O‘zbekiston milliy universiteti m. ShAripov d. Fayzixo‘jayeva mantiq tarixi va nazariyasi falsafa yo‘nalishi talabalari uchun Darslik Toshkent
Download 1.78 Mb.
|
MANTIQ TARIXI VA NAZARIYASI DARSLIK (LOTINCHA)6
Argument (lot. argumentum – isbot asosi) – dalillanishi (isbotla-nishi) talab qilingan tezis (mulohaza, nazariya)ni asoslash uchun keltiriladigan bir yoki undan ortiq mulohaza. Argument sifatida qo‘llanilayotgan mulohaza: chin bo‘lishi, uning chinligi tezisdan mustaqil holda isbotlangan bo‘lishi va tezisni asoslash uchun yetarli bo‘lishi shart. Yuqoridagi shartlarning buzilishi turli xatoliklarga olib keladi. Bahs, munozaralarda qo‘llaniladigan argumentlar mazmuniga ko‘ra ikki turga bo‘linadi: 1. Masalaning mohiyatiga taalluqli argumentlar (ad rem). 2. Insonga murojaat qiluvchi argumentlar (ad hominem). Birinchi turdagi argumentlar muhokama qilinayotgan masalaga bog‘liq bo‘lib, isbotlanayotgan holatning chinligini asoslashga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Bunday argumentlar sifatida tushunchalarning ta’rifi, ilmiy nazariya’ning tamoyillari, aniq faktlarni qayd qilgan mulohazalar, chinligi avval isbotlangan mulohazalardan foydalaniladi. Bu argumentlar yuqoridagi shartlarni qoniqtirsa, unga asoslangan isbotlash mantiqiy to‘g‘ri bo‘ladi. Ikkinchi turdagi argumentlar ko‘pincha masalaning mohiyatiga taalluqli bo‘lmaydi va ulardan, asosan, bahs-munozarada yutib chiqish uchun foydalaniladi. Bu turdagi argumentlarda opponentning shaxsiyati, e’tiqodi, obro‘siga, auditoriya’ning fikriga murojaat qilinadi. Bunday argumentlardan haqiqatni aniqlash va asoslash uchun o‘tkaziladigan bahs-munozaralarda foydalanish noo‘rin, nojoizdir. Argument ad hominem (insonga murojaat qiluvchi argumentlar)ning keng tarqalgan ko‘rinishlariga quyidagilar kiradi:
– avtoritetga murojaat qilish, ya’ni muqaddas kitoblar, buyuk mutafakkirlar, mashhur jamoat arboblari, shoirlar, yozuvchilar va boshqalarning fikrlarini keltirish orqali tezisni asoslash; – xalqqa murojaat qilish, ya’ni tinglovchilarning, jamoatning fikri, kayfiyati, his-tuyg‘ulariga ta’sir qilib, ularni o‘z tomoniga og‘dirish, raqibiga shu yo‘l bilan bosim o‘tkazish; – shaxsga murojaat qilish, ya’ni opponentning tashqi ko‘rinishi, didi, fazilatlari yoki kamchiliklarini gapirish orqali bahs mavzusidan chetga chiqib, opponentning shaxsini muhokama qilishga o‘tish (ko‘pincha bunday muhokama salbiy xarakterda bo‘ladi); – shuhratparastlikdan argument sifatida foydalanish, ya’ni opponentni ko‘klarga ko‘tarib maqtash orqali uni fikrimizni e’tirof etishiga, hech bo‘lmaganda qarshiligini susaytirishga erishish; – kuchdan argument sifatida foydalanish, ya’ni opponentni unga qarshi jismoniy yoki ma’naviy kuch ishlatilishi mumkinligini aytib qo‘rqitish va shu asosda o‘z fikridan voz kyechishga majbur qilish; – rahm-shavqat hissidan argument sifatida foydalanish, ya’ni qarshi tomonda achinish va hamdardlik tuyg‘ularini uyg‘otib, o‘zini oqlash, fikriga ishontirish yoki yordam olishga erishish; – xabarsizlik, bilmaslikdan argument sifatida foydalanish, ya’ni opponentga ma’lum bo‘lmagan faktlar, ma’lumotlardan foydalanish, u o‘qimagan (bilmagan) manbalarga murojaat qilish. Ko‘pincha opponent o‘zini bulardan xabardor qilib ko‘rsatishga urinadi va yanglishib ketadi. Yuqorida aytib o‘tilgan argumentlar noo‘rin bo‘lib, ulardan bahs jarayonida foydalanish adolatdan emas. Lekin, bahsda tomonlarning aqli, bilimi bilan birga, ularning his-tuyg‘ulari, fe’l-atvorlari ham to‘qnashadi. Shu bois, bahs jarayonida noo‘rin argumentlardan ham foydalanilishini kuzatish mumkin. O‘rinli va noo‘rin argumentlarni farqlash bahs jarayonining natijasini aniqlashga yordam beradi. Argumentlar chinlik darajasiga ko‘ra, olti turga bo‘linadi: chin va ishonchli; chin, ammo ishonchli emas; yolg‘on va ishonchli bo‘lmagan; yolg‘on, lekin ishonarli; noaniq, ammo ishonarli; noaniq va ishonarsiz. Retsipiyent uchun ko‘pincha argumentlarning chin bo‘lishi shart emas, chunki unda hamma vaqt ham haqiqat va yolg‘onni tekshirib ko‘rish yoki farqlash imkoni bo‘lmaydi, uning uchun faqat ishonarli bo‘lgan argumentlargina qimmatga ega bo‘ladi. Download 1.78 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling