O‘zbek tili yo‘nalishi guruh talabasi
Naim Karimov: “Najot adabiyotdadir”
Download 77.46 Kb.
|
Dildoraxon
2.2. Naim Karimov: “Najot adabiyotdadir”.
Naim Karimov 2014-yil “Yoshlik” jurnalining 6-sonidagi intervyusida o‘zi haqida shunday deydi: “O‘tgan asrning 30-yillarida dunyoga kelgan avlod bilan hozir shakllanib borayotgan avlod o‘rtasida yer bilan osmonchalik farq bor. Bu avlod Ikkinchi jahon urushining tahlikali yillariyu, urushdan keyingi davr mashaqqatlarini boshidan kechirdi. 50-60-yillarda esa “zulm saltanati”da yashagani va yashayotganini tushunib, “g‘urur” nimayu, “iztirob” nima ekanligini chuqur angladi. Shuning uchun ham bu avlod abadiy haqiqatlar va abadiy qadriyatlarning qadriga yetadi. Shu haqiqatlar va shu qadriyatlarning oyoq osti bo‘lmasligini istab, istabgina qolmay, qo‘lidan kelganicha ularni ardoqlab, himoyalab yashashga urinadi. 80 dan oshib, 90 ga yaqinlashib, demak, siyraklashib borayotgan bu avlod hozir o‘zini jamiyatga keraksizdek sezmoqda. Lekin men xuddi shu avlodga mansub bo‘lganligim bilan faxrlanaman. Toshkentning Eski shaharida Kesakqo‘rg‘on degan mahalla bo‘lardi. Shu mahalladagi madrasa shahardagi nufuzli diniy-ma’rifiy maskanlardan biri bo‘lgan. Shu bois Kesakqo‘rg‘on ba’zi tarixiy-memuar asarlarda Toshkentning ma’rifiy o‘choqlaridan biri sifatida tilga olinadi. Otamiz mashhur jadid shoir Sidqiy Xondayliqiyning shu madrasada ta’lim olganligini aytar edilar. Bobom shu madrasada imomlik qilganlari sababli Xondayliqiy bilan yaqin munosabatda bo‘lgan ekanlar. Dadam fizika, amakim matematika o‘qituvchisi bo‘lishgan. 30-yillarda bu fan mutaxassislari yetishmaganligi uchun dadam erta tongdan kechgacha turli maktab va bilim yurtlarida dars berishga majbur bo‘lganlar. Ammo adabiyot va san’atga ixlos qo‘yganlari uchun o‘zbek yozuvchilarining 20-40-yillarda chop etilgan asarlarini sotib olib, yaxshigina kutubxona barpo etganlar, fonotekalarida esa qanchadan-qancha hofizlarning “likopchalar”i bo‘lgan. (“Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyidagi “O‘tkan kunlar”ning birinchi nashrida otamizning imzolari va muhrlari bor) Uyimizda bo‘ladigan “gap”larga ba’zan Karim Zokirovdek san’atkorlar kelib turishgan. Men ana shunday muhitda o‘sganman. Yoshligim urush yillariga to‘g‘ri kelgan. Shu sababli bir emas, bir necha maktablarda ta’lim olishga to‘g‘ri keldi. Urushning dastlabki-yillarida jang maydonlarida qattiq jarohat olganlar esheloni Toshkentga ham shashqator oqib kelib, maktablar harbiy shifoxonalarga aylantirildi. Urushdan keyin shifoxona-maktablardagi “koyka”lar yig‘ib olinib, o‘rniga yana partalar qo‘yildi. O‘qituvchilarda ham, biz o‘quvchilarda ham, endi boshqacha zavq-shavq paydo bo‘ldi. Tarix o‘qituvchimiz o‘z fanidan ham ko‘ra adabiyotni sevar ekan. Endigina universitetni tugatgan adabiyot o‘qituvchimiz Nabi Nurmuhamedov esa adabiyot darsini o‘tganida, xuddi lablaridan asal ta’mi ketmayotgandek, ro‘molcha bilan artib qo‘yardi. Uning kiyinish, so‘zlash, harakatlanish madaniyati bizni o‘ziga jalb etgan. Bundan oldin, Nabi aka maktabga yangi kelgan kunlarda esa, biz uni qabul qilmagan, sobiq o‘qituvchimiz Murshida Ikromovani maktabga qaytarishlarini talab qilgan edik. Bizda adabiyotga katta mehr uyg‘otgan Murshida opa Akmal Ikromovning jiyani ekan. U bir-ikki-yil maktabimizda ishlaganidan so‘ng, “xalq dushmani”ga qarindoshligi kimningdir yodiga tushib, shahardan chiqarib yuborishgan. Biz ilmga chanqoq bolalar maktabdan tashqari turli to‘garaklarga qatnashar edik. Musiqa to‘garagi, xor to‘garagi, keyinchalik “Bolalarni badiiy tarbiyalash uyi”dagi adabiyot to‘garaklari bizni o‘ziga jalb etgan edi. Ammo ko‘p o‘tmay, ulardan birini tanlashga to‘g‘ri keldi. Xullas, adabiyotga mehr ustunlik qildi. Dastlabki she’rlarimiz yoshlar gazetalarida bosildi. Bo‘lajak shoir sifatida Yozuvchilar uyushmasidagi birorta adabiy yig‘ilishni kanda qilmasdik. Shu yig‘ilishlarda birga qatnashgan do‘stlarimdan biri Husniddin Sharipov badiiy ijodni, men bo‘lsam adabiyot ilmini tanladik. Sir emas, qariyb har bir kishi yoshligida she’r yozadi, hatto she’rlari, ba’zan esa bitta-yarimta she’riy kitobi ham bosilib chiqadi. Lekin hamma she’r mashq qilgan, she’r yozgan kishining shoir bo‘lishi shart emas. Qanchadan-qancha kishilar she’riyat maydoniga tasodifan kirib qolib, umrlarining oxirigacha chiqolmay, qiynalib yurishgan. Ko‘nglim adabiyotshunoslik ko‘chasini tanlagani bejiz emas. Xolavachcham Mahmudali Yunusov taniqli adabiyotshunos, filologiya fanlari doktori bo‘lgan. U professor Abdurahmon Sa’diyning shogirdi, Solih Qosimov, Hamidulla Ubaydullaev singari 50-yillarda mashhur bo‘lgan tanqidchilarning do‘sti edi. Biz devor-darmiyon qo‘shni bo‘lib yashaganimiz tufayli do‘stlari bilan adabiy mavzularda qilgan bahsu suhbatlarida hozir bo‘lar va shu gurunglar mening adabiyot ilmiga bo‘lgan mehrimga cho‘g‘ tashlab turardi. Mahmudali akaning nozikta’bligi, mayin ovoz bilan adabiy tilda ravon so‘zlashi, ham mumtoz, ham zamonaviy o‘zbek adabiyotini yaxshi bilishi, Navoiy haqida ham, Barot Boyqobilov haqida ham bilimdonlik bilan yozishi havas qilishga, ibrat olishga arzirli edi. U urush-yillarida evakuatsiyaga kelgan rus ayoliga uylangani tufayli rus tilida ham yaxshi so‘zlab, yaxshi yozardi. Mahmudali akaning 10-sinfni bitirishi bilan urushga ketib, frontga yetib bormay halok bo‘lgan Ahmadali degan ukasi ham adabiyot muxlisi edi. Shu ikki kishining menga mehri va ta’siri adabiyotshunoslik sohasini tanlashimga sabab bo‘lgan bo‘lsa ajab emas. Bir sirni aytib o‘tmasam bo‘lmas. 1946-yili bo‘lsa kerak. Dadam Maorif xalq komissarligiga ishga olinib, maktablar bo‘yicha yo‘riqchi (inspektor) sifatida Namangan viloyatiga biriktirilgan kezlar. O‘sha-yillarda xizmat safari bilan “gullar shahri”ga tez-tez borib, ko‘plab maorif xodimlari bilan qadrdonlashib qolgan ekanlar. Yozgi ta’til kunlaridan birida meni ham navbatdagi safarga olib ketdilar. Namanganda bir-ikki kun turganimizdan so‘ng, mezbonlar bizni viloyatning Qirg‘iziston bilan chegaradosh hududida joylashgan Poshshaota qishlog‘iga olib borishdi. Tog‘ etaklarida joylashgan, bag‘rida muzdekkina soy oqib turgan bunday xushmanzara joy kamdan-kam topiladi. Biz Toshkentga qaytib kelganimizdan keyin dadam nima uchundir mening nomimdan Poshshaota taassurotlari haqida jajjigina maqola yozib, uni o‘quvchilar gazetasiga olib borishimni buyurdilar. Gazeta muharriri Sanjar Tilla dadamning shogirdlari ekan. Xullas, maqola tez orada chop etilib, men muxbir sifatida sinfdoshlarim va o‘qituvchilarim og‘ziga tushdim. Ammo maqolani o‘zim yozmaganligim uchun aybimni yuvishim kerak edi. Ana shu burch, ana shu oqlanish istagi meni o‘sha gazeta uchun she’r va maqolalar yozishga majbur etdi, hatto do‘stim, bo‘lajak taniqli jurnalist va tarjimon Miad Hakimov bilan birga bu va boshqa yoshlar gazetalariga krossvordlar ham tuzib yuboradigan bo‘ldik... Bu voqeani eslashim tasodifiy emas: bilishimcha, dadam fizika o‘qituvchisi bo‘lishlariga qaramay, adabiyotga bo‘lgan maylimni sezib, beshinchi-oltinchi sinfdalik chog‘imdayoq menga xat-xabarlar yozishni o‘rgatmoqchi bo‘lgan ekanlar. Oradan-yillar o‘tib, maktabni bitirdim. O‘sha-yillarda bitiruvchilarni Moskva va Leningrad singari shaharlardagi oliy o‘quv yurtlariga yuborish amaliyoti boshlangan edi. Shu masalaga aloqador bo‘lgan kishilardan biri dadamning jonajon do‘stlari akademik Adham Yunusov edi. Men u kishining huzuriga borib, Moskva davlat universitetining filologiya fakultetida o‘qish istagida ekanligimni aytib, undan yordam berishini so‘radim. Adham aka hazilkash odam edi. Ammo bu safar hazilni yig‘ishtirib qo‘yib, jiddiy gapirdi: “Agar otangdek fizik yoki mendek biolog olim bo‘lmoqchi bo‘lsang, Moskvadagi xohlagan oliy o‘quv yurtingga yuborishim mumkin. Ammo filolog bo‘lib nima qilasan? Filologlik ham ishmi?” dedi. Men shu sohaga qiziqishimni takrorladim. U tanlovimga rozi bo‘lmay, haydab-chiqarib yubordi. Ba’zan o‘ylab qolaman: agar Moskvada o‘qib, rus tilini mukammalroq egallab, rus va Yevropa adabiyoti haqidagi bilimim chuqurroq bo‘lganida, rus tilida ham maqola va kitoblar yozgan bo‘larmidim?.. Bunday xayollarga borishimning sababi o‘zbek adabiyoti targ‘ibotining faqat mamlakatimiz doirasidagina cheklanib qolganligidir. Shoyad yaqin kelajakda Yevropa va Osiyo xalqlari tillarini mukammal bilgan tarjimonlar, jurnalistlar, adabiyotshunoslar, tarixchilar yetishib chiqishsa... Shu narsa g‘aroyibki, biz yashagan davrda mamlakatda o‘qtin-o‘qtin qonli bo‘ronlar gurlagani, tintuv, badarg‘a, “hujum”, chopiq, terim, pilla, qo‘riq kabi kompaniyalarning tinimsiz paydo bo‘lib turgani, dunyoga hukmdorlikni da’vo qilgan yana bir kuch — nemis fashizmining yuzlab shahar va qishloqlarni vayronaga aylantirgani va millionlab kishilarning qirilib ketishiga sababchi bo‘lganiga qaramay, aksar shoir va yozuvchilar romantik orzular qanotida parvoz qilib yashardi. Bizning avlod shu shoirlardan tashqari, Gyote, Geyne, Bayron singari Yevropa, Pushkin, Lermontov, Tyutchev singari rus romantik lirikasi ta’sirida shakllandi. Yangi tarix sahifalarini qon va qilich bilan yozayotgan sovet davlati bizning ko‘zimizni romantik she’riyat buloqlarining nuqra mavjlari bilan yuvishga urindi. Jahon badiiy tafakkurining qaymog‘i ana shu, dedi. Shunday ijtimoiy-madaniy muhitda shakllangan adabiyotshunoslar “O‘zbek adabiyotida Lenin obrazi”, “Hamza Hakimzoda – inqilobchi shoir”, “O‘zbek adabiyotining internatsional pafosi”, “O‘zbek romanlarida M.Gorkiy an’analari” singari mavzularda dissertatsiyalar, kitoblar, maqolalar yozdilar. Adabiyotshunoslik ilmida sotsiologiya tantana qildi. Shunday bir vaqtda Matyoqub Qo‘shjonov “Oybek mahorati”, men “Hamid Olimjon mahorati” degan mavzularga qo‘l urdik. Bu tadqiqotlarga hozirgi kun yuksakligidan turib nazar tashlagan kishi ularda o‘sha davr adabiyotshunosligining salbiy ta’sirini ham sezishi qiyin emas. Lekin bu ikki tadqiqot Ozod Sharafiddinovning “Zamon-qalb-poeziya” kitobi bilan birga o‘zbek adabiyotshunosligi e’tiborini badiiy ijodning o‘zak masalalariga qaratdi, desam, balki nokamtarlik bo‘lmas... Adabiyotshunoslik yo‘nalishidagi kitoblar odatda katta nusxada chop etilmaydi. “Hamid Olimjonning poetik mahorati” (1964) degan ilk kitobim ham “Fan” nashriyotida katta tirajda chop etilgan emas. Bu kitobdan keyin uzoq vaqtgacha ilmiy xodim sifatida Til va adabiyot institutidagi jamoaviy tadqiqotlarning maydonga kelishida qatnashib, yangi o‘zbek adabiyotining shakllanish va rivojlanish tarixiga bag‘ishlangan ko‘p jildlik kitoblarning yaratilishiga ozmi-ko‘pmi hissa qo‘shdim. Moskvada nashr etilgan olti jildlik “Ko‘p millatli sovet adabiyoti tarixi”ning o‘zbek adabiyotiga bag‘ishlangan qismlarini yozgan Izzat Sultonov, Yusuf Sultonov singari mualliflar orasida mening ham nomim bor. 70-yillarda institutda atoqli o‘zbek yozuvchilarining To‘la asarlar to‘plamlarini nashrga tayyorlash ishlari boshlandi. Hamzaning 6 jildlik, Hamid Olimjonning 10 jildlik, G‘afur G‘ulomning 12 jildlik to‘la asarlar to‘plamining yuzaga kelishida ishtirok etdim. Ayniqsa, Oybekning 20 jildlik “Mukammal asarlar to‘plami”ning yaratilishida faol qatnashganim bilan g‘ururlanib yuraman. Zero, shu jarayonda Oybekning badiiy olami bilan oshno bo‘lish, uni ulug‘ adib va ulug‘ inson sifatida kashf etish, uning o‘lmas asarlari tarovati bilan yashashning o‘zi ham adabiyotshunos uchun katta baxt ekanligini sezdim. Biz adabiyotshunoslar, 70-yillargacha yozuvchilar ijodini ular shaxsidan, ularning hayotiy tajribalaridan ajratgan holda o‘rganib kelganmiz. Bu, shubhasiz, yozuvchilar ijodini bir tomonlama o‘rganishga sababchi bo‘lgan. 70-yillarda O‘zbekistonda ham “Ajoyib kishilar hayoti” turkumidagi o‘zbek yozuvchilariga bag‘ishlangan kitoblarning yaratila boshlashi adabiyotshunoslikda yangi, biografik yo‘nalishning yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Ma’lumki, Yevropa mamlakatlarida shu uslubda yozilgan asarlar katta nusxalarda nashr qilib kelinadi. Frantsuz Andre Moruaning Balzak, Gyugo, Stendal va boshqa mashhur kishilarga bag‘ishlangan biografik romanlari xuddi badiiy asardek sevib o‘qiladi. Men ham o‘zbek yozuvchilari hayotini o‘rganish jarayonida shunday asarlar yozish mumkinligini sezdim. Cho‘lpon, So‘fizoda, Oybek, Hamid Olimjon, Shayxzoda, Mirtemir, Usmon Nosirga bag‘ishlangan ma’rifiy-biografik roman va qissalarim o‘zbek adabiyotida shu janrning shakllanishi yo‘lidagi dastlabki qadamlardan bo‘ldi. O‘ylaymanki, hali bu janrning kelajagi yorqin. Afsuski, o‘zbek yozuvchilarida kundalik tutish, biror asar yoki uchrashuvdan olgan taassurotlarini jilla qursa o‘zi uchun yozib qoldirish madaniyati shakllanmagan. Zamondoshlarning marhum yozuvchilar to‘g‘risidagi xotiralarida yolg‘on va taxminiy gaplar ko‘p. Aksar xotiranavislar xotirlanayotgan yozuvchiga aytgan dono so‘zlarini, ko‘rsatgan muruvvatlarini tarix uchun yozib qoldirishnigina o‘ylamoqdalar. Arxivlardagi ahvol ham achinarli. Bu hol kelajakda yozilajak biografik roman mualliflari oldida katta qiyinchiliklarni tug‘dirishi turgan gap. Sovet davrida insoniyat tarixida shu vaqtgacha ro‘y bermagan voqealar sodir etildi. O‘z xalqining erkin yashashini, vatanining ozod va mustaqil bo‘lishini istagan xalqlarning peshqadam farzandlari “millatchilar” deb ataldi. “Ishchi”, “hasharchi”, “ketmonchi” singari bu beozor so‘zning rangi-ro‘yi shu qadar o‘zgartirildiki, “millatchi” deganda boshqa millatni tan olmaydigan, boshqa millatga mansub kishilarning og‘izlaridagi luqmai halolni ham olib qo‘yadigan kimsalar tushunila boshlandi. Keyinchalik ular manglayiga “xalq dushmani” tamg‘asi bosildi, so‘ng otib tashlandi, nihoyat, asarlarini o‘qish, nomlarini tilga olish tamomila ta’qiqlandi. Shu tarzda XX asr o‘zbek adabiyotining buyuk namoyandalari Behbudiy, Abdulla Qodiriy, Fitrat, Cho‘lpon kabi yozuvchilar ijodi o‘zbek adabiyoti tarixidan chiqarib tashlandi, asarlarining nashr etilishiga ruxsat berilmadi. Dastlab Behbudiy bilan Qodiriyning, keyin Fitrat bilan Cho‘lponning ijodkor sifatida oqlanishi uchun qanchadan-qancha nayzalarni sindirish, qanchadan-qancha majlislar, bahs va munozaralar qilish lozim bo‘ldi. Ajablanarli tomoni shundaki, bu buyuk jabrdiydalarning oqlanishiga Moskvadagi mafkurachilar emas, o‘zimizdagi nonko‘rlar tish-tirnoqlari bilan qarshilik ko‘rsatishdi. To‘g‘ri, ularning orqasida suyanch tog‘lari bor edi. Lekin ular bu tog‘larning nuray boshlaganini, ularni ortiq himoya qilish kuchiga ega emasligini sezishmadi... Xullas, Cho‘lpon va Fitrat yozuvchi sifatida oqlanib, adabiyotimizning muhtasham binosi peshtoqida Adolat va Haqiqat bayrog‘i hilpiray boshladi. Cho‘lpon va Fitratning gulxanlarda kuymay, anhorlarga tashlanmay, yerga ko‘milmay qolgan asarlarini nashr etishga kirishildi. Ular hayoti va ijodini o‘rganish ishlari ham yurishib ketdi. Kamina shu muborak ishda Ozod Sharafiddinov, Ahmad Aliev, Begali Qosimov, Sherali Turdiev, Erik Karimov singari fidoyi olimlar safida bo‘lganligim bilan faxrlanaman. Afsuski, bu ulug‘ yozuvchilarning boshiga yetgan kishilar hali ham tavba-tazarru qilishmagan ekan. 80-yillar o‘rtasida Til va adabiyot institutida tayyorlana boshlangan ko‘p jildlik “XX asr o‘zbek adabiyoti tarixi”ni yaratish jarayonida Fitrat va Cho‘lponni hali ham millatchilik va aksilinqilobchilik ruhida yozilgan asarlar muallifi sifatida talqin qilishdan charchamagan Domlaga qarshi chiqishga, bunday ruhdagi “ilmiy asarlar” davri o‘tganligini aytishga, uning hali ham sinmagan shashtini qaytarishga to‘g‘ri keldi. Hatto markazkomdagi rahbarlar ham mazkur “Tarix”ning 1-jildiga Domla tomonidan yozilgan, bosmaxonaga topshirilgan va terilgan bobni “brak” qilishga majbur bo‘ldilar. Shu bobning tamomila qayta yozilgan va “Tarix”ning 1-jildida e’lon qilingan nusxasi hozirgi kunda mutlaqo yaroqsizdir. Bunday “almisoqdan qolgan” gaplarni eslashimning boisi shundaki, tarix o‘qtin-o‘qtin takrorlanib turadi. Har bir xatodan saboq olish, shunday xatoning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim. Biz sovet davrida haq gapni aytishdan hayiqib qolgan kishilarmiz. Shunday “fazilat”imiz ozgina oftob tegishi bilanoq yana yam-yashil barglar yozishi hech gap emas. Yozuvchi ijodini, uning asarlarini baholashda sub’ektiv mezonlarning davri o‘tgan. Hozir biror adabiyotshunos yoki tanqidchi g‘ayrli maqsadda biror yozuvchi ijodini, biror asarni chippakka chiqarishi, yoki kimgadir (avvalo yozuvchiga) yoqish istagida biror asarni osmoni falakka ko‘tarishi mumkin. Lekin bu bilan o‘rtamiyona kitob durdona asarga aylanib qolmaganidek, “oq kaltak-ko‘k kaltak” qilingan asar ham dami chiqqan koptokdek bujmayib qolmaydi. Adabiy tanqid va adabiyotshunoslikning adabiy jarayonga halol va xolisona munosabati adabiy iqlimning mo‘‘tadil bo‘lishiga yordam beradi. Adabiy iqlim qanchalik mo‘‘tadil bo‘lsa, shoir va yozuvchilar shunchalik ijod zavqi bilan yashab, dillariga tugib yurgan asarlarini yozishga o‘zlarida kuch va rag‘bat topadilar. Ba’zan shunday bo‘ladiki, ijtimoiy-siyosiy davr adabiy iqlimni yamlab-yutib yuboradi. Shunday muhitda faqat buyuk iste’dod egasigina davr va muhitning betonlangan zaminini teshib-yorib chiqishi mumkin. O‘tgan asrning 50-60-yillarida Qirg‘izistondagi adabiy-ijtimoiy muhitni yengib chiqish Chingiz Aytmatovga oson bo‘lmagan. Ko‘kragida oltin yulduz yaraqlab turgan Ali To‘qomboevga o‘xshagan kimsalar uni majaqlab tashlashga qanchalik harakat qilmasinlar, Chingiz Aytmatov ularning qadr-qimmatini yo‘qotgan tog‘-tog‘ asarlari orasidan yorib chiqibgina qolmay, O‘rta Osiyo hududlaridan chetda jilva berib ulgurmagan qirg‘iz adabiyotini dunyo miqyosiga olib chiqdi. Uning asarlari insoniyatning fikrlash tarzini, dunyoqarashini, badiiy ijodga bo‘lgan munosabatini keskin o‘zgartirib yubordi. Qariyb shunga o‘xshash ishni o‘tgan asrning 20-yillarida Cho‘lpon erktalab she’rlari va Abdulla Qodiriy “O‘tgan kunlar” romani bilan, 40-yillarda G‘afur G‘ulom “Sen yetim emassan”, “Sog‘inish”, “Vaqt” she’rlari va Oybek “Navoiy” romani bilan, 60-yillarda esa Erkin Vohidov va Abdulla Oripov o‘zbek she’riyatiga yangi ruh olib kirgan asarlari bilan amalga oshirgan edilar. Bu she’rlarni o‘qigan kishilarda ham, jamiyatda ham silkinish ro‘y bergan. Adabiyot jamiyatga ta’sir qilish kuchini yana bir bor namoyish qilgan. Lekin tabiatning bahor faslida kiygan go‘zal libosi kuz sovug‘i boshlanishi bilan to‘zib-uvada bo‘lib ketganidek, davr shamollari jamiyat va kishilar hayotini bezab turgan narsalarni ham sovurib-to‘zdirib yuborishi mumkin. Tabiat avvaldan programmalashtirilgan, koinotda hukm surgan va hukm surayotgan, koinotni idora etgan va idora etayotgan ilohiy qonunlar asosida yangilanib turadi. Afsuski, jamiyatdagi yangilanish ijtimoiy qudratli kuchlarning tarix sahnasiga kelishi va shu kuchlarning vaqti-vaqti bilan yangilanib turishi asosida kechadi. Jamiyatning bunday yangilanib turishida, afsuski, adabiyot-yozuvchi-badiiy asardan iborat uchlik shu vaqtgacha hal qiluvchi rolni o‘ynamagan va bundan keyin ham o‘ynashi qiyin. Zero, adabiyot-yozuvchi-badiiy asarning vazifasi mutlaqo boshqa. U asosan inson tuyg‘ulariga, inson qalbiga ta’sir ko‘rsatadi. Tabiat manzaralarining rangin tasviri kitobxonning parishon xayollarini bir nuqtaga jamlab, uning hissiyot olamiga sokinlik, tiniqlik, go‘zallik bag‘ishlaydi. Har bir satridan, har bir tashbehidan bayramona, tantanavor sadolar jaranglab turgan asarlar kitobxon qalbida tantanavor kayfiyatni hosil qiladi. Shoir yoki yozuvchi dilidan oqib tushgan musibat ohanglari esa kitobxonning ruhiy olamiga hazin va o‘ksik tuyg‘ular bo‘lib quyuladi. Endi o‘zbek she’riyatining go‘zal namunalaridan biri bo‘lmish quyidagi satrlarga e’tibor bering: Download 77.46 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling