O‘zbekiston milliy universiteti m. ShAripov d. Fayzixo‘jayeva mantiq tarixi va nazariyasi falsafa yo‘nalishi talabalari uchun Darslik Toshkent


Download 1.78 Mb.
bet160/260
Sana10.12.2021
Hajmi1.78 Mb.
#179746
1   ...   156   157   158   159   160   161   162   163   ...   260
Bog'liq
MANTIQ TARIXI VA NAZARIYASI DARSLIK (LOTINCHA)6

Tarixiylik va mantiqiylik birligi prinsipi mohiyatini tarixiylikning mantiqiy ko‘rinishda nazariy sistemada aks etishni tashkil qiladi. Bunda tarixiylik deganda, rivojlanishda olib qaralayotgan reallik, borliq tushuniladi. Mantiqiylik predmetning ongimizda, tafakkurimizda zaruriy tarzda bog‘langan tushunchalar shaklida ifoda etilishidan iborat. Tarixiylik mantiqiylikda aks etadi va mohiyatdan unga mos kelishi kerak. Shu holatdan kelib chiqsak, tarixiylik – birlamchi, ya’ni mantiqiylikdan avval keladi va uning in’ikos obyekti hisoblanadi. Mantiqiylik esa tarixiylikning aks ettiruvchisi bo‘lganligi sababli ikkilamchidir. Mantiqiylikning mohiyati shundaki, u tarixiy jarayonni, ya’ni predmetning tarixiy taraqqiyotini u qanday sodir bo‘lgan bo‘lsa, shundayligicha olib ifoda qilmaydi, ya’ni uning xronologiyasi bayonidan iborat bo‘lmaydi. Mantiqiy sistemada, masalan, ilmiy nazariyada uning tushunchalari izchilligi, ketma-ketligi tushunchalar aks ettiruvchi hodisalarning borliqdagi bugungi o‘rni, ahamiyati bilan belgilanadi. Boshqacha aytganda, mantiqiylik predmetning evalyutsiyasi jarayonida erishilgan natijasi – bugungi holatini aks ettiradi. Lekin predmetning bu holati tarixiy taraqqiyot natijasi bo‘lganligi uchun uni xarakterlaydigan qonuniyatlarni ham o‘zida ifoda qiladi. Bu qonuniyatlarda predmet evolyutsiyasiga xos bo‘lgan turli xil ikkinchi darajali ahamiyatsiz voqealardan tozalangan, zaruriy ko‘rinishida aks etadi. Demak, mantiqiylikda tarixiylik uning zaruriy aloqalari nuqtaiy nazaridan takrorlanadi va ana shuning uchun ham ular mos keladi va birlikda bo‘ladi.

Bu holat to‘g‘risida gapirib, Gegel falsafada borliq uning shakllanishi bilan birgalikda olinib, muhokama qilinishi kerak degan edi. Tarixiylik va mantiqiylikning birligi sinergetikada ham ta’kidlanadi. Xususan, I.Prigojinning fikricha, tabiat, borliq uning evolyutsiyasida olib o‘rganilishi zarur.

Tarixiylik va mantiqiylikning birligini quyidagi misol asosida tushuntirish mumkin. Ko‘p asrlar davomida olimlar organizm turlarining mohiyati, o‘ziga xosligi, o‘zaro aloqalarini, xususan, o‘simlik va hayvonlarning hozirda mavjud turlarini bilish, ularning sir-asrorini aniqlash ustida bosh qotirganlar. Masalan, o‘simliklar dunyosini tashkil etuvchi turlarni tasniflash bilan botanik Linney shug‘ullangan. Lekin u boshqa olimlar singari masalagi tarixiy jihatdan yondashmagan.

Organizm turlari mohiyati, ularning rivojlanish qonuniyatlarini tushuntirishga tarixiy nuqtai nazardan yondashgan olimlardan biri J.Kyuve bo‘ldi. Bu fransuz olimi o‘simliklar va hayvonlarning yangi turlarining vujudga kelishi ularning ichki taraqqiyoti natijasi emas, balki turli kataklizmalar oqibati bo‘lib, unda barcha organizm turlari halok bo‘ladi va qandaydir sirli sabablarga ko‘ra yangilari vujudga keladi degan xulosaga keladi. Bu qarash avvalgi va keyingi, eski va yangi turlar orasidagi uzviy bog‘liqlikni, xususan, yangi turlarning muayyan evolyutsiya natijasida paydo bo‘lishini istisno qilar edi. Ana shuning uchun ham Kyue organik mavjudotlar turlarining kelib chiqishi muammosini to‘g‘ri hal etishga muvaffaq bo‘lmadi.

Charlz Darvin mazkur masalaga ilmiy asosda yondashdi. U yangi turlarning vujudga kelishini mavjud turlarning atrof muhitdagi o‘zgarishlarga moslasha olish qobiliyati bilan bog‘liq holda tushuntirdi. Xususan, unga muvofiq yangi turlar sharoitga moslasha oladigan, va shuning uchun ham yashab qola oladigan avvalgi turlar negizida paydo bo‘ladi.

Demak, Darvinning turlarni tasniflashi hamda ular evolyutsiyasini tushuntirishga yo‘naltirilgan nazariyasi tarixiylik va mantiqiylikning birligi prinsipini organik dunyo evolyutsiyasini tadqiq etishga qo‘llash natijasidir.

Mazkur prinsip haqida gapirar ekanmiz, mantiqiylik tarixiylikka nisbatan passiv ekan, degan xulosa kelib chiqmasligi kerak. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, mantiqiy qurilmada predmetning bugungi holati aks etadi, lekin unga predmetning muayyan evolyutsiyasi natijasi deb qaraladi.

Shunday qilib, biz yuqorida ko‘rib chiqqan barcha prinsiplar dialektik metod tuzilmasida bo‘lib, ular bilishda o‘zaro bog‘liq holda amal qilishadi va dialektik metodning borliq taraqqiyotini va o‘zaro aloqadorlikni butun rang-barangligida aks ettirishini namoyish qiladi.

Dialektik metodning mohiyati va samaradorligi hozirgi paytda umumilmiy va paradigmal mazmun kasb etgan sinergetik metod bilan qiyoslanganda yanada oydinlashadi. Sinergetik metod dialektika prinsiplarini aniqlashtiruvchi, yangi mazmun bilan boyituvchi, muayyan darajada tasdiqlovchi metodologik vosita sifatida namoyon bo‘ladi. Xususan, eng umumiy tushunchalar-kategoriyalarga sinergetik paradigma asosida yondashish ularni umumilmiy metod orqali tadqiq etishning samaradorligini ko‘rsatadi. Mazkur paradigma negizida uchta muhim tushuncha yoki g‘oya yotadi: ochiq sistemalar, nochiziqli taraqqiyot va o‘z-o‘zidan tashkillashuv. Sinergetik paradigmaning kategoriyalarni tadqiq etishdagi metodologik ahamiyatini “fazo” va “vaqt” tushunchalari to‘g‘risidagi tasavvurlar evolyutsiyasi misolida ko‘rsatishga harakat qilamiz.

Fazo va vaqt masalasi fan va falsafa taraqqiyotida yechimini topish qiyin bo‘lgan muammolar, paradokslarni keltirib chiqargan, juda ko‘p bahslar, munozaralarga sabab bo‘lgan. Bu masalaning ko‘p qirraligi, avvalambor, uni qanday obyektlarni (mikrodunyo, makrodunyo, yoki megadunyo obyektlarini) o‘rganish, ularni qanday sistemalar (ochiq yoki yopiq sistemalar) sifatida qabul qilish, bu sistemalarning qanday holatda (muvozanat va muvozanatsiz, turg‘un va noturg‘un va boshqalar) ekanligini hisobga olish, evolyutsiya’ni, rivojlanishni ma’lum bir ko‘rinishda tasavvur qilish bilan bog‘liq holda olib qaraganimizda yaqqol namoyon bo‘ladi.

Shuning uchun bo‘lsa kerak, “vaqt” tushunchasi I.Prigojinni bolalik yillaridanoq o‘ziga jalb qilgan. U Olvin Tofflerga talabalik paytidayoq vaqt masalasiga tabiiy-ilmiy yondashishda ziddiyatlar borligini anglagani va aynan ana shu ziddiyatlar uning keyingi faoliyatining boshlangich nuqtasi bo‘lganligini aytadi.47

Shuningdek, I.Prigojin va I.Stengerslarning “Xaosdan tartib”ning kirish qismida asarning bosh mavzusini “vaqt” tushunchasini va qaytmas jarayonlarning tabiat hodisalarida konstruktiv rol o‘ynashini qayta kashf qilish”48dan iborat deb hisoblashlari ham diqqatga sazovordir. Mazkur asarda mualliflar fazo va vaqt to‘g‘risidagi tasavvurlarni o‘zlari yaratgan yangi paradigma asosida tahlil qiladilar va bu jarayonda o‘z qarashlarini bayon qiladidar.

Xususan, Nyuton mexanikasining asosiy jihatlarini ular quyidagilardan iborat deb hisoblashadi:

Birinchidan, klassik mexanika muvozanat holatida bo‘lgan obyektlarda, ya’ni to‘g‘ri chiziqli tekis harakat holatida bo‘lgan sistemalarda vaqt bir tarzda kechadi, fazoviy xususiyatlar o‘zgarmaydi, degan fikrni asoslaydi. I.Prigojinning ta’kidlashicha, bugungi kunda e’tibor muvozanat holatida bo‘lgan sistemalarga qaratilishi bilan cheklanib qolish mumkin emas.49

Ikkinchidan, Nyuton qurgan olamning mexanistik manzarasida vaqt uning sezilarli ahamiyatga ega bo‘lmagan bir qismidan iborat edi. Xususan, unda o‘tmish, hozirgi va kelajakdagi vaqtning har bir lahzasi boshqa lahzalaridan ajralmaydigan, ayni paytda, ular bilan bir xil ahamiyatga ega hodisa sifatida olib qaralar edi. Masalan, soat strelkasi yoki Quyosh atrofida aylanuvchi planeta Nyutonning mexanik sistemasi bo‘yicha ham oldinga, ham orqaga qarab aylanishi mumkin. Bu mazkur sistema asosining o‘zgarishiga olib kelmaydi. Ana shuning uchun ham ilm ahli Nyuton sistemasidagi vaqtni qaytar vaqt, unda sodir bo‘ladigan jarayonni esa qaytar jarayon deb atashgan edi.50

Uchinchidan, klassik mexanikadagi olam manzarasi negizida yotuvchi laplas determinizmi fazo va vaqt to‘g‘risidagi tasavvurlarni yaratishda belgilovchi ahamiyatga ega. U mavjud olamda tasodifga o‘rin qoldirmaydi, barcha jarayonlarning vaqtda sodir bo‘lish nuqtasini oldindan aytib berish mumkinligini ta’kidlaydi. Unda evolyutsiya oldindan qat’iy tarzda belgilangan konturlardan og‘ishmaydi. I.Prigojin klassik fanning bunday deterministik manzarasini “evolyutsiyaga qilingan karikatura”51, deb baholadi.

XIX asrga kelib klassik mexanika yaratgan olam manzarasi, undagi vaqt va fazo to‘g‘risidagi tasavvurlarning zaif jihatlari yaqqol ko‘rina boshladi va avval bildirilgan fikrlarga aniqlik kiritildi.

Bu, avvalambor, fizikaning o‘rganish obyektining o‘zgarishi, termodinamika va organizm evolyutsiyasi nazariyasining vujudga kelishi bilan bog‘liq. Olamdagi vaqt o‘zgarishlari nuqtai nazaridan olib qaralganda o‘zaro qarama-qarshi bo‘lgan bu ilmiy konsepsiyalar o‘rtasida ziddiyat bo‘lib, uni hal etish uchun “o‘tmishni kelajakdan farq qilishga imkon beradigan dinamik sistemalar strukturalarining o‘ziga xosligi nima?”, “Ularni farqlash uchun zarur bo‘lgan murakkablikning minimal darajasi qanday?” – degan savollarga javob topish zarur edi52. Lekin borliqqa yondashish usulini o‘zgartmasdan turib bunday savollarga javob berish qiyin edi. I.Prigojin va I.Stengerslar mazkur savollarga javob berish davomida bildiriladigan mulohazalar “tushunchalar sistemasini chuqur asosda qayta qurishga olib keladi”53, deb ta’kidlashdi.

Haqiqatdan ham shunday bo‘lgan. Fizikaning konseptual apparatini qayta qurish jarayoni qisman nisbiylik nazariyasida amalga oshdi. Xususan, u mutlaq deb hisoblangan ko‘lam va vaqt oraligʻini relyativlashtirdi, ya’ni nisbiy qiymatga ega fizik kattaliklar sifatida talqin qildi.

Albatta, bu bilan nisbiylik nazariyasi mutlaq kattaliklarni fizikadan siqib chiqargani yo‘q. Klassik fizikada ko‘lam va vaqt oraligʻi mutlaq, tezlik esa nisbiy deb hisoblangan bo‘lsa, nisbiylik nazariyasida ko‘lam va vaqt oraligʻi nisbiy, tezlik (yorug‘lik tezligi) doimiy deb qabul qilindi, ya’ni yana bir mutlaq kattalik – fazo – vaqt intervali (fazo – vaqt kontiniumi) nazariy tushunchasi kiritildi.

Fizikadagi tushunchalar sistemasini qayta qurish, yangi konsepsiyalar yaratish, xususan, fazo va vaqt to‘g‘risidagi tasavvurlarni rivojlantirish elektrodinamika va kvant nazariyasida davom ettirildi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, klassik fizika an’analardan voz kechgan dastlabki nazariya kvant mexanikasi bo‘ldi. U kuzatuvchi tadqiqotchini tabiat ichiga olib kirish bilan cheklanib qolmay, uning mikroskopik ko‘p sonli atomlardan tashkil topganligini ta’kidladi.

Kvant mexanikasining paydo bo‘lishiga olib kelgan narsa fiziklarning borliq va shakllanish o‘rtasidagi uzilishni bartaraf etishga urinishi bo‘ldi.54 Biz muhokama etayotgan masalaga bog‘lab tushuntirsak, gap bu yerda tabiatdagi evolyutsiya va jarayonlarning qaytmasligi, fazoning turli nuqtalari o‘rtasidagi aloqalarning vaqtdagi o‘lchamlar bilan muvofiqligi ustida boradi.

Lekin, I.Prigojin va I.Stengerslar kvant mexanikasining asosiy natijasini jarayonlarning qaytmasligi muammosini qo‘yishda deb emas, balki mikrodunyo fizikasiga “ehtimollik” tushunchasini olib kirishda deb bildilar55. Vaqt, jarayonlarning orqaga qaytmasligi muammosini hal etishda esa bu nazariya jarayonlarning orqaga qaytishi va qaytmasligi birligidan kelib chiqadi. “Biz orqaga qaytadigan va orqaga qaytmaydigan jarayonlar, yonma-yon mavjud bo‘lgan plyuralistik olamni tan olishga majburmiz”56, – deb yozadilar I.Prigojin va I.Stengers.

Ana shuning uchun ham olimlarning ko‘p vaqt davomida bir-birini istisno qiluvchi qarashlarning: fizikadan jarayonlarning orqaga qaytmasligini istisno qilishning (bu nuqtai nazarni A.Eynshteyn himoya qilgan) va orqaga qaytmaslikni tabiiy jarayonlarning muhim xususiyati deb bilishning (bu qarashni Uaydxed o‘zining jarayonlar konsepsiyasida bayon qilgan) goh unisiga, goh bunisiga yon bosishganidan ajablanmasa ham bo‘ladi.

Hozirgi paytda mikrodunyoda jarayonlarning orqaga qaytmasligining mavjudligi va uning borliqda konstruktiv rol o‘ynashi hech kimda shubha tug‘dirmaydi. Bu mikrodunyoda ham makrodunyodagi kabi jarayonlarning orqaga qaytmasligi kuzatiladi deganidir.

Shunday qilib, kvant mexanikasi mikrodunyoning sifat jihatidan yangi strukturaga ega qonunlarga bo‘ysunishini ko‘rsatdi. Bu bilan u barcha darajadagi ilmiy tasavvurlar uchun yagona konseptual sxemaning, tushunchalar tizimining mavjudligiga bo‘lgan umidni, shu jumladan, qaytar jarayonlarning mavjudligi to‘g‘risidagi fikrni universallashtirishga bo‘lgan harakatlarni puchga chiqardi.

I.Prigojin va I.Stengerslar jarayonlarning orqaga qaytmasligini simmetriya’ning buzilishi natijasi deb hisoblashadi57. Aynan mana shu nuqtada fazo va vaqt to‘g‘risidagi sinergetik tasavvurlarning avvalgi qarashlardan tub farqini ko‘ramiz. “Agar turg‘un sistemalar deterministik, simmetrik vaqt tushunchasi bilan bog‘liq bo‘lsa, noturg‘un xaotik sistemalar ehtimoliy vaqt tushunchasi bilan bog‘liq bo‘lib, u o‘tmish va kelajak orasidagi simmetriya’ning buzilishini nazarda tutadi”58.

Fizikaning konseptual apparatining o‘zgarishiga olib kelgan hodisalardan yana biri “ehtimollik” tushunchasining ilmiy aylanmaga kiritilishi edi. U klassik mexanikaning boshqa bir qancha tushunchalarining mazmunini qayta ko‘rib chiqishga sabab bo‘ldi. Ana shunday tushunchalardan biri “trayektoriya” tushunchasidir. Hodisalarning kutilmagan tarzda rivojlanishi trayektoriya tushunchasining cheklangan darajada qo‘llanilishiga olib keladi. Gibbs va Eynshteynlar ko‘p miqdordagi zarrachalarning boshlang‘ich holati to‘g‘risidagi tasavvurlarimizning yetarli emasligini nazarda tutib, fizikaga “fazali fazo” tushunchasini kiritdilar. Bu tushuncha ayrim trayektoriyalarni emas, balki trayektoriyalar guruhi to‘g‘risida gapirishga imkon berdi va eng asosiysi – dinamikani yangicha tadqiq etishning boshlang‘ich nuqtasi bo‘ladi. Tadqiqot davomida dinamik sistemalarning ko‘pchilik trayektoriyalarining turg‘un emasligi59, fazali fazoning har qanday sohasining sifat jihatidan juda ko‘p xatti-harakat rejimiga egaligi60 aniqlanadi hamda qo‘llanilayotgan tushunchalarni faqat ularning amal qilish chegaralarini aniqlash negizidagina tushunish mumkinligi ma’lum bo‘ldi61. Turg‘unsizlikning ehtimollik bilan uzviy aloqadorligi o‘rnatildi62.

Sinergetika nazariyasining muhim jihatlaridan yana biri tasodif va turg‘unsizlikning jarayonlarining orqaga qaytmasligi bilan uzviy aloqada ekanligini ta’kidlashidir. I.Prigojin va I.Stengerslar berilgan sistema ichida suvning siyoh bilan qo‘shilishi misolida “ichki vaqt”ning va hatto vaqtdagi fazoning mavjudligini ko‘rsatishga intilishadi hamda shunga taya’ni b, dinamika bilan termodinamikani, borliq fizikasi bilan shakllanish fizikasini birlashtirish mumkinligini yana bir bor aytib o‘tadilar. Xususan, ularning fikricha, entropiya o‘zining maksimal darajasiga yetganda muvozanat holatiga kelgan obyektning xatti-harakati tasodiflik ko‘rinishida bo‘ladi, ya’ni termodinamika tasvirlayotgan hodisa (entropiya’ning o‘sishi, sistemaning muvozanat holatiga kelishi, ya’ni strukturasining buzilishi) dinamika o‘rganadigan obyektga (ehtimollik, tasodif bilan belgilanadigan holatdan yangi strukturaning shakllanishiga o‘tishi, tartibsiz holatidan tartibining hosil bo‘lishi) aylanadi.

Yana shunisi ham diqqatga sazovorki, sinergetikada jarayonlarning orqaga qaytmasligiga sabab bo‘luvchi noturg‘unlik holati bartaraf etib bo‘lmaydigan statistik (ehtimoliy) o‘ziga xosligiga ega va u vaqtda o‘zining tabiatini belgilaydi, deb hisoblanadi. Bunda vaqt o‘qida kelajak hozirgi holatda mujassamlashgan deb emas, balki aksincha, u hozirgi holatdan kelib chiqadi, ya’ni ehtimoliy rivojlanishining variantlaridan birining amalga oshishi tarzida sodir bo‘ladi, deb izohlanadi.

Shunday qilib, yuqorida qayd etib o‘tilgan holatlar fazo va vaqt to‘g‘risidagi sinergetik qarashlarning sifat jihatidan yangi ekanligini ko‘rsatadi va ayni paytda, ularning dialektik mazmunini namoyish qiladi.



Download 1.78 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   156   157   158   159   160   161   162   163   ...   260




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling