O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida
Download 25.44 Kb.
|
O‘ZBEKISTON MUSTAQILLIKKA ERISHISH OSTONASIDA
"O‘ZBEKISTON MUSTAQILLIKKA ERISHISH OSTONASIDA" El-yurtimiz, butun xalqimiz Vatanimiz mustaqilligining yigirma yillik qutlug‘ bayramini nishonlash arafasida turgan shu unutilmas kunlarda mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’naviy hayotida tom ma’noda ulkan voqealar yuz bermoqda. Ana shu voqealar silsilasida Prezidentimiz Islom Karimovning «O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida» kitobining nashr etilishi mohiyat e’tibori bilan, hech shubhasiz, alohida o‘rin egallaydi. Qancha-qancha ajdodlarimizning asriy orzusi bo‘lgan, bugungi kunda ko‘pmillatli xalqimiz uchun eng ulug‘, eng aziz qadriyatga, barcha ezgu maqsad va harakatlarimiz, bunyodkorlik ishlarimizning hayotbaxsh manbaiga aylangan mustaqillikka erishish yo‘lida 1989 — 1991 yillar mobaynida olib borilgan o‘ta og‘ir va mashaqqatli kurashlar tarixi bu kitobning bosh mavzusini tashkil etadi. Nazariy va amaliy jihatdan katta tayyorgarlikni, ulkan siyosiy tafakkur va donishmandlikni, boy hayotiy bilim va tajribalarni talab qiladigan bunday murakkab mavzuning aynan istiqlolimiz me’mori, mustaqil davlatimiz asoschisi, o‘sha paytda yuz bergan ijtimoiy jarayonlarning asosiy markazida turgan, ularning barchasini o‘z qalbi va yuragidan o‘tkazgan inson — Yurtboshimiz tomonidan noyob tarixiy hujjatlar va teran tahlil asosida yoritib berilishi mamlakatimiz jamoatchiligining ushbu kitobga bo‘lgan qiziqish va e’tiborini yanada oshirmoqda. Yaqinda mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida chop etilgan xabarlarda, jumladan, «O‘zbekiston» telekanalida taniqli tarixchi va faylasuf olimlar, siyosatshunoslar, adabiyot va san’at namoyandalari, jurnalistlar ishtirokida namoyish etilgan turkum davra suhbatlarida bu kitobning eng muhim jihatlari haqida dastlabki mulohazalar bildirildi. Bugungi kunda bu boradagi muhokamalar, fikr almashuvlar ilmiy-ijodiy muassasalar, bilim va madaniyat maskanlarida, keng jamoatchilik o‘rtasida qizg‘in davom etmoqda. Bunday suhbat va muloqotlarda turlituman fikr-mulohazalar bildirilishi tabiiy, albatta. Ammo ushbu kitob bilan tanishgan barcha insonlar bir masalada hamfikr bo‘lishlari aniq: ya’ni, bugungi erkin va ozod, tinch va osuda hayotimiz qadrini, mustaqillik bergan imkoniyatlarni chuqur anglashda, ona - Vatanimizga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini tarbiyalashda bu kitobning o‘rni va ta’siri beqiyos. Islom Karimovning ushbu to‘plamdan o‘rin olgan barcha chiqishlari, ma’ruza va nutqlari, birinchi navbatda, har tomonlama chuqur hayotiy va mantiqiy asosga ega ekani, analitik ruhi, muallifning yuksak intellektual salohiyati, har qanday sharoitda ham O‘zbekiston manfaatini qat’iy turib himoya qilishga qaratilgan prinsipial pozitsiyasi, notiqlik mahoratini yorqin aks ettirishi bilan alohida ajralib turadi. Kitob holida birinchi marta nashr etilayotgan bu chiqishlarda o‘z ifodasini topgan davrga oid aksariyat tarixiy hujjatlar, ayniqsa, fotosuratlar, videotasvirlar, afsuski, saqlanib qolmagan. Shu bois ko‘pgina nutq va ma’ruzalarning matnlari arxiv hujjatlari asosida tiklangani har bir chiqish nihoyasida berilgan izohlar orqali ma’lum bo‘ladi. Ya’ni, to‘plam butunlay birlamchi, asl manbalar asosida tuzilgani uning tarixiy va ilmiy qimmatini yanada oshiradi. Ta’kidlash kerakki, «O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida» kitobida istiqlol arafasida respublikamizda hukm surgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat, xalqimiz boshidan kechirgan g‘oyat tahlikali voqealar xronologik tarzda, ketma-ket yoritilmasdan, o‘sha davrning siyosiy manzarasini to‘liq aks ettiradigan chuqur tahlillar, yaqin va uzoq istiqbolni ko‘zlab ilgari surilgan muhim strategik qarashlar, konseptual yondashuv va xulosalar atroflicha bayon etiladi. Ularning barchasini mustaqillik g‘oyasi bamisoli qizil ip kabi birlashtirib turadi. Shuning uchun ham ushbu to‘plam yaxlit asar singari katta qiziqish va hayajon bilan o‘qiladi. Agarki o‘sha yillardagi voqea-hodisalarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, ularga guvoh bo‘lgan odamlarning safi bugungi kunda tobora kamayib borayotganini, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlod esa bu tarixdan yetarli darajada xabardor emasligini inobatga oladigan bo‘lsak, ushbu kitob o‘sha suronli yillarning eng ishonchli hujjati sifatida xalqimizning istiqlol yo‘lidagi barcha intilish va kurashlarini bor murakkabligi bilan namoyon etishi ayon bo‘ladi. Muxtasar aytganda, ham siyosiy-iqtisodiy, ham g‘oyaviy-mafkuraviy, ham tarixiy-ma’naviy tafakkur va tahlil usullarini o‘zaro uyg‘unlikda mujassam etgan bu keng qamrovli asar xalqimiz hayotining vaqt o‘tishi bilan unutilib, yo‘qolib ketishi mumkin bo‘lgan sahifalarini tiklab, istiqlol tariximizni haqqoniy asosda yaratish, bugungi va kelgusi avlodlarning uni har tomonlama o‘rganib, anglab yetishlari uchun mustahkam zamin yaratadi. Shu ma’noda, bu kitob o‘tmish va kelajak, ajdodlar va avlodlar o‘rtasidagi vorisiylik rishtalarini kuchaytirishda bebaho manba bo‘lib xizmat qiladi, desak, adashmagan bo‘lamiz. Aytish kerakki, kitobdan joy olgan barcha chiqishlar chuqur amaliy va pragmatik ruhi, o‘sha davrga xos bo‘lgan kommunistik ritorika, balandparvozlik va safsatabozlikdan mutlaqo xoli ekani bilan alohida e’tiborni tortadi. Muallif o‘zining har bir fikri va so‘zini aniq dalil va raqamlar, mantiqiy xulosalar bilan asoslab beradi. Hayotiy faktlar uning o‘tkir mulohazalari, ehtirosli kechinmalari, teran mushohadalari, eng muhimi, ma’naviy jasorati bilan mushtarak bo‘lib, o‘sha paytdagi so‘z bilan ifoda etib bo‘lmaydigan o‘ta qaltis va murakkab siyosiy-ijtimoiy holatlarni kitobxon tasavvurida butun ziddiyat va qarama qarshiligi bilan yaqqol namoyon etadi. Shu borada bir misol keltirish o‘rinli deb o‘ylaymiz: «Biz respublikamizda 1500 ta yirik ishlab chiqarish birlashmasi va korxonasi ishlab turgani haqida, revolyutsiyadan avval bir yil davomida hosil qilingan miqdordagi elektr energiya hozir to‘rt kunda ishlab chiqarilayotgani haqida hamisha faxrlanib gapirar edik. Biz gaz qazib olish sohasida mamlakatda to‘rtinchi o‘rinda turibmiz. Qishloq xo‘jaligimiz mamlakatdagi paxtaning uchdan ikki qismini, qorako‘l terining uchdan bir qismidan ko‘prog‘ini, pillaning 60 foizdan ziyodini, ko‘p miqdordagi kanop, meva, uzum, sabzavot va poliz mahsulotlarini yetishtirib bermoqda. Ming kishi hisobiga to‘g‘ri keladigan talabalar soni jihatidan O‘zbekiston ko‘pgina rivojlangan mamlakatlardan oldinda turibdi. Bu xulosalar mo‘‘tabar minbarlardan turib, dissertatsiyalarday raportlarda va ma’lumotnomalarda ko‘p takrorlangan. Xo‘sh, bu gaplarning zaminida qanday ma’no bor? Iqtisodiyotimiz biryoqlama tarzda, faqat xomashyo yetishtiradigan holga tushib qolganini va kompleks rivojlanish yo‘liga, aholi ehtiyojlarini qondirishga o‘tkazilmaganini qayd etishga to‘g‘ri keladi. Sanoatda tayyor mahsulotning ulushi bor-yo‘g‘i 50 foizni tashkil etadi, qishloq xo‘jaligi mahsulotining 80 foizdan ko‘prog‘i mutlaqo qayta ishlanmasdan, respublika tashqarisiga chiqarilmoqda. Respublikadan olib ketilayotgan mahsulotning uchdan ikki qismi xomashyo, materiallar va chala tayyor materiallar ekanligining o‘zi ijtimoiy ishlab chiqarish tuzilishidagi chuqur nomutanosiblikdan darak beradi. Respublikaga keltirilayotgan tovarlarning 60 foizi esa mashinalar, asbob-uskunalar, yengil sanoat va oziq-ovqat sanoati mahsulotlaridir. G‘alati bir vaziyat vujudga kelmoqda. Respublika juda qimmatli xomashyo — paxta, nitron, kaprolaktam ishlab chiqarayotgan bir paytda ularni qayta ishlashdagi sayozlik, texnologiya zanjiri nihoyasiga yetkazilmagani oqibatida ayni shu xomashyodan ishlab chiqariladigan gazlama, sun’iy tola va tayyor mahsulotlarni chetdan keltirishga majbur bo‘lmoqda» («O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida». T.: «O‘zbekiston», 2011 yil, 169-170-betlar). Yoki yana bir xarakterli misolga e’tibor beraylik: «Statistikaning ko‘rsatishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda aholi jon boshiga hisoblaganda daromadi 75 so‘mdan oshmaydigan 8 million 800 mingga yaqin kishi yashab turibdi, bu esa aholining 45 foizini tashkil etadi. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, hozirgi paytda kun kechirish uchun kamida 85 so‘m zarurligini e’tiborga oladigan bo‘lsak, ana shunda odamlar qanday qiyinchilik bilan, uchma-uch yashab kelayotganiga o‘zingiz baho berishingiz mumkin. Kitobdan joy olgan materiallar bilan tanishar ekanmiz, sobiq Markazdagi imperiyaparast kuchlar, mustabid tuzumning shafqatsiz qatag‘on apparati O‘zbekiston va uning yangi rahbariga nisbatan turli zug‘um va tazyiqlarni tinimsiz kuchaytirib borganini o‘zimizga aniq tasavvur etamiz. «Paxta ishi», «o‘zbeklar ishi» degan siyosiy kampaniyalar paytida qizil imperiyaning markaziy matbuoti el-yurtimiz sha’nini tahqirlab, uning boshiga «qo‘shib yozish», «yulg‘ichlik», «ko‘zbo‘yamachilik», «boqimandalik» kabi tuhmat va malomatlar bo‘ronini yog‘dirgani haqidagi sahifalarni chuqur alam va iztirob bilan o‘qiymiz. Shunday tahlikali paytlarda xalq dardiga darmon bo‘lish o‘rniga sobiq Markazning nog‘orasiga o‘ynagan, mustaqillik g‘oyasini niqob qilib, aslida ana shu muqaddas intilishga qarshi chiqqan kimsalar, dunyoviy va diniy ko‘rinishdagi radikal siyosiy guruh va oqimlarga qarshi Islom Karimovning qanday katta jasorat, siyosiy vazminlik bilan kurash olib borgani, el-yurtimizga suyanib, uning qalbiga yo‘l topib, vaziyatni o‘nglash, yurtimizni halokatli inqiroz girdobidan olib chiqish, istiqlol sari boshlash bo‘yicha qat’iy chora va tadbirlar, chuqur islohotlarni amalga oshirgani va nihoyat, 1991 yil 31 avgust kuni O‘zbekiston mustaqilligini e’lon qilgani ushbu kitobning eng dramatik, eng hayajonli sahifalarini tashkil etadi. Yaqinda O‘zbekiston televideniesi orqali namoyish etilgan «Mustaqillik arafasida yoki sho‘rolarning so‘nggi talvasasi» filmini tomosha qilish asnosida barchamiz ana shu haqiqatga yana bir bor ishonch hosil qildik. Albatta, o‘sha paytdagi paxta yakkahokimligi, mustamlaka tuzumiga xos, bir yoqlama rivojlangan iqtisodiyotning halokatli oqibatlari, avvalo, odamlarning turmush tarzida, eng muhimi, ularning jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad darajasining o‘ta pastligida, tomorqa yerlarining keskin kamayib borishida, millatning salomatligi, uning genofondiga salbiy ta’sirlarning kuchayishida, bolalar va onalar o‘limining avj olishida, o‘lkamizning ekologik nochor holatida va boshqa ko‘plab masalalarda yaqqol namoyon bo‘lgan edi. Lekin bu fojialarning barchasini aniq misol va raqamlar asosida, SSSRdagi umumiy ko‘rsatkichlarga qiyoslagan holda, mustabid imperiyaning balandparvoz g‘oyalar bilan niqoblangan mustamlaka siyosatining ayanchli natijalari sifatida har tomonlama chuqur tahlil etib, butun mohiyati bilan ochib beradigan kitob shu kunga qadar yaratilmagan edi. Ijtimoiy-siyosiy tafakkurimiz, tarixni anglash borasidagi izlanishlarimizdagi ana shu bo‘shliq, bugun nihoyat, mazkur fundamental kitob bilan to‘ldirilganini mamnuniyat bilan qayd etishimiz lozim. O‘z-o‘zidan ravshanki, yuqorida zikr etilgan ijtimoiy muammolarning asl ildizlari, salbiy oqibatlari ochib berilgan keng ko‘lamli tadqiqotlar eski tuzum davrida hech qayerda, hech qaysi ilmiy muassasada olib borilmagan va olib borilishi mumkin ham emasdi. Bordiyu ana shunday tadqiqotlar amalga oshirilsa, ularning asosida chiqariladigan xulosalar muqarrar ravishda SSSR degan ulkan imperiyaning tomiriga bolta urish, deb baholanar edi. Chunki bunday fakt va raqamlar sobiq Ittifoq hududida — temir devorlar orasidayashagan xalqlarning naqadar huquqsiz, ularning hayoti esa qanday nochor bo‘lganini yaqqol isbotlab, bu tuzumning asl qiyofasini fosh etib qo‘ygan bo‘lardi. Binobarin, bunday mavzuda ilmiy ish olib borgan odam so‘zsiz-so‘roqsiz xalq dushmani deb e’lon qilinardi. Shuning uchun ham boshqa respublikalar qatori O‘zbekistonning ham haqiqiy iqtisodiy-ijtimoiy ahvolidan dalolat beradigan real fakt va raqamlar biror-bir nashrda chop etilmas, aksincha, jamoatchilikdan sir tutilar edi. Ilmiy tadqiqot institutlari xodimlari, jurnalistlar, agitator va propagandistlar faqat yuqoridan — KPSS Markaziy Komiteti va uning ittifoqdosh respublikalardagi tashkilotlari tomonidan tasdiqlab berilgan soxta ma’lumot va manbalar asosida ish olib borishga ko‘nikib qolgan edi. Bularning barchasidan xulosa chiqargan holda, «Mustaqillikni erkinlik to‘g‘risidagi shiorlar bilan emas, balki siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy mazmun bilan to‘ldirish kerak» (355-bet) deb ta’kidlaydi Yurtboshimiz va bunday qarashni o‘z faoliyatining bosh mezoni deb biladi. Shu sababli O‘zbekistonning hayotiga daxldor bo‘lgan har bir masalaga kompleks yondashib, ularning yagona to‘g‘ri va muqarrar yechimi — bu mustaqillik va faqat mustaqillik, degan mantiqiy xulosaga keladi. Bunday dadil fikrni sobiq Ittifoqning katta-katta minbarlaridan turib bayon etishdan cho‘chib ham, tortinib ham o‘tirmaydi. Jumladan, biz uchun mustabid tuzumning butun davri davomida eng og‘riqli masala bo‘lib kelgan paxta xomashyosi yetishtirish va xalqimiz o‘zining mashaqqatli mehnati uchun munosib haq olish, munosib turmush sharoitiga ega bo‘lishi haqidagi talab ochiq-ravshan bayon etilgan, muallifning Moskvada chop etiladigan «Rabochaya tribuna» gazetasiga bergan intervyu sidagi quyidagi fikrlarga e’tibor beraylik: «Paxta tolasi belgilab qo‘yilgan past narxlarda O‘zbekistondan tashqariga jo‘natildi va hamon jo‘natilmoqda. Buning evaziga nima berilmoqda? Paxta yetishtirishda mehnatning 84 foizi bizning zimmamizga tushmoqda va uni qayta ishlashdan keladigan daromadning atigi 16 foizi bizga tegmoqda. Paxtani olayotgan boshqa respublikalarda nisbat aksincha bo‘lmoqda. Masalan, aytaylik, Rossiyada to‘qilgan va tikilgan tayyor ko‘ylak g‘oyat katta foyda keltirmoqda. Mehnati — bizga, puli — boshqalarga. Mamlakatning «paxta sexi» bo‘lish, mana, nimani anglatadi» (353-354betlar). Ushbu kitob bilan tanishgan o‘quvchilarda «Boshqa tadqiqot va ilmiy ishlarda uchramaydigan bunday dalil va raqamlar qayerdan olingan, ular nimaga, qanday manbalarga asoslangan» degan tabiiy savol tug‘ilishi mumkin. Ma’lumki, Yurtboshimiz ko‘p yillar davomida Davlat plan komitetida mas’ul vazifalarda xizmat qilgan, keyinchalik bu tashkilotning raisi, moliya vaziri, Ministrlar Soveti raisining o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. Ish jarayonida minglab rasmiy hujjatlar, jumladan, maxsus statistik ma’lumotlardan foydalanish imkoniga ega bo‘lgan. Islom Karimov respublika rahbari bo‘lib saylanishidan oldin — Davlat plan komitetining raisi bo‘lib ishlagan paytida ana shu murakkab masalalar ustida uzoq vaqt sistemali tarzda ishlab, bir muhim xulosani, ya’ni O‘zbekiston iqtisodiyoti shu tariqa bir yoqlama rivojlanishda davom etadigan bo‘lsa, bu xatarli jarayon oxir-oqibatda halokatli natijalarga olib kelishi muqarrar, degan, chuqur ilmiy asoslangan fikrlarni respublika rahbariyatiga yozma ravishda ma’lum qiladi. Davlat va xalq manfaatini o‘ylab, kelajak haqida qayg‘urib bildirilgan bunday takliflarga e’tibor qaratish o‘rniga, Markaz va uning respublikadagi gumashtalari bunday mustaqil va dadil qarashlar bilan chiqqan rahbarni poytaxtdan chetlashtirib, uni olis Qashqadaryo viloyatiga, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan eng og‘ir ahvolda qolgan mintaqaga rahbar qilib, aslida esa jazolash uchun yuboradi. Taqdirning ana shunday qaltis o‘yin va sinovlaridan o‘tgan, qisqa davr ichida Qashqadaryodek katta bir viloyatdagi ahvolni tubdan o‘zgartirishga erishgan Islom Karimovning O‘zbekiston rahbari bo‘lib saylanganining ertasiga, ya’ni 1989 yilning 24 iyun kuni respublika hukumatining majlisida «Biz bundan buyon eskicha yasholmaymiz va bunday yashashga zamonning o‘zi yo‘l qo‘ymaydi» deb, qat’iy bayonot berishi uning qanday katta azmu shijoat bilan yangi vazifaga kirishganidan dalolat beradi. Respublikamizda 80-yillarning oxiri — 90-yillarning boshida vujudga kelgan haqiqiy ahvolni o‘zimizga aniq tasavvur qiladigan bo‘lsak, «O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida» kitobi istiqlol tariximizning hozirga qadar atroflicha yoritilmagan sahifalarini har tomonlama chuqur isbotlangan, rad etib bo‘lmaydigan aniq tarixiy hujjatlar asosida to‘ldirishi bilan, ayniqsa, e’tiborlidir. Chunki hozirgi vaqtda turli uydirmalarni ustalik bilan ishlatib, bu bo‘shliqni g‘arazli maqsadda to‘ldirishga, shu masalada kimlarningdir reja va buyurtmalarini bajarishga, biz boshimizdan kechirgan tarixiy voqealarni buzib talqin etishga qaratilgan urinishlarga bu kitob hech qanday imkon qoldirmaydi. Bu to‘plamning eng muhim jihati va ahamiyati, avvalo, ana shunda — yaqin tariximizdagi suronli va to‘fonli voqea-hodisalarni faqat haqiqat va yana bir bor haqiqatga asoslanib, o‘z ongu shuuridan, qalbidan kechirgan muallifning teran nigoh, ulkan donishmandlik, o‘z xalqi va yurtiga cheksiz muhabbat va sadoqat hissi bilan yoritib berganida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shuni unutmaslik kerakki, bugun sobiq Ittifoqning ayrim hududlarida SSSR degan imperiyani qandaydir yangi shaklda tiklashni xayol qilib yurgan, yaqin o‘tmishda sodir bo‘lgan tarixiy jarayonlarni butunlay o‘zgartirib, kerak bo‘lsa, soxtalashtirib, odamlarni, ayniqsa, u zamonlarni ko‘rmagan-bilmagan yoshlarni aldab, to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itishga urinayotgan kuchlar, afsuski, hali ham yo‘q emas. Eng yomoni, ular o‘z qabih niyatlari yo‘lida hech narsadan qaytmaydi. Shu ma’noda, Prezident Islom Karimovning xalqimizning siyosiy tafakkur xazinasiga bebaho hissa bo‘lib qo‘shiladigan «O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida» kitobi barchamizni hozirgi o‘ta notinch va tahlikali zamonda doimo hushyor, ogoh va sergak bo‘lib yashashga da’vat etadi. Shu asosda Vatanimizning yangi tarixini chuqur anglab, undan zarur saboq va xulosalar chiqarib, yurtimizning qadimiy shuhrati, bugungi qudrati va salohiyati, jahon maydonidagi obro‘-e’tiboriga har tomonlama munosib bo‘lib yashashga o‘rgatadi. “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan Prezident Islom Karimovning “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” deb nomlangan yangi kitobi nashr etildi. Kitobdan Yurtboshimizning mamlakatimiz mustaqilligi arafasida va mustaqillikning dastlabki davrida (1989-1991 yillarda) olib borgan jo‘shqin va serqirra siyosiy-ijtimoiy faoliyatini aks ettiradigan ma’ruza va nutqlar, suhbat, maqola va intervyular o‘rin olgan. Kitob shaklida ilk bor chop etilayotgan bu chiqishlarning “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” deb nomlanishi albatta bejiz emas. Bu kitob yaqin o‘tmishimizning murakkab tarixiy-siyosiy bosqichlarini, jumladan, tasavvur qilish ham qiyin bo‘lgan g‘oyat og‘ir va tahlikali bir vaziyatda O‘zbekiston rahbari sifatida ish boshlagan Islom Karimovning o‘lkamizni chuqur inqirozdan olib chiqish, uni qat’iyat va matonat bilan istiqlol sari boshlash, Vatanimiz mustaqilligini e’lon qilish, umumxalq saylovida g‘olib chiqib, Prezidentlik qasamyodini qabul qilishigacha bo‘lgan, tinimsiz kurashlar, keskin sinov va mashaqqatlar bilan o‘tgan faoliyat davrini o‘z ichiga oladi. Kitobga kiritilgan nutq va ma’ruzalarda o‘sha davrdagi o‘ta dramatik voqealar, tarixiy o‘zgarishlar qanday murakkab vaziyatlarda yuz bergani, ularning tafsiloti, sabab va oqibatlari atroflicha yoritib beriladi. Ma’lumki, 1989 yilning o‘rtalarida KPSS Markaziy Komiteti, sovet hukumati tomonidan O‘zbekistonga nisbatan qatag‘on siyosati yangi bosqichda davom ettirilib, “paxta ishi”, “o‘zbeklar ishi” deb nom olgan siyosiy kampaniyalar avj olgan edi. Kommunistik partiyaning bosh nashri bo‘lgan “Pravda” gazetasining “Oltin xazinasi ustidagi ilon” deb nom olgan maqolasida, boshqa yetakchi markaziy nashrlarda xalqimiz boshiga tinimsiz tuhmat va bo‘htonlar yog‘dirilmoqda edi. Sobiq Markazdan yuborilgan, el-yurtimiz o‘rtasida “desantchilar” deb nom olgan guruhlar tomonidan qancha-qancha begunoh insonlar, butun-butun oilalar tazyiq va ta’qiblarga uchraganini jamoatchiligimiz yaxshi eslaydi. Ana shunday og‘ir bir sharoitda Yurtboshimiz tomonidan xalqimiz qalbidagi asriy orzu – istiqlol g‘oyasi ulkan jasorat bilan ilgari surilib, uni amalga oshirish uchun tarixiy qadamlar qo‘yilgani kitobning asosiy mavzusini tashkil etadi. Agarki bu kitobning ma’no-mazmunini bir so‘z bilan ifoda etadigan bo‘lsak, Vatanimiz mustaqilligi, ta’bir joiz bo‘lsa, yangi hayot, yangi jamiyat binosi uchun zamin bo‘lgan hal qiluvchi dasturiy maqsad va g‘oyalarni Islom Karimov o‘sha dolg‘ali yillardayoq, uzoqni ko‘rgan holda, o‘ziga nechog‘lik aniq-ravshan tasavvur etgani mazkur to‘plamning har bir sahifasidan bamisoli “qizil ip” bo‘lib o‘tishini ta’kidlash o‘rinlidir. Shu davr mobaynida o‘lkamizda ro‘y bergan Farg‘ona, Guliston, Bo‘ka, O‘sh, Namangan voqealari paytida, tarixda “GKCHP” deb nom olgan, SSSR davlatining so‘nggi kunlarida bir guruh imperiyaparast kuchlar tomonidan amalga oshirilgan siyosiy to‘ntarish chog‘ida va boshqa shu kabi o‘ta keskin vaziyatlarda Islom Karimovning yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lni topa olgani, xalqimizning tinchligi va xavfsizligini ta’minlash uchun kechayu kunduz tinimsiz mashaqqatli faoliyat olib borganini tasdiqlaydigan tarixiy manbalar ham ushbu kitobda o‘z aksini topgan. Mamlakatimizni jar yoqasiga olib kelib qo‘ygan og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni o‘nglash, xalq dardiga darmon bo‘lish, yillar davomida yechilmasdan kelgan muammolarni hal etish maqsadida aholiga uy-joy qurish uchun uchastka maydonlari va tomorqa yerlari ajratish, paxta yakkahokimligiga barham berish borasida davlatimiz rahbari tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Ana shunday chora-tadbirlar tufayli respublika bo‘yicha 700 mingta oilaga yer berilgani, muallif ta’biri bilan aytganda, kichikroq bir davlatning aholisiga teng bo‘lgan 1,5 million yangi oila paydo bo‘lgani, qurilish materiallari ishlab chiqarish, odamlarga kredit berish, o‘z xo‘jaligini yuritish uchun urug‘lik, chorva mollari va parranda ajratishga qaratilgan ulkan ishlar haqida ma’lumot beradigan chiqishlar ham shu to‘plamdan o‘rin olgan. Bugungi kunda dunyoda “o‘zbek modeli” deb nom olgan taraqqiyot yo‘limizning asosiy prinsiplarining dastlabki kurtaklari sokin kabinetlarda emas, aksincha, o‘sha yillarda keskin siyosiy kurashlar, bahs va tortishuvlar jarayonida tug‘ilib, 90-yillarga kelib yaxlit ta’limotga aylangani haqida ushbu kitobdagi chiqishlar orqali har tomonlama tasavvurga ega bo‘lish mumkin. Mustaqillik g‘oyalari keng qanot yoza boshlagan, xalqimiz ozodlik va erkinlikka intilgan bir paytda yurtimizning dadil qadamlarini ko‘rolmaydigan g‘arazli kuchlar sobiq Markazda ham, o‘zimizda ham topiladi. Bunday siyosiy o‘yin va fitnalarga bir misol sifatida 1991 yil 17-19 avgust kunlari – Islom Karimov Hindiston Respublikasida rasmiy safarda bo‘lgan paytda yuz bergan voqealarni keltirish mumkin. Mamlakat rahbarining O‘zbekistonda emasligidan foydalanib, yurtimizdagi ayrim rahbarlarGKCHPning noqonuniy qarorlarini qo‘llab-quvvatlaydi, shu tariqa o‘zining siyosiy va ma’naviy qiyofasini ko‘rsatadi. Faqatgina Yurtboshimizning mustahkam irodasi, oqilona va vazmin siyosati tufayli GKCHP tarafdori bo‘lgan siyosiy avantyuristlar o‘z qabih niyatiga yetolmagani ham kitobdagi chiqishlarda ifodasini topgan. Afsuski, bugun vaqt o‘tishi bilan ana shu voqealarni ko‘rgan-bilgan, ularga bevosita guvoh bo‘lgan odamlarning soni tobora kamayib bormoqda. Yaqin tariximizning mash’um bir davrida sodir bo‘lgan bu voqealarni bilmasdan, ularning mohiyatini chuqur anglamasdan turib el-yurtimizning istiqlolga erishish yo‘lidagi kurashlar tarixini barcha murakkabliklari bilan to‘liq tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, mazkur kitobdan o‘rin olgan tarixiy hujjatlar, nutq va ma’ruzalarning bugungi va ertangi kunimiz uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega ekani yanada yaqqol ayon bo‘ladi. Muxtasar aytganda, to‘plamga kiritilgan har bir chiqishni mutolaa qilish jarayonida biz yangi tariximizning o‘zimiz bilmagan, anglamagan yana ko‘plab qirralarini yangitdan kashf etamiz, istiqlol mohiyatini, “tarixiy burilish pallasida xalq dardi, millat qayg‘usi buyuk shaxslarni yaratishi”ni yanada chuqurroq anglaymiz. Shu ma’noda, Prezident Islom Karimovning “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” kitobi xalqimizning siyosiy tafakkur xazinasiga qo‘shilgan bebaho hissa bo‘lib, mamlakatimizning istiqlol tarixini o‘rganish va anglashda beqiyos tarixiy ahamiyat kasb etadi. Download 25.44 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling