O‘zbekiston milliy universiteti m. ShAripov d. Fayzixo‘jayeva mantiq tarixi va nazariyasi falsafa yo‘nalishi talabalari uchun Darslik Toshkent
Download 1.78 Mb.
|
MANTIQ TARIXI VA NAZARIYASI DARSLIK (LOTINCHA)6
ISBN 978-9943-5042-3-3
© “Universitet” nashriyoti, Toshkent, 2019-y. Kirish Barkamol avlodni shakllantirish yoshlarning intellektual salohiyatini yuqori bosqichga ko‘tarishni, ayniqsa, ularning fikrlash qobiliyatini o‘stirishni taqozo etadi. Aqliy mushohada, tafakkur – bu o‘ylash, farazlarni ilgari surish va asoslash, turli fikrlarni solishtirish orqali haqiqatni o‘rnatish demakdir. U muayyan darajada sog‘lom bo‘lgan har bir kishiga tegishli, uning ma’naviy dunyosini yaratuvchi kuchdir. Uning samaradorligini oshirish uchun kishilarda, ayniqsa, yurtimizning kelajagi bo‘lgan yoshlarda mantiqiy fikrlash qobiliyatini tarbiyalash zarur. Rus mantiqshunosi N.O.Losskiy ta’kidlaganidek, “aqliy mushohada tajribasi” barchada bor, lekin faqat mantiq aqlni peshlaydi, uning qoidalaridan bexabar kishilar payqamaydigan narsalarni ko‘rishga o‘rgatadi. Mazkur holat ta’lim tizimida mantiq ilmining mavqeini yanada oshiradi. Zero mantiq doirasida yaratiladigan bilimni hosil qilish va rivojlantirish shakllari, to‘g‘ri muhokama yuritish qonun-qoidalari mustaqil, erkin va ijodiy fikrlashning “qurollari”, instrumentariysi hisoblanadi. Oliy o‘quv yurtlarida “Mantiq” fanini o‘qitishdan maqsad talabalarni to‘g‘ri fikrlashning mantiqiy shakllari va qonun-qoidalari bilan tanishtirish asosida ularni mantiqan izchil, asosli muhokama yuritishga o‘rgatish, aniq fikrlay oladigan insonlar etib tarbiyalash, ularda yangi turmush va tafakkur tarzini qaror toptirish va shu tariqa kelajakda yetuk mutaxassis bo‘lishlari, yangi demokratik jamiyat qurishning faol ishtirokchilariga aylanishi uchun zarur nazariy tayyorgarlikka va amaliy ko‘nikmalarga ega qilishdan iborat. Yoshlarning aql-zakovati, bilimdonligi jamiyat intellektual salohiyatining ko‘rsatkichidir. Jamiyatning intellektual salohiyati, ma’naviy yuksalish darajasi qanchalik baland bo‘lsa, uning umumiy taraqqiyot darajasi shunchalik yuqori, tamaddun rivojiga qo‘shadigan hissasi ulkan, globallashuv sharoitida jahon hamjamiyatidagi o‘rni baland va mustahkamdir. Ana shuning uchun ham, O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ta’lim va o‘qitish sifatini baholashning xalqaro standartlarini joriy etish asosida oliy ta’lim muassasalari faoliyatining sifati hamda samaradorligini oshirish muhim vazifa sifatida belgilanadi. Taqdim etilayotgan “Mantiq tarixi va nazariyasi” darsligi “5120500-Falsafa” ta’lim yo‘nalishi o‘quv rejasiga kiritilgan shu nomdagi o‘quv fani dasturiga muvofiq ravishda tayyorlangan bo‘lib, u ta’lim oldida turgan yangi vazifalarni hal qilishni nazarda tutadi. Darslik yangi mafkuraviy asosga ega bo‘lishi bilan bir qatorda, o‘zida mazkur ilm sohasida yangi paydo bo‘lgan mavzu va masalalarni aks ettirishi, yangi pedagogik texnologiya elementlarini mujassamlashtirgan bo‘lishi, fanni o‘qitish jarayonida to‘plangan ilg‘or tajribalarni, shu jumladan, xalqaro tajribalarni umumlashtirishi bilan ajralib turadi. Xususan, uni yaratishda yetakchi xorijiy OTMlari o‘quv dasturlarining asosiy adabiyotlar ro‘yxatiga kiritilgan Morris R.Yernest Nagelan introduction to logic and scientific method New York, 2007; William Marta Khaele. The development of logic; Resher N. The development of Arabic logic; Patrick Suppes. Introduction to logic. Van Nostrand Reinhold Company. New York, 1957 kitoblaridan foylanildi. Darslik strukturasi o‘zaro bog‘langan uch qismdan tashkil topgan: formal mantiq, mantiq va dialektika, mantiq tarixi. Fan mazmunini yoritishda mualliflar xalqaro tajribadan kelib chiqib, birinchi navbatda, formal mantiqning hozirgi paytdagi o‘ziga xosligini belgilab beradigan formallashgan tilini nisbatan chuqur yoritish, simvollar va formulalardan o‘z o‘rnida foydalanishga va imkoniyat darajasida aniqlikka erishishga harakat qildilar. Shuningdek, taqdim etilayotgan darslikda savol va javob, norma (me’yoriy qoida), muammo, ilmiy nazariya kabi mantiqqa keyingi paytda qo‘shilgan masalalarning yoritilishiga ham alohida e’tibor qaratildi. Darslikning ikkinchi va uchinchi qismlarii ilk bor nashrga tayyorlandi. Ikkinchi qismda hozirgi ilmiy va amaliy muammolarni yyechishning samarali metodologik vositalaridan biri dialektik tarzda fikr yuritish ekanligi, dialektikaga asoslangan mantiq aynan ana shunday muhokama yuritishning mantiqiy shakllari va usullarini o‘rganishi fan tarixidan olingan misollar yordamida ko‘rsatiladi. Alohida e’tibor dialektik mantiqning nazariy bilishning konseptual vositlarining yaratilishi, muammolarni qo‘yish va hal etish, ilmiy nazariyalarni qurish va asoslash, haqiqatga erishishning dialektik tabiati bilan tanishtirishidagi ahamiyatini yoritishga qaratilgan. Darslikda ilm-u fanni egallash uning mazmunini ifoda etuvchi tushunchalarni o‘zlashtirish, ularning tizimi hosil qiluvchi ilmiy nazariyalar, ularning o‘zaro aloqasini tushunib yetish ekanligi bayon qilinadi. Qayd etilgan va boshqa shu kabi masalalarning dialektik mantiqning muammolari doirasini hosil qilishi va mos ravishda uning mazmuni va strukturasini belgilashi ta’kidlanadi. Darslikning uchinchi qismida Qadimgi Yunonistonda mantiqning shakllanishi va rivoji, O‘rta asrlarda Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlarida mantiq ilmi taraqqiyotiga ko‘rsatgan ta’siri, uning falsafiy bilimlar tizimida tutgan o‘rni masalalari muhokama etiladi. Bunda tarixan shakllangan mantiq va dialektika an’analarini, ayniqsa, o‘rta asrlar Markaziy Osiyo mutafakkirlari Forobiy, Ibn Sino va boshqalarning dialektikani ehtimoliy bilimlarni tahlil etuvchi mantiqiy uslub sifatida asoslovchi va rivojlantiruvchi ta’limotlarini, ularning dialektik tafakkur tarzining qaror topishidagi ahamiyatini ochib berishga urinish yetakchi o‘rinni egallaydi. Mualliflar faylasuf, mantiqshunos mutafakkirlar, taniqli olimlarning ayrim qiziqarli fikr-mulohazalarini keltirish orqali mantiq masalalarini hayot, bilish muammolari bilan bog‘liq holda yoritishga harakat qildilar. Darslikda mantiq tushunchalarining ba’zilari to‘g‘risida ma’lumotlar kitob oxiridagi glossariyda berildi. Taqdim etilayotgan ilovalar mavjud materiallarni yaxshiroq o‘zlashtirishga imkon beradi deb o‘ylaymiz. Darslikning kirish qismi, 1-7, 11-18-boblari, glossariy va ilovalar M.Sharipov, 8-10, 19-22-boblari D.Fayzixo‘jayeva tomonidan tayyorlandi. Mualliflar darslikni mukammallashtirishga xizmat qiladigan tanqidiy fikr va mulohazalarni mutaxassislar va talabalardan mamnuniyat bilan qabul qiladilar. Download 1.78 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling