Islom dinining vujudga kelishi va falsafiy ta’limoti. Islom dini yuzaga
kelishi jihatidan jahon dinlari ichida uchinchi o‘rinda turadi. Islom dini Yaqin va
O‘rta Sharq, Shimoliy Afrika, Janubiy – Sharqiy Osiyo, Kavkaz xalqlari tarixida
nihoyatda muhim o‘rin tutadi va ayni vaqtda ularning ijtimoiy - siyosiy va madaniy
hayotiga katta ta’sir o‘tkazib kelmoqda. Islom dini milodiy VII asrning boshlarida
Arabiston yarim orolida vujudga kelgan. Arabistonning qulay geografik hududi
G‘arb va Sharq davlatlarini bog‘lovchi karvon yo‘llari o‘tgan va uchta qit’ani
tutashtirib turishi sababli, savdo-sotiq va hunarmandchilik qadimdan rivojlangan.
Iqtisodiy rivojlanish darajasi yarim orolning turli hududlarida turlicha bo‘lgan.
Uning bepoyon cho‘llarida yashagan ko‘chmanchi arablar chorvachilik bilan
shug‘ullangan. Yarim orolning shimoliy qismida Vizantiya va Mesopotamiya kabi
qadimgi madaniy markazlarning ta’siri kuchli bo‘lgan. Milodiy I asrda
Arabistonning janubi – g‘arbiy qismida shahar – davlatlar vujudga kelib, IV–VI
asrlarda bu erda Makka, yasrib, Toif kabi yirik shaharlar vujudga keladi.
Mintaqadagi iqtisodiy jonlanish natijasida ko‘chmanchi chorvador qabilalarda
urug‘–qabilaviy munosabatlarning emirilishi va davlat uyushmalarining paydo
bo‘lish jarayoni kuchaydi. Islom dini tarqoq qabilalarni birlashtiruvchi mafkura
sifatida tarix sahnasiga chiqdi.
“Islom” arabcha so‘z bo‘lib, tangriga o‘zini topshirish, itoat, bo‘ysunish,
tinchlik kabi ma’nolarni anglatadi. Islom dini ta’limoti Qur’on va hadislarda bayon
etilgan. Qur’on muqaddas manba hisoblanib, unda islomiy qonun qoidalar, iymon-
e’tiqod talablari, huquqiy va axloqiy me’yorlar o‘z ifodasini topgan. Sunna hadislar
majmui bo‘lib, Qur’ondan keyin keladigan muqaddas manbadir. Islom dinining
ontologik asosi tavhid g‘oyasiga, ya’ni yagona olloh tomondan butun borliqning
yaratilishi haqidagi ta’limotga asoslanadi. Gnoseologik asosi esa, insonni ollohni
anglash yo‘lidagi jismoniy, ruhiy, ma’naviy holat jarayonlarini va oxir oqibatda
ollohni bilish va unga birlashib ketish g‘oyasini ilgari suradi. Islom dinining
ontologik va gnoseologik masalalarini talqin qilishda, ularga teologik va aqidaviy
yondoshuvlar, shuningdek siyosiy masalalarda islomga e’tiqod qiluvchilar bir necha
oqim va yo‘nalishlarga bo‘linib ketganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |