O‘zbek tilidagi shaxsiy yozishmalarda noadabiy unsurlarning hududiy xoslanishi


Download 17.08 Kb.
Sana18.06.2023
Hajmi17.08 Kb.
#1572428
Bog'liq
O‘zbek tilidagi shaxsiy yozishmalarda noadabiy unsurlarning hudu


To‘rayeva Dildora Anvarovnaning 10.00.11-Til nazariyasi. Amaliy va kompyuter linvistikasi ixtisosligi bo‘yicha “O‘zbek tilidagi shaxsiy yozishmalarda noadabiy unsurlarning hududiy xoslanishi” mavzusidagi filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiyasiga O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetidan
YETAKCHI TASHKILOT TAQRIZI

Dunyo tilshunosligida yuridik lingvistika atamasi XX asrning ikkinchi yarmida keng qo‘llanila boshlandi. Bu soha rus, ingliz tilshunosligida taraqqiyot darajasiga yetgan bo‘lib, 90-yillarda uning tarkibiy qismi sifatida lingvistik ekspertiza yo‘nalishi shakllandi. Lingvistik ekspertiza huquq va tilshunoslik sohalarining kesishuvi natijasida yuzaga kelgan bo‘lib, inson sha’ni, qadr-qimmatiga putur yetkazuvchi birliklarni til doirasida o‘rganuvchi tilshunoslikning amaliy yo‘nalishidir. Fan-texnika taraqqiyoti natijasida ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalayotgan muallifi noma’lum bo‘lgan va muammoli deb topilgan diniy-ekstremizm, terrorizm, turli yo‘nalishdagi tahdid va da’vat xarakteridagi, insoniyat ma’naviy ongiga salbiy ta’sir etuvchi yozishmalarning lingvistik ekpertizasi bo‘yicha dunyo tilshunosligida keng qamrovli tadqiqotlar olib borilmoqda. Bu anonim yozishmalar muallifini aniqlash, matnda plagiatlik holatlarini tekshirish, savdo belgisi, korxona nomlaridagi ko‘chirmachilikka oydinlik kiritish kabi muammoli vaziyatlarni tahlil qilishga imkoniyat yaratadi.


Shu nuqtai nazardan, tadqiqotning amaliy ahamiyati bugungi kunda ilmiy izlanish metodologiyasi sifatida qaralayotgan bo‘lsa-da, yaqin kelajakda fan sifatida taraqqiy etishi kutilayotgan amaliy tilshunoslikning lingvistik ekspertiza yo‘nalishini o‘qitish jarayonida dastur, rejalar tuzish hamda mavzularni bayon etishda nazariy va amaliy manba vazifasini o‘tashi, sud-huquq tizimida shaffof ekspertiza jarayonlarini tashkil etish va maxsus metodlarni qo‘llash bo‘yicha amaliy namuna bo‘la olishi bilan izohlanadi.
Avtoreferatda keltirilishicha, mamlakatimizda sud-huquq tizimiga oid qator tadqiqotlar mavjud. Ularning aksariyati sud tili, huquq tizimiga oid atamalar kabi mavzular doirasidadir. Ammo kun sayin sud-huquq tizimidagi munozaralarga sabab bo‘luvchi muammoli matnlar, anonim yozishmalarning lingvistik tahlili dolzarb masalaga aylanmoqda. Bunday yozishmalarni xatshunoslik ekspertizasi, psixologik ekspertiza kabi qator sohalar tahlilga tortishdi. Ammo muammoning to‘la va izchil yechimiga ehtiyoj sezila boshladi. Ya’ni inson qadr-qimmati, obro‘yi va nufuziga ta’sir etuvchi; tahqirlovchi; tahdid qiluvchi; oilasi, dini, millatiga qarshi kurashishga da’vat etuvchi kabi munosabatga ega yozishmalar muammoli obyektga aylanmoqda. Sud-huquq tizimida shu kabi qator muammolarni hal etishda tilshunoslik va huquqshunoslik fanlarining ilmiy-nazariy yechimlariga boʻlgan ehtiyoj yanada ortib bormoqda. Shaxsiy yozishmalarda nutqiy birliklarning semantik-sintaktik xususiyatlariga ko‘ra tahlilni amalga oshirish, shu orqali matn muallifini aniqlash yoki leksik birliklarning semantik darajalarini belgilash va uning inson haq-huquqlariga ta’sirini lingvistik jihatdan asoslash o‘zbek tilshunosligi hamda sud-huquqning ekspertiza sohasi uchun yangi tarmoq hisoblanadi va bu har ikki soha uchun ham birdek xizmat qiladi. Xatshunoslik ekspertizasining taraqqiyot bosqichi sifatida matn tahlili yozuvning shakliga qarab emas, balki nutqiy hosilalarning semantik-sintaktik xususiyatlari, nutq vaziyatiga muvofiqligi va birliklarning emotsional ta’sir kuchi kabi holatlarni lingvistik tahlil qilish orqali amalga oshadi. Bizningcha, amaliy tilshunoslik tarmogʻi sifatida shaxsiy yozishmalarda lingvistik ekspertizani amalga oshirish bugungi rivojlanayotgan asrimiz uchun dolzarb mavzulardan biridir.
Tadqiqotning “Shaxsiy yozishmalarda noadabiy unsurlarning qo‘llanishi. Shaxsiy yozishmalarda noadabiy leksik unsurlarning hududiy xoslanishi” deb nomlangan birinchi bobida shaxsiy yozishma tushunchasi, turi, tili haqida, shuningdek, o‘zbek tilidagi shaxsiy yozishmalarda noadabiy leksik unsurlarning lingvistik tahlil mohiyati, hududiy o‘ziga xosligi masalalari lingvistik tahlillar asosida yoritilgan.
Dissertatsiyaning “Shaxsiy yozishmalarda noadabiy grammatik unsurlarning qo‘llanishi hududiy xoslanishi” deb nomlangan ikkinchi bobida o‘zbek tilidagi shaxsiy yozishmalarda noadabiy grammatik unsurlarning qo‘llanishi va ularning hududiy xoslanishi masalasida lingvistik ekspertiza usullari, bosqichlari nazariy va amaliy jihatdan ochib berilgan.
“Shaxsiy yozishmalardagi noadabiy lug‘aviy shakllarning hududiy xoslanishi” deb nomlangan ikkinchi qismda esa amerikalik olimlar V. Milom, Makdonald, Perkinslarning ilmiy tadqiqotlaridagi tajribalariga asoslangan holda Qashqadaryo, Buxoro va Navoiy hududlaridan o‘rta ma’lumotli shaxslarning 5 ta mavzudagi yozishmalari asosida eksperimental tahlil o‘tkazilgan va shubhali birliklarning xususiyat katalogi tashkil etilgan. Bunday daliliy ma’lumotlar asosida xususiyat kataloglarini tashkil etish ekspertizaning aniq va tugal xulosa bilan yakunlanishiga yordam beradi.
Dissertatsiyaning “Shaxsiy yozishmalarda noadabiy fonetik unsurlarning xududiy xoslanishi” deb nomlangan uchinchi bobida ingliz, rus olimlarining tajribalaridan foydalangan holda turli konfliktli matnlarda lingvistik ekspertiza o‘tkazish jarayoni tajribalar asosida keltirilganligi hamda ekspert xulosalari shakllantirilgan.
“Shaxsiy yozishmalardagi noadabiy undosh tovushlarning hududiy xususiyatlari”deb nomlangan qismida O‘zbekiston Respublikasi xududida 2008 yilda yuz bergan odam o‘ldirish holatlaridan biri lingvistik va dialektologik tahlilga tortiladi. Mashhur tadbirkorning hayotiga oid jinoyat turi haqida so‘z boradi. Ushbu tahlil anonim yozishmalar yuzasidan bo‘lib, undagi kontekstual, sifat va miqdor, kvazisinonimik tahlil usullari sud-huquq tizimi uchun ancha qo‘l keladi.
Ishning yutuqlari sifatida quyidagilarni keltirish mumkin:

  1. Avvalo, tadqiqot mavzusi hozirgi kun sud-huquq tizimi hamda amaliy tilshunoslikda dolzarblik kasb etadi;

  2. Tadqiqot boblari bir-biri bilan izchil bog‘langan;

  3. Muallif yetarlicha manbalarga murojaat qilgan va ulardan unumli foydalana olgan;

  4. Ishning hajmi, mazmuni dissertatsiyaga qo‘yilgan talablarga javob beradi.

Shuningdek, tadqiqotda ayrim kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilgan:

  1. Lingvistik ekspertizada shaxsiy yozishmalarning barcha turlari qamrab olinmagan;

  2. Sarlavhalar ikkita gapdan tashkil topgan;

  3. Noadabiy unsur o‘rnida noadabiy til birliklari birikmasidan foydalansa ilmiy jihatdan ahamiyatliroq bo‘lar edi.

Xulosa qilib aytganda, dissertatsiya sof amaliy-ilmiy yangilikka ega. Lingvistik ekspertizaga aloqador ushbu dissertatsiya O‘zR Oliy Attestatsiya Komissiyasi talablariga to‘liq javob beradi. To‘rayeva Dildora Anvarovna filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olishga loyiq, deb hisoblayman.
Download 17.08 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling