O’zbekiston – diniy bag’ri kenglik diyori. Reja: Kirish. Diniy bag’rikenglikning jamiyat taraqqiyotida tutgan o’rni
Download 48.22 Kb.
|
O’ZBEKISTON – DINIY BAG’RI KENGLIK DIYORI.
- Bu sahifa navigatsiya:
- Foydalanilgan adabiyotlar
O’ZBEKISTON – DINIY BAG’RI KENGLIK DIYORI. Reja: Kirish. 1.Diniy bag’rikenglikning jamiyat taraqqiyotida tutgan o’rni. 2. O’zbekistonda dinlararo totuvlik umumbashariy qadriyat sifatida. 3. Dinlararo totuvlik va madaniyatlararo muloqot: O'zbekiston tajribasi. Xulosa. Din qadim-qadimdan insoniyat uchun zarur bo'lgan ma'naviy qadriyatlarni o'zida aks ettirib, ezgulik, mehr-oqibat, poklik, halollik, do'stlik va birodarlik g'oyalarini amalga oshirishga xizmat qilib keladi. Ko'pgina milliy qadriyatlarning zavol topmasdan yashab kelayotgani ham dinning ana shu xususiyatlari bilan bog'liq. Dunyodagi barcha dinlar ezgulik g'oyalariga asoslanadi. ular odamlarni to'g'rilik, soflik, shafqat va bag'rikenglikka undaydi, birovga ozor bermaslikka, yomon ishlardan tiyilishga, nafs ko'yiga tushib, adashmaslikka chaqiradi. Diniy bag'rikenglik g'oyasi barcha dinlarga xos ana shu umumiy tamoyillarni anglagan holda, ular o'rtasida hamkorlik o'rnatishga va shu tariqa butun insoniyatning orzusi bo'lgan adolat tantanasiga erishishga da'vat etadi. Dinlararo bag'rikenglik deb, xilma-xil din va mazhab egalarining bir-birining e'tiqodini o'zaro hurmat qilib, tushunib, yagona zamin, yagona vatanda, olijanob g'oya va niyatlar yo'lida hamkor va hamjihat bo'lib yashashiga aytiladi. Bugungi kunda dinlararo bag'rikenglikka erishish uchun ular o'rtasida madaniy muloqot, ezgulik yo'lidagi hamkorlik aloqalari yo'lga qo'yilmoqda. Ayniqsa, keyingi asrda insoniyat boshiga tushgan xatarlar — yadro urushi xavfi, ekologik halokatlar, terrorchilik va diniy ekstremizm kabi ofat-balolar dinlarni ezgulik, barcha insonlar uchun yagona bo'lgan sayyoramizni saqlab qolish yo'lida birlashish va hamkorlik qilishga undamoqda. Barcha dinlarning mohiyatini ezgulik, do'stlik va birodarlik, mehr-shafqat kabi tushunchalar tashkil qiladi. Aynan ana shu tushunchalar turli din vakillarini muloqotga, hamkorlikka da'vat etadigan umumiy zamin bo’lib xizmat qiladi. Bugungi kunda bashariyat bu haqiqatni tobora chuqurroq anglamoqda. Diniy bag'rikenglik g'oyasi muayyan jamiyatda, butun dunyoda turli din va mazhabga e'tiqod qiladigan xalqlar, odamlar o'rtasida do'stona aloqalarni o'rnatish, ularning kuchi va iste'dodini bunyodkorlik ishlariga safarbar etishga xizmat qiladi. Tinchlik va barqarorlikning muhim sharti bo'lgan bu g'oya bugungi kunda nafaqat dindorlar, balki butun jamiyat a'zolarining hamkorligini ham nazarda tutadi, hamjihatlikka erishishning muhim omillaridan biri hisoblanadi. Jamiyat – bu odamlar birlashuvining barcha shakllari va ularning o’zaro aloqalari va o’zaro ta’sirlalarining barcha usullari majmuidir. Jamiyat paydo bo’lgan beri din eng muhim ijtimoiy omillardan biri hisoblanadi. Dinning ijtimoiy fenomen sifatida talqin qilinishi, uning jamiyat hayotidagi real vazifalarini bajarishi hamda muayyan talablarga javob berishni anglatadi. Din ijtimoiy fenomen sifatida obyektiv omil sanalib, tashqi va majburiy tarzda kishilarga har qanday jamoatchilik instituti sifatida ta’sir o’tkazadi. Dinning jamiyatda bajaradigan bir qancha funksiyalar mavjud. Ba’zi mualliflar fikriga ko’ra dinning muhim funksiyalardan biri bu boshqaruv-nazorat funksiyadir. Din ham jamoatchilik ongining boshqa shakli sifatida kishilar xulq-atvoriga ta’sir ko’rsatadi. Din mazkur funksiyani muayyan qadriyat va me’yorlar tizimini yaratish asosida amalga oshiradi. Kishilar xulq-atvori boshqaruviga odat va an’analarni shakllantiruvchi diniy ibodatlar ham ta’sir ko’rsatadi. U ma’naviy va axloqiy qadriyat, marosim va udumlar tizimini o’z me’yoriga moslashtirib boradi. Boshqaruv-nazorat funksiyasining hayotiyligi muqarrardir. Mavjud funksiya doirasida asrlar davomida diniy axloq asoslari yaratilgan. Dinning ikkinchi muhim funksiyasi bu jipslashtiruvchi (integrativ) funksiyasidir.Dinning integrativ vazifasi jamiyat a’zolarini – ijtimoiy kelib chiqishi,mavqei, millati kabi xususiyatlaridan qat’i nazar – birlashtiruvchi kuchekanligida namoyon bo‘ladi. Integrativ yoki funksionalistik yondashuvning asoschilaridan biri E. Dyurkgeymning fikricha, din xuddi yelim kabi kishilarni umumma’naviy qadriyatlar, e’tiqod, urf-odat va an’analar asosida birlashtirishga, yaxlit bir majmuaga aylantirishga xizmat qiladi. E. Dyurkgeym, ayniqsa,diniy sig‘inish masalasiga alohida e’tibor beradi. Uningcha, din sig‘inish orqali jamiyatni bir butun qiladi, shaxsni ijtimoiy hayotga tayyorlaydi va itoat etishga undaydi, ijtimoiy yaxlitlikni mustahkamlaydi,an’analarni qo‘llab-quvvatlaydi, kishida qanoat hosil qiladi. Ushbu funksiyalarni to’liqligicha amalga oshirishi uchun jamiyatda birdamlik, hamjihatlik, o’zaro hurmat kabi umuminsoniy qadriyatlar shakllangan bo’lishi kerak. Bunday qadriyatlarni shakllantirishda esa diniy bag’rikenglik hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ayniqsa, ko’p millatlik mamlakatlarda dinlararo totuvlik va diniy bag’rikenglik jamiyat taraqqiyoti uchun birlamchi omillardan biri hisoblanadi. Diniy bag’rikenglik jamiyat hayotida rivojida betakror rol o’ynashi hech kimga sir emas. Bunga bir nechta sabablar bor. Jamiyat barqaror rivojlanishi va unda tinch-totuv hayot ta’minlanishi uchun davlat nafaqat chegaralar daxlsizligi, shu bilan birga mamlakat ichidagi etnik mojarolarni oldini olish uchun diniy bag’rikenglikka alohida e’tibor berishi zarurdir. Chunki mojarolarning eng xavfli va tez avj oladigan diniy va etnik mojarolar hisoblanadi. Ularning yechimi uzoq vaqt talab etishi mumkin. Ko’plab jamiyatlar bir nechta etnik guruhlarlardan, millatlardan tashkil topadi. Tabiiyki, ularning dinlari ham turlicha bo’ladi. Ana shunday jamiyatlarda eng ahamiyatli narsa shundan iboratki, insonlar bir-biriga nisbatan tolerantlik, diniy bag’rikenglikni namoyish etish, bir hududda yashab turgan boshqa xalqlarning urf-odatlarini, an’analarini hurmat qilishi ushbu jamiyat rivoji uchun asos bo’ladi. Bir mamlakatda istiqomat qilayotgan turli millatlar va elatlar orasidagi hamjihatlik, ahillik hamisha o‘sha yurt uchun muhim hayotiy omil hisoblanadi. Zero, XXI asrga kelib, ba’zi davlatlarda milliy-etnik munosabatlarda ziddiyatlarning yuzaga kelishi og‘ir oqibatlarga olib kelayotganini hammamiz yaqqol ko‘rib turibmiz. Shu boisdan turli millat va konfessiyalarga mansub millat va xalqlar baqamti yashaydigan davlatlarda bunday tahdidlarni bartaraf etish muhim vazifaga, hatto muammoga aylandi, desak xato bo‘lmaydi. Yurt tinch-osoyishta bo‘lishi, turli millatlar ahil yashashi uchun, albatta, eng avvalo millatlararo munosabatlarda bag‘rikenglik, bir millatni boshqasidan ustun qo‘ymaslik tamoyillariga amal qilish lozim. Ming shukurki, bu borada aholisi 31 milliondan ziyod, 130 dan ortiq millat va elat vakillari umrguzaronlik qilayotgan yurtimizga ko‘z tegmasin, deymiz. Eng muhimi, mustaqillik yillarida Vatanimiz xalqlari ahilligi va hamjihatligi yanada mustahkamlanib, turli millat vakillarida yagona Vatan tuyg‘usi shakllandi. Shubhasiz, buning bosh omili Mamlakatimiz Prezidenti Islom Karimov rahbarligida amalga oshirilayotgan izchil milliy siyosatdir. Shu o‘rinda istiqlol arafasidagi vaziyatni bir eslash kifoya. Farg‘ona va O‘sh voqealari, mitingbozlik, parokandalik, iqtisodiy tushkunlik, boshqa millat vakillarida qo‘rquv va hadiksirash. …Mamlakatda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash uchun siyosiy va iqtisodiy vaziyatni izga solish, millatlararo munosabatlarning barqaror tizimini yaratish, odamlarda ertangi kunga ishonch tuyg‘usini uyg‘otish zarur edi. Istiqlol yillari Vatanimizda yashayotgan turli xalqlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, teng huquqlilik va hamjihatlikni mustahkamlashga, uning qonuniy asoslarini yaratishga jiddiy e’tibor qaratildi. Ushbu tamoyillar O‘zbekiston Konstitutsiyasi va barcha qonunlarimizda aniq va qat’iy muhrlab qo‘yildi. Jumladan, Konstitutsiyamizning 4-moddasida O‘zbekiston davlati o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlashi, ularning rivoji uchun sharoit yaratishi alohida ko‘rsatib o‘tildi. 18-moddada esa mamlakatimizning barcha fuqarolari bir xil huquq va erkinliklarga egaligi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengligi belgilab qo‘yildi. Yaxshi bilamizki, Vatanimiz qit’alararo madaniy-tijoriy aloqalarni yaxshilashga xizmat qilgan Buyuk Ipak yo‘lining qoq markazida joylashgan, bu yerda azaldan jahoniy ahamiyatga molik savdo, madaniyat va fan o‘choqlari mavjud bo‘lgan, bu zaminda turli xalqlarning milliy an’analari va urf-odatlari o‘zaro uyg‘unlikda rivojlangan. Ko‘rinib turibdiki, o‘zbekona bag‘rikengligimizning ildizlari o‘sha qadim zamonlarga borib taqaladi va bu borada biz hamisha jahon ahliga namuna hamda o‘rnak bo‘lib kelganmiz. Xalqimiz tabiatan bag‘rikeng va saxovatpesha. Shu bois u Sho‘rolar zamonida qatag‘onu quvg‘inga uchragan ko‘plab millatlar vakillariga boshpana berdi, og‘ir damlarda bir burda nonini ular bilan baham ko‘rdi. Natijada koreys, nemis, polyak, yunon, qrim-tatar va boshqa ko‘plab millat vakillari o‘zbek elida muqim yashab qolishdi. Xalqimiz mehr-muruvvatidan har tomonlama bahramand bo‘lib, qadlarini qayta tiklashdi. Ularning zurriyotlari esa shu zaminda tug‘ildilar, shu yerda ta’lim-tarbiya olib voyaga yetdilar, shu go‘shada tomir otib, palak yoydilar, shu maskanda oilali va bola-chaqali bo‘ldilar, o‘zlariga yarasha obro‘-e’tibor topdilar. Ular uchun O‘zbekiston chinakam ona-Vatan bo‘lib qoldi. — Yurtboshimiz tashabbusi bilan 1992 yili Respublika baynalmilal madaniyat markazi tashkil etildi. — Uning asosiy vazifasi millatlararo munosabatlarni yanada takomillashtirishga, mamlakatimizdagi turli millat va elatlar vakillarining milliy-ma’naviy ehtiyojlarini qondirishga, har bir millatga xos urf-odat va an’analarni saqlab qolishga ko‘maklashishdan, keng jamoatchilikning bag‘rikenglik tamoyillarini qaror toptirishga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat qilib belgilandi. O‘shandan buyon u 140 ga yaqin milliy madaniy markazlar faoliyatini muvofiqlashtirib, ularga tashkiliy va uslubiy yordam ko‘rsatib kelayotir. N.Muhammadievning ta’kidlashicha, o‘tgan davr mobaynida Toshkentda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik, milliy g‘oya va xalqlararo do‘stlik, tinchlik va barqarorlik mavzulariga, huquq, burch va mas’uliyat masalalariga, Bosh Qomusimiz targ‘ibotiga doir talay seminarlar, ilmiy-amaliy anjumanlar, davra suhbatlari va muloqotlar uyushtirilgan. Istiqlol yillarida millatlararo totuvlikni mustahkamlash borasida erishilgan yutuqlar “O‘zbekiston — umumiy uyimiz” albom-kitobi, “O‘zbekiston Konstitutsiyasi — buyuk kelajagimiz kafolati”, “Mustaqil O‘zbekistonda millatlararo munosabatlar rivoji”, “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” singari to‘plamlarda yaqqol aks ettirildi. Bunday egu ishlarni ro‘yobga chiqishida nufuzli davlat va jamoat tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qilinayotir. Pirovardida, markaz O‘zbekistonda yashayotgan turli millat farzandlari uchun sevimli go‘sha, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘ziga xos do‘stlik koshonasiga aylandi. Darhaqiqat, ayni paytda o‘rta va oliy ta’lim muassasalarida o‘quv dasturlari 7 tilda — o‘zbek, qoraqalpoq, rus, tojik, qozoq, turkman va qirg‘iz tillarida olib borilmoqda. Xususan, yurtimizda 9618 ta maktab bo‘lsa,ulardan 359 tasida qoraqalpoq, 799 tasida rus, 251 tasida tojik, 396 tasida qozoq va 56 tasida qirg‘iz va 47 tasida turkman tillarida darslar olib borilmoqda. Maktab va oliy o‘quv yurtlari uchun darsliklar nashr etish esa davlat tomonidan moliyalanadi. Aksariyat madaniyat markazlarida faoliyat yurituvchi yakshanba kungi maktablar va to‘garaklarda o‘sha millat vakillarining ona tili va boshqa tillar, madaniyati, tarixi, san’ati va milliy an’analari o‘rgatiladi. Ayni paytda arman, yahudiy, polyak, tatar, litva, grek, xitoy va koreys markazlarida bu borada qizg‘in faoliyat olib borilmoqda. Har yili baynalmilal markazda o‘zbek, koreys, xitoy va ingliz tillari bo‘yicha tanlovlar muntazam o‘tkazib kelinadi. Mamlakatimizda radio va televidenie o‘z eshittirishlari va ko‘rsatuvlarini bir necha tillarda uzatadi. Shuningdek, 10 dan ortiq tillarda gazeta va jurnallar nashr etilmoqdaki, bunga tojik tilidagi «Ovozi tojik», qozoq tilidagi «Nurli jol», arman tilidagi «Apaga», koreys tilidagi «Kore Sinmun» gazetalari misol bo‘la oladi. Milliy madaniy markazlarning ezgu sa’y-harakatlari tufayli yurtimizdagi aksariyat xalqlarning yangi yil, dalaga qo‘sh chiqarish, ekin-tikin mavsumi bilan bog‘liq azaliy rasm-rusumlari, hosil va gul bayramlari qayta tiklandi. Jumladan, ruslarning maslenitsa, gruzinlarning rtveli, chinlarning chuntsze, koreyslarning ovol-tano va sollar, uyg‘urlarning sayil, boshqird va tatarlarning sabanto‘y, qrim tatarlarning xederlez, armanlarning vardavar, yahudiylarning rosh-a-shana singari ayyomlari har yili nishonlanib kelinmoqda. Bu muayyan millat madaniyatini rivojlantirish bilan bir qatorda, yoshlarimizni boshqa xalqlar madaniyatiga hurmat ruhida tarbiyalashda ham muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz. Tabiiyki, diyorimizda umrguzaronlik qilayotgan turli millat vakillari o‘zlariga ko‘rsatilayotgan beqiyos g‘amxo‘rliklarga javoban davlat boshqaruvi ishlarida, ijtimoiy-iqtisodiy hamda madaniy hayotda faol va erkin qatnashmoqdalar. Chunonchi, bugungi kunda senat a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatlari, yirik korxona va tashkilotlar rahbarlari orasida ham turli millat vakillarini ko‘rib turibmiz. Shahar-qishloqlarimizdagi ko‘plab o‘zini-o‘zi boshqarish organlariga esa rus, tatar, qirg‘iz, qozoq, ukrain, arman, tojik va boshqa millatga mansub oqsoqollar rahbarlik qilishayapti. Shuni mamnuniyat bilan aytish kerakki, mamlakatimizdagi millatlararo totuvlik va barqarorlik xorijlik siyosatchilar tomonidan yuksak baholanmoqda. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining oz sonli millatlar bo‘yicha sobiq Oliy Komissari Knut Vollebek Baynalmilal madaniyat markazida bir necha bor mehmon bo‘ldi. U yurtimizda turli millat vakillariga o‘qish, o‘z madaniyatlarini rivojlantirish borasida yaratilgan sharoitlarni ko‘rib, bu tajribani boshqa davlatlarga ham yoyish kerak, degan fikrni bildirdi. Albatta, bu bejiz emas. Dunyoda milliy-etnik munosabatlar tobora murakkablashib, hatto eng ilg‘or davlatlarda ham oz sonli millat vakillarini kamsitish, xo‘rlash va siqib chiqarish holatlari kuzatilayotgan davrda turli millat va elat vakillari yagona oiladek ahil va inoq yashayotgan O‘zbekiston chindan ham boshqalarga namuna bo‘lishga munosib. Vashingtondagi J.Xopkins nomli universitet qoshidagi Markaziy Osiyo va Kavkaz institutining yetakchi eksperti Aftab Qazi shunday deydi: «Men katta ishonch bilan aytamanki, O‘zbekiston jahondagi eng bag‘rikeng mamlakatdir». Misrdagi yetakchi nashrlardan «Al-Axbor» gazetasi «O‘zbekiston: milliy totuvlik tajribasi» maqolasida «O‘zbekistondagi millatlararo tinchlikni ta’minlash modeli eng yuksak bahoga loyiq. U arab dunyosi uchun yaxshi namuna bo‘lishi mumkin», deb yozsa, «Diniy bag‘rikenglik va millatlararo hamjihatlik bobida O‘zbekiston Frantsiya uchun ham namuna bo‘lishi mumkin», deb ta’kidlaydi Versal shahri meri, Frantsiya parlamenti quyi palatasi — Milliy assambleya deputati Eten Pinte. Bunday samimiy dil izhorlari va xolis e’tiroflar har birimizning qalbimizga g‘urur bag‘ishlashi tabiiy. O‘z navbatida, bu zimmamizga umrboqiy qadriyatlarimiz, ayniqsa, olijanoblik va bag‘rikenglik kabi insoniy fazilatlarni asrab-avaylash mas’uliyatini ham yuklaydi. O‘zini shu tabarruk zamin farzandi deb bilgan boshqa yurtdoshlarimizni ham buyuk kelajagimiz yo‘lida birlashishga undaydi. Barchamizni yagona Vatanimiz hisoblanmish O‘zbekistonning baxt-iqboli va istiqboli uchun qayg‘urishga, ajdodlarimizga munosib vorislar bo‘lishga, milliy qadriyatlar va an’analarni mudom takomillashtirib, uni kelgusi avlodlarga meros qilib qoldirishga chorlaydi. Insoniyat uchun eng katta boylik tinchlikdir, tinchlikning manbai esa ahillik va hamjihatlikdir. O‘zaro totuvlik va do‘stlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tamoyillari barqaror go‘shadagina inson emin-erkin yashaydi, har qanday orzusiga erishadi. Shu jihatdan qaraganda, bizning eng katta boyligimiz, eng asosiy yutug‘imiz, Yurtboshimiz uqtirganidek, avvalo, Vatanimiz osmonining musaffoligi, jamiyatimizda hukm surayotgan millatlar va fuqarolararo ahillik va hamjihatlik, do‘stlik va birdamlik muhitidir. Bunday bebaho ne’matlarning qadriga yetish hamda turli millat va elatlar vakillari bir oila farzandlaridek ahil-inoq yashayotgan Vatanimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, kimligimizdan qat’i nazar, barchamizning muqaddas burchimizdir. Dunyoda globallashuv jarayoni shiddatli tus olgan bugungi kunda turli madaniyat va dinga mansub xalqlar o‘rtasida o‘zaro muloqot va hamkorlikni rivojlantirish dolzarb ahamiyatga ega. Zero, bugun yakka shaxs yoki alohida millat va davlatning o‘z qobig‘idan chiqmasdan taraqqiy etishi tasavvurga sig‘maydi. Bunda esa, avvalo, bag‘rikenglik tamoyili ustuvor bo‘lmog‘i zarur. O‘z navbatida, mazkur tamoyilning qaror topishi har qanday davlatning tinch, osoyishta va farovon hayotiga ham kafolatdir. Darhaqiqat, O‘zbekiston zaminida azaldan islom dini bilan yonma-yon boshqa dinlar, madaniyatlar ham yashab, rivojlanib kelgan. Asrlar davomida yirik shaharlarimizda masjid, cherkov va sinagogalar mavjud bo‘lgani, turli millat va dinga mansub qavmlarning o‘z diniy amallarini erkin ado etib kelayotgani buning tasdig‘idir. Tariximizning eng murakkab, og‘ir davrlarida ham ular o‘rtasida diniy asosda mojarolar bo‘lmagani xalqimizning diniy bag‘rikenglik borasida katta tajriba to‘plaganidan dalolat beradi. Yurtimizda bag‘rikenglik va murosaning ildizlari uzoq asrlarga borib taqaladi. Mamlakatimiz hududida faoliyat ko‘rsatgan turli dinlar madaniyati bo‘yicha izlanishlar qilgan yapon olimi Kyudzo Katoning ta’kidlashicha, Surxondaryo vohasidagi noyob budda madaniyati va yahudiy yodgorliklari, Buxorodagi nasroniylar ziyoratgohlari yurtimizdagi islom obidalari bilan bir qatorda turishi hech kimni ajablantirmaydi. Jahondagi dinlarning barchasi ezgulik g‘oyalariga asoslanadi va yaxshilik, tinchlik, do‘stlik kabi xususiyatlarga tayanadi. Din odamlarni halollik va poklik, mehr-shafqat, birodarlik va bag‘rikenglikka da’vat etadi. Aksariyat dinlar bu dunyoni foniy, o‘tkinchi deb hisoblaydi. Ular insonning yashashdan asl maqsadi bu dunyoda xayrli, savob ishlar qilish, degan g‘oyani targ‘ib etadi. Barcha dinlarda inson hayotining mohiyati, mazmuni, kishilar o‘rtasidagi siyosiy-huquqiy, axloqiy munosabatlarni tenglik va adolat mezonlari asosida o‘rnatish o‘z aksini topgan. Xususan, yahudiylar jamoasi vakillaridan biri R.Bensman shu haqda to‘xtalar ekan, Buxoroda dastlabki sinagoga VIII asrdayoq qurilgani, boshqa din vakillari bilan bir qatorda o‘z dinlariga erkin e’tiqod qilish uchun o‘sha paytda ham sharoit yaratib berilganini ta’kidlab: “O‘rta asr Yevropasi va Vizantiya imperiyasidan quvg‘in qilingan yahudiylik Markaziy Osiyoda boshqa dinlar bilan bir xil huquqqa ega edi”, deb yozadi. Shu o‘rinda arxiyepiskop Vladimirning fikrlarini ham keltirish joiz deb bildik: “XIX asrda Rossiyaning markaziy mintaqalaridan majburlab ko‘chirilgan dehqonlar nochor ahvolga tushib qolganda mahalliy aholi ularga har tomonlama yordam ko‘rsatgan. O‘sha davr voqealarini ko‘rgan iyeromonax Xariton “...Mahalliy aholi nochor ko‘chmanchilarga rahmdillik bilan munosabatda bo‘ldilar, busiz ularning ko‘pchiligi ochlik va muhtojlikdan o‘lib ketgan bo‘lar edilar”, deb guvohlik bergan”. Turkiston yerlariga kirib kelgan rus pravoslav ruhoniylari asosiy e’tiborni missionerlik faoliyatiga emas, balki o‘z jamoalarining diniy ehtiyojlarini qondirishga qaratgan. Pravoslavlar cherkov qurganida mahalliy musulmon aholi ham yordam ko‘rsatgani ma’lum. Masalan, Toshkent viloyatining Chirchiq shahridagi Muqaddas Georgiy ibodatxonasi qurilishiga mahalliy imom va savdogarlar moddiy ko‘mak bergan. Bu holat ushbu dinlar vakillari orasidagi o‘zaro hurmat o‘sha davrlarda ham mustahkam bo‘lganiga dalil bo‘la oladi. Tarixiy manbalarda O‘zbekistonda diniy va etnik munosabatlar asosida biror marta nizo chiqmagani qayd qilingan. Bunday holatni hozir islom, xristian, yahudiy dinlari va boshqa konfessiyalarning o‘zaro munosabatlari misolida ham ko‘rish mumkin. Bu kabi do‘stona munosabatlar, ya’ni musulmonlar boshqa din vakillarining O‘zbekiston zaminida hamnafas bo‘lib yashashi diniy-ma’naviy totuvlik timsoli va barcha din vakillariga nisbatan bag‘rikenglikning eng yaxshi namunasi, deb aytishimiz mumkin. Abu Rayhon Beruniy “Hindiston” asarida: “Biron xalqning u yoki bu udumlariga baho berishda bunisi menga yoqadi, unisi yoqmaydi, deyishga hech kimning haqqi yo‘q. Negaki, har bir xalq udumlari, an’analari ming yillar davomida shakllangan va o‘sha millatning hayot tarziga aylangan”, deb yozgan edi. Buyuk ajdodimizning ushbu so‘zlari insoniyatning bir butunligi va taraqqiyotini belgilab beruvchi omillardan biri — madaniy turli-tumanlikka munosabatning o‘ziga xos shakli bo‘lib, bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikning mohiyatini anglashda muhim ahamiyatga ega. Hozir yurtimizda turli millat va elat vakillarining diniy urf-odatlari, an’analari va qadriyatlarini saqlab qolish hamda bag‘rikenglik tamoyillarini ta’minlash uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilgan. Muhimi, bag‘rikenglik xalqimizning azaliy qadriyatiga aylanganini butun jahon e’tirof etmoqda. 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida diniy bag‘rikenglikni taʼminlash sohasida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirildi. BMT Bosh Assambleyasi 2018-yilning 12-dekabr oyida o‘tkazilgan yalpi majlisda «Maʼrifat va diniy bag‘rikenglik» deb nomlangan maxsus rezolyutsiyani qabul qildi. O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan hujjat loyihasi BMTning barcha aʼzo davlatlari tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi. Mazkur rezolyutsiyani qabul qilish tashabbusi 2017-yil sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasining Nyu-Yorkdagi 72-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan ilgari surildi. 2018-yil 16-apreldagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3668-sonli Qaroriga muvofiq Qo‘mita huzurida faoliyat yuritadigan jamoatchilik-maslahat organi hisoblanmish Konfessiya ishlari bo‘yicha kengashning yangi tarkibi tasdiqlandi. Kengash tarkibi 9 tadan 17 ta aʼzoga – O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan diniy konfessiyalar vakillari hisobiga kengaydi. 2018-yilning 16-aprelida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev «Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5416-sonli Farmonni imzoladi. Mazkur hujjat O‘zbekistonda diniy taʼlim tizimining uzluksizligini taʼminlashga qaratilgan: boshlang‘ich bosqichdan (o‘rta maxsus islom taʼlim muassasalari yoki madrasalar) tortib, to oliy va undan keyingi diniy taʼlimgacha. 2019-yil 4-sentabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-4436-sonli qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha Qo‘mitaning Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston yoshlar Ittifoqi, O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi bilan jamiyatda vijdon erkinligi va diniy-maʼrifiy muhit barqarorligi kafolatlarini taʼminlash maqsadida mustahkam va doimiy hamkorlikni nazarda tutuvchi yangi tizim joriy etildi. Bundan tashqari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tarkibida ayollar bilan ishlash bo‘limi tashkil etildi, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi ishlarni nazorat qiluvchi rais o‘rinbosari lavozimi ham joriy etildi. Xotin-qizlar o‘rtasida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika targ‘ibot guruhi tashkil etildi. O‘zbekiston Islom akademiyasi va Toshkent Islom universiteti negizida O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasi tashkil etildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida Akademiya tarkibidagi malaka oshirish Markazi hududiy filiallari tashkil etildi. O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasi huzurida “Ziyo” media-markazi tashkil etilib, u ajdodlarimizning diniy-ilmiy merosini keng targ‘ib qilish, dinning haqiqiy insonparvarlik maqsadini hamda diniy-maʼrifiy hayotda sodir bo‘layotgan yangiliklardan keng jamoatchilikni xabardor qilib borishni taʼminlovchi asosiy media-tuzilma hisoblanadi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etildi. Uning asosiy vazifasi masjidlar, ziyoratgohlar, muqaddas qadamjolar va shu kabi boshqa obyektlarning rekonstruksiyasini moliyalashtirish, ularni moddiy-texnik bazasini yaxshilash hamda ushbu soha xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir. 2018-yilning yanvar-aprel oylarida Respublika miqyosida bir necha bosqichdan iborat (tuman, shahar, viloyat, respublika) Qurʼoni karim tilovati bo‘yicha qorilar ochiq musobaqasi tashkil etilib, unda 5 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashdi. O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etildi. Viloyatlarda kalom, hadis, fiqh, aqida ilmi va tasavvufni o‘rganishga ixtisoslashgan beshta ilmiy maktab ochildi. Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan O‘zbekistonda Markaziy Osiyo musulmon mutafakkirlarining jahon sivilizatsiyasi rivojidagi roliga bag‘ishlangan 10 dan ortiq kitob va risolalar tayyorlandi. Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Imom Termiziy, Hakim Termiziy va termizlik boshqa olimlarning 20 dan ortiq asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilindi. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Nasafiy, Alouddin Usmondiy, Saffar Buxoriy va h.k. kabi ulug‘ allomalar asarlarining aksariyati tarjima qilinib, 50 dan ziyod kitob nashr etildi. Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasida jami 2276 ta diniy tashkilot va 16 ta diniy konfessiya faoliyat yuritib kelmoqda. Shulardan 2093 tasi musulmon tashkiloti, 166 ta xristian tashkiloti, 8 ta yahudiy jamoasi, 6 ta Baxoiylik jamiyati, 1 ta krishnachilar jamiyati va 1 ta budda ibodatxonasi, shuningdek, O‘zbekiston konfessiyalararo Bibliya jamiyati ham faoliyat ko‘rsatmoqda. 2019-yilda O‘zbekistonda 10 ta yangi jome masjid ochildi, natijada masjidlarning umumiy soni 2066 taga yetdi. Bundan tashqari, mamlakat miqyosida 46 ta jome masjid binosi butunlay qaytadan bunyod etilib, 225 ta masjid kapital taʼmirdan chiqarildi. 2018 yilda esa respublikada 13 ta jome masjidi qayta ochildi, 39 tasi yangi qurildi va qariyb 100 tasi qayta taʼmirlandi. O‘zbekistonda Toshkent Islom universiteti, «Mir Arab» oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, 9 ta madrasa, jumladan, 2 ta ixtisoslashtirilgan xotin-qizlar o‘quv yurti, Toshkent pravoslav seminariyasi, Toshkent xristian seminariyasi kabi diniy taʼlim muassasalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Mustaqillik yillarida 308 ming nafar musulmon Saudiya Arabistoniga ziyorat uchun borgan bo‘lsa, shulardan 130 ming kishi “Haj”, 178 ming kishi esa “Umra” amalini bajarishga muvaffaq bo‘lgan. 2,5 ming xristian va yahudiylar Isroil, Rossiya, Turkiya, Italiya, Gruziya va Yunoniston kabi davlatlarning muqaddas diniy qadamjolariga tashrif buyurganlar. 2019-yildan eʼtiboran O‘zbekiston fuqarolari uchun “Umra” ziyoratlari kvotasi bekor qilindi. 2018-yildan boshlab “Umra” safari kvotasi 6 000 dan 10 000 ga oshirildi. Bugungi kunga kelib “Umra” qiluvchi fuqarolar soni 30 000 ga yetdi, “Haj” esa 5000 dan 7,200 ga ko‘paydi. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ekstremizmga qarshi kurashish chora-tadbirlarini amalga oshirishdagi yondashuvlar konseptual jihatdan qayta ko‘rib chiqildi. Bunda asosiy eʼtibor aholi o‘rtasida profilaktika va tushuntirish ishlariga qaratildi. Ushbu sohada amalga oshirilayotgan barcha saʼy-harakatlar «Jaholatga qarshi maʼrifat» degan ezgu g‘oyaga asoslangan. 2018-yilning sentyabr oyida terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlarga adashib aʼzo bo‘lib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod qilish tartibi tasdiqlandi. Ilgari to‘g‘ri yo‘ldan adashgan va o‘z xatti-harakatlariga chin dildan pushaymon bo‘lgan fuqarolarga maʼnaviy-axloqiy burchlarini ado etish uchun jamiyat va o‘z oilalariga qaytish imkoniyati beriladi. Diniy ekstremistik oqimlarga aloqador shaxslarni reabilitatsiya qilishning muhim qadamlaridan biri, bu ularga nisbatan avf etish aktlarini qo‘llash bo‘ldi. 2020-yil 3-4-mart kunlari Samarqand shahrida “Imom Moturidiy va moturidiya taʼlimoti: o‘tmish va bugun” mavzusidagi xalqaro konferensiya tashkil etildi. Xulosa Xulosa shuki, "O’zbekiston-umumiy uyimiz", "Vatan yagonadir", "Bag’rikenglik - o’zbek xalqining buyuk fazilati","O’zbekiston - bag’rikeng diyor", "Diniy e’tiqodlar - tinchlik xizmatida"kabi iboralar bejizga aytilmaydi. Bu g’oya xalqimizning, millati, dinidan qat’i nazar, shu yurtda yashayotgan har bir insonning hayotida mustahkam o’rin egallaydi. Tobora globallashib va murakkablashib borayotgan bugungi davrda hayotning o‘zi bizga turli millat, e’tiqod va din vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamjihatlik hukm surgan sharoitdagina umumiy bo‘lgan O’zbekiston har millatimizning kelajagini ta’minlashga erishish mumkinligini ko‘rsatib turibdi. O‘zbekistonning bu borada olib borayotgan oqilona siyosati yurtimizning ravnaqi, yurt tinchligi, xalq farovonligi kabi umummilliy g‘oyalarni barcha yurtdoshlarimiz bilan hamkor va hamjihat bo‘lib amalga oshirishimizda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, necha ming yillik tariximiz shundan guvohlik beradiki, dinlararo totuvlik, insonparvarlik, millatlararo totuvlikka intilish xalqimizning eng yuksak fazilatlaridandir. Mustaqillik bizga ana shu ezgu an’analarni izchil davom ettirish va avloddan avlodga yanada mukammal bo‘lib o‘tishini ta’minlash imkonini beradi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1.https:// www.president.uz. 2. https:// www.lex.uz. 3.https:// www.Ziyonet.uz. 4. https:// www.ziyouz.com. 5. https:// www.diss.natlib.uz. 6. http://library.academy.uz. 7. http//e-adabiyot.uz 8. http//e-tarix.uz Download 48.22 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling