Isbotlash bir mulohazaning chinligini u bilan bog‘liq boshqa chin mulohazalar yordamida asoslashdan iborat bo‘lgan mantiqiy amaldir. Uning tarkibi uch elementdan tashkil topgan: tezis, argumentlar (asoslar), isbotlash usuli – demonstratsiya.
Tezis – chinligi asoslanishi lozim bo‘lgan mulohaza, u isbotlashning markaziy figurasi hisoblanadi; butun diqqat-e’tibor uning chinligini ko‘rsatishga qaratiladi. Tezis bir mulohazaning o‘zidan yoki mulohazalar tizimi, yoki teoremalar, yoki aniq faktlarni umumlashtirish natijalari, yoki hodisalarning sababini ko‘rsatuvchi mulohazalardan iborat bo‘ladi.
Argumentlar – (lot. argumentum – isbot asosi) – dalillanishi (isbotlanishi) talab qilingan tezis (mulohaza, nazariya)ni asoslash uchun keltiriladigan bir yoki undan ortiq mulohazalardir. Argumentlar sifatida faktlarni qayd qiluvchi mulohazalar, ta’riflar, aksiomalar, teoremalar, qonunlar hamda boshqa empirik va nazariy umumlashmalar xizmat qiladi. Argument sifatida keltirilgan faktlar, albatta, o‘zaro bog‘langan va tezisning mohiyatiga aloqador bo‘lishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |