O‘zbek qissalari poetikasi O‘zbekiston respublikasi


QISSADA PSIXOLOGIK TASVIR


Download 0.54 Mb.
bet10/55
Sana02.06.2024
Hajmi0.54 Mb.
#1836702
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   55
Bog'liq
O‘zbek qissalari poetikasi-hozir.org

9. QISSADA PSIXOLOGIK TASVIR
Qissa o‘zbek adabiyotining tarixiy rivojlanish jarayonida yozuvchilar tomonidan eng ko‘p qo‘l urilgan janrlardan biri bo‘lib kelmoqda. Tadqiqotlarda aytilganidek, qissa davr talablariga javob berish barobarida ma’rifiy-tahliliy sifatlarni o‘zida jamlash va janr tizimi tarkibidagi turli-tuman munosabatlar: voqealar bayonidagi qat’iy aniqlik va hujjatlilikka intilish, inson tasvirida roman va hatto epopeya amalga oshiradigan vazifalarni ham zimmasiga olmoqda. Mohir so‘z san’atkori qo‘lida qissa o‘ziga xos, mustaqil, original darajada mazmundor va murakkab tarkibli, ammo o‘z tabiatiga sodiq – kitobxonni hikoya qilinayotgan voqeaning chinligiga ishontirish barobarida insonni bilish, anglash, anglatish odatini ham tark etgani yo‘q.

O‘zbek adabiyotida qissa janrining XX asr so‘nggi choragidagi taraqqiy topish jarayoni silliq kechdi, deb bo‘lmaydi. Bu davrga kelib o‘zbek nasridagi g’oyaviy-badiiy izlanishlar, milliy adabiyotning o‘ziga xosligi aynan qissalarda o‘zining yaqqol aksini topa boshladi. O‘sha yillari yozilgan qissalar, keyinchalik, istiqlol davri o‘zbek adabiyotining yirik epik shakli – roman janri rivojini har tomonlama belgilab berdi. Bunga oddiy misol qilib, “Ot kishnagan oqshom” qissasining kompozision-hikoya usuli, uslubiy qurilishi “Otamdan qolgan dalalar” romaniga asos bo‘lganini aytishimiz mumkin.


Shu o‘rinda, turli janrlarning bir xil bo‘lmagan psixologik o‘tkazuvchanlik xususiyatiga egaligiga to‘xtalish lozim. Zotan, psixologizm qissada romandagi kabi keng ko‘lam kasb etmasa-da, janr imkoniyatlari doirasida o‘ziga xos tarzda bo‘y ko‘rsatadi. Holbuki, inson ichki dunyosini tasvirlash – psixologizm – bu obrazni qurish, tasvirlash, u yoki bu hayotiy xarakterni tushunib yetish va baholash usuli ekan, qissa janri ham shunday tahlil uchun munosib maydon bo‘la oladi.
Psixologizm, ijod mahsuli qaysi janrda yozilganidan qat’i nazar, badiiy asar strukturasida ham, uning g’oyaviy-obrazli mazmundorligida ham o‘zini namoyon qilish orqali matnni badiiy jihatdan uyushtirishning barcha qatlamlari ich-ichiga singib ketadi. Bu esa, psixologizm – badiiy asar poetikasining konstruktiv komponenti ekanligidan dalolat beradi.
Istiqlol arafasida yozilgan qator qissalarda inson kechinmalari va o‘y-fikrlari o‘ziga xos “quyqa” sifatida bo‘y ko‘rsatdi. Bu qissalar zamonaviy milliy realistik nasrimizning yetakchi janr ko‘rinishlaridan biri bo‘lib qoldi. 80-90 – yillarning eng yaxshi qissalarida hayotiy hodisalar qamrovi kengaydi, konfliktning chuqurlashuvi, shaxs muammosiga, uning jamiyat bilan o‘zaro munosabatiga qiziqish, ma’naviy-ruhiy tahlilga moyillik kuchaydi. Bu tendensiya qissa janrining barcha ko‘rinishlarida namoyon bo‘ldi, desak xato hisoblanmaydi.
Bu davr o‘zbek yozuvchilarining qissalarini zamonaviy hayotga monand yangi qahramonni topish masalasi birlashtirib turadi. Qahramonning yangi konsepsiyasi faol ravishda o‘zligini, o‘z mavqyeini aniqlab olishga intilayotgan, sho‘ro zamonining sarqit va taassublariga qarshi kurasha oladigan ruhan kuchli xarakterni nazarda tutardi. Shuningdek, o‘zbek qissachiligi uchun xos bo‘lgan umumiy jihat badiiy konfliktning kengayganligi bilan izohlanadi: yozuvchilar diqqat-e’tiborini qahramonning faqat ijtimoiy mohiyati emas, balki kundalik hayotda uchraydigan oddiy hodisalar ham jalb eta boshladiki, ular vositasida badiiy asarlarda muhim ijtimoiy, falsafiy, ma’naviy-ruhiy muammolar tahlil qilina boshlandi.
“Shunday voqealar, shunday hodisalar borki... drama yozishga yetmaydi, roman bo‘lolmaydi, biroq shunchalar chuqurki, asrlar mobaynida yashab bo‘lmaydigan umrlarni ko‘z ochib yumguncha o‘tgan vaqt ichida bir yerga to‘playdi: qissa ularni tutib oladi va o‘zining zich, tirband doirasiga jamlaydi” (V.G.Belinskiy). Qissa janrining nomlanishi “qissago‘ylik qilmoq” fe’lidan, ya’ni qandaydir voqea-hodisa haqida aytib berishdan kelib chiqqan. O‘z vaqtida Belinskiy, qissani, “boblarga bo‘lingan... roman” deb atadi. Keyinchalik, adabiyotshunoslar qissani o‘rta hajmdagi epik nasriy asar deb atab, mazkur ta’rifni yanada soddalashtirdilar.
Qissa – bu endi hikoya emas. Nasrning boshqa janrlaridan qissa, ko‘proq, ma’no-mazmuni bilan farq qiladi: u roman masshtablarida fikr yuritmaydi, kitobxonlar ko‘z o‘ngida bir nechta davrlarni qamrab oladigan butun bir tarixiy polotnoni gavdalantirmaydi, biroq syujetni birgina epizod bilan chegaralab ham qo‘ymaydi, balki personajlar xarakterini qahramon hayotini o‘zgartirib yuboradigan bir nechta voqealar silsilasida ochib beradi. Boz ustiga, qissa muallifning asosiy g’oyasini ochiq-oydin va yaqqolroq ifodalashi mumkin. Zero, yozuvchilar inja fikrlarni har tomonga yoyib-sochishdan ko‘ra, diqqat-e’tiborni ko‘proq yagona hikoya yo‘siniga qaratishni afzalroq biladilar.
Asosini psixologizm tashkil qiladigan adabiyot – qiyshiq ko‘zgular saltanatidir. Ulardagi akslar esa reallikka mengzab ketadi. Ayni paytda, T. Murod, M.M. Do‘st, X. Sulton kabi yozuvchilarning inson ichki olamini ifodalashdagi yangicha usullari, asosan, emosionallik, irrasionallik, xudojo‘ylik, andishalilik, neagentivlik kabi o‘zbek xarakterining o‘ziga xos noyob xususiyatlarini ochishga qaratilganligi bilan muhimdir. Neagentivlik – odamlarning shaxsiy hayoti o‘zlarining izmida emasligi, turmush hodisalarini nazorat qilishning cheklanganligi; kishilarning taqdirga ishonuvchanligi (fatalizmga moyilligi), yuvosh va itoatkorligi; individning maqsad sari intilishga va hodisalarning “nazoratchisi” bo‘lishga urinishidagi bo‘shangligidir. Shuning uchun ham “Ot kishnagan oqshom”, “Iste’fo”, “Yozning yolg’iz yodgori” kabi qissalarni o‘qiganimizda yozuvchilar oddiy o‘zbekning suyak-suyagiga singib ketgan bunday alomat sifatlarni ochib tashlashga – ulardagi qahramonlarning nima uchun shunday xislat va illatlardan xoli emasligini, xoli bo‘lolmasligini ifodalashga uringanliklari sababini anglab yetgandek bo‘lamiz.
Keyingi yillar o‘zbek adabiyotining taraqqiyotida, ayniqsa, unda qissa janrining yuksalishida Tog’ay Murodning xizmati katta bo‘ldi. Uning har bir asari badiiy go‘zalligi bilan kitobxonni maftun qiladigan, syujet va kompozisiyasining pishiqligi bilan hayratlantiradigan, tilining oddiyligi, samimiyligi bilan o‘ziga esh qilib oladigan ijod namunalariga aylandi.
Tasvirning ixcham-ixcham iboralardan tashkil topganligi o‘quvchini matnda uchraydigan takrorlardan bezdirmaydi. Aksincha, takror personajlar yo‘rig’ini, tutumini, ahvol-ruhiyasini ochib yuboradigan mazmun kasb etadi. Natijada, asar tanasidagi birorta so‘zning ortiqchaligi sezilmaydi. Masalan, “Ot kishnagan oqshom” qissasida shunday epizod bor: aholidan otlarni go‘shtga terib yurgan Kal kattaga bo‘ysunmagan Ziyodullaning ishi milisiyaga tushadi. Rayon milisiyasi eshigi oldida qornidan musht yeb, bir muddat hushdan ketadi. Shundan keyin uni boshliqning oldiga kiritishadi. Ziyodulla bor gapni qo‘shib-chatmay so‘zlab beradi, ya’ni Kal kattani urmaganligini, aksincha, u Ziyodullani uraman deb, supadan chuqurga yiqilganini, eshik oldida esa nohaq qornidan musht yeganini aytadi. Ammo uning birorta gapiga ishonishmaydi. To‘rdagi katta Ziyodullani urgan melisaning “sof leytenantlik so‘zi” hamda Kal kattaning “biz rahbarlarga ishonasizmi, yo, mana shunga o‘xshagan podachiga” degan gapi bilan shunday deydi: “Biz urmaymiz! Sovet milisiyasi urmaydi!..” Yozuvchi bu holatni ortiqcha tafsilotlar bilan izohlab o‘tirmaydi. Birgina “Biz urmaymiz! Sovet milisiyasi urmaydi!..” iborasi bilan davrning ayanchli manzarasini, Ziyodullaning ruhiyatini, yana qancha aytilmagan mazmunni ifodalaydi. Adib tasvirlamasa ham, kitobxon Ziyodullaning rosa o‘n kunga badbo‘y hujraga mahkum etilganini, oddiy odamning haq-huquqi “kattalar” uchun arzimas narsa bo‘lganligini anglab yetadi.
Odamning katta-kichigi bo‘lmasligi, hammasi odamligi, inson – eng ulug’ zot ekanligi g’oyasi qissa matniga bot-bot singdirilgan. Asardagi befarzand, haqir kampir – Dono momoning dafn marosimini olaylik. Unda o‘zbekning azaliy udumi – kim bo‘lishidan qat’iy nazar, marhumni oxirgi manzilga ko‘pchilik bo‘lib, “rahmatli, yaxshi odam edi” deb qo‘yib kelish odatiga ishora qilinadi. Janozadan keyin uyida azali kayfiyatda o‘tirgan Ziyodullaning oldiga radiomuxbir Rixsiyev kirib keladi. “Maktabga darsga ketayotgan edim, kimdir, birov o‘libdi, dedi. E’tibor bermabman” - deydi u. O‘zaro suhbat chog’ida Ziyodullaning odam zotiga, birodarlariga mehribonchiligi ochilgani sayin Rixsiyevning g’irt be’maniligi, betakallufligi, ezmaligi ayon bo‘ladi. Yozuvchi ularni atayin shu holga solmaydi. Personajlar o‘zlarini-o‘zlari, so‘zda fosh etishadi:
“Rixsiyev gapimni og’zi bilan eshitdi.
- Ha, endi, bir kampir ekan-da. Bor-yo‘g’i qorovul! – dedi. – Xalqaro ahamiyatga, aqalli mahalliy ahamiyatga molik shaxs bo‘lsa ekan, bilagimizga qora lenta taqib faxriy qorovullikda tursak! Motam tutsak, nutq so‘zlasak!
- Rixsiyev aka, odamning katta-kichigi bo‘lmaydi. Bariyam odam. Bir odam yaxshimi-yomonmi bir umr yashadi. Qo‘lidan kelgancha tirikchilik qilib, o‘zini odam sanab yurdi. Biz bilan betma-bet bo‘ldi, yelkama-yelka bo‘ldi, davrma-davr bo‘ldi. Endi qaytmas bo‘lib ketayapti. Odam qaytmas bo‘lib ketayotganda bormagan odam odammi...
Rixsiyev gapimni og’zi bilan eshitdi” 61.
Bu yerda “bilagimizga qora lenta taqib faxriy qorovullikda tursak” iborasi shunchalik o‘rinli qo‘llanilganki, unda Rixsiyevning “ziyosiz ziyoliligi”, loqaydligi, esnab eshitganligi uchun hamsuhbatining gapini umuman tushunmaganligi, bir narsa deyish kerakligi uchun, yo‘liga gapirib qo‘yganligi, qisqasi – taviyaligi ochilib qoladi. Xuddi shu yerda hikoyani roviy boshqarib borayotgani sezilib turadi. Roviy obrazi muallifning estetik qarashlarini, olam va odam haqidagi konsepsiyasini ifodalaydi.
Tog’ay Murod asarlari uchun xos bo‘lgan yana bir xususiyat voqeaning dabdurustdan tugundan boshlanib ketishidir. Bu xususiyat birdan kitobxon diqqatini asarga jalb qilishi, go‘yo uni sehrlashi va oxirigacha qo‘yib yubormasligi haqida adabiyotshunos A. Rasulov o‘rinli fikr bildirgan: “...yozuvchi birinchi jumlani qog’ozga tushirishga uzoq tayyorgarlik ko‘radi. Birinchi jumla – uslubning yarq etib ko‘rinishi, yozuvchi kayfiyati; kitobxonni sinab ko‘rish; ijodkor va kitobxon ko‘zining ko‘ziga tushishi...”dir62. Darhaqiqat, “Ot kishnagan oqshom”ning – “Birodarlar, ko‘rgilik, ko‘rgilik! Bir erta uyg’onib, kallamga qo‘l yugurtirdim. Sochlarim orasida yara-chaqalar uch berdi”, deya boshlanuvchi birinchi jumlalarini o‘qigan kitobxon hayron bo‘lishi, biroz esankirashi ham, tabiiy. Birozdan keyin esa “Nima ko‘rgilik ekan?” degan savol “endi nima bo‘larkan?” degan boshqa bir savol bilan o‘rin almashadi va kitobxonni asarga “sho‘ng’ish”ga, qahramon qismatiga xayrixohlikka chorlaydi. Tog’ay Murod uslubidagi bu fazilat mashhur yozuvchimiz Abdulla Qahhor ta’sirida sayqal topgandek tuyuladi. Chindan ham, Abdulla Qahhorning hikoyalarini olasizmi, qissa yo romanlarini olasizmi, asar boshidanoq kitobxonni konfliktning urug’i bilan tanishtirish, his-hayajonga esh qilib sirlar dunyosiga chorlash mahorati san’at darajasiga ko‘tarilganini ko‘ramiz. Masalan: “Nisobuvi eri o‘lib, ikkita yosh bolasi bilan qoldi” (“Boshsiz odam” hikoyasi), “Ot munkib ketib o‘mgagi bilan shag’alga qadaldi-da, ag’anab, bir necha minutning ichida o‘la qoldi” (“Maston” hikoyasi), “Kampir tong qorong’usida turib ho‘kizidan xabar oldi. O!.. Ho‘kiz yo‘q...” (“O‘g’ri” hikoyasi). Yoki “Sarob” romanining “Qiz eshik oldiga yuragi betlamayroq keldi”, deb boshlangan ilk iborasiyoq kitobxonda “Qiz kim? Qaysi eshikka? Yuragi nega betlamaydi?” kabi bir talay savollarni tug’diradi va ularga javob topish uchun mutolaaga astoydil kirishishga undaydi.
Inson ruhiyatini ochishda san’atkor mahoratining, mas’uliyatining o‘rni to‘g’risida Abdulla Qahhorning o‘zi shunday yozgan edi: “Psixologizm – kishilarning ichki dunyosiga, ularning latif-zarif tomonlari va go‘zalligiga yaxshi e’tibor qilish to‘g’risida jiddiy o‘ylab ko‘rish fursati yetdi. Bu yozuvchilik mahoratining eng muhim jihatidir”63.
Tog’ay Murod psixopoetikasining ajralib turadigan o‘ziga xosligi qahramonning avvalboshdanoq ekzistensial kayfiyatda ekanligida ko‘rinadi. Qahramon hayoti davomida ko‘rgan-kechirganlaridan xulosa chiqara-chiqara, odamlardan “begonalashib” boradi. Asrlar mobaynida yechimini topmagan masalalardan charchagan paytlari “o‘ziga qamalib olgisi” keladi. Xuddi shu yerda tasvirlanayotgan barcha voqea-hodisalar ruhiylashadi va ruhiy tahlil foydasiga ishlaydi. Personajlar ichki dunyosi ziddiyatlar, tangliklar, azob-og’riqlardan iborat ruhiy holatlar, og’ir kechinmalar orqali tasvirlanadi. Shu orqali qahramonlar g’oyaviy-ma’naviy izlanishlarining intensivligi va inson tabiati bitmas-tuganmas sinoatlar makoni ekanligi ochiladi.
Tog’ay Murodning “Ot kishnagan oqshom” qissasi nafaqat o‘zining uslubiy shakli, balki muallifning haqiqiy milliy xarakter yaratishdagi “topilmalari” bilan ham qiziqarli asardir. Qissada hikoya usta chavandoz – Ziyodulla kal tilidan kitobxonga “birodarlar” deya murojaat qilish bilan boshlanadi. Ayni shu narsa hikoya qilishning sintaktik qatori, ritmikasi va tempini belgilab beradi, “roviy” tushib qolgan u yoki bu holatga diqqatni kuchaytiradi. Tog’ay Murod syujetga Surxondaryoning so‘lim tabiatini, afsonaviy “Alpomish”ni dunyoga keltirgan voha odamlarining o‘ziga xos dunyosini singdirib yuboradi. Shuning uchun ham rivoyaning asosiy qahramonlari orasida Ziyodullaning doimiy do‘sti – Tarlonni uchratamiz. Ta’kidlash joiz, “odam va ot” tandemi azaldan Sharq xalqlari adabiyotiga xos xususiyat bo‘lib, bu fikrning isbotini dostonlarda, qissalarda ko‘rishimiz mumkin.
Qissa konfliktining yechimida, xalq ertaklarida bo‘lganidek, yovuzlik ustidan ezgulik g’alaba qozonmaydi. Ammo kitobxon yozuvchining “hyech bo‘lmasa yomonlik qilmang” demoqchi bo‘layotganini tushunadi. Biroq Tog’ay Murod kitobxonga “bu yaxshi, bu yomon” deya o‘z falsafasini tiqishtirmaydi. Ziyodulla cho‘ponning o‘zbekona xarakteri butun boshli qissaning rivoya qatorini belgilaydi: “Bunday xarakterni yaratishning (milliy xarakter – M.B.) asosiy va ko‘pincha yagona vositasi unga xos bo‘lgan alohida xarakter, fikrlash doirasi, dunyoqarashni ifodalovchi nutq manerasidir”64.
Aytish kerakki, muallif o‘z qahramonining oddiyligini (maktabda bor-yo‘g’i beshinchi sinfgacha o‘qiganligi, kalligi ortidan ko‘ngli yarimligi, ijtimoiy maqomi – cho‘ponligi) bo‘rttirib ko‘rsatar ekan, uni folklordagi singari o‘ta to‘g’ri yoki andozadagidek oqko‘ngil qilib tasvirlamaydi. Ziyodulla dunyoning ishlarini og’ir oladi, ammo tanlab baholaydi. Gaplarning tuzilishi oddiy bo‘lsa-da, muallif uning nutqini (lingvostilistik jihatdan o‘zini o‘zi xarakterlash) yetarlicha obrazli, ekspressiv qilib tuzadi. Oddiy cho‘ponning jonli nutqini buzmaslik uchun yozuvchi murakkab konstruksiyalarni qo‘llashdan qochadi. Ziyodullaning qisqa-qisqa so‘z va iboralar, takrorlar omuxtaligidan iborat o‘ziga xos nutqi hikoya qilish dinamikasini belgilaydi.
Ma’lumki, “har qanday madaniyat milliy ekan, uning milliy xarakteri tilida, dunyoni qanday anglashida o‘z ifodasini topadi. Tilda har bir xalqning o‘zigagina xos ichki shakl mavjud”65 ekan, “roviy” tilining o‘ziga xosligi ham kuzatuv obyekti bo‘lishga loyiqdir. Qissaning tili troplarga to‘la, biroq ular haddan ziyoda emas, balki joy-joyida, o‘ta o‘rinli qo‘llanilgan. Shuning uchun ham V.A.Maslovaning “milliyga xos dunyoni ko‘rish taqqoslashlar semantikasida o‘z aksini topadi”66, degan so‘zlariga qo‘shilishimiz mumkin.
Ziyodulla alohida ajralib turadigan intellekt sohibi emas, ammo voqea-hodisalarga, narsalarga munosabatini bildirar ekan, ularni obrazli tasavvur qila oladi. “Ot kishnagan oqshom” qissasida taqqoslashlar o‘zaro munosabatlarning ijobiy yoki salbiyligini, milliy mentalitetni, hatto, qahramonning “ma’lumotsiz”ligini aks ettiruvchi bir necha ko‘rinishga ega. Misol uchun, ko‘pkarida o‘ziga bo‘ysunmagan Tarlonni savalab-savalab quvib yuborgan Ziyodulla uyga kelgach, xotiniga ko‘ngil yorib, otini yomon ayolga mengzaydi: “Ayol zoti boshdan-adoq zarga o‘ralgan bilan, shoyi-shomilaga belangan bilan, o‘zi yomon bo‘lsa, unday ayolning kimga keragi bor? Unday ayolni zari bilan qo‘shib, shoyi-shomilasi bilan qo‘shib, uch taloq qo‘ymoq lozim! Ot ham shu-da! Yomon ot – yomon ayolday gap! Erkakni el orasida sharmanda qiladi! Mana, Tarlon yuzlab chavandozlar oldida yuzimni yerga qaratdi!67
Ziyodullaning ko‘pkari bakovuliga munosabati ham qiyoslash orqali ifodalanadi: “Yuzlari tandirdan endi uzilgan nonday qizil, mo‘ylovli bir odam uloq boshiga keldi. Ana shu mo‘ylov bakovul bo‘ldi”(117-bet). Ayniqsa, otlari go‘sht uchun so‘yishga tortib olingan chavandozlarning qayg’usi juda o‘rinli va ko‘lamdor taqqoslash tufayli mo‘ljalga aniq tegadi: “Chavandozlar emchakdoshi urushdan qaytmagan bo‘zbola misol mung’ayib qoldi”(146-bet).
Qayd etish o‘rinliki, Ziyodulla xarakterining muhim qirrasini tashkil etgan bu kabi taqqoslashlar bir vaqtning o‘zida ham milliylikni, ham ekspressivlikni ifodalaydi. Uloq bilan bog’liq barcha voqealar tasvirida rivoya o‘zgaradi: ritmda ohangdorlik, ovozlar polifonizmi (ko‘pkaridagi qiyqiriqlar), epik ko‘lamdorlik yuzaga keladi, taqqoslashlarda giperbolizm bo‘y ko‘rsatadi. Masalan, “Darbandlik chavandoz uloqni taqimiga bosib oldi. Ayqirib-ayqirib ot qo‘ydi:
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   55




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling