O‘zbekiston milliy universiteti m. ShAripov d. Fayzixo‘jayeva mantiq tarixi va nazariyasi falsafa yo‘nalishi talabalari uchun Darslik Toshkent


Download 1.78 Mb.
bet163/260
Sana10.12.2021
Hajmi1.78 Mb.
#179746
1   ...   159   160   161   162   163   164   165   166   ...   260
Bog'liq
MANTIQ TARIXI VA NAZARIYASI DARSLIK (LOTINCHA)6

Falsafiy va xususiy-ilmiy tushunchalar dialektikasi

Falsafiy va xususiy-ilmiy tushunchalarning o‘zaro aloqasi shakllari turli tarixiy davrlarda bilish oldida turgan vazifalar bilan bog‘liq holda o‘ziga xos ko‘rinishda bo‘lib, bilish taraqqiyoti davomida o‘zgarib turgan, murakkablashib borgan. Bu jarayon hozirgi paytda ham davom etmoqda va u o‘z ifodasini falsafiy va xususiy-ilmiy tushunchalarning bog‘lanish kanallarining tobora ortib borishi tendensiyasida topmoqda.

Falsafiy va xususiy-ilmiy tushunchalar o‘rtasidagi aloqalar to‘g‘risida gapirar ekanmiz, avvalambor, bu aloqalarning bilish jarayonidagi asoslariga e’tibor qaratishimiz zarur. Ma’lumki, ilmiy bilish strukturasi fanning empirik va nazariy bosqichiga xos bilimlar bilan chegaralanmaydi, u o‘z ichiga ilmiy bilimlar asoslarini ham oladi. Ular ilmiy bilish ideallari va normalari, olamning ilmiy manzarasi va fanning falsafiy asoslaridan iborat. Mazkur asoslarni tashkil etuvchi bilimlar, ularni ifodalovchi tushunchalar va g‘oyalar ilmiy bilishning tabiatini va rivojlanish strategiyasini belgilab beradi. Masalan, bilish vazifalari qanday normalar (me’yoriy qoidalar) yordamida belgilanadi, maqsadga erishish uchun qanday bilish usullaridan foydalanish zarur, o‘rganilayotgan hodisani tasvirlash, hosil qilingan xulosalarni asoslashning ideallari qanday, ularni hal qilish nima uchun kerak, yaratiladigan bilimning qadr-qimmati nima bilan o‘lchanadi, degan savollarga javob berish konkret fanning predmeti doirasidan chetga chiqishni, umumilmiy bilishning metodologik vositalaridan foydalanishni, xususan, olamning mavjud umumilmiy manzarasidan kelib chiqib tushuntirishni, falsafiy tushunchalar, g‘oyalar prinitsplarga murojaat qilishni, aniqrog‘I, fanning falsafiy asosini izlab topishni va umuman, falsafa va fanning “konvergensiyasi” ni taqozo etadi78.

Demak, aytish mumkinki, falsafiy va xususiy-ilmiy tushunchalarning o‘zaro aloqadorligi bilish jarayonining tabiati va strukturasi hamda uning yaxlitligi bilan belgilanadi.

Ilmiy bilimlar asoslarida falsafiy va xususiy-ilmiy bilimlarning o‘zaro aloqada bo‘lishini ilmiy nazariyalar strukturasini tahlil qilish misolida ko‘rish mumkin. Bu aloqalar ilmiy nazariya’ning alohida olingan strukturaviy elementlarida, xususan, konseptual apparatida ham, nazariya’ning empirik asosida ham, nazariya’ni shakllantiruvchi metodlar, paradigmalarda ham, uning internazariy (yoki mezonazariy) muhitida ham o‘zini namoyon etib turadi. Xususan, mezonazariya (grekcha mesos-o‘rtalik, oralik) xususiy-ilmiy nazariya’ni falsafiy dunyoqarash mazmunini hosil qiluvchi g‘oyalar bilan bog‘lab turadigan muhim bo‘g‘in bo‘lib, u umumlashish darajasi va ontologik asosi bo‘yicha falsafiy nazariyadan pastroqda, xususiy-ilmiy nazariyadan esa yuqoriroqda turadi. Ayni paytda, mezonazariya falsafiy va xususiy-ilmiy bilimlarning o‘zaro ta’siri, sintezi natijasi tarzida mavjud bo‘ladi. Hozirgi paytda bunday mezonazariyalar qatoriga sinergetikani, umumiy sistemalar nazariyasini, informatsiya nazariyasini, kibernetika nazariyasini (murakkab dinalik sistemalarda boshqaruv nazariyasini), fanshunoslikni va boshqa shunga o‘xshash nazariy sistemalarni qo‘shish mumkin. Bularning har biri xususiy-ilmiy fanlarda shakllangan nazariyalarga qaraganda umumiyroq bo‘lib, ancha keng hajmda falsafiy yoki unga yaqin turuvchi tushunchalar, prinsiplarga ega hamda ma’lum bir darajadagi nazariy tahlil va sintez vazifalarini hal etadi. Masalan, umumiy sistemalar nazariyasi tabiat va ijtimoiy borliq obyektlarini muayyan tipdagi sistemalar tarzida nazariy tahlil etishni maqsad qilib qo‘yadi. Nazariya sifatida u olamning sistemali manzarasini shakllantiradi, sistemalarning tashkillashuv qonuniyatlarini aniqlaydi, sistemalarni tasniflaydi. Uning tushunchalar tizimi falsafiy kategoriyalar, xususan, sistema, element, struktura, funksiya, butun, bo‘lak, rivojlanish, aloqa, shakllanish kabi kategoriyalar, shuningdek, umumilmiy va xususiy-ilmiy tushunchalardan tashkil topadi. Ular amalda umumilmiy va xususiy-ilmiy bilish sohasida turli darajada umumlashgan tushunchalarning uyg‘unligidan iborat bo‘lib, bilishning muayyan kategorial strukturasini hosil qiladi.

Bunda umumiy sistemalar nazariyasi xususiy-ilmiy nazariyalarga, masalan, kvant mexanikasi, nazariy biologiyaga nisbatan mezonazariya bo‘lgani holda, ularni olamning sistemali tashkilashuviga doir dunyoqarash mazmuni bilan boyitadi va shu tariqa falsafiy va xususiy-ilmiy bilimlarni bog‘lab turuvchi kanal vazifasini bajaradi.

O‘z navbatida, umumilmiy nazariyalarning tushunchalar tizimi xususiy-ilmiy nazariyalar tushunchalar tizimi bilan uzviy bog‘langan. Masalan, nazariy biologiya tushunchalari tizimi evolyutsiya nazariyasi, ginetika nazariyasi va boshqa shu kabi xususiy-ilmiy nazariyalar tushunchalari tizimi bilan umumbiologik konsepsiyalar orqali bog‘langan. Xuddi shuningdek, falsafiy nazariyalarning tushunchalar tizimi umumilmiy nazariyalar tushunchalar tizimi bilan bog‘lanish vositalariga ega. Masalan, falsafaning borliq nazariyasini (ontologiya’ni ) sinergetika bilan bog‘lab turadigan tushunchalar tizimi “rivojlanish”, “o‘z-o‘zidan tashkillashuv”, “sistema”, “fazo”, “vaqt” kabi kategoriyalardan iborat.

Demak, falsafani xususiy-ilmiy fanlar bilan bog‘lab turuvchi mezonazariyalar ham, o‘z navbatida, har ikkila tomon bilan bog‘lab turuvchi konseptual vositalar, tushunchalar tizimiga ega.

Falsafiy va xususiy-ilmiy tushunchalarning o‘zaro aloqasi to‘g‘risida gapirar ekanmiz, falsafadagi har bir konkret nazariya (masalan, ontologiya, gnoseologiya, aksiologiya kabilar) ning alohida olingan xususiy-ilmiy nazariya (masalan, evolyutsiya nazariyasi, reflektiv fiziologik nazariya kabilar) bilan bevosita tushunchalar almashuvini, ularning har birining o‘ziga xos kategoriyal bloklar hosil qilishini ham ta’kidlab o‘tish zarur. Masalan, evolyutsiya nazariyasining kategoriyalari blokida falsafaning “taraqqiyot”, “turg‘unlik”, “o‘zgaruvchanlik”, “ziddiyat”, “ichki”, “tashqi”, “sakrash” kabi kategoriyalari qatnashadi. Reflektiv fiziologik nazariya kategorial blokiga esa falsafaning “aloqa”, “zaruriyat”, “sabab”, “oqibat” “shart-sharoit” “in’ikos” kategoriyalari “kirib keladi”.

Xuddi shuningdek, klassik mexanika uchun “sabab-oqibat-zaruriyat” kategoriyalari sxemasi xos bo‘lsa, kvant mexnikasi “zaruriyat-tasodif –imkoniyat” kategoriyalari blokiga asoslanadi. Bunday kategorial sxemalar, bloklarning mavjudligi falsafiy tafakkur strukturasining fan sohasida ishlashidan dalolat beradi.

Yuqorida bayon qilingan fikrlardan kelib chiqib, nazariya’ning falsafiy asosini falsafaning ilmiy nazariya’ni shakllantirish, asoslash va rivojlantirish uchun bevosita jalb qilinadigan va foydalaniladigan g‘oyalari, prinsiplari majmuasidan iborat, deb aytishimiz mumkin.

Falsafiy va xususiy-ilmiy kategoriyalar aloqadorligining yana bir shakli ularning falsafa va fanining muammoviy aloqadorligida namoyon bo‘ladi. Muayyan bir muammolarni, masalan, ong, fazo va vaqt muammolarini birgalikda ishlab chiqish ularning har ikkalasining predmet mazmunini boyitishga olib keladi.

Falsafiy va xususiy-ilmiy kategoriyalarning aloqadorligini nazariyalarning ayrim elementlari o‘rtasidagi, masalan, konseptual (inglizcha concept – tushuncha) aloqalarida, ya’ni ayrim falsafiy va xususiy-ilmiy kategoriyalar orasidagi bevosita bog‘lanishlarda ham ko‘rish mumkin bo‘ladi. Xususan, falsafadagi “imkoniyat” kategoriyasi bilan matematikadagi “ehtimollik” kategoriyasi ana shunday aloqadadir.

Falsafiy va xususiy-ilmiy kategoriyalarning konseptual bog‘lanishining yana bir vositasi umumilmiy tushunchalardir. Ular informatsiya, izomorfizm, gomomarfizm, model, formallashtirish, boshqarish, tashkillashtirish, ishonchlilik va boshqalardan iborat. Ularni falsafiy kategoriyalar bilan bir tipdagi tushunchalar deb hisoblab bo‘lmaydi, chunki ular dunyoqarash predmetini ochib beruvchi kategoriyalar qatoriga kirmaydi. Ayni paytda, ular xususiy-ilmiy kategoriyalar bilan ham bir tipda emas, chunki alohida olingan fan doirasidan chetga chiqadi, fanning barcha sohalari uchun umumiydir.

Falsafiy va xususiy-ilmiy kategoriyalar ular taalluqli fanlarning metodologik aloqalarida ham ishtirok etadilar. Buni operatsional aloqadorlik deb atasak bo‘ladi. Masalan, sistemali yondashish, tarixiy, qiyoslash umumilmiy metodlari falsafaning abstraklikdan konkretlikka ko‘tarilish, tarixiylik va mantiqiylikning birligi, analogiya metodlari bilan aloqador bo‘lib, u ana shu metodlar tayanuvchi konseptual asoslar bog‘lanishini ham ifoda etadi.

Falsafa va fan kategoriyalari o‘rtasidagi aloqadorlik ilmiy tafakkur tarzida ham yaqqol namoyon bo‘ladi. Har bir davr bilishga xos paradigmani, ya’ni ilmiy bilishda qo‘llaniladigan fundamental tushuncha-lar, g‘oyalar, prinsiplarni aniqlash falsafiy kategoriyalar yordamida amalga oshiriladi va uningsiz ilmiy tafakkur tarzi to‘g‘risida yuritiladigan mulohaza bir tomonlama va mantiqan kuchsiz bo‘lib qoladi79.




Download 1.78 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   159   160   161   162   163   164   165   166   ...   260




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling