O‘zbekiston milliy universiteti m. ShAripov d. Fayzixo‘jayeva mantiq tarixi va nazariyasi falsafa yo‘nalishi talabalari uchun Darslik Toshkent
Qadimgi hind, fors, yunon ilmiy-falsafiy asarlarining arab tiliga tarjima qilinishi, ilmiy, falsafiy atamalarning yaratilishi
Download 1.78 Mb.
|
MANTIQ TARIXI VA NAZARIYASI DARSLIK (LOTINCHA)6
Qadimgi hind, fors, yunon ilmiy-falsafiy asarlarining arab tiliga tarjima qilinishi, ilmiy, falsafiy atamalarning yaratilishi.
Tarjima asarlarning yaratilishi davr talablariga javob beruvchi ilmiy tilning shakllanishiga sabab bo‘ldi. Ilmiy arab terminologiyasining rivojlanishi va takomillashuvi natijasida chet tillardan o‘zlashtirilgan ko‘pgina so‘zlar tashlab yuborildi va arabcha ekvivalentlar bilan almashtirildi. Ba’zilari esa arab ekvivalentlari bilan birgalikda qo‘llanaverdi. IX-XI asrlarda arab tilida ijod etgan al-Kindiy, al-Forobiy va Ibn Sinolarning ilmiy atamalarni ishlab chiqishdagi xizmatlari beqiyosdir. Ular, asosan, atamalarning o‘zgartirish yo‘lidan emas, balki falsafiy lug‘atni kengaytirish yo‘lidan bordilar.Bu faylasuflarning har biri o‘zini qiziqtirgan muammo bilan shug‘ullanar ekan, shu muammoga mos ravishda atamalarni ham ishlab chiqgan. Al-Kindiy tabiatshunos sifatida tabiy-ilmiy lug‘atni ko‘proq ishlagan. Forobiyning falsafiy lug‘ati ancha keng bo‘lib, unda mantiqiy, ijtimoiy-axloqiy terminlar, jon bilan bog‘liq tushunchalar, kategoriyalar, umuman olganda, al-Kindiy ishlab chiqmagan terminologiya yaratilgan. Ibn Sino ulardan ham ilgari ketib, falsafiy, ayniqsa mantiqiy terminologiya’ni ishlab chiqgan. Arab tilida ijod qiluvchi o‘rta asr faylasuflarining xizmati shundan iboratki, ular chet tilidan o‘tgan so‘zlardan deyarli butunlay voz kechib, arab tilida ularga mos ekvivalentni topdilar, tarjimonlar tomonidan noo‘rin qo‘llanilgan atamalarni matndan olib tashladilar, tarjimonlar qo‘llamagan, lekin keyingi faylasuflar tomonidan qo‘llanilgan ko‘plab neologizmlarni yaratdilar. Ulardan ba’zilari hozirgi kunda ham saqlanib qolgan. Masalan, hozirgi zamon arab falsafiy lug‘atida Forobiyning “Fazilatli shahar” termini “utopiya” ma’nosida qo‘llaniladi. Forobiy ham, Ibn Sino ham falsafaga, mantiqqa oid atamalarni ishlab chiqishda arab tilida ijod qiluvchi olimlar amal qilgan prinsiplarga asoslanganlar. Ular, avvalo, grekcha terminlarni tarjima qilish yo‘li bilan yangi atamalarni yaratganlar, masalan, grekcha “dialektika”, ya’ni “suhbat, bahs yuritish san’ati” atamasini arab tilidagi “bahs, munozara” ma’nosini anglatuvchi “djadal” so‘zi bilan, “xato asoslar yordamida haqiqatni rad etish san’ati” ma’nosini anglatuvchi grekcha “sofistika” atamasini “adashtirish” ma’nosini anglatuvchi arbcha “mug‘alat” so‘zi bilan, grekcha “ritorika” atamasini “notiqlik san’ati” ma’nosini anglatuvchi “xataba” so‘zi bilan, grekcha “poetika” atamasini arabcha “she’r”-poeziya so‘zi bilan ifodalaganlar. O‘sha davrda murakkab nomlar bo‘lmagan. Lekin Forobiy va Ibn Sinolar istisno tariqasida ba’zi murakkab so‘zlarni qo‘llaydilar: noborliq-“la uudjud”, cheksizlik-“la nixayya” va b. Ba’zan ular grekchaga taqlid qilib, bir butun iboralarni tuzadilar: masalan: umumiy inkor mulohaza – kullii salib kadiya, umumiy tasdiq mulohaza – kullii mudjib kadiya, juz’iy inkor mulohaza – djuzii salib kadiya, juz’iy tasdiq mulohaza – djuzii mudjib kadiya. Shuningdek, ular kundalik turmushda ishlatiladigan so‘zlarga yangi falsafiy ma’no berish, konkret mazmunni mavhumlashtirish (abstraktlashtirish) orqali va arab tilidagi so‘z yasash sistemasidan foydalangan holda eski o‘zaklardan yangi so‘zlarni yasaganlar. Masalan: butun ma’nosini anglatuvchi “kulliyat” so‘zidan “umumiylik” ma’nosini ifodalashda, qism ma’nosini anglatuvchi “dzuj’iyat” so‘zidan “ayrimlik” ma’nosini ifodalashda foydalanganlar. Forobiyning butun leksikasi arabcha so‘zlardan tashkil topgan. Ibn Sinoda esa forscha so‘zlar ham uchrab turadi. Ba’zi hollardagina ular grekcha atamalarni arabchalashtirganlar. Bunday hollar nihoyatda kam bo‘lib, barmoq bilan sanarlidir. Arab xalifaligi hududida ilmiy til sifatida arab tilidan foydalanish faylasuflar, tabiatshunos olimlarning o‘zaro ilmiy muloqotlarining samarali bo‘lishiga, bir-birlarining asarlari bilan tanishishlariga va fikr almashishlariga sabab bo‘ldi. IX-XI asrlarda Sharq mamlakatlarida, xususan, O‘rta Osiyoda falsafiy va mantiqiy ta’limotlarning rivojlanishiga qadimgi yunon, Hind mutafakkirlari asarlarining ko‘plab tarjima qilinishi ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Ilmiy, falsafiy tafakkurning rivojlanishida tarjima asarlarining ahamiyati beqiyosdir. Ular vositasida ayrim xalq, millatning ilmiy bilimlaridan boshqa xalqlar bahramand bo‘ladilar, natijada, ularning har biri umuminsoniy madaniyatning rivojlanishiga o‘z hissalarini qo‘shadilar. O‘rta asrlarda Yaqin va O‘rta Sharqdagi ilmiy-falsafiy fikrlarning rivojlanishi, uyg‘onish davrining asosi ham aynan shunday tarjima asarlarning mavjudligi bilan bog‘liq bo‘lgan. Arab xalifaligining shakllanish davriga kelib, grek va yunon mutafakkirlarining suriya, fors tillarida ko‘p miqdordagi tarjima asarlari mavjud edi. VII-VIII asrlarda sof arab adabiyoti va fani mavjud bo‘lmagan. Va aynan shu davrda antik mualliflarning asarlarini arab tiliga tarjima qilgan suriyalik olimlar antik bilimlarni o‘rta asrlardagi fan taraqiyoti bilan bog‘lovchi bo‘g‘in sifatida muhim rol o‘ynaganlar. Grek faylasuflarining asarlarini arab tiliga tarjima qilish, dastlab, arab olimlari uchun bir qancha qiyinchiliklarni keltirib chiqardi. Bu qiyinchiliklar sababi grek va arablarning fikr yuritish usuli, dini va urf- odatlaridagi tafovut edi. Bundan tashqari, arablar grek faylasuflari asarlarining asl nusxasini emas, balki suriyaliklarning tarjimalari va neoplatoniklarning sharhlari orqali o‘rganardilar. Tarjimonlarning ko‘pchiligi suriyaliklar bo‘lib, ular arab tilini mukammal bilmaganlar va VII-VIII asrlardagi ularning tarjimalari to‘liq bo‘lmagan, qayta ishlashni talab qilgan. Ko‘pincha tarjimon grek va suriya tillarini yaxshi bilgani holda, arab tilini mukammal bilmagani uchun, arab tilini yaxshi bilgan va falsafiy ilmiy adabiyotlarni tushinadigan ilmni yordamga chaqirgan. Ba’zan tarjimonlar so‘zlashuv va adabiy tilni yaxshi bilsalar ham, ilmiy tilni yaxshi bilmaganlar. Ba’zilari fanni yaxshi bilmaganliklari uchun shu fanga oid adabiyotni tushunib tarjima qila olmaganlar. Ayniqsa, mavhum tushunchalarni ifodalovchi so‘zlarning arab tilida nisbatan kamligi ham o‘ziga xos qiyinchiliklarga sabab bo‘lgan. Bularning hammasi arab ilmiy tilini yaratishni taqozo etardi. Tarjima asarlarning yaratilishini birinchi davrida tarjimonlar arab va suriya tillarida grek so‘zlariga ekvivalent bo‘lgan so‘zlarni izlashgan. Tarjima jarayonida grek tilidagi originalning sintaksis strukturasini saqlab qolishga harakat qilishgan. Natijada, tarjima ko‘pincha tushunarsiz bo‘lgan. Nasoro mazhabi ruhoniylari yunon mantig‘ini arablarga o‘tqazishda vositachilik xizmatini bajardilar. Ularning Jundashopurdagi o‘quv yurtida yunon mantig‘i matnlari arabchaga ilk bora tarjima qilindi. Tarjima asarlar yaratilishining ikkinchi davri IX asrga to‘g‘ri keladi. Bu davrga kelib, abbosiy xalifalar dunyoviy fanlar rivojlanishiga homiylik qila boshladilar. IX asr ilmiy tarjima faoliyatining eng yuksalgan davri hisoblanadi. Bu davrga kelib, arab tili barcha sohalarda – fan, falsafa va huquqshunoslikda mustahkam qaror topadi. IX asrda xalifalikning markazi bo‘lgan Bog‘dod yirik madaniyat markaziga aylanadi. Bu yerdagi kutubxonalar turli tillarda yozilgan ko‘plab adabiyotlarga boy bo‘lib, O‘rta Osiyo, Yeron va suriyalik olimlar bu kutubxonalarda ilmiy markazlarda tadqiqot ishlarini olib borganlar.
Download 1.78 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling