O’zbek folklorida hayvonlar bilan bog’liq mifologik obrazlar


Download 20.64 Kb.
bet2/2
Sana15.02.2023
Hajmi20.64 Kb.
#1199517
1   2
Bog'liq
o\'zbek folklorida hayvonlar bilan bog\'liq mifologik obrazlar

Ot kulti. Turkiy xalqlar mifologiyasida bo’ri kabi ot ham totem hayvon sifatida alohida e’zozlangan. Qadimgi ajdodlarimiz o’z turmush-tirikchiligida otdan keng foydalanganlar. Ot ularga ham oziq, ham uzoqni yaqin qiluvchi ulov, ham chorvani boqishda ko’makdosh ish hayvoni sifatida xizmat ko’rsatgan. Hatto otning yolidan turli kasalliklarni davolashda foydalanilgan. Ot kalla suyagi yovuz ruhlardan himoya qiluvchi vosita hisoblangan. Otdan shunchalik katta naf ko’rgan qadimgi odam uni kult darajasida ilohiylashtirib, e’tiqod timsoliga aylantirgan. Tabiiyki, bunga otning jozibadorligi ham ma’lum darajada ta’sir ko’rsatgan.
Ot kultiga aloqador qarashlar natijasida folklor asarlarida otning epik badiiy timsoli paydo bo’lgan. Jumladan, o’zbek xalq dostonlaridagi G`irot, G`irko’k, Boychibor, Jiyronqush, Majnunko’k kabi epik ot obrazlari bunga yorqin dalil bo’la oladi. Ot kultiga aloqador urug` nomlari va geografik joy nomlari ham bor. Bu haqda «Hazorasp» nomli toponimik afsona yaratilganligi ma’lum.
Xalq lirikasida bolachalarning toyga,yigitlarning otga o’xshatilishi,poetik tenglashtilishi ot kulti tufaylidir:
Toy-toy bolam,toy bolam,
Shirin erkatoy bolam…
Ot kulti izlarini tug’ilishdan to azagacha bo’lgan marosimlar tarkibida ko’p uchratish mumkin.Respublikamizning ayrim joylarida momolar o’g’il chaqaloqlarga ilk bor ko’ylak kiygizishdan avval uni ot qozig’iga kiygizib olganlar. Ba’zi hududlarda o’g’il bolaga atab olib kelingan toyni hovlidagi qoziqqa bog’laganlar va u yakka mix deb atalgan.
Ot turkiylar hayotida benihoya katta rol o’ynaganligini Mahmud Koshg`ariyning quyidagi so’zlaridan ham bilish mumkin: “El – bir turli ot nomi, chunki ot turkning qanotidur. Otboqarni elboshi deydilar. Bu – viloyat boshlig`i demakdir. Lekin bundan otboqarni tushunadilar”
Bilamizki, “Alpomish” ot tanlash uchun to’qson to’qay yilqini bir joyga jam qilib, qo’riq tashlaganida uch safar ham chipor otning bo’yniga tushadi. Bu tabladan haydab yuborilgan Boychibor edi. Chipor – ola demakdir. Bizningcha, otning ola tusli bo’lishi ham tasodifiy emasga o’xshaydi. Tarixga murojaat qilaylik. Miloddan avvalgi 126-yilda O’rta Osiyoga safar qilgan mashhur sayyoh Chjan Stanning yozishicha, “Davon o’lkasi (hozirgi Farg`ona) samoviy otlardan tug`ilgan arg`umoqlarga boy bo’lib, bu otlardan ter o’rniga, qon oqadi”. Boshqa bir jahongashta Xan-shu Xitoy imperatoriga samoviy arg`umoqlar haqida so’zlab bergan edi: “Dovon o’lkasidagi baland tog`lar orasida shunaqangi otlar yashaydiki, ularni ushlab bo’lmaydi; shuning uchun ola biyani tanlab tog` ayg`iridan qochirish uchun tog` etagiga qo’yib yuboradilar. Ana shu biyalardan chidamli qulunlar tug`iladi; mana shuning uchun ham samoviy otlardan urchigan ayg`irlar deyiladi”. Fikrimizcha, uchqur chipor otlar haqidagi bunday afsonalar qadimgi O’rta Osiyoda keng tarqalgan bo’lib, sayyohlar mahalliy aholidan eshitgan gaplarni yo’lnomada yozib qoldirganlar.
Peshonasida yulduz charaqlagan otlar masalasiga kelsak, yulduzli ot aslida qashqa, ya’ni peshonasida oqi bor ayg`irdir. Manglayida oqi bor otlarni “yulduzi porlab turgan” deb tasvirlash otning yulduz bilan bog`liqligidan kelib chiqqan bo’lsa kerak.
Qahramonning jangovar oti ola tusli bo’lishi turkiy xalqlar eposining eng qadimiy mushtarak xususiyatidir. Jangovar ot oddiy otlardan farq qiladigan bo’lishi shart edi. Tanasining biror erida oqi bor ot esa darhol ko’zga tashlanadi. Afsonaviy chipor ot obrazining asosi qadimgi turkiy qavmlarini olamga tanitgan nasldor ola arg`umoqlar bo’lib, xalqimizning qadimiy mifologik tematik tasavvurlari ta’sirida badiiy mukammallashtirilgan.
Bo’ri va ot kultidan tashqari kiyik,tuya,buqa kabi hayvonlarni ham muqaddaslashtirilgani bilan bog’liq nazariy qarashlar mavjud.Ular ham mutaxassis olimlar tomonidan atroflicha o’rganilin tadqiq qilingan.Shunday bo’lsa ham,hali bu borada ochilmagan eshiklar,kashf qilinmagan qo’riqlar ko’p deb o’ylaymiz. Bu eshiklarga mos keluvchi kalitlarni topish biz yosh avlodning qo’lidadir.Har bir topilgan kichik ilmiy kashfiyot ham bizning folklorimiz tarixini yana bir necha yillarga boyitadi.
Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Sarimsoqov B.(1981)O’zbek folklorining epik janrlari.Toshkent.

  2. Jo’rayev M.(1999). Bo’ri haqidagi miflar va o’zbek folklori.Toshkent: Adabiyot gulshani.

  3. Akramov G’.(1978).Totemistik miflar. O’zbek tili va adabiyoti jurnali 3-son

  4. Musaqulov A.(2010).O’zbek xalq lirikasi.Toshkent: Fan

  5. Ashirov A.(2007). O’zbek xalqining qadimiy e’tiqod va marosimlari.Toshkent: Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti.


1 Саримсоқов Б. Эпик жанрлар диффузияси // Ўзбек фольклорининг эпик жанрлари. – Тошкент, 1981. – Б.103.

2 Аширов А. Ўзбек халқининг қадимий эътиқод ва тасаввурлари. – Тошкент: Ўзбекистон миллий кутубхонаси нашриёти, 2007. – Б.12.

3 Жўраев М. Бўри ҳақидаги қадимги мифлар ва ўзбек фольклори / Адабиёт гулшани. – Т.: Меҳнат, 1999. – Б.8-17.

4 Акрамов Ғ. Тотемистик мифлар. – Ўзбек тили ва адабиёти. – 1978. – № 3. – Б.32-35.

5 Мусақулов А. Ўзбек халқ лирикаси. – Т.: Фан, 2010. – 308 б.

6 Аширов А. Ўзбек халқининг қадимий эътиқод ва маросимлари. – Т.: А.Навоий номидаги Ўзбекистон Миллий кутубхонаси нашриёти, 2007. – Б. 199-205.

Download 20.64 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling