqaddas) hisoblangan”.2
Qadimgi turkiy xalqlarda har bir urug` tomonidan muqaddaslashtirilgan hayvon bo’lgan. Topinilgan jonzot go’shti yeyilmagan, unga o’q otilmagan va tabiiyki, aslo ranjitilmagan. Totem tasviri turar joylar, ashyolar va mozorlarga qo’yiladi. Odamlar badanlariga ham totemlar tasvirini solganlar. Bora-bora totem hisoblangan hayvon yaratuvchi va asrovchi ekanligi haqidagi diniy e’tiqodlar zaiflashgan va uning o’rnini milliy tushunchalar egallagan. Shundan keyin u hayvonning butun tanasi yoxud biror a’zosi yalov va tamg`alarda etnomilliy ramz, tarixiy bir yodgorlik sifatida o’rin olgan.
Turkiy xalqlar, jumladan, qadimgi ajdodlarimiz bo’rini o’z totemi hisoblaydi. Bundan tashqari, ot, ho’kiz, ilon, tuya, it kabi hayvonlarga, ayrim qushlarga va daraxtlarga e’tiqod qo’yganlar.
Bo’ri kulti. Ma’lumki, dunyo xalqlari, jumladan, turkiy xalqlar va ularning bir qismi bo’lgan o’zbek xalqi orasida bo’ri totemi va bo’ri kultiga ishonch keng ommalashgan. Bo’rining muqaddaslashtirilishi tarixi, bu jonivor haqidagi xalq ishonchlari, bo’rining marosim va irimlardagi ifodasi kabi masalalar ham yoritib berilgan. Bo’ri obrazi O’rta Osiyo xalqlari mifologiyasining an’anaviy personajlaridan biri sifatida o’z genezisiga ega.3 G`.Akramov o’zbek folklorida bo’ri obrazining mifologik mohiyatini oydinlashtiruvchi qiziqarli fikrlarni bildirgan.4
O’zbek xalq lirikasining tarixiy asoslarini o’rgangan A.Musaqulov bo’ri bilan bog`liq ramzlarning xalq qo’shiqlaridagi talqinlari bevosita bo’ri totemi to’g`risidagi qadimgi mifologik qarashlarga bog`liqligini asoslagan.5 Udumshunos A.Ashirov o’zbek xalqining qadimiy e’tiqod va marosimlari xususida to’xtalar ekan, bo’ri kultiga ishonch bilan aloqador udumlarga ham alohida e’tibor berib o’tgan.6
O’zbeklarning bo’ri bilan aloqador mifologik qarashlari qadimgi turkiy qavmlar totemistik tasavvurlarining evolyutsion hosilasi ekanligi ayonlashadi. Xalqimizning bo’ri totemiga ishonchi izlari hozirgacha ayrim an’anaviy urf-odatlarimiz misolida sezilib turadi. Masalan, hozirgacha tishi bilan tug`ilgan chaqaloqlarga bo’ri nomi bilan bog`lab qiz bolvga “Bo’rigul”, o’g`il bolaga “Bo’rivoy” ismini qo’yish odati saqlanib kelayotir. Bunday bolalar, odatda, rizqli bo’ladi, deya yaxshi irim qilinadi. Bo’ri ismi insonga baxt-omad, obro’-e’tibor keltiradi deb qaralgan. Shuning uchun yangi tug`ilgan chaqaloqqa bo’ri nomi bilan bog`lab “Boybo’ri”, “Bo’rixol” singari ismlarshni qo’yish odati keng tarqalgan.
Bo’ri-ajdod haqidagi totemistik mifning eng ko’hna variantlaridan biri “usun” deb atalgan qadimgi turkiy urug` folklorida qayd qilingan. Sirdaryoning o’rta va quyi oqimida yashagan usun qabilasida milodning ilk asrlarida bo’ri sutini emib ulg`aygan bola haqidagi totemistik afsona aytiladi. Bu afsonada hikoya qilinishicha, yangi tug`ilgan chaqaloqni ko’tarib yurgan bir kishi bolasini maysa ustida qoldirib, o’zi biror egulik topish umidida daraxtzorga kirib ketadi. Qaytib kelib qarasa, bir ona bo’ri haligi chaqaloqni emizayotgan emish. Usunlar ana shu bo’ri sutini emib ulg`aygan bolaning avlodlari deyiladi.
Bo’ri-ajdod haqidagi qadimiy totemistik mif syujetining ayrim motivlari, shuningdek, bo’ri kultiga sig`inish bilan aloqador udumlar, ya’ni totemistik mifning e’tiqodiy inonch shakliga aylangan ko’rinishlari asosida keyinchalik mustaqil syujetli afsona va rivoyatlar yuzaga kelgan. Bo’rining tana a’zolaridan magik ashyo sifatida foydalanish va tushda bo’ri ko’rsa, yaxshilikka yo’yish an’anasining kelib chiqishi haqidagi og`zaki hikoyalar ham shular jumlasidandir. Bo’ri totemi bilan bog`liq qadimiy xalq qarashlari ko’hna miflar tarzida hikoya qilinibgina qolmasdan, uning mohiyati turli ritual xatti-harakat va magik amallar vositasida namoyish etilgan, ya’ni ibtidoiy marosimlarning tarkibiy qismi sanalgan totemistik raqslar orqali ham ifoda qilingan.
Bo’ri-ajdodni xotirlash, ov baroridan kelishi uchun bu homiydan madad tilash, uning haqiga qurbonlik qilish kabi marosimlarda totem-homiy tasviri tushirilgan ritual ashyolar yordamida bajariladigan amallar alohida magik kuchga ega deb tasavvur qilingan. Shu tariqa totemistik miflarning moddiylashtirilgan ko’rinishi – bo’ri surati yoki bu jonivor obrazi bilan bog`liq mif syujetiga mos lavhalarni tasvirlash an’anasi kelib chiqqan.

Download 20.64 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling