O‘zbek tili yo‘nalishi guruh talabasi


Ma’rifatparvar ijodkor Hamza Hakimzoda Niyoziy


Download 77.46 Kb.
bet4/8
Sana06.05.2023
Hajmi77.46 Kb.
#1432934
1   2   3   4   5   6   7   8
Bog'liq
Dildoraxon

1.2. Ma’rifatparvar ijodkor Hamza Hakimzoda Niyoziy.
Otashin ma’rifatparvar Hamza 1889-yilning 6-martida Qo‘qon shahrida tug’ilgan. Otasi, o‘zining ta’biri bilan aytganda, «Buxoroga borib xalq do‘qtiri» bo‘lib qaytganligi uchun shoir nomiga tabibning o‘g’li ma’nosida «Hakimzoda» qo‘shib aytiladi. «Niyoziy» shoirning adabiy taxallusi. Hamza o‘z tarjimayi holida o‘n yoshida «o‘zbekcha, forschaga tom savodli» bo‘lganligini yodga oladi. Ya’ni bu ikki tilda o‘qib, yozib, fikrlay olish iqtidoriga ega bo‘lgan. Shu boisdan bo‘lsa kerak, Hamza o‘n yoshidan Qo‘qondagi madrasalardan birida o‘qiy boshlaydi. 1908-yilda Namanganga borib, tahsilni davom ettiradi. U yerda Abdulla To‘qmullin degan tatar ma’rifatchisi bilan tanishadi.
Shoir tarjimayi holida eslashicha, o‘n yoshlaridan she’r mashq qila boshlagan. To‘qmullin Hamzaning yuz sahifadan ortiqroq hajmdagi ijod namunalarini ko‘rib, unga har jihatdan yordam va maslahat beradi. Namanganda Hamzaning tashabbusi bilan arab tili kursi ochiladi. Unda o‘n olti kishi ta’lim oladi. Iqtidorli Hamza uch oy ichida bu tilni ma’lum darajada o‘zlashtirib otasiga arabcha xatlar yoza boshlaydi. 1907-yilda hajga ketayotgan otasini kuzatib Qashqargacha borgan Hamza jadidlarning «Vaqt», «Bog’chasaroy» gazetalari bilan ilk bor tanishadi va keyinchalik ularning doimiy o‘quvchisiga aylanadi. Bu gazetalar bilan tanishish har narsaga qiziquvchi, ta’sirchan va tinib-tinchimas. yosh shoirning dunyoqarashi, hayotga munosabatini o‘zgartirib yuboradi. U mamlakatda yuz berayotgan voqealarni, xalqning nochor ahvolini, millatning notavonligini jo‘shqin yosh millatparvar nigohi bilan tahlil qila boshlaydi. Turkistonning asorat ostidaligi, xalq orasidagi jaholat, iqtisodning tanazzuldaligi, millat uchun kuyinadigan kishilarning ozligi uni qayg’uga soladi, bezovta qiladi. Ana shu millat qayg’usi, kelajak uchun bezovtalik Hamzani umrining oxirigacha tark etmadi.
Yoshlik yillarini g’animat bilgan serg’ayrat Hamza doimo ilm olish uchun tinimsiz izlanishda bo‘ldi. Tahsilni davom ettirish uchun 1909-yilda Buxoroga borib yashadi. 1912-yilda haj amalini o‘tash, dunyo ko‘rib, kengroq bilim olish istagida Afg’oniston, Hindiston, Turkiya, Saudiya, Rossiya singari mamlakatlarning bir qator shaharlarida bo‘lib, Istanbulda o‘qish uchun to‘xtaydi. Lekin oilaviy sharoit taqozosiga ko‘ra uyiga qaytishga majbur bo‘ladi. Xalqni ma’rifatli ko‘rishni orzu qilgan, mavjud maorif tizimidan qoniqmagan Hamza bir necha marta turli joylarda bolalar va kattalar uchun maktablar ochadi. U maktablarning yangi pedagogik talablar asosida ish ko‘rishiga harakat qilardi.
Hamzaning maktablarida savod tez chiqarilgani uchun ham el orasida tez mashhur bo‘lib ketdi. Ammo turkistonliklarning chinakam savodli bo‘lishini istamagan chor amaldorlari yosh ma’rifatchining maktablarini zo‘rlik bilan yopib tashlab, undagi ashyolarni musodara qildilar. Bu haqda shoir 1926-yilning 25-avgustida yozgan tarjimayi holida shunday eslaydi: «1914-yillarning oxirlarida Marg’ilonda maktab ochdim. 8 oyga bormay Andreev ismindagi Skoblev maorif rahbari tomonidan majburiy yopildi. Undan yana Ho‘qand kelib, bir qancha o‘zimga yaqin kishilar to‘plab, ularning yordami bilan yo‘qsul bolalar uchun pulsiz o‘qitish maktabi ochdim. 20- 30, keyin 15-16 kishi bir oygina yordam berdilar, o‘zim 4 oycha davom ettugandan keyin, uyaz (ruscha tuman ma’nosidagi “uezd» so‘zining buzib aytilishi) nachalnigi tomonidan tintuv bo‘lib, yopildi. Lekin hech bir qanday qog’ozlarim qo‘liga tushmagani uchun qamalmay qutuldim».
Ko‘rdingizmi, aziz o‘quvchi! Hamza millatdoshlariga ma’rifat tarqatish uchun vaqtini ham, mablag’ini ham, jonini ham ayamagan. Ammo millat dushmanlari uning erkin faoliyat ko‘rsatishiga yo‘l bermaganlar. Ma’rifatchi shoir o‘zi ochgan yangi maktablar uchun yangicha yo‘nalishdagi o‘quv ashyolari kerakligini his etganligi sababli o‘sha yillarda boshlang’ich sinf o‘quvchilari uchun «Yengil adabiyot», «Qiroat kitobi» singari darslik va majmualar yaratgan. O‘z mablag’i hisobidan maktab ochib, uni kerakli zamonaviy o‘quv jihozlari bilan ta’minlab, maosh olmay ishlaganligiga qaramay, Hamza rus amaldorlari tomonidan siquvga olindi. Ammo shoir tanlagan yo‘lidan qaytmadi. Shoir 19l5-yilda Marg’ilonda «G’ayrat» kutubxonasini ochdi. U kutubxona yordamida kishilarga ma’rifat tarqatish maqsadida uning qoshida bosmaxona va nashriyot tashkil qilib, matbuot nashrlarini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘ldi.
Rossiyada 1917-yilning fevralida ro‘y bergan va podshoning taxtdan ketishiga sabab bo‘lgan to‘ntarishni Hamza quvonch bilan kutib oldi. U Turkiston hayotida katta o‘zgarishlar bo‘lishiga, xalq ozodlikka chiqishiga umid qildi. Shu yilning 27-noyabrida e’lon qilingan Turkiston Muxtoriyati bu umidni ishonchga aylantirdi. Keyinchalik shoir muxtorityatning qonga botirilganligini ko‘radi. Shoir 1917-yilning oktabrida sodir etilgan va jamiyatning kambag’al toifasini ham baxtli qilishga va’da bergan ikkinchi to‘ntarishni amalga oshirgan bolsheviklar xalqning hayotini yaxshilashga harakat qilar deb o‘yladi. Va ma’lum vaqt ularning g’oyalari ta’sirida bo‘lib, turli sho‘ro idoralarda xizmat qildi.
Hamza, qaerda bo‘lmasin, o‘z millatdoshlarining ma’rifatli, bilimli va qilish madaniy saviyasini yuksaltirishga harakat qildi. Shuning uchun ham aholining turli qatlamlari orasiga ko‘proq kirib borish, ularni zamonaviy ma’rifat va madaniyat yutuqlari bilan tanishtirishga harakat qildi. Uzoqni ko‘ra oladigan iste’dodli Hamza o‘zbek xalqi hayotiga yangicha maktabdan tashqari teatr ham kirib borishi zarurligini angladi. Mutaxassislarning aytishlaricha, Hamza o‘zbeklar orasidan birinchi bo‘lib, 1908-yildayoq sahna asari yaratgan: Shuningdek, uning bir qancha kuylarni notaga solgani, birinchilardan bo‘lib roman va opera yozgani ma’lumdir.
Zamondoshlarining eslashlaricha, Hamza qo‘shiqni o‘rniga qo‘yib kuylagan, ko‘plab milliy va Ovro‘po musiqa asboblarini mahorat bilan chala olgan, o‘zi yozgan qator pesalarga rejissyorlik qilgan, ularda asosiy rollarni o‘ynagan. Yangilikka o‘ch, tinim bilmas millatparvar shoir qilayotgan ishlar rus bolsheviklari hamda ularning ko‘nglini olish uchun o‘z millatiga xiyonat qilishga tayyor turadigan manqurt mahalliy ma’murlarga yoqmaydi. Shuning uchun u bir qarasangiz Buxoroda, goh Xorazmda, goh Toshkentda, yana Xorazmda, so‘ng Xo‘jaylida, undan keyin Qo‘qon va, nihoyat, 1925-yilning avgustidan ona yurti Farg’onaning Avval qishlog’ida yurishga majbur bo‘ladi.
E’tibor qilgan bo‘lsangiz, Hamza go‘yo surgun qilingan odamga o‘xshaydi. U hamisha Toshkent, Qo‘qon, Samarqand singari madaniy markazlardan yiroqda tutildi. Sho‘ro yillarida birorta kitobi nashr etilmadi. Hamma bitganlari yo qo‘lyozma holida, yoki vaqtli matbuot sahifalarida qolib ketdi. Sho‘ro hukumati Hamzani atay eng xavfli joylarga, qaltis ishlarga yuborar edi. Aks holda, Farg’ona vodiysi qishloqlarida kolxoz (kollektiv xo‘jalik)lar barpo etish xo‘jalik ishlaridan mutlaqo yiroq shoir odamga buyurilmagan bo‘lardi. Tinim bilmas shoir 1928-yilda yangi turmushni yo‘lga qo‘yish uchun Shohimardonga yuborildi. Shu yerda 1929-yil 18-martida Hamza yangi tuzum josuslari qutqusi bilan johil odamlar tomonidan vahshiyona tarzda o‘ldirildi.
Siz Hamzaning tarjimayi holini o‘qib bilib oldingizki, u hamisha maorif tarqatishni, xalqning farzandlariga bilim berishni o‘zining asosiy yumushi deb hisoblagan. Chunki shoir vatanparvar ziyoli, elsevar jadid sifatida ma’rifat vatan erkiga olib boradigan yolg’izgina yo‘l ekanligini yaxshi tasavvur etardi. Millatining farovon yashashini orzu qilgan, vatanda jaholat hukmronlik qilayotganidan qiynalgan shoir barcha baxtsizliklarning sababi ma’rifatsizlikda, odamlarning o‘qimaganligida, o‘qishga sharoitning yo‘qligida deb hisoblaydi. U birinchi sinf o‘quvchilari uchun 1914- yilda yaratgan «Yengil adabiyot» darsligida:
Maktab — millatni guli,
Millat aning bulbuli,
Maktabsiz qolgan millat
Boshqa chamanni quli…
deb yozgan edi. Millatni ma’rifatli ko‘rish Hamzaning deyarli barcha asarlaridagi asosiy fikr hisoblanadi. Ilmsizlik tufayli qoloqlik botqog’iga botgan Turkistonga, ona Vataniga shoir dard bilan murojaat qiladi:
Turgil, darddan jismingni sog’la, Turkiston,
Donish o‘tiga bag’ring dog’la, Turkiston.
Nodonlik uyqusida yotish, o‘z g’arib ahvoliga beparvolik, taraqqiyotning omili bo‘lmlsh ilmga intilmaslik – og’ir dard. She’rning lirik qahramoni Turkistonni loqaydlik to‘shagidan turishga, jismini ma’rifatsizlik deb atalmish kasallikdan qutultirishga undaydi. Shunday qilinsagina «Ma’rifatga yetmoqni chog’lash” mumkin: Shoir Turkiston deya o‘lkaga murojaat etganida, qism orqali umumni, ya’ni o‘lka aholisini ko‘zda tutadi. Shoir hayron: nega bizning millatimiz g’aflat uyqusini bunchalar suyadi, vahshiylikdan, ilmsizlikdan ne yaxshilik ko‘rdi ekanki, ulardan ajralgisi kelmaydi. Mana shu holatlar uni:
Yig’la, yig’la, Turkiston, yig’la, Turkiston,
Ruhsiz tanlar tebransun, yig’la, Turkiston…
deya nola chekishga majbur qiladi. Shoir shonli o‘tmishga ega Turkistonday o‘lkaning qanchalik ayanchli ahvolga tushib qolganligini quruq axborot tarzida aytib o‘tirmay, «yig’la» so‘zini takrorlash orqali o‘sha ahvolni ifodalovchi badiiy iqlim yaratadi. Yig’i shunday astoydil va kuchli bo‘lishi kerakki, «ruhsiz tanlar tebransun». O‘quvchi hayron bo‘lishi mumkin. Nega ruhsiz tan? Jonsizmi yoki ruhsiz? YO bu ikkalasi bir xil tushunchami? Allohga ko‘r-ko‘rona, shunchaki toat-ibodat qilish — ruhsizlik belgisi. Allohni ilm va ko‘ngil bilan tanishga intilgan, ertangi kunga umid bilan qaragan kishilardagina ruh bo‘ladi. Bu kelajakka ishonch ruhidir. Shoir talqinicha, Turkiston xalqi o‘zining ayanch ahvolidan shunchalar fig’on chekishi zarurki, bu fig’on, bu yig’i ruhdan mahrum, ya’ni umidsiz va hamma narsaga loqayd kishilarga ham ta’sir qilsin, tebrantirsin. Shu xildagi fikrlar shoirning “Yaxshi holin yo‘qotgan oqibatsiz Turkiston» deb boshlanuvchi she’riga ham xos. Yangilikka intilmasligi, loqaydligi tufayli qadimgi shuhratini yo‘qotgan Turkistonning g’aribligidan achchiq kuyinish natijasi sifatida yozilgan mazkur she’rda ota yurt Turkistonga, uning ma’rifatsiz xalqiga qarata achchiq ta’nalar aytiladi. Hamzaning shu she’ri, qaysidir darajada, kuyunchak farzandning aybnomasi hamdir. Shoir Turkistonning shon-shavkati olamga mashhur bo‘lgan zamonlarning o‘tib ketganidan qayg’uradi:
Esiz, esiz Turkiston, qani avvalgi holi?
Olamga ziyo bergan ul xurshidi iqboli?
Shoir yurtning istiqbolidan ham xotirjam emas. Shu ahvolda qolinsa, millat battar xor bo‘ladi. Shoir yurt kattalarini millatning uvoli tutmasmikin, deya o‘yga toladi. Uni qiynagan narsa shuki, xalqning ilmsizligi, o‘z haqqini tanimasligi, kashfiyotlarga intilmasligi sabab taraqqiyot yo‘q. Yurtni esa bir to‘da nobakor-u kelgindilar egallab olishgan:
Vatanga molik bo‘ldi nobakor-u to‘ng’izlar,
Oyoq ostida qoldi necha sandek dilso‘zlar.
Hamza ma’rifat orqali millatni ozodlikka chorlaydi, Vatanni bosqinchilardan ozod qilish uchun o‘zini, o‘zligini tanigan, g’ururli kishilar, yurtning chinakam egalari tarbiyalanishi kerakligini ta’kidlaydi. She’rda naqarot o‘rnida kelib, har banddan so‘ng takrorlanadigan:
Zulmat toshi yog’ilsa-da ko‘zi ochulmaz,
Ruhsiz tandur, xanjar ursa, qoni sochulmaz
misralarida shoirning kuyinishlari, alam-u iztiroblari juda ta’sirchan ifodalanadi.
Hamzaning «Dardiga darmon istamas» she’ri ham ruhi, mavzu yo‘nalishi bilan yuqoridagi asarlariga hamohang. Agar tilga olingan she’rlarning mundarijasi barcha Turkiston ahliga qaratilgan bo‘lsa, 1927-yilda yaratilgan «O‘zbek xotin-qizlariga» g’azali bevosita ayollarga qilingan murojaat tariqasida bitilgan. Asriy uyquda yotgan, zulm ostida ezilgan vatandoshlariga ozodlik xabarini yetkazishga bel bog’lagan, uni uyg’otishga ahd qilgan shoir bu asarida ham ma’rifat mavzusiga qo‘l uradi. Shoir jaholatga qul bo‘lganlar tomonidan islom dinining talablariga zid ravishda ilm olishdan chetlatilgan, shu sababli ijtimoiy hayotda mavqega ega bo‘lmagan ayollarga murojaat qilib, ularni ma’rifatga undaydi. G’azal shaklida bitilgan bu she’rda ayollarning holati obrazli tarzda ta’sirchan ifodalangan. Hamzaning she’rga yuklagan asosiy fikri ayollarni paranjidan chiqarishgina emas, balki ularni tom ma’noda ochish, ya’ni ongini oqartirish, aqlini peshlash, ruhini uyg’otish, ularda o‘zligini namoyish qilish istagini paydo etish. Shuning uchun ham g’azal:
Sen qachon maorifning dargohiga yo‘l topsang,
— Nurlarin olib ko‘zga surmayi Sulaymon qil,
degan xitob bilan yakunlanadi. Shoir bu she’rida ham jaholat bag’rini ilm tig’i birla qon qilishga umid bog’laydi. Hamza har qanday taraqqiyotning asosi millat vakillariga ilm o‘rgatishda ekanligini ko‘zda tutadi. Ilmning ahamiyatini, inson hayotida ma’rifat tutgan yuksak maqomni tasvirlashga yo‘naltirilgan adabiyot ma’rifatchilik adabiyoti hisoblanadi. O‘zbek adabiyotida juda qadim zamonlardan buyon ma’rifatni tarannum etishga alohida e’tibor berilgan. Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy singari ko‘p asrlar oldin yashab o‘tgan adiblar ham ma’rifatni ulug’lab asarlar yozganlar.



Download 77.46 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling