O’zbеkistоn rеspublikasi хalq ta’limi vazirligi jizzaх davlat pеdagоgika instituti
Hozirgi zamon fani va ilmiy-texnikaviy taraqqiyot
Download 4.4 Mb.
|
IJTIMOIY-FALSAFA
Hozirgi zamon fani va ilmiy-texnikaviy taraqqiyot. Hozirda fan bilimlarning juda katta sohasini qamrab olgan. V.I.Kupsov ma’lumotlariga ko‘ra, u bir-biri bilan aloqador bo‘lgan 15 mingga yaqin fan sohalarini qamrab oladi. Olimlar soni ham keskin ko‘paydi. XX asr oxiriga kelib ularning soni 5 mln. kishidan oshib ketdi. Ular soni har 10-15 yilda ikki baravar oshmoqda. Hozirda bu ko‘rsatkich Er kurrasida hamma zamonlarda yashagan barcha olimlarning qariyb 90% ni tashkil etadi224.
Hozirda jamiyat hayoti va faoliyatiga tobora faolroq aralashayotgan fanlar hammaning diqqat markazidadir, ularning inson faoliyati vositalari bilan yaqin aloqasiga esa tabiiy bir hol deb qaralmoqda. Ijtimoiy organizm hisoblangan fan doirasida odamlar o‘rtasidagi munosabatlarning murakkablashuvi uni ijtimoiy-psixologik tahlil qilish muammolarini ilgari surmoqda. Fanning hozirgi taraqqiyoti odamlarning faoliyatini yanada tubdan o‘zgartirib yubormoqda. Uning texnika va eng yangi texnologiyalarning rivojlanishiga ta’siri, fan-texnika taraqqiyotining (FTT) esa kishilar hayotiga ta’siri ayniqsa sezilarlidir. Fan kishilar hayotiga yangi muhit yaratib bermoqda. K.YAspers yozganidek, “qisman odamning o‘zi tomonidan yaratilgan muhit odam mohiyatining belgisidir”225. O‘tgan asrda yuz bergan ilmiy-texnik inqilob sharoitida aniq fanlarga nisbatan e’tibor kuchayib, ijtimoiy fanlarning roli bir oz pasaygandek bo‘lgan edi. “Postindustrial davr” deb nom olgan hozirgi davrga hos bo‘lgan voqealar esa bu ikkala guruh fanlar teng va o‘zaro hamkorlikda rivojlanishlari maqsadga muvofiq ekanligini ko‘rsatmoqda. Hamma sohalarda globallashuv avj olayotgan vaqtda ijtimoiy va gumanitar fanlar hal qiluvchi ahamiyat kasb etsa, ajab emas. Zero, inson va uning manfaatlari umumtaraqqiyotni belgilovchi mezonlardir226. Hozirgi zamon fanining asosiy xususiyati uning texnika bilan tobora uzviy birlik hosil qilib borishidir. Zero texnik taraqqiyotni fanning ilmiy kashfiyotlari va ixtirolarisiz tasavvur etib bo‘lmaganiday, o‘z vaqtida fanning taraqqiyoti ham texnikaning mukammallashib borishini taqozo etmoqda. Fan-texnika taraqqiyoti umumiy jarayonida mehnat unumdorligi keskin oshishiga olib keluvchi ishlab chiqarish kuchlarining sifat jihatidan o‘zgarishi bilan bog‘liq muhim bosqichlarni ajratish mumkin. Birinchi bosqich ishlab chiqarishning mexanizatsiyalashuvi bosqichi bo‘lib, u insonni og‘ir jismoniy mehnatdan xalos qildi va mehnat unumdorligini bir necha baravar oshirdi. Ikkinchi bosqich avtomatlashtirish jarayoni bo‘lib, u avtomatika, elektronika, hisoblash texnikasi sohasida erishilgan ilmiy yutuqlar bilan bog‘liq. Ushbu bosqich avtomatlashtirishning oliy shakllari – sexlar, zavodlarni avtomatlashtirishga o‘tish, mehnat unumdorligini oshirish imkoniyatini yaratdi. Fan-texnika inqilobining yangi – uchinchi bosqichi mikroelektronika, informatika, biotexnologiyaning jadal rivojlanishi, robototexnikaning yaratilishi, ommaviy kompyuterlashtirish va h.k. bilan bog‘liq. Ushbu bosqichda fan-texnika taraqqiyoti fizika, matematika, kimyo, biologiya kabi fundamental fanlarning, shuningdek bilimning turli sohalari tutashgan joyda vujudga kelgan fanlar, chunonchi: biotexnologiya, irsiy injeneriya va hujayralar injeneriyasi yutuqlari bilan ishlab chiqarishning yaqin ittifoqi bilan belgilanadi. Hozirgi zamon fan-texnika taraqqiyoti fanni bevosita ishlab chiqarish kuchiga aylantirish orqali ishlab chiqarish kuchlarini sifat jihatidan o‘zgartirishni nazarda tutadi. Bu nimani anglatadi? Bu shuni anglatadiki, birinchidan, ilmiy bilimlar ishlab chiqarishda band bo‘lgan deyarli har bir kishining ajralmas tarkibiy qismiga aylanadi; ikkinchidan, ishlab chiqarish, texnologik jarayonlar (ayniqsa, boshqarishning avtomatik sistemalari ishlaydigan joylarda) faqat fan asosida boshqarilishi mumkin; uchinchidan, ilmiy-tadqiqot va konstruktorlik faoliyati ishlab chiqarish jarayoni tarkibidan uning bevosita bo‘g‘ini sifatida o‘rin oladi. SHunday qilib, ishlab chiqarish fanning amaliy-texnologik qo‘llanilishi sohasiga aylanadi. Fan faqat texnikaning ishlab chiqarish kuchlari tarkibiy qismlaridan biri sifatida rivojlanishiga imkoniyat yaratayotgani yo‘q. Ma’lumki, asosiy ishlab chiqaruvchi kuch inson hisoblanadi. SHu bois, fanning bevosita ishlab chiqarish kuchiga aylanishi to‘g‘risida so‘z yuritilganida, nafaqat texnik va tabiiy fanlar, balki inson moddiy ishlab chiqarish sohasida ongli tarzda, ijodiy ishtirok etishi uchun zarur bo‘lgan uning butun ma’naviy dunyosi shakllanishi va takomillashuviga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi ijtimoiy fanlar ham nazarda tutiladi. Insonning texnik savodxonligini oshirish uning ma’naviy qiyofasini takomillashtirishni ham nazarda tutadi. Insonning ma’naviy qiyofasi ko‘p jihatdan falsafa, ma’naviy madaniyat ta’sirida shakllanadi. Binobarin, hozirgi zamon fan-texnika taraqqiyoti ishlab chiqarish kuchlarining rivojlanishidagi tubdan qayta qurish demak, uning asosiy jihatlari esa – fanning ishlab chiqarishning etakchi kuchiga aylanishi, avtomatik boshqarishning joriy etilishi, ishlab chiqarish texnologik metodlarining va uni tashkil etish shakllarining o‘zgarishi. Fan-texnika taraqqiyotining ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik oqibatlari so‘nggi yillarda G‘arbda har xil texnokratik nazariyalar paydo bo‘lishiga turtki berdi. Ularning mohiyati asosan hayotning yalpi texnikalashuvi barcha ijtimoiy muammolarni hal qilishga qodir, degan g‘oya bilan bog‘liq. Texnokratizm mafkurasining gnoseologik ildizlari pozitivizm falsafasiga borib taqaladi. Ma’lumki, pozitivistlar o‘z xulosalarini tabiiy va texnik fanlarda olingan empirik ma’lumotlar asosida chiqaradi, ularning falsafiy negizini esa ssientizm tashkil etadi. “Axborot inqilobi” postindustrial, texnotron, informatsion va boshqa shunga o‘xshash jamiyatlar qurish tarafdorlarining konsepsiyalari fan va texnikaning jamiyatni sifat jihatidan o‘zgartirish imkoniyatlari keng ekanligini e’tirof etishga asoslanadi. Ushbu konsepsiya so‘nggi yillarda amerikalik sotsiolog D.Bell, fransuz faylasufi va sotsiologi R.Aron, amerikalik mashhur sotsiolog va siyosiy arbob Z.Bjezinskiy, amerikalik tarixchi va sotsiolog G.Kan, amerikalik sotsiolog va iqtisodchi U.Rostou va boshqalarning tadqiqotlari va asarlarida ayniqsa mukammal ishlab chiqildi. Ularning keng tarqalgan “postindustrial” yoki “texnologik” jamiyat konsepsiyalariga ko‘ra, kelajakda jamiyatni fan va texnika tashkilotchilari (menejerlar) boshqaradi, jamiyat hayoti rivojlanishining hal qiluvchi omili esa ilmiy markazlar bo‘ladi. Bu erda texnika va fan rolining mutlaqlashtirilishi, oshirib yuborilishi yaqqol seziladi. Ma’lumki, murakkab siyosiy muammolarni fan ham, texnika ham o‘z holicha hal qila olmaydi. SHuni unutmaslik kerakki, texnika ishlab chiqarish kuchlarining bir qismi hisoblanadi. Ushbu konsepsiya tarafdorlari jamiyatning assoiy ishlab chiqaruvchi kuchi inson ekanini butunlay nazarda qochiradilar. Insoniyat uchinchi mingyillikka qadam qo‘yishi tarixdan industrial jamiyat sifatida o‘rin olgan sivilizatsiyaning ikkinchi to‘lqinidan postindustrial elektron-axborot jamiyati deb nom olgan uchinchi to‘lqinga o‘tish davriga to‘g‘ri keldi. Bu davrda fan va ishlab chiqarishning o‘zaro nisbati muayyan tarzda o‘zgaradi. Agar industrial jamiyat (ikkinchi to‘lqin) va undan ham oldingi agrar jamiyat (birinchi to‘lqin) davrida ilmiy kashfiyot bilan uning ishlab chiqarish ehtiyojlariga tatbiq etilishi o‘rtasida yuzlab yillar o‘tgan bo‘lsa, hozirgi axborot jamiyati (uchinchi to‘lqin)da ishlab chiqarish fanning rivojlanish sur’atlariga etib ulgurolmayapti. Hozirgi davrda fan iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy taraqqiyotning hal qiluvchi kuchiga aylandi va o‘z rivojlanish sur’atlarini tinimsiz oshirib bormoqda. D.Bell hozirgi davrdagi yalpi kompyuterlashtirishni “ro‘y berayotgan texnik inqilob ramzi va ifodasi” deb qarab, amerikalik faylasuf unda shakllanayotgan “postindustrial” jamiyat shakl-shamoyillarini ko‘radi. Unda “asosiy belgilar” – moddiylik (ya’ni ishlab chiqarish sohasi) va ma’naviyat (madaniy institutlar sohasi) ichki qarama-qarshilikka ega bo‘ladiki, bunda Bell “axborotlashgan” jamiyatning emirilishi xavfini ko‘radi. So‘nggi yillarda bunga qarama-qarshi konsepsiya – texnofobiya, ya’ni texnikaning barcha sohalarni qamrab olishidan qo‘rqish konsepsiyasi ham tarqalmoqda. Inson fan-texnika taraqqiyoti iskanjasida o‘zini ojiz qo‘g‘irchoqday his qiladi. SHu nuqtai nazardan fan-texnika taraqqiyoti shu qadar keng ko‘lam kasb etmoqdaki, jamiyat nazorati ostidan chiqishi va sivilizatsiyani vayron qiladigan kuchga aylanishi, inson yashaydigan muhit – tabiatga va insonning o‘ziga katta ziyon etkazishi mumkin. Bu butun insoniyatni tashvishga solmoqda, chunki qaytarib bo‘lmaydigan dahshatli kuch xususiyatini kasb etmoqda. Falsafaning ushbu konsepsiyasi antissientizm ta’limotida o‘z ifodasini topgan. SHuni alohida qayd etib o‘tish kerakki, bir qancha ilmiy, ilmiy-texnik, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa tadqiqotlar va ta’limotlarda fan-texnika taraqqiyotining hozirgi bosqichi har xil talqin qilinadi. Turli nazariy sistemalarda u har xil nomlanadi. Masalan, marksistik terminologiyada va ayrim g‘arb olimlari terminologiyasida – “fan-texnika inqilobi”, O.Tofflerning sivilizatsion tipologiyasi bo‘yicha – “ijtimoiy-texnik inqilob”. Ko‘pincha u axborot-kompyuter va axborot-ekologik inqilob deb nomlanadi, elektron-kompyuter va biotexnologik texnologiyalarning yaratilishi va tarqalishi uning ichki o‘zagini tashkil etadi. YAngi sivilizatsiya, shartli qilib aytganda, “postindustrial jamiyat”, “axborot jamiyati”, “axborot-ekologik jamiyati” ushbu inqilob natijasi bo‘lishi mumkin. SHakl-shamoyillari endigina namoyon bo‘layotgan jamiyat shu bilan tavsiflanadiki, unda axborot va bilimlar alohida, muhim o‘rin egallaydi. Hozirning o‘zidayoq eng rivojlangan mamlakatlarda sanoat va qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishining asosiy sohalari, aloqa va kommunikatsiyalar, maishiy xizmat ko‘rsatish, dam olish, ta’lim va ma’naviy hayot asosan texnika yutuqlariga tayanmoqda, ularga fan tobora chuqurroq kirib bormoqda. Bilimlarni izlash, yaratish, o‘stirish va saqlash, ularning ma’nosini o‘zgartirish, ko‘paytirish va tarqatish odamlar faoliyatida tobora ko‘proq o‘rin egallamoqda. Axborot qimmatli mahsulot va asosiy tovarga aylanib bormoqda. Ushbu holat “axborot” tushunchasining o‘ziga sinchikovlik bilan nazar tashlashga da’vat etmoqda. YAqindagina (ya’ni kibernetika asrigacha) axborot deganda shunchaki ma’lumot uzatish tushunilar edi. So‘nggi o‘nyilliklarda kibernetik taraqqiyot ta’sirida ushbu tushuncha qayta ko‘rildi va chuqurlashib bordi. Bugungi kunda u anglab etilmagan narsalar va hodisalar ustida izlanayotgan tadqiqotchilarni hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy hayotni boshqarish jarayonlari tepasida turgan shaxslarni “oziqlantiruvchi” muayyan substansiya sifatida talqin qilinmoqda. So‘nggi yillarda vujudga kelgan ayrim konsepsiyalarda axborot masofa va harakat bilan bir qatorga qo‘yilmoqda. Ularda axborotlilik butun universumning va uning har bir tarkibiy qismining xossasi deb talqin qilinmoqda. Aksariyat hollarda ko‘pgina mualliflarda axborot aks ettirilgan rang-baranglik, noaniqlikning bartaraf etilishi, entropiyaning rad etilishi, rang-baranglikning ifodalanishi, strukturalar murakkabligi o‘lchovi, tanlash ehtimoli va h.k. deb tushunilmoqda. Hozirgi dunyoda texnikaning ikkiyoqlama xususiyati ayniqsa keskin namoyon bo‘lmoqda. Bir tomondan, insoniyat rivojlanishini texnikasiz tasavvur qilish mumkin emas, ikkinchi tomondan esa, texnika salbiy, hatto fojiali oqibatlarga olib kelishga qodir qudratli kuchdir. Texnikaning nooqilona rivojlanishi shunga olib keladiki, texnika taraqqiyoti yutuqlari murakkab muammolarni keltirib chiqaradi. Ishlab chiqarishda insonning ishchi kuchi vazifasini bajargan, shu tariqa mehnat unumdorligini oshirgan holda, texnika ish bilan ta’minlash va ishsizlik muammolarini sababi bo‘lmoqda; turar joy shinamligi bugungi kunda odamlar tarqoqligini kuchaytirmoqda; shaxsiy transport yordamida erishiladigan qulaylik shovqinning kuchayishiga, shaharlar o‘z betakror qiyofasini yo‘qotishiga, tabiatning ifloslanishiga olib kelmoqda. XX asr oxiri - XXI asr boshidagi yuksak texnologiyalar (elektronika, informatika, kosmik ishlab chiqarish, biotexnologiya, nanotexnologiya va b.) ishlab chiqarishni mutlaqo yangi darajaga olib chiqmoqda. Ular yordamida dunyo o‘zining yaqin kelajagiga nazar tashlamoqda. Darhaqiqat, ushbu texnologiyalarning yaratilishini inqilob, ya’ni ishlab chiqarish faoliyati asoslarida, insoniyat va tabiat munosabatlarida tub sifat o‘zgarishlarining sodir bo‘lishi deb tavsiflash mumkin. Inqilobiy o‘zgarishlar bosqichiga kirgan ishlab chiqarishlar o‘z qiyofasini butunlay o‘zgartirmoqda. Ne’matlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish sohasining o‘zaro nisbati so‘nggi zikr etilgan soha foydasiga o‘zgarmoqda. Og‘ir sanoatning salmog‘i kamaymoqda, uning yiriklashuvi, diversifikatsiyasi (rang-baranglikning ko‘payishi) sodir bo‘lmoqda. Qat’iy vertikal tuzilmalar o‘rnini hududiy tarqalgan ishlab chiqarish tarmoqlari egallamoqda. Intellektual faoliyat har tomonlama “texnologiya-lashtirilmoqda”. Kompyuter texnologiyasi fikrlash faoliyati imkoniyatini kengaytirmoqda, ijodiy parvozlar uchun zamin yaratmoqda. Fundamental bilimlarga asoslangan ommaviy ta’lim ahamiyati oshmoqda. Ta’lim sohasiga e’tibor bermaydigan, fandan yuz o‘girgan mamlakat inqirozga mahkumdir. Uzoqni ko‘radigan iqtisodchilar “inson kapitali” ahamiyatini tushunib etganlariga ancha bo‘lgan. Binobarin, insonga “joylashtirilgan” mablag‘lar YAponiya, J.Koreya juda katta samara berdi. Iqtisodiyot, ekologiya va umuman inson hayotining kelajagi eng avvalo uning tafakkuri va ma’naviy qiyofasi bilan belgilanadi. Axborot-kompyuter inqilobi chuqur ijtimoiy o‘zgarishlarga zamin hozirlaydi. U ijtimoiy yaxlitlikning barcha qatlamlarini, chunonchi: ijtimoiy tuzilish, xo‘jalik hayoti va mehnat, siyosat va ta’lim jabhalarini qamrab oladi. XIX asrga yoki XX asrning birinchi yarmiga xos bo‘lgan ijtimoiy tuzilmalar haqidagi an’anaviy hodisalar o‘tmishga chekinsa kerak. Hozirdayoq sanoat ishlab chiqarishida “ko‘k yoqalilar” (ishchilar) sonining kamayishiga olib kelayotgan jarayonlar sodir bo‘lmoqda. Ayni vaqtda, “oq yoqalilar” (mutaxassislar) va “temir yoqalilar” (robotlar) soni tobora ko‘payib borayotir. O‘ta yuqori malakali xodimlarning yangi qatlami vujudga kelmoqda. O.Toffler uni “kognetariat”227 deb nomladi. Jamiyatning ma’naviy-madaniy hayoti ham jiddiy o‘zgarishi kerak. Axborot texnologiyasi madaniy o‘zgarish va yangilanish jarayonlarini yanada kuchaytiradi. U qarama-qarshilik va to‘qnashuvlarni ham keltirib chiqaradi. SHaxsiy foydalaniladigan elektron vositalar har kimga o‘zi xohlagan axborotni olish imkonini beradi. Bu ommaviy madaniyatning, ta’lim tizimining xususiyatini o‘zgartiradi, har bir muayyan shaxsning dunyoqarashini kengaytiradi. Madaniyatdagi ikki qarama-qarshi jarayon: ommaviy (to‘da)lashuv va ommaviylikdan chekinish o‘zaro qo‘shilib, juda ko‘p kutilmagan to‘qnashuvlar va imkoniyatlarni keltirib chiqaradi, madaniyatni sifat jihatidan yangi darajaga ko‘taradi. Nihoyat, axborot inqilobi insonning o‘ziga, uning turmush tarzi, kasb-kori, o‘zini his qilishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Tabiiyki, jamiyatning demokratlashuvi, ma’naviy muhitning insonparvarlashuviga ko‘p narsa bog‘liq bo‘ladi. SHunga qaramay, ommaviy bilimlar banklari tuzilishi, axborot epistemologiyasining vujudga kelishi intellektual faoliyat xususiyatiga ta’sir ko‘rsatadi. Kompyuterlashtirish bilan bir vaqtda hayotga borliqning yangi turi – “virtual borliq”, sun’iy tarzda yaratilgan, haqiqiydek muomala qilish mumkin bo‘lgan soxta muhit ham kirib kelmoqda. Ushbu yangi texnologik muhit inson ruhiyatiga kuchli (va hozircha oqibatini oldindan aytib bo‘lmaydigan) ta’sir ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda mazkur istiqbol xususan kompyuter o‘yinlari manyaklari va “virtual borliq”qa ekstatik darajada berilganlik hodisalarida namoyon bo‘lmoqda. Kelajak jamiyatini kompyuter texnologiyasi zamirida vujudga keladigan axborot jamiyati deb tavsiflar ekanmiz, bu borada muhim o‘zgarishlar qilish kerak. Ayrim tadqiqotchilar (masalan, A.D.Ursul) qayd etib o‘tganidek, ushbu jamiyat nafaqat informativ, balki ekologik bo‘lishi ham kerak. Postindustrial jamiyatda axborot muammolari birinchi o‘ringa chiqishi “jamiyat – tabiat” munosabatlaridagi barcha masalalarni xal qilmaydi. Dunyo miqyosida tahdid solayotgan ekologik inqiroz jamiyat insoniyat va uning tabiiy-ekologik muhiti oqilona nisbatiga erishish tomonga yuz burishini qattiq taqozo etadi. Ishlab chiqarish tabiat uchun xavfsiz bo‘lishi kerak. Aks holda biz o‘zimiz yashayotgan tabiiy muhitni o‘zimiz halokatga uchratishimiz mumkin. Hozirda fan taraqqiyot bilan birga ma’lum bir inqiroz holatini ham boshidan kechirmoqda. Fandagi inqiroz uning ayniqsa ijtimoiy sohalarida kuchli namoyon bo‘lmoqda. Bu avvalo fanning ahloqiy qadriyatlardan butkul begonalashib ketishi, mafkuraga yashirin xizmat qiluvchi, texnokratik, tor individulastik pozitivistik metodologiyaga tayanishi oqibatidir. Bu Rim klubiday obro‘li xalqaro tashkilot minbaridan turib qilingan dokladlar mazmunida ham yaqqol ko‘rinadi. Umuman olganda, endilikda nafaqat fanning, balki ilmiy dunyoqarashning, ya’ni falsafa fanining ham ijtimoiy taraqqiyot muammolarini tushunishga qodir emasligini, ya’ni inqirozga uchraganini ko‘rish mumkin. Biz buni G‘arb futurologlarining endi o‘z sivilizatsiyalarining kelajagi qanday bo‘lishini bashorat qila olmay qolganlari haqidagi U.Deyzard228 fikrini misol qilish mumkin. CHindan ham, ijtimoiy falsafa bo‘yicha izlanishlar olib borayotgan faylasuflarning tan olishlaricha, hozir kechayotgan global evolyusion inqiroz sharoitida biz yashayotgan tarixiy davrning o‘ziga xosligini shu vaqtga qadar tarix falsafasida, sotsiologiyada, politologiyada, iqtisodiyot nazariyasida va boshqalarda qo‘llab kelingan biron bir strukturaviy tip – sivilizatsiya, formatsiya, modernizatsiya kabilar – nuqtai nazaridan tushunib bo‘lmay qoldi. SHuning uchun hozirgi paytda jamiyatshunoslar, iqtisodiyotchilar davr talabidan orqada qolayotganlari haqidagi fikrlar oldinga surilmoqda.229 Demak, uchinchi mingyillikka qadam qo‘ygan insoniyat bu davr fan va ilmiy bilimning misli ko‘rilmagan tarzda o‘sishi, axborotlashgan jamiyatining shakllanishi davriningo‘ziga xos muammolariga duch kelmoqda. XXI asrda fan nafaqat ilmiy taraqqiyotni, balki jamiyat taraqqiyotini, ijtimoiy taraqqiyotning hal qiluvchi kuchiga aylanadi, bu qonuniyat O‘zbekistonda yashovchi har bir fuqaro dunyoqarashi va ma’naviyatini kengaytirish va chuqurlashtirishni taqozo etadi. SHu bois Prezident Islom Karimov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi ma’ruzasida: “O‘ylaymanki, hozirgi axborot, kommunikatsiya va kompyuter texnologiyalari asrida, internet kundan-kunga hayotimizning barcha jabhalariga tobora chuqur va keng kirib borayotgan bir paytda, odamlarning ongi va tafakkuri uchun kurash hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotgan bir vaziyatda bu masalalarning jamiyatimiz uchun naqadar dolzarb va ustuvor bo‘lib borayotgani haqida gapirib o‘tirishga hojat yo‘q”230, deb qayd etgan edi. Hozirgi zamon fanida eksperimental tadqiqotning rivojlanib borishi bilan nazariy umumlashmaning roli ortib bormoqda. Tadqiqot uslublariga kuzatish, o‘lchash, taqsimlash metodlari hamda eksperiment olib borish kiradi. Nazariy tadqiqot metodlariga esa fanlarning matematiklash bilan bog‘liq bo‘lgan- formallashtirish, aksiomatik usul, gipotetik, deduktiv usul, abstraktlikdan konkretlikka borish uslubi va boshqalar kiradi. Ilmiy bilishning hamma fanlar uchun umumiy bo‘lgan uslublariga kuzatish, eksperiment, taqqoslash, analish va sentiz, induktiv va deduktiv, analogiya, modellashtirish kabilar kiradi. Kuzatish voqelik hodisalarini hissiy mushohada qilishning sistemali maqsadga muvofiq yo‘naltirilgan uslubidir. U bilishning dastlabki bosqichi bo‘lib, faktlarni shunchaki aniqlash emas, balki ularni muayyan maqsadni ko‘zlab kuzatish olib borishdir. Masalan, Venera planetasidagi sharoitlarni ko‘p yillik kuzatishlar uning temperaturasini, atmosfera qatlamini, uning tarkibini aniqlash imkonini yaratdi. Kuzatish bevosita va vositali, ya’ni asboblar yordami bilan ham olib boriladi. O‘lchash-hodisalarning miqdoriy tasnifi (xarakteristikasi) bilish uslubidir. U o‘lchash birligi sifatida qabul qilingan etalon bilan bog‘liq. Kuzatish va o‘lchash eksperiment bilan bog‘liq bo‘lib, u yuqoriroq darajadagi bilishdir. Bu uslub orqali hodisalarning belgi va xususiyatlarini, ularning boshqa hodisalar bilan munosabat belgilashga imkon yaratiladi. Eksperimentda tabiiy sharoitlar sun’iy ravishda hosil qilinadi. Bunda tabiiy yo‘l bilan hosil qilish mumkin bo‘lmagan bilimlar olinadi. Eksperiment nazariy bilimlarning haqiqatligini ham isbot etadi. Jumladan, P. N. Lebedev “nurni o‘lchash” ustida olib borgan eksperimenti orqali nurning bosimini aniqladi va u haqda 1900 yil butun dunyo fiziklarining Parij kongressida e’lon qildi. Nur bosim haqidagi kashfiyot faqat fizika fani uchun ahamiyatga ega bo‘lmasdan, balki dealektik materialistik ta’limot uchun ham ahamiyatli edi, chunki u olamda harakatdagi materiyadan boshqa narsa yo‘qligini isbot etadi. 1896 yil A. Bekkerel birinchi qora qog‘ozga o‘ralgan fatoplastinkada noma’lum nurlar izini kuzatgan. 1903 yil E. Rezerford va F. Soddi shu dalilga asoslanib radioaktivlik hodisasi ustida eksperiment o‘tkazdi. Ular atomlarning parchalanishi radioaktivlik hodisasini keltirib chiqarishi haqida nazariyani rivolantiradilar. Kuzatish va eksperiment uslubidan faqat tabiiy va texnik fanlarda emas, balki ijtimoiy fanlarda ham foydalaniladi. Lekin bunday uslub jamiyatda o‘tkazilganda insonlarning hayotiga, turmushi va sog‘ligiga zarar etkazmaydigan “sof” bo‘lishi talab etiladi. Sotsial eksperiment gumanistik, axloqiy va fizialogik omillar bilan chegaralangan bo‘lishi kerak. Analiz uslubi predmet va hodisalarni moddiy yoki fikran qismlarga bo‘lib o‘rganishdir. Bunda ular o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir va munosabatlar o‘rganiladi. Masalan, atrof muhit tabiatining bugungi holatini- ob- havosini, suvini, tabiiy muvozanat qonunlarini analiz qilish ekalogiyaning nihoyatda zararlanayotganligidan dalolat beradi: shahar havosini tahlil qilish- unda ayrim ximiyaviy elementlarning odatdagi maromidan ortib ketganligini va bu tirik organizmlarga katta zarar etkazayotganligini bildiradi. Sintez analiz natijalariga suyanib, hodisalarni tashkil etgan qismlarni bir butun sifatida o‘rganishdir. Masalan, falsafiy dunyoqarash modiy olamni bir butun, yaxlit deb o‘rgatadi. Analiz natijasida shunday xulosa kelingan. Agar butunning qismlari zararlansa, u holda butunga ham putur etadi. Inson ham biologik va ijtimoiy birbutunlikdir, ya’ni tabiiylik va ijtimoiylik sintezidir. SHuning uchun uni e’zozlash kerak. Analiz va sintez o‘zaro bog‘liq bo‘lib, hodisalarni analiz qilish sintez uchun zarur va uning aksidir. Bu uslublar natijasida ilmiy muhokama, tushunchasi va qonuniyatlar ishlab chiqariladi. Ilmiy bilishning ravnaqi va takomillashuvida ushbu uslublarning ahamiyati beqiyosdir. Hozirgi zamon fanining jamiyat hayotidagi o‘rni to‘g‘risida fikr yuritilganda albatta ta’limning ahamiyatini zikr etib o‘tmasdan iloji yo‘q. CHunki hozirgi davrda fan va texnologiya qanchalik aloqador bo‘lsa, ta’lim va fan ham shunchalik uzviydir. Zero ta’lim fanning alohida namoyondalari tomonidan ishlab chiqilgan ishonchli bilimlarni butun jamiyatga ulashadigan, fanning o‘z-o‘zini takror tashkil etish mexanizmini yurituvchi kuch sifatida maydonga chiqmoqda. Ayniqsa ta’limga innovatsiyalarni joriy qilish hozirgi davrning asosiy zaruratiga aylandi. Xususan O‘zbekistonda ham fan va ta’lim aloqadorligini ta’minlash hamda ta’limga innovatsiyalarni joriy etish orqali yuksak bilimli kadrlarni tayyorlash dolzarb vazifa sifatida kun tartibiga qo‘yilgan. Bu borada erishilayotgan yutuqlar xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilmoqda. Buning tasdig‘ini xalqaro media olamida mashhur bo‘lgan CNN kompaniyasining AQSH, O‘zbekiston va jahonning boshqa davlatlarida ta’limning holati to‘g‘risida yaqinda e’lon qilingan qiyosiy axboroti misolida yaqqol ko‘rish mumkin. SHunisi e’tiborliki, bu axborot Fransiyaning nufuzli “Insead” xalqaro biznes maktabi va Jahon intellektual mulk tashkiloti (JIMT) tomonidan tayyorlanib, 2013 yilning 3 iyulida e’lon qilingan “2012 yildagi innovatsiyalarning global indeksi” deb nomlangan tahliliy ma’ruzaga asoslanadi. Aytish kerakki, ushbu tadqiqot dunyo mamlakatlarining innovatsion rivojlanish borasidagi 80 ta ko‘rsatkichini o‘z ichiga oladi. Tadqiqot 2012 yilda 141 ta mamlakatni qamrab oldi. Ma’ruza mualliflarining fikriga ko‘ra, dunyo mamlakatlari iqtisodiyotining muvaffaqiyatli rivojlanishi innovatsion salohiyat va qulay shart-sharoitlarning mavjudligi bilan bevosita bog‘liqdir. Bunday holatni baholashda har qaysi mamlakatning innovatsiyalar bo‘yicha indeksi alohida o‘rin tutadi. Mazkur indeks esa quyida bayon etilayotgan ikki guruh ko‘rsatkichlar bo‘yicha yig‘ilgan umumiy baholar asosida hisoblanadi. Birinchi guruh — innovatsiyalarni amalga oshirish uchun mavjud resurs va sharoitlar (institutlar; inson kapitali va tadqiqotlar; infratuzilma; ichki bozor va biznesning rivojlanishi). Ikkinchi guruh — innovatsiyalarni amalga oshirishning amaliy natijalari (texnologiyalar va iqtisodiyot haqidagi bilimlarni rivojlantirish; kreativ faoliyat natijalari). YAkuniy indeks xarajatlar va erishilgan samara o‘rtasidagi nisbatni namoyon etadi va bu o‘z navbatida tadqiqotda qamrab olingan har qaysi mamlakatdagi innovatsiyalarni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarni xolis baholash imkonini beradi. Biz uchun g‘oyat quvonchli tomoni shundaki, ta’lim sohasidagi innovatsiyalar ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekiston ushbu reytinglar ro‘yxatida 75,38 ball bilan dunyoda ikkinchi o‘rinni egallagan. Birinchi o‘rinni esa 75,70 ball bilan Irlandiya band etgan. Daniya, YAngi Zelandiya, Islandiya, Belgiya singari bir guruh rivojlangan Yevropa va boshqa qit’a mamlakatlari ushbu ro‘yxatning keyingi o‘rinlaridan joy olgan. Katta moliyaviy resurslarga ega bo‘lgan Saudiya Arabistoni 65,49 ball bilan 15-o‘rinni egallagan bo‘lsa, dunyoning eng qudratli davlatlari bo‘lmish AQSH 31-o‘rinni (61,34 ball), Xitoy esa 67-o‘rinni (52,23 ball) band etgan. Belarus 60,55 ball bilan 36-o‘rinni, Rossiya 55,18 ball bilan 55-o‘rinni egallagan. Sobiq ittifoq hududidagi boshqa mamlakatlar haqida fikr yuritadigan bo‘lsak, ular reytingda quyidagicha joylashgan: Qozog‘iston 69-o‘rin, Qirg‘iziston 72-o‘rin, Armaniston 85-o‘rin, Gruziya 87-o‘rin, Ozarboyjon 89-o‘rin, Tojikiston 107-o‘rin. Tadqiqotga binoan, ta’lim tizimi rivojlanishining qator ko‘rsatkichlari bo‘yicha O‘zbekiston dunyodagi ko‘plab davlatlardan ilgarilab ketgan. Xususan, davlatning ta’lim tizimi rivoji, maktablarni kapital qurish va yangilash uchun yo‘naltirayotgan sarf-xarajatlari, o‘quvchilarning umumiy soniga nisbatan o‘qituvchilarning soni necha foizni tashkil etishi, aniq fanlar va muhandislik ishi sohasidagi bitiruvchilar soni, GMAT, ya’ni o‘quvchilarning biznes maktablarida muvaffaqiyatli ta’lim olish qobiliyatini aniqlash uchun standartlashgan test asosidagi o‘quvchilarning o‘rtacha bahosi va boshqa ko‘rsatkichlar bo‘yicha O‘zbekistonning natijalari boshqa mamlakatlardan yuqori ekani tahliliy misollar orqali ayon bo‘ladi231. Download 4.4 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling