O’zbеkistоn rеspublikasi хalq ta’limi vazirligi jizzaх davlat pеdagоgika instituti


Mustqil O‘zbekistonning tadrijiy-reformistik taraqqiyoti


Download 4.4 Mb.
bet197/311
Sana14.11.2023
Hajmi4.4 Mb.
#1772978
1   ...   193   194   195   196   197   198   199   200   ...   311
Bog'liq
IJTIMOIY-FALSAFA

Mustqil O‘zbekistonning tadrijiy-reformistik taraqqiyoti. O‘zbekiston XX asrning so‘nggi o‘n yilligida mustaqillikka erishdi va o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lini tanlab oldi. Mustaqil suveren davlat, deb e’lon qilingan O‘zbekiston Respublikasi mustaqil ichki va tashqi siyosat olib borishni, barcha fuqarolarining manfaatlarini himoya qilishni, ularga huquq va erkinlik kafolatini berishni, shuningdek, xalq farovonligini oshirib borishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi. O‘zbekiston tanlagan taraqqiyot yo‘lining asl mohiyati bozor munosabatlariga asoslangan erkin fuqarolar jamiyatini qurishdan iboratdir.
Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy sohalarda keng qamrovli islohotlar amalga oshirila boshlandi. Islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – demokratik, erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish edi.
Fuqarolik jamiyatining asoslarini barpo etish zarurligi to‘g‘risida fikr yuritib, I.A.Karimov shunday dedi: “Biz uchun fuqarolik jamiyati – ijtimoiy makon. Bu makonda qonun ustuvor bo‘lib, u insonning o‘z-o‘zini kamol toptirishiga monelik qilmaydi, aksincha, yordam beradi. SHaxs manfaatlari, uning huquq va erkinliklari to‘la darajada ro‘yobga chiqishiga ko‘maklashadi. Ayni vaqtda boshqa odamlarning huquq va erkinliklari kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaydi. YA’ni erkinlik va qonunga bo‘ysunish bir vaqtning o‘zida amal qiladi, bir-birini to‘ldiradi va bir-biini taqozo qiladi”333.
Demokratik fuqarolik jamiyatini barpo qilish eski davlat tuzumini, birinchi navbatda, siyosiy tuzumni isloh qilishni taqozo etdi. Islohotlarni amalga oshirishga kirishishda, avvalo, ikki muhim omilni hisobga olish kerak bo‘ldi: birinchisi – huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurishda jahon tajribasidan foydalanish; ikkinchisi – milliy davlatchilik va boshqa sohalarda xalqimizning asl merosiga tayanish.
Ayni paytda O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurishda xalqaro miqyosda e’tirof etilgan prinsiplarga amal qilinmoqda. Bular quyidagilardan iborat:

  • insonning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishi va amalga oshirishi;

  • davlat va jamiyat boshqaruvida qonunning ustunligi;

  • davlat asosiy organlarining saylab qo‘yilishi va ularning saylovchilar oldida hisob berishi;

  • hokimiyatning taqsimlanishi;

  • ko‘ppartiyaviylik;

  • inson huqularining ustuvorligi;

  • inson va davlat manfaatlarining uyg‘unlashuvi va hokozo.

SHuningdek, demokratik fuqarolik jamiyati qurishda xalqimizning asl merosi, respublika aholisining o‘ziga xos mentaliteti, ya’ni xususiyatlari hisobga olinmoqda. Bular quyidagilardan iborat:

  • aholining ijtimoiy hayotida kollektivizmga intilish, sabr-toqatlilik, andishalilik, hamjihatlik g‘oyasi va jamoatchilik fikrining ustunligiga tayanuvchi “sharqona” demokratiya qadriyatlarining mavjudligi;

  • aholi asosiy qismining islom diniga e’tiqod qilishi va ko‘plab diniy konfessiyalarning mavjudligi;

  • respublika aholisining ko‘pmillatliligi;

  • respublika aholisining yakka partiya, yakka mafkura hukmronlik qilgan jamiyatda yashaganligi;

  • deyarli 130 yillik mustamlakachilik davrida aholi siyosiy faolligining pasayib ketganligi.

Mamlkatimizda demokratik fuqarolik jamiyati qurish borasida yuqorida qayd qilingan jahon tajribasi va milliy xususiyatlarimizning hammasi to‘liq hisobga olindi. O‘zbekistonda qurilayotgan huquqiy demokratik davlat bir qator prinsiplar va huquqiy normalar talablariga javob berishi kerak. Bular quyidagilardan iborat:

  • shaxs manfaatlari va huquqlarining ta’minlanishi;

  • Konstitutsiya va qonun ustunligining ta’minlanishi;

  • Qonun oldida barchaning tengligi;

  • Davlatning o‘zini o‘zi muvofiqlashtirib turuvchi mexanizmga ega bo‘lishi;

  • ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy raqobat asosida tashkil qilinishi, hech bir sohada monopol hukmronlikka yo‘l fo‘yilmasligi;

  • e’tiqod erkinligi va hurfikrlilikning hukmronligi.

Bu talablarni amalga oshirish borasida O‘zbekistonda juda katta ishlar amalga oshirildi. Lekin, demokratik davlatni barpo qilish – to‘xtovsiz jarayon. O‘zbekistonda demokratik fuqarolik jamiyati qurishning xususiyatlaridan biri unda shunchaki demokratik jamiyat emas, balki demokratik odil jamiyat qurish yo‘li tanlandi. Adolat va haqiqat g‘oyasi davlatimiz va qonunchilik faoliyatimizning bosh yo‘nalishi bo‘lmish demokratik jamiyat qurilishining asosi qilib olindi. Prezident I.A.Karimov demokratik odil jamiyat qurish to‘g‘risida shunday deydi: “Biz shunchaki demokratik jamiyat emas, demokratik odil jamiyat qurmoqchimiz. Adolat va haqiqatga intilish esa xalqimiz tabiatining eng muhim fazilatlaridan biridir. O‘tmishda oliy adolat g‘oyasi mansabdor shaxslarga qo‘yiladigan talab va bahoning asosi bo‘lgan. U davlatchilik negizlarini belgilash, islomiy qoidalar va shariat mezonlarining poydevorini tashkil etgan. Biz tariximizdagi ana shu jihatlarni hisobga olmasak, qudratli, erkin, demokratik davlat qura olmaymiz”334.
O‘zbekistonning huquqiy demokratik davlatni shakllantirish yo‘lidagi faoliyatida, avvalo, siyosiy islohotlar amalga oshirildi. Birinchi navbatda, davlat hokimiyatini tashkil qiluvchi idoralar isloh qilindi. Demokratik jamiyat qurish, fuqarolarning erkin ravnaqi va qonun ustuvorligini ta’minlash maqsadida davlat boshqaruvi hokimiyatlar taqsimlanishi prinsipi asosida asosida isloh qilindi. Bu prinsipning qo‘llanilishi hokimiyatning suiste’mol qilinishiga jiddiy to‘siq qo‘ydi, fuqarolarni mansabdor shaxslarning g‘ayriqonuniy xatti- harakatlaridan va tazyiqidan himoya qilishga, davlat idoralari faoliyatining samarali bo‘lishi uchun shart-sharoit yaratdi.
Mustaqillik yillarida amalga oshirilgan islohotlar, shuningdek, siyosiy islohotlar hokimiyat va boshqaruv organlarida ma’muriy buyruqbozlikning barham topishiga imkon yaratdi. Davlat hokimiyatining milliy, huquqiy, demokratik asoslari barpo etila boshlandi. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi davlat hokimiyatini tashkil etishning asosiy prinsiplarini belgilab berdi. Bular quyidagilar:

  • Xalq hokimiyatchiligi;

  • Davlat suvereniteti;

  • Qonuniylik;

  • Hokimiyatning taqsimlanishi.

SHuningdek islohotlar iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy va ma’naviy sohalarda ham izchil olib borildi va borilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi taraqqiyotning o‘ziga hos yo‘lini, ya’ni ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan jamiyat qurish yo‘lini tanlab ldi. Mamlakatimizning xususiyatlari, xalq an’analari va milliy urf-odatlari, kishilarning turmush tarzini inobatga olgan holda bozor munosabatlariga o‘tishning “o‘zbek modeli” ishlab chiqildi. Prezident Islom Karimov ta’kidlaganidek, “bizning bozor munosabatlariga o‘tish modelimiz respublikaning o‘ziga xos sharoitlari va xususiyatlarini, an’analar, urf-odatlar, turmush tarzini har tomonlama hisobga olishga, o‘tmishdagi iqtisodiyotni biryoqlama, beso‘naqay rivojlantirishning mudhish merosiga barham berishga asoslanadi”335.
O‘zbekiston o‘z taraqqiyot yo‘liga kirgan ko‘pgina ilg‘or mamlakatlarning tajribasiga tayanib, respublika bo‘yicha keng miqyosda tub islohotlarni amalga oshirish va bozor iqtisodini shakllantirishga kirishdi.
Jahon tajribasida bozor munosabatlarini shakllantirishning ikkita yo‘nalishi mavjud: birinchisi – stixiyali, tartibsiz, rivojlanuvchi bozor iqtisodiyoti, ikkinchisi – boshqariladigan va tartibga solinadigan bozor iqtisodiyoti.
O‘zbekiston ikkinchi, ya’ni boshqariladigan iqtisodiyot yo‘lini tanladi. O‘zbekiston tanlagan yo‘lning xususiyati shundan iboratki, uning maqsadi ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirishdir. “Ijtimoiy jihatdan yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti markazlashtirilgan rejali bozordangina emas, balki erkin bozordan ham farq qiladi. U mustaqil iqtisodiy andozadan iborat bo‘ladi. Uning erkin bozordan muhim farqi shundan iboratki, u iqtisodiy va ijtimoiy asoslarning sintezi hisoblanadi. Bu shuni bildiradiki, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodi, to‘la-to‘kis ham bozor iqtisodiyoti, ham ijtimoiy iqtisodiyot hisoblanadi, iqtisodiy rivojlanish samaradorligini ijtimoiy kafolatlar va ijtimoiy adolat bilan bog‘lash maqsadini ko‘zlaydi”336.
YUqorida ta’kidlaganimizdek, bozor iqtisodiga o‘tishning o‘ziga hos milliy yo‘li keyinchalik “o‘zbek modeli” deb atala boshlandi. Mustaqillikka erishilgandan so‘ng O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlar konsepsiyasi ishlab chiqildi. Bu Prezident I.A. Karimov ilmiy asoslab bergan va olg‘a surgan islohotlarning besh prinsipidir. Ular:

  • Iqtisodning siyosatga nisbatan ustunligini ta’minlash;

  • Bozor munosabatlariga o‘tish davrida davlatning bosh islohotchi bo‘lishi;

  • Qonunlarning va ularga rioya etishning ustunligi;

  • Kuchli ijtimoiy siyosat yuritish;

  • Bozor iqtisodiyotiga boqichma-bosqich, evolyusion yo‘l bilan o‘tish.

Bu prinsiplar bozor iqtisodiyotiga o‘tishda “o‘zbek modeli”ning ajralmas qismi hisoblanadi. Ular o‘zida bozor iqtisodiyotiga o‘tishning umumiy qonuniyatlarini, respublikaning milliy xususiyatlari va sharoitlarini aks ettirgan.
Birinchi prinsip – iqtisodiyotning siyosatga nisbatan ustunligi. Bu prinsip iqtisodiy faoliyat ijtimoiy hayotning boshqa sohalari uchun poydevor vazifasini o‘tashini va ijtimoiy taraqqiyotning asosi bo‘lishini anglatadi. Unda iqtisodiyotning o‘ziga xos ob’ektiv qonunlarining mavjudligi, bu qonunlarsiz iqtisodiy faoliyat yuritish mumkin emasligi hisobga olingan. Iqtisodiyot siyosiy kurashlar va mafkuraviy tazyiqlardan xoli, o‘ziga xos ichki qonunlarga asosan rivojlanishi lozim. Lekin siyosat taraqqiyotning zaruratidan kelib chiqqan holda iqtisodiyotga ta’sir etishi mumkin.
Ikkinchi prinsip – bozor munosabatlariga o‘tish davrida davlatning bosh islohotchi bo‘lishi. Bu prinsipda davlat islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berishi, ularni amalga oshirish yo‘lini ishlab chiqishi va unga izchillik bilan rioya etilishini bildiradi. Bozor iqtisodiyotiga o‘tilayotgan davrda davlat boshqaruv mexanizmini qo‘ldan chiqamasligi kerak. Bunda faqat davlat asosiy islohotchi bo‘lishi lozim. Ma’lumki, taraqqiy etgan ko‘pgina mamlakatlarning tajribasi davlat hamisha tub o‘zgarishlarda peshqadam bo‘lib kelganligidan dalolat beradi.
O‘zbekistonda totalitar, rejali, ma’muriy buyruqbozlik iqtisodiyotidan erkin, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga o‘tilmoqda. SHu sababli G‘arb mamlakatlari boshidan kechirgan stixiyali, tartibsiz bozor iqtisodiyoti bizda ham bo‘lishi shart emas. Jahon tajribasi demokratik jamiyatda davlatdan o‘zga umummilliy manfaatni ifodalovchi siyosiy institut bo‘lmasligini ko‘rsatadi. O‘zbekistonda evolyusion-reformistik yo‘l bilan bosqichma-bosqich bozor iqtisodiyotiga o‘tish iqtisodiyotda davlat monopoliyasini tugatishni anglatadi va bu davlat ishtirokida amalga oshiriladi. Keng qamrovli islohotlarning dasturlari davlat keng jamoatchilik ishtirokida ishlab chiqadi va hayotga tadbiq etadi.
Uchinchi prinsip – Konstitutsiya va boshqa qonunlarga rioya etishning ustunligi. Bu huquqiy davlat qurishning zarur shartidir. Unga ko‘ra barcha fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga og‘ishmay rioya etishga majburdirlar. Qonuniylikni qaror toptirish muammosi respublikada o‘tkazilayotgan iqtisodiy islohotlar uchun barqaror huquqiy zamin yaratish bilan bog‘liqdir. Faqat shundagina iqtisodiy o‘zgarishlar sezilarli natija berishi mumkin. Iqtisodiy hayotga xos bo‘lgan o‘zgaruvchanlik xususiyati yuridik qonunlarni ham ularga mos ravishda o‘zgartirib borishni talab qiladi.
To‘rtinchi prinsip – kuchli ijtimoiy siyosat yuritish. Bu prinsip hayotga bozor iqtisodi to‘la joriy qilinayotgan davrda aholining demografik tarkibini hisobga olib, uni ijtimoiy himoyalashning choralarini ko‘rishni taqozo etadi. Ushbu prinsip kuchli ijtimoiy siyosat yuritish zaruratidan kelib chiqadi. O‘zbekistonning bozor iqtisodiyotiga o‘tish modeli bozor iqtisodi hamda ijtimoiy yo‘naltirilgan, xalq farovonligini ta’minlashga qaratilgan bozor xo‘jaligini yaratishni anglatadi. Kuchli ijtimoiy siyosat yuritishning mohiyati ijtimoiy adolatni ta’minlash, kishilarda boqimandalik kayfiyatini bartaraf etish, ularning faolligini oshirish, ijtimoiy guruhlar o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash, aholining muhtoj qatlamlarini ishonchli himoya qilishdan iborat. Ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodi O‘zbekiston davlat suverenitetining iqtisodiy asosi bo‘lib qoldi.
Beshinchi prinsip – bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich, evolyusion (reformistik) yo‘l bilan o‘tish. Bu prinsip – O‘zbekiston bozor iqtisodiga o‘tish yo‘lining xususiyatlaridan biri hisoblanadi. Bu prinsipning asosiy mazmuni va maqsadi – soxta revolyusion sakrashlar, fojiali oqibatlar va kuchli ijtimoiy larzalarsiz, madaniy yo‘l bilan normal taraqqiyotga o‘tish. U totalitar rejali iqtisoddan sekin-asta bozor tuzumiga o‘tishni shoshma-shosharliksiz, tinch amalga oshirishni nazarda tutadi. Bu maqsadni amalga oshirish uchun ma’lum bir vaqt va tayyorgarlik zarur bo‘ladi.
Ma’lumki, G‘arb mamlakatlarining ham rivojlangan madaniy bozor iqtisodiga erishishi uchun bir necha yuz yillab vaqt kerak bo‘lgan. SHuning uchun ham bozor aloqalari buzib yuborishning oqibati iqtisodni izdan chiqarishi, aholining turmush darajasini keskin pasaytirib yuborishi va turli ijtimoiy larzalarga sabab bo‘lishi mumkin edi. Bozor iqtisodiga bosqichma-bosqich o‘tish prinsipi mash’um “falaj qilib davolash” yo‘lini inkor etdi.
I.A.Karimov o‘zbekistonning bozor iqtisodiyotiga o‘tish yo‘lining xususiyatlariga to‘xtalib, shunday degan edi: “Xalqimizda “yangi uy qurmay turib, eskisini buzmang”, degan naql bor. Unda respublika aholisining ruhiyati to‘la aks etgan. SHuni hisobga olib, O‘zbekistonning bozor iqtisodiyotiga o‘tish andozasiga bosqichma-bosqich, evolyusion yo‘l bilan o‘tish asos qilib olingan. Bozor iqtisodiyoti tomon sakrashlarsiz, inqilobiy o‘zgarishlar yo‘li bilan emas, balki izchillik bilan bosqichma-bosqich borish kerak”337.

Download 4.4 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   193   194   195   196   197   198   199   200   ...   311




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling