12-MODDA
Hech kimning shaxsiy va oilaviy hayotiga o’zboshimchalik bilan aralashish, uy-joyi daxlsizligiga, uning yozishmalaridagi sirlarga yoki uning nomus va sha’niga o’zboshimchalik bilan tajovuz qilinishi mumkin emas. Har bir inson xuddi shunday aralashuv yoki tajovuzdan qonun orqali himoya qilinish huquqiga ega.
13-MODDA
1. Har bir inson har bir davlat doirasida erkin yurish va yashash joyi tanlash huquqiga ega.
2. Har bir inson har qanday mamlakatdan, xususan o’z mamlakatidan chiqib ketish va o’z mamlakatiga qaytib kelish huquqiga ega.
14-MODDA
1. Har bir inson ta’qib tufayli boshqa mamlakatlardan boshpana izlash va o’sha boshpanadan foydalanish huquqiga ega.
2. Bu huquqdan nosiyosiy jinoyat sodir etish uchun yoki Birlashgan Millatlar Tashkilotining maqsad va printsiplariga zid xatti-harakat tufayli ta’qib paytida foydalanish mumkin.
15-MODDA
1. Har bir insonning fuqaro bo’lish huquqi bor.
2. Hech kim o’zboshimchalik bilan o’z fuqaroligidan yoki o’z fuqaroligini o’zgartirish huquqidan mahrum qilinishi mumkin emas.
16-MODDA
1. Balog’at yoshiga yetgan erkaklar va ayollar irqi, millati yoki diniy belgilari bo’yicha hech qanday cheklashlarsiz nikohdan o’tishga va oila qurishga haqli. Ular nikohdan o’tishda, nikohda turgan vaqtlarida va uni bekor qilish vaqtida bir xil huquqdan foydalanadi.
2. Nikohdan o’tayotgan har ikki tomonning erkin va to’liq roziligi asosidagina nikoh tuzilishi mumkin.
3. Oila jamiyatning tabiiy va asosiy hujayrasi sanaladi va jamiyat hamda davlat tomonidan himoya qilinishga haqli.
17-MODDA
1. Har bir inson yakka holda, shuningdek, boshqalar bilan birgalikda mulkka egalik qilish huquqiga ega.
2. Hech kim zo’ravonlik bilan o’z mulkidan mahrum etilishi mumkin emas.
18-MODDA
Har bir inson fikr, vijdon va din erkinligi huquqiga ega; bu huquq o’z dini yoki e’tiqodini o’zgartirish erkinligini va ta’limotda, toat-ibodat qilishda va diniy rasm-rusm hamda marosimlarni ommaviy yoki xususiy tartibda ado etish, o’z dini yoki e’tiqodiga yakka o’zi, shuningdek, boshqalar bilan birga amal qilish erkinligini o’z ichiga oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |