O'zbek tili davlat tili sifatida xalqimizni birlashtiradigan jamiyatimizning ulug' maqsadlar sari safarbar etadigan qadratli kuch
har bir millatning dunyoda borligini ko‘rsatadigan oyinai hayoti — bu uning milliy tili va adabiyotidir
Download 257.02 Kb.
|
har bir millatning dunyoda borligini ko‘rsatadigan oyinai hayoti — bu uning milliy tili va adabiyotidir.
Shu ma'noda dunyo hamjamiyatidan munosib o‘rin egallashni maqsad qilib qo‘ygan har qaysi davlat avvalo o‘z xalqining milliy tili va madaniyatini asrab-avaylashga, rivojlantirishga intiladi. Kuni kecha 21 oktyabr - “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kun yurtimizda O'zbek tili bayrami sifatida birinchi marotaba keng miqyosda nishonlandi. Davlatimiz rahbari tomonidan 2019 yil 21 oktyabrda qabul qilingan “O'zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoniga binoan, ushbu tarixiy sana bayram kuni deb belgilangan. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning O'zbek tili bayrami munosabati bilan mamlakatimiz xalqiga yo'llagan tabrigida qayd etilganidek, "Bugungi kunda biz yangi O'zbekistonni, yangi Renessans poydevorini barpo etishdek ezgu maqsadlarimizga erishishda, hech shubhasiz, ona tilimizning hayotbaxsh qudratiga tayanamiz". Mamlakatimizda “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kunning ulkan tarixiy o'rni va ahamiyatiga bu qadar yuksak e'tibor qaratilayotgani bejiz emas. Chunki ushbu sana ma'naviy va ma'rifiy, huquqiy va siyosiy jihatdan nihoyatda muhim ahamiyatga ega. O'zbekistonning “Davlat tili to'g'risida”gi qonuni bundan 31 yil oldin, 1989 yil 21 oktyabrda - Mustaqilligimiz e'lon qilinishidan taxminan ikki yil ilgari qabul qilingan. Yurtimizda mustabid tuzum hali o'z hukmini o'tkazib turgan g'oyat og'ir sharoitda xalqimizning taqdiri va kelajagini hal qiladigan bu qonunni qabul qilish oson kechmagan. Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, "O'zbek tili davlat tili sifatida xalqimizni birlashtiradigan, jamiyatimizni ulug' maqsadlar sari safarbar etadigan qudratli kuch bo'lib maydonga chiqdi. Ayni vaqtda u O'zbekistonning davlat mustaqilligi sari qo'yilgan birinchi dadil qadam edi". Yangi O'zbekistonda o'zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro'-e'tiborini tubdan oshirish, unib-o'sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an'ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug' ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to'laqonli joriy etishni ta'minlashga qaratilgan yangidan-yangi tashabbuslar ilgari surilayotgani juda muhim. Yanada muhimi, bu boradagi sa'y-harakatlar, bir tomondan, ushbu sohada to'planib qolgan muammo hamda kamchiliklarni bartaraf etishga xizmat qilmoqda. Ikkinchi tomondan, yangicha tashabbuslar mamlakatimizda o'zbek tilini zamon talablari asosida rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi o'rni va nufuzini yanada mustahkamlash borasidagi mas'uliyatli vazifalarlarning samarali ijrosi uchun nihoyatda zarur. Bu haqda fikr yuritganda, avvalambor, O'zbekiston Prezidentining 2019 yil 21 oktyabrda qabul qilingan “O'zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmonida belgilangan vazifalar doirasidagi amaliy ishlarga muxtasar to'xtalish maqsadga muvofiqdir. Birinchidan, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 dekabrda qabul qilingan 984-son qarori bilan Davlat tilini rivojlantirish departamenti to'g'risidagi nizom tasdiqlandi. Ikkinchidan, xorijiy davlatlar tajribasini chuqur o'rgangan holda, Atamalar komissiyasi tuzildi. Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 29 yanvarda qabul qilingan 40-son qarori bilan O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasining vazifalari belgilandi. Shuningdek, Atamalar komissiyasining tarkibi va Nizomi tasdiqlandi. Nizomga muvofiq, Atamalar komissiyasi Vazirlar Mahkamasi huzurida o'z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi. Komissiya asosan yangi so'z va atamalarni rasmiy iste'molga kiritish bilan shug'ullanadi. Uchinchidan, 2020 yil 10 aprelda “O'zbek tili bayrami kunini belgilash to'g'risida"gi qonun qabul qilindi. To'rtinchidan, “Davlat tili haqida”gi qonunning bugungi kun talablari nuqtai nazaridan takomillashtirilgan yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqilmoqda. Bu hujjatda davlat tili sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining nutq madaniyatini oshirish kabi muhim yo'nalishlar qamrab olinadi. O'z navbatida, Prezidentimizning 2020 yil 20 oktyabrda imzolangan «Mamlakatimizda o'zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi farmoni alohida e'tiborga sazovor. Mazkur hujjatda o'zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro'-e'tiborini tubdan oshirish, unib-o'sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an'ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to'laqonli joriy etishni ta'minlashga doir istiqboldagi vazifalar ko'zda tutilgan. Shu bilan birga, Farmonda O'zbekistondagi millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirish, davlat tili sifatida o'zbek tilini o'rganish uchun shart-sharoitlar yaratish, til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari va ustuvor yo'nalishlari belgilab berildi. Prezident Farmoniga binoan, o'zbek tilini yanada rivojlantirishga qaratilgan uchta muhim hujjat tasdiqlandi. Bular: birinchidan, 2020–2030 yillarda o'zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish kontseptsiyasi; ikkinchidan, 2020-2030 yillarda o'zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish kontseptsiyasini 2020-2022 yillarda amalga oshirish dasturi; uchinchidan, 2020-2030 yillarda o'zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirishning asosiy yo'nalishlari. Xususan, bu boradagi asosiy yo'nalishlar quyidagilarni nazarda tutadi: 2025 yilga qadar davlat maktabgacha ta'lim tizimida o'zbek tilli guruhlar qamrovini 72 foizga, 2030 yilgacha esa 80 foizga yetkazish; 2030 yilga qadar umumta'lim maktablarida o'quv yillari uchun tayanch o'quv rejalarida ona tili fanini o'qitish ko'lamini amaldagi haftada 84 soatdan 110 soatgacha oshirish; oliy ta'lim muassasalarida o'zbek tili kafedralari sonini 2025 yilga qadar 120 taga, 2030 yilgacha esa 140 taga yetkazish; lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosida “O'zbekiston milliy qomusi” jildlarini nashr etishni bosqichma-bosqich ko'paytirib borish; 2020 yilda o'zbek tilining lug'at boyligini oshiruvchi 15 ta lingvistik, sohaviy-terminologik, izohli lug'atlar yaratish; teleradiokanallar suxandon-boshlovchilarining o'zbek adabiy tilidagi nutq madaniyatini oshiruvchi qayta tayyorlov kurslarida o'qitish tizimini joriy etish va qamrovni 2030 yilgacha 100 foizga yetkazish; 2025 yilga qadar davlat tilida sohaviy ish yuritish hujjatlarining yagona elektron namunalarini ishlab chiqish va ulardan foydalanish uchun 14 ta onlayn dastur ishlab chiqish, 2030 yilgacha esa ushbu ko'rsatkichni 25 taga yetkazish; dasturiy mahsulotlarning o'zbekcha ilovalari va elektron lug'at dasturlarini yaratish; xorijliklar uchun o'zbek tilini o'rgatuvchi dasturlar yaratish; 2030 yilga qadar xorijiy oliy ta'lim muassasalarida o'zbek tilini o'rgatuvchi markazlar sonini amaldagi 17 tadan 60 tagacha ko'paytirish; 2025 yilga qadar “O'zbek tilining do'stlari” klublari sonini 30 taga, 2030 yilgacha esa 40 taga yetkazish. Farmonda belgilangan ana shu aniq va qamrovdor vzifalar ijrosini ta'minlash uchun davlat boshqaruvi, zamonaviy va innovatsion texnologiyalar, sanoat, bank-moliya tizimi, huquqshunoslik, diplomatiya, tibbiyot sohalarida, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va harbiy muassasalar faoliyatida to'liq davlat tilida ish yuritish bo'yicha boshlangan ishlarni izchil kuchaytirish taqozo etiladi. Zero, mamlakatimiz rahbari ta'kidlaganidek, "Davlat tili masalasi milliy g'oyamizning asosiy tamoyillaridan biri bo'lishi zarur". Shuni ham qayd etish kerakki, 1989 yili “Davlat tili to'g'risida”gi qonunda aks etgan muhim huquqiy qoidalar keyinchalik, 1992 yilda Mustaqillik Qomusi – O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida quyidagicha mustahkamlandi: “O'zbekiston Respublikasining davlat tili o'zbek tilidir. O'zbekiston Respublikasi o'z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an'analari hurmat qilinishini ta'minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”. O'zbek tili – O'zbekiston Respublikasi aholisining mutlaq ko'pchiligi bo'lmish o'zbek xalqining ona tilidir. U O'zbekiston birligi va yaxlitligi, jamiyat jipsligining muhim omili ham hisoblanadi. Hozirgi vaqtda yer yuzida o'zbek tilida so'zlashuvchilar soni qariyb 50 million kishini tashkil etishi esa uning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi. Ma'lumki, davlat tili siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda xalqni birlashtiruvchi qudratli vosita sanaladi. Ona tilimiz so'zlashuvchilar soni ko'pligiga ko'ra, sayyoramizda eng keng tarqalgan 40 ta tildan biri ekani ham quvonarlidir. Davlatimiiz rahbari ta'biri bilan aytganda, “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo'lgan o'zbek tili xalqimiz uchun milliy o'zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma'naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma'naviy-ma'rifiy taraqqiyotida g'oyat muhim o'rin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir”. Ammo, mustabid tuzum hukmronligi davrida xalqimizning o'ziga xos jasorati timsoli sifatida qabul qilingan “Davlat tili to'g'risida”gi qonun ijrosi, afsuski, ko'p yillar davomida deyarli o'z holiga tashlab qo'yildi. Qonun ijrosini nazorat qilishga mas'ul bo'lgan parlament huzuridagi Doimiy til komissiyasi hamda Atamashunoslik qo'mitasi faoliyati esa tugatib yuborilgan edi. Mazkur dalillarning o'ziyoq o'tgan davrda bu sohada hatto ortga ketishlar ham yuz berganini ko'rsatadi. Aslida ham, keyingi 30 yil davomida davlat va jamiyatda tilning ijtimoiy ongni shakllantiruvchi muhim omil ekaniga, inson qaysi tilda so'zlasa va fikrlasa, o'sha tildagi mafkuraga moyil bo'lishiga yetarlicha ahamiyat qaratilmaganidan ko'z yumib bo'lmaydi. Shu ma'noda, O'zbekiston taraqqiyotining bugungi yangi bosqichi – milliy yuksalish davri talablaridan kelib chiqib, ona tilimizning jamiyatdagi o'rni va nufuzini oshirish bo'yicha keng ko'lamli ishlar amalga oshirilayotgani har qancha tahsinga loyiq. Hozirgi kunda mamlakatimizda yashayotgan, O'zbekistonimizni yagona va ahil oila deb biladigan turli millat va elatlar vakillari ham o'zbek tilini o'rganishga katta qiziqish va istak bildirayotganlari ayniqsa e'tiborlidir. Xulosa qilib aytganda, ona tili millatning ruhi, borligimiz va birligimiz, davlat timsoli ekanini e'tiborga olgan holda, uni asrash va rivojlantirish har bir fuqaroning insoniy burchi hisoblanadi. Bu borada Yurtboshimizning O'zbekiston tarixida ilk bor BMT minbaridan jahon hamjamiyatiga o'zbekcha, ya'ni davlat tilida murojaat qilgani barchamiz uchun yuksak namuna va munosib o'rnakdir. Zero, Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, "necha asrlar osha ajdodlarimizdan bizga bezavol o'tib kelayotgan ona tilimizning ravnaqi va istiqboli haqida qayg'urish – bu millatning o'zligini anglashi, uning ma'naviy kamolotini yuksaltirish uchun kurash demakdir. Davlat tilining obro'-e'tibori – butun xalq, butun jamiyatning obro'-e'tiboridir". Download 257.02 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling