Analogiya’ning chin bo‘lish shartlari.
Analogiya’ni turlarga ajratganda xulosaning aniqlik darajasiga ham e’tibor beriladi. Shu jihatdan analogiya’ni qat’iy (aniq), qat’iy bo‘lmagan, noaniq va xato analogiyaga ajratamiz. Qat’iy analogiya’ning o‘ziga xos xususiyati shundaki, ko‘chirilayotgan va o‘xshatilayotgan belgilar o‘rtasidagi aloqa zaruriy bo‘ladi. Aniq fanlardagi modellashtirishda fikr qat’iy analogiya shaklida yuritiladi.
Qat’iy bo‘lmagan analogiyada o‘xshash bo‘lgan va ko‘chirilayotgan belgi o‘rtasidagi zaruriy aloqa ehtimollik darajasiga ega bo‘ladi. Ijtimoiy, tarixiy voqealarni o‘rganishda va aniq, tabiiy fanlarda ilmiy tadqiqot ishlari olib borilganda fikr yuritish qat’iy bo‘lmagan analogiya tarzida bo‘ladi. Masalan, nemis olimi Shpenglerning ta’kidlashicha, jamiyat ham tirik organizmlar kabi to‘rtta rivojlanish bosqichini bosib o‘tadi. Bular: paydo bo‘lish, rivojlanish, yetuklik davri va yemirilish davri.
Analogiya bo‘yicha chiqariladigan xulosaning aniqlik darajasini oshirish uchun, ya’ni xulosaning chin bo‘lish ehtimolini oshirish uchun ma’lum shartlarga rioya qilish zarur. Bular quyidagilardan iborat:
Taqqoslanayotgan predmetlarning o‘xshash belgilari imkoni boricha ko‘proq aniqlanishi lozim. Shunda xulosaning chinlik darajasi, chin xulosa chiqarish imkoni ortadi.
Taqqoslanayotgan predmetlarning o‘xshash belgilari predmetlar uchun muhim belgilar bo‘lishi kerak. Shunda xulosa chin fikrga yaqinlashadi.
Taqqoslanayotgan predmetlarning ko‘chirilayotgan belgisi bilan boshqa belgilari zaruriy aloqada bo‘lishi kerak. Shunda xulosaning ishonarli, aniq bo‘lish shartlari bajarilgan bo‘ladi.
Taqqoslanayotgan predmetlarning ko‘chirilayotgan belgisi bilan o‘xshash belgilari bir turda bo‘lishi kerak.
Taqqoslanayotgan predmetlarning farq qiluvchi belgilari miqdori kam bo‘lishi va bu belgilar zaruriy, muhim bo‘lmasligi shart. Agar predmetlar muhim, zaruriy belgilari bilan bir-biridan farq qilsa, analogiya’ning xulosasi xato bo‘ladi.
Yuqoridagi qoidalarning buzilishi yolg‘on analogiyaga, ya’ni xulosaning xato bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |