Xulosa chiqarish bilan bog‘liq xatolar
Fikr yuritish jarayonida eng ko‘p uchraydigan mantiqiy xatolar xulosa chiqarish bilan bog‘liq. Bunga sabab xulosa chiqarishning har bir turiga xos bo‘lgan qoidalarni bilmaslikdir. Shunday xatolardan ba’zilarini ko‘rib chiqamiz.
Umumiy mulohazalarga asoslanib (sillogistik) xulosa chiqarishda keng tarqalgan xatolardan biri sillogizm I figurasining qoidasi buzilishining natijasida vujudga keladi. Bunga ko‘ra, I figura bo‘yicha kichik asos inkor mulohaza bo‘lganda hosil qilingan xulosa noaniq (ko‘pincha xato) bo‘ladi. Masalan:
Hamma advokatlar yuristdir.
Bu kishi advokat emas.
Bu kishi yurist emas.
Xulosaning noaniq bo‘lishiga sabab, yuristlar faqat advokat emas, balki o‘qituvchi yoki olim bo‘lishlari ham mumkin.
Yana bir xato sillogizm II figurasi qoidasi buzilishining natijasida vujudga keladi. Masalan:
Hamma okulistlar shifokordir.
Bu ayol shifokor.
Bu ayol okulistdir.
Shifokorlar faqat okulist (ko‘z shifokori) emas, balki stomatolog, kardiolog, xirurg bo‘lishlari ham mumkin.
Yakka mulohazalarni umumlashtirib (induktiv) xulosa chiqarishda eng ko‘p uchraydigan mantiqiy xato “undan keyin, demak, shu sababga ko‘ra”, deb ataladi. Bu xato oldinma-ketin kelgan hodisalarning hammasida avvalgisi sabab, keyingisi oqibat bo‘ladi, degan fikrga asoslanish natijasida yuzaga keladi.
O‘xshatish (analogiya)ga asoslanib xulosa chiqarilganda, taqqoslanayotgan hodisalarning nomuhim belgilari asos qilib olinsa, mantiqiy xatoga yo‘l qo‘yiladi. Masalan:
Aziza va Robiya bir sinfda o‘qiydi, yoshlari va bo‘ylari teng.
Aziza ingliz tilini yaxshi biladi.
Demak, Robiya ham ingliz tilini yaxshi biladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |