O‘zbekiston milliy universiteti m. ShAripov d. Fayzixo‘jayeva mantiq tarixi va nazariyasi falsafa yo‘nalishi talabalari uchun Darslik Toshkent


Download 1.78 Mb.
bet207/260
Sana10.12.2021
Hajmi1.78 Mb.
#179746
1   ...   203   204   205   206   207   208   209   210   ...   260
Bog'liq
MANTIQ TARIXI VA NAZARIYASI DARSLIK (LOTINCHA)6

Takrorlash uchun savollar

1. Forobiy mantiqqa oid qanday asarlar yozgan?

2. Mantiq faniga qanday ta’rif bergan?

3. Mulohazaning qanday turlarini ko‘rsatgan?

4. Xulosa chiqarishning qanday turlarini ko‘rsatgan?

5. Boshlang‘ich bilimlarga nimalarni kiritgan?

6. Mantiqiy xatolarning qanday turlarini ko‘rsatgan?
Abu Abdulloh Xorazmiy ilmiy merosida mantiq masalalari
Ma’lumki, milodning IX-XI asrlari Markaziy Osiyoda ilm bilan mashg‘ul bo‘lgan juda ko‘p allomalar bo‘kgan. O‘sha davrning keng bilimli, peshqadam olimlaridan Xorazmda yashab ijod etgan Abu Abdulloh Al-Xorazmiy. N.Reshar olimni birinchi arab ensiklopedisti deb ataydi. Lekin u olimni Yeronda tug‘ilgan deb, yanglishadi.194

Olimning to‘liq ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Axmad ibn Yusuf al-Xorazmiy (tahm. 930- tahm.990y.y.)dir. Uning yoshligi Xorazmning Xiva, Zamaxshar, Kiyot kabi shaharlarida o‘tgan. U bu shaharlarda yashadi, ta’lim oldi va ilmning bir qancha jabhalarida katta muvaffaqiyatlarga erishdi.

Olim Xurosanda ham yashagan. Uning mashhurligi Somoniylar shohi Nuh II ning vaziri Abul Xasan al-Utbiy (977-982) xuzurida kotib bo‘lib xizmat qilgan davrida cho‘qqisiga chiqqan. Shu vazifasi tufayli u «al-Kotib al-Xorazmiy» nomi bilan ham tanilgan. O‘z xizmat vazifalari yuzasidan Comoniylar poytaxti Buxoroga tez-tez borib turgan va u yerda ko‘pgina allomalar bilan hamsuhbat bo‘lgan.

Olimning dunyoqarashi o‘sha davrda keng tarqalgan qadimgi yunon falsafasi va madaniyati, Sharq mutafakkirlari Yoqub ibn Is’hoq al-Kindiy, Abu Nasr al-Farobiy hamda Abu Bakr ar Roziy ta’siri ostida shakllandi. Abu Abdulloh al-Xorazmiyning bizgacha yetib kelgan ko‘pchilik asarlari singari o‘z davrining ilm tili - arab tilida bitilgan, yagona ma’lum bo‘lgan asari «Mafotih al-ulum» dir. Ushbu asarning qo‘lyozma nusxalari uncha ko‘p emas.

Abu Abdulloh al-Xorazmiyning «Ilmlar kalitlari» asari ikki qismdan iborat bo‘lib, birinchi qismida shariat va u bilan bog‘liq arab ilmlari, ikkinchi qismida esa, arab bo‘lmagan, ya’ni yunon va boshqa xalqlar ilmlari haqida ma’lumotlar beradi. Ushbu asarni tadqiq qilgan olim R.M.Bahodirov asar o‘sha davrdagi deyarli barcha asosiy fan sohalarini qamrab olgan, deb ta’kidlaydi195. Abu Abdulloh al-Xorazmiy bu asari o‘rta asrlardagi har bir fan mazmuniga tegishli asosiy atamalarni sharhlash yo‘li bilan tushuntirib bergan o‘ziga xos izohli terminologik lug‘atdir.

Asarda ilmlar tasnifi har bir fanning asosini aniqlash hamda ularning asosiy atamalarini qisqa va aniq bayon etish bilan birga olib boriladi. Xorazmiy o‘z tasnifida o‘sha davr an’anasi, ya’ni ilmlarni ikkiga bo‘lishni quvvatlab, uni sha’riy va falsafiy ilmlarga ajratadi. Mantiqni falsafiy ilmlar qatoriga kiritadi. Mantiq masalalari to‘qqiz bobda bayon qilinadi.

Muallif mantiqqa kirish sifatida «Isog‘uchini» bayon etadi. U mantiq masalalarini ko‘rib chiqishni so‘z va iboralarning o‘zaro munosabatlaridan boshlaydi.

O‘rta asr Sharq mualliflari mantiqda so‘zlarni ma’no anglatishining uch turini, ya’ni so‘z o‘zining to‘liq mazmunini anglatishi, so‘z o‘z mazmunining bir qismini anglatishi, so‘z o‘z mazmunidan kelib chiqadigan narsani anglatishini farqlar edilar. Abu Abdulloh al-Xorazmiy bu turlar va ularning mantiq tushunchalardagi ma’nolari xususida batafsil to‘xtalib o‘tadi. Shu bilan olim Yaqin Sharq mantig‘ida ilgari surilgan tushunchalar haqidagi ta’limotning kirish qismi deb hisoblangan ma’no anglatish ta’limotini davom ettiradi. U ham predikabiliyalar masalasini, ya’ni jins, tur, tur belgisi, xususiy va tasodifiy belgilarni tahlil qiladi. U Arastu g‘oyasini davom ettirib, aniq narsalarning xossasini belgilash uchun “individual” tushunchasini kiritadi, uni yagona mohiyat deb ta’kidlaydi.

Abu Abdulloh al-Xorazmiy grammatik va mantiqiy kategoriyalarni solishtiradi. Substrat - ot bilan ifodalangan xabarni talab qiluvchi, ya’ni tavsiflanuvchi narsadir. Predikat bu grammatiklar ismiy gapdagi eganing kesimi deyishadigan va u kesim sifatdir, xuddi «Zayd yozuvchi» iborasidek, deb ta’kidlaydi.196 Ikkinchi bob Arastu “Kategoriyalar”iga bag‘ishlangan. U ham kategoriyalarni o‘nta turga ajratib tahlil qiladi: substansiya, miqdor, sifat, munosabat, makon, zamon, holat, vaziyat, harakat, harakatga yo‘liqmoq. Kategoriyalarning har birini ta’riflab, ularni misol keltirib izohlaydi. Masalan, “Beshinchi kategoriya “maqulo mato” – zamon kategoriyasi, bu narsaning ma’lum zamonga taalluqligidir: hozirgi, kelajak, xuddi, kecha, hozir, ertaga kabi. Oltinchi kategoriya – “maqula ayna” makon kategoriyasi – bu narsaning o‘z joyiga taalluqligidir, xuddi “uyda” yoki “shaharda”, yoki “yerda”, yoki “olamda”kabi iboralardagidek.”197

Mantiq bo‘limi qisqaligiga qaramay, Abu Abdulloh al-Xorazmiy unda “mulohaza”ga alohida e’tibor bergan, uchinchi bob to‘liq shu masalaga bag‘ishlangan. Mutafakkir, avvalo, grammatik kategoriyalar bo‘lgan ism, fe’l, yuklamalarni sharhlaydi, so‘ng ularni mantiq nuqtai nazaridan ko‘rib chiqadi.

Uning ta’kidlashicha, mulohaza predikatning substratga ta’kidlovchi yoki inkor etuvchi, ya’ni uning mavjud bo‘lishi lozimligi yoki lozim emasligiga munosabatini aks ettiradi. Xorazmiy mulohazalarni sifat jihatdan – ta’kidlovchi yoki inkor etuvchi; hajm (miqdor) jihatdan – umumiy, xususiy, noaniq va miqdoriy deb tavsiflaydi.198 Modalligiga ko‘ra, mulohazalarning mumkin bo‘lgan va haqiqiyga bo‘linishiga katta e’tibor beradi.

Asarning to‘rtinchi bobi Arastuning “Birinchi Analitika”siga , ya’ni deduktiv xulosa chiqarishga bag‘ishlanadi. Xorazmiy “xulosa”, “xotima”, “qiyos” kabi atamalarni; asos (dalil) bo‘la oladigan mulohazalarni talqin qiladi va xulosa chiqarishni bayon qiladi. Asarda yozilishicha, muqaddima - sillogizmda asos bo‘la oladigan mulohazalar, natija - bu ikki asos bo‘la oladigan mulohazadan kelib chiqadigan narsa, xuddi: “Har bir inson tirik mavjudod va har bir tirik mavjudod (narsa) o‘sadi” iboralaridek, bu ikki mulohazaning natijasi - Har bir inson o‘sadi.” Xorazmiy sillogizmning uchta figura va o‘n to‘rtta modusini tahlil qiladi. Sillogizm terminlarini ta’riflaydi, uning umumiy va xususiy qoidalarini tushuntirib beradi. Uning ta’kidlashicha, sillogizm xulosa chiqarishning eng muhim usuli bo‘lib, nazariy bilimlarni egallashdagi asosiy vositadir.

Beshinchi bobda, asosan, Arastuning “Ikkinchi Analitika”sidagi isbotlash bilan bog‘liq masalalar, haqiqiy va haqiqiy bo‘lmagan sillogizmlar tushuntiriladi. Burxon – (isbot va dalil) deb nomlanuvchi bu bobda olim, bir tomondan, Arastudan so‘ng moddiy, formal, faol va maqsad kabi to‘rt sabab mohiyatini, xulosa chiqarishning induksiya va analogiya kabi usullarini tushuntirsa, boshqa tomondan, isbotlovchi sillogizmlarning mohiyatini, tuzilishini izohlaydi. Shartli mulohazalarni isbotlashda qo‘llash usullarini bayon qiladi. Abdulloh Xorazmiy: “Istikro – induksiya - bu umumiylikni uning barcha individlari orqali (vositasida) bilish, agarda biror kishi istisnosiz barcha uylarni aylanib chiqqan bo‘lsa, «falonchi qishloqlarni va turar joy uylarini o‘rganib chiqdi»,199 - deb yozadi. U faqat to‘liq induksiya chin bilim beradi deb hisoblaydi.

Oltinchi “Jadal” deb nomlanuvchi bobda Abu Abdulloh al-Xorazmiy dialektika (bahslashish san’ati) asoslarini, ya’ni raqibni, to‘g‘rimi yoki soxtami, qanday bo‘lmasin, o‘z da’volaridan voz kyechishga majbur qilish mahorati xususida fikr yuritadi.

Yettinchi kitobning nomi “Safsata” bo‘lib, unda (safsatabozlikda) safasata turlari, adashishlar zikr etiladi va ulardan o‘zini saqlash ko‘rsatiladi. Sakkizinchi bob notiqlik san’ati haqida bo‘lib, bu san’atning maqsadi iqno’-ishontirishdir, bu garchi dalilsiz bo‘lsa ham, eshituvchining o‘zi ishonadigan so‘zlar orqali unga biror narsani tushuntirishdir.

To‘qqizinchi bob she’r san’atiga bag‘ishlanadi. Bu mantiqqa oid kitoblarning to‘qqizinchisidir. Unda tasavvurning uyg‘onishi haqida gap boradi. Bu degani eshituvchida biror narsani xohlash yoki undan qochish, garchi u bu bilan qanoatlanmagan bo‘lsa ham, istagini uyg‘otishdir.

Abu Abdulloh al-Xorazmiy yuqorida ko‘rib o‘tganimizdek, mantiqni o‘sha davr an’anasiga ko‘ra, to‘qqiz qismdan iborat bo‘lgan yaxlit ta’limot sifatida bayon qiladi, unda mantiq masalalari Arastu asarlariga va undan avval ijod qilgan sharq peripatetiklarining mantiqiy ta’limotlariga mos holda ko‘rib chiqiladi.


Download 1.78 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   203   204   205   206   207   208   209   210   ...   260




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling