O‘zbekiston respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi muqimiy nomidagi
Download 1.36 Mb.
|
Muqimiy nomidagi
- Bu sahifa navigatsiya:
- nashriyoti
- Taqrizchilar: Z.Xolmatova-QDPI dotsenti,p.f.n B.Raximov - GulDU professori, p.f.d.; SH. Mardonov -TVCHPI professori. p.f.d.
- ISBN: 978-9943-7128-4-3 O`.Yoldoshev, A.Abdurashidov-2021 “ Farg`ona” nashriyoti-2021 Mualliflar
- I BOB. PEDAGOGIKANING UMUMIY ASOSLARI O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tizimi ni rivojlantirishning konseptual asoslari
- Kadrlar tayyorlash milliy modelining tarkibiy qismlari. Ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari.
- Kadrlar tayyorlash milliy modelining asosiy tarkibiy qismlari
- Ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari.
- PEDAGOGIKA SHAXS TARBIYASI VA RIVOJLANISHI TO‘G‘RISIDAGI FAN
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O’RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI MUQIMIY NOMIDAGI QO‘QON DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI Yo’ldоshev O`tkir Jumaqo’zievich Abdurashidоv Adxam Abdulhamitovich UMUMIY PEDAGOGIKA ( Darslik) “Farg`ona” nashriyoti, 2021- yil UO`K : 37 (075) KBK: 74.00 Y 58 O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazir- ligining 2020 –yil 28- dekabrdagi 676- sonli buyrug`iga asosan nashrga tavsiya etilgan. Taqrizchilar: Z.Xolmatova-QDPI dotsenti,p.f.n B.Raximov - GulDU professori, p.f.d.; SH. Mardonov -TVCHPI professori. p.f.d. O`tkir Yo`ldoshev, Adxam Abdurashidov Y58 Umumiy PEDAGOGIKA: darslik: o`quv nashr: lo- tin yozuvida: O` Yoldoshev, A.Abdurashidov.- Farg`ona: “Farg`ona” nashriyoti,2021. -640 bet. Annotatsiya Ushbu darslikda «Umumiy pedagogika» fanining umumiy asoslari, ta’lim nazariyasi, tarbiya nazariyasi, ta’lim tizimini boshqarish, korreksion pedagogika, pedagogika tarixi hamda pedagogik mahorat yo‘nalishlariga oid pedagogik qarashlar, nazariyalar ilmiy va amaliy jihatdan asoslab berilgan. Darslik pedagogika oliy o‘quv yurtlarining barcha bakalavriat ta’lim yo’nalishi talabalari uchun mo‘ljallangan. ISBN: 978-9943-7128-4-3 O`.Yoldoshev, A.Abdurashidov-2021 “Farg`ona” nashriyoti-2021 Mualliflar: Yo’ldоshev O`tkir Jumaqo’zievich – QDPI Umumiy pedagogika-psixologiya kafedra o’qituvchisi Abdurashidоv Adxam Abdulhamitovich-QDPI QDPI pedagogika-psixologiya kafedra o’qituvchisi KIRISH Rivojlanib borayotgan mamlakatimizda olib borilayotgan uzluksiz ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlaridagi yangilanish, modernizatsiya jarayonlari uzluksiz ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlari uchun jumladan, barcha fanlar qatorida pedagogika fani bo‘yicha zamon talabiga javob bera oladigan darslik va o‘quv qo‘llanmalarni yaratishni taqozo etmoqda. Shu boisdan pedagogika faniga oid zamonaviy bilimlar tizimini bo‘lajak pedagoglarga o‘qitish dolzarb vazifalardandir. Umumiy pedagogika faniga oid ilmiy jihatdan asoslangan bilim, ko‘nikma va malakalarni talabalar tomonidan mukammal, to‘liq o‘zlashtirilishini ta’minlash maqsadida Respublikamizda pedagogika fani bo‘yicha darslik va o‘quv hamda uslubiy qo‘llanmalar yaratish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida faoliyat olib borgan pedagogika sohasi mutaxassislarining xizmatlari beqiyosdir. Buxoro davlat universiteti olimlari O.Roziqov, S.Og‘ayev, M.Mahmudova, B.Adizovlar tomonidan 1997-yilda nashr etilgan «Didaktika» darsligi, Navoiy davlat pedagogika instituti olimlari X.Ibragimov, Sh.Abullayevalar tomonidan tayyorlangan, 2007-yilda chop etilgan «Pedagogika» darsligi, Qarshi DU olimlari M.Ochilov, N.Ochilovalarning 2008-yilda nashr etilgan «Oliy maktab pedagogikasi» darsligi, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti olimlari tomonidan tayyorlangan «Umumiy pedagogika» darsligi, R.Mavlonova, O.To‘rayeva, K.Xoliqberdiyevlarning 2012- yilda chop etilgan «Pedagogika» darsligi, U.Inoyatov, N.Muslimov, M.Usmonboyeva, D.Inomovalar tomonidan tayyorlangan. 2012-yilda nashr etilgan «Pedagogika: 1000 ta savolga 1000 ta javob» nomli uslubiy qo‘llanmalari, Z.Qoraboyevaning «Pedagogikadan amaliy mashg‘ulotlar» nomli o‘quv-uslubiy qo‘llanmasi, N. Atayeva, F.Rasulova, M.Salayeva, S.Hasanovlarning 2012-2013-yillarda chop etilgan «Umumiy pedagogika» nomli o‘quv qo‘llanmalari, O.Hasanboyeva, R.Avezovalarning 2013-yilda chop etilgan «Umumiy pedagogika nazariyasi va amaliyoti» nomli o‘quv qo‘llanmalarini, U.Inoyatov, N.Muslimov, D.Ro’zieeva, M.Usmonboevalarning “Pedagogika” nopedagogik oliy ta’lim muassasalari uchun 2012 yilda chop etilgan darsligini misol tariqasida keltirishimiz mumkin. Ushbu darslikning Pedagogikaning umumiy asoslari bobida pedagogikaning mustaqil fan sifatida shakllanishi va rivojlanishi, pedagogika fanining metodologik asoslari, pedagogikada shaxs masalasi; ta’lim nazariyasi bobida ta’lim jarayonining mohiyati, ta’lim mazmuni, metodlari, ta’limni tashkil etish shakli, ta’lim natijasini tashhislash; tarbiya nazariyasi bobida tarbiya jarayonining mohiyati, mazmuni, metod va shakllari, ta’lim tizimini boshqarish bobida boshqaruv nazariyasining shakllanishi, O‘zbekistonda ta’lim tizimi, uning turlari, ta’limni ichki boshqaruvi; Korreksion pedagogika bobida bu soha pedagogik fanlarning tarmog‘i sifatida, uning asosiy vazifalari, prinsiplari va metodlari, anomal bolalar va ularning umumiy tavsifi, aqliy rivojlanishi, eshitishi, ko‘rishi, nutqida nuqsoni bor bolalar, O‘zbekiston Respublikasida anomal bolalarning ijtimoiy holati; Pedagogika tarixi bobida pedagogika tarixi fanining maqsad va vazifalari, pedagogika tarixida davrlashtirish muammosi, eng qadimgi davrdan hozirgi davrgacha ta’lim-tarbiya va pedagogik fikr taraqqiyoti; Pedagogik mahorat bobida pedagogik faoliyat va uning xususiyatlari, pedagogik faoliyatga qo‘yilgan talablar, pedagogik mahorat tushunchasi, pedagogik mahoratning tarkibiy qismlari, pedagogik fikrlar taraqqiyotida o‘qituvchi mahorati masalalari, pedagogik qobiliyat, pedagogik texnika va uning egallash mexanizmlari kabi masalalar yoritilgan. Ushbu o‘quv darsligini tayyorlash davomida mamlakatimizda pedagogika fani taraqqiyotida uning rivojlanishiga munosib hissa qo‘shgan va bugungi kunda hissa qo‘shib kelayotgan pedagog olimlar S.Rajabov, O.Muhammadjonov, M.Ochilov, O.Roziqov, K.Zaripov, D.Shodiyev, K.Hoshimov, O.Hasanboyeva, J.Hasanboyev, S.Temirova, S.Mamajonova, Minavarov,B.Qodirov, O.Musurmonova, R.Mavlonova, N.Azizxadjayeva, N.Egamberdiyeva, N.Erkaboyeva, N.Sayidahmedov, X.Ibragimov, R.Jo‘rayev, R.Safarova, J.Yo‘ldoshev, O‘.Tolipov, Sh.Mardonov, M.Quronov, A.Choriyev, B. Adizovlarning ilmiy pedagogik tadqiqot natijalari muhim o‘rin tutganligi ma’lum bo‘ldi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning 2018 yil 28 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi birinchi navbatda ijtimoiy sohadagi islohotlarimiz samarasi bilan chambarchas bog’liq.Yoshlarimizga munosib ta’lim berish, ularning ilm-fanga bo’lgan intilishlarini ro’yobga chiqarishimiz kerak. Shu maqsadda, maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishimiz, o’rta va oliy o’quv yurtlarining moddiy-texnik bazasini, ilmiy va o’quv jarayonlari sifatini tubdan yaxshilashimiz kerak”ligi ko’rsatib berilgan. Shu bilan birgalikda “Murojaatnoma”da “Oliy ta’lim muassasalarida ilmiy salohiyatni yanada oshirish, ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash ko’lamini kengaytirish – eng muhim masalalardan biri” ekanligi ko’rsatib berilgan. O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning Harakatlar Strategiyasida ta’lim va o‘qitish sifatini baholashning xalqaro standartlarini joriy etish asosida Oliy ta’lim muassasalari faoliyatining sifati va samaradorligini oshirish, jismonan sog‘lom, ruhiy va intellektual rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan, qat’iy nuqtayi nazarga ega, Vatanga sodiq, yoshlarni tarbiyalash, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonida ularning ijtimoiy faolligini oshirish, yoshlarni ijodiy va intellektual salohiyatini qo‘llab-quvvatlash vazifalari belgilab berilgan. Ushbu vazifalarni bajarishda ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlarida zamonaviy darslik hamda o‘quv qo‘llanmalarning yangi avlodini yaratish muhim o‘rin tutadi. I BOB. PEDAGOGIKANING UMUMIY ASOSLARI O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tizimini rivojlantirishning konseptual asoslari O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to’g’risida”gi qonuni va “ Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” Kadrlar tayyorlash milliy modelining tarkibiy qismlari. Ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari. O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to’g’risida”gi Qonuni va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” Mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab ta’lim sohasiga katta e’tibor berila boshlandi. 1997-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi IX sessiyasida O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonuni va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»ning qabul qilinishi ta’lim tizimini rivojlantirishda yangi bosqich bo‘ldi. Davlat ta’lim standartlari talablaridan kelib chiqib ta’lim dasturlarining yangi avlodi ishlab chiqildi. Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasida uzluksiz ta’limi tizimini takomillashtirish ustuvor yo‘nalish sifatida e’tirof etildi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning 2018-yil 28-dekabrdagi Oliy Majlisga “Murojaatnomasi”da ilm-fan, zamonaviy va uzluksiz ta’lim tizimini yanada takomillashtirish zarur. Xalqimizda «ta’lim va tarbiya beshikdan boshlanadi» degan hikmatli bir so’z bor. Faqat ma’rifat insonni kamolga, jamiyatni taraqqiyotga yetaklaydi. Shu sababli, ta’lim sohasidagi davlat siyosati uzluksiz ta’lim tizimi prinsipiga asoslanishi, ya’ni, ta’lim bog’chadan boshlanishi va butun umr davom etishi lozim. Rivojlangan mamlakatlarda ta’limning to’liq sikliga investisiya kiritishga, ya’ni, bola 3 yoshdan 22 yoshgacha bo’lgan davrda uning tarbiyasiga sarmoya sarflashga katta e’tibor beriladi. Chunki ana shu sarmoya jamiyatga 15-17 barobar miqdorda foyda keltiradi. Bizda esa bu ko’rsatkich atigi 4 barobarni tashkil etishi” ko’rsatib o’tilgan. Shu bilan birgalikda “Murojaatnoma”da Umumiy o’rta ta’lim tizimini bugungi kun talablari asosida tashkil etish, farzandlarimiz har tomonlama kamol topishi uchun, barcha sharoitlarni yaratish lozim. Xususiy maktablar tashkil etish, davlat-xususiy sheriklik imkoniyatlaridan keng foydalanish kerak. Oliy ta’lim tizimida tahsil olish uchun teng imkoniyat yaratishga qaratilgan ishlarni yanada kuchaytirishimiz zarur. O’zbekistonda oliy va o’rta maxsus ta’lim maskanlari bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish o’tgan davrda 9-10 foiz darajasida bo’lib kelayotgan edi. So’nggi ikki yilda ko’rilgan chora-tadbirlar tufayli, biz bu raqamni 15 foizdan oshirishga erishdik. Lekin bu hali yetarli emas. Chunki dunyodagi rivojlangan davlatlar tajribasiga qaraydigan bo’lsak, bu ko’rsatkich ularda 60-70 foizni tashkil etadi. Shuning uchun 2019-yilda mamlakatimizda bitiruvchilarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini 20 foizga yetkazish va kelgusi yillarda oshirib borish – muhim vazifamizdir.Oliy o’quv yurtlari nufuzini oshirish, nodavlat ta’lim maskanlari sonini ko’paytirib, sohaga yuqori malakali kadrlarni jalb etish va raqobatni kuchaytirish lozim.Yoshlarimizga bir vaqtning o’zida bir nechta oliy o’quv yurtiga hujjat topshirish imkoniyatini berishimiz, o’ylaymanki, ularning ta’lim olish huquqlarini kengaytirishga xizmat qiladi.Oliy ta’lim muassasalariga real imkoniyatlardan kelib chiqqan holda, qabul kvotalarini mustaqil belgilash tizimini joriy etish kerak. Bakalavriat yo’nalishida tahsil olayotgan talabalarga xorijda o’qishni davom ettirish imkoniyatlari yanada kengaytirilishi” ta’kidlab o’tilgan. O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonunida uzluksiz ta’lim tizimining mohiyati, yo‘nalishlari, ta’lim mazmuni, ta’limning huquqiy asoslari batafsil ochib berilgan. Mazkur me’yoriy hujjat mazmunida quyidagilar o‘z ifodasini topgan: fuqarolarga ta’lim, tarbiya berish, kasb-hunar o‘rgatishning huquqiy asoslari; ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy tamoyillari; har kimning bilim olishdan iborat konstitutsiyaviy huquqi; pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi; ta’lim muassasasining haquqiy maqomi; ta’lim tizimi va turlari; ta’lim jarayoni qatnashchilarini ijtimoiy himoya qilish; ta’lim tizimini boshqarish. O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunida alohida urg‘u berilganidek, ta’limni tashkil etishning asosiy maqsadi - jamiyatda intillektual va ilmiy potensialni rivojlantirish, jamiyat, oila va davlat oldidagi burchi, javobgarligini anglaydigan barkamol va mustaqil fikrli shaxsni shakllantirishdan iborat. Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasida uzluksiz ta’limni takomillashtirish va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Ana shu maqsadda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Har qanday jamiyatning kuchi fuqarolarning ma’naviy yetukligi, intellektual salohiyatga egaligi bilan belgilanadi. Fuqarolarning ma’naviy yetukligi, intellektual salohiyati esa ta’lim tizimining mazmuni, shaxsning har tomonlama shakllanishi uchun xizmat qiluvchi moddiy va ma’naviy shart-sharoitlarning mavjudligi, jamiyatda qaror topgan ijtimoiy sog‘lom muhit darajasi, ijtimoiy munosabatlar mohiyati, shuningdek, aholining etnopsixologik xususiyatlari, axloqiy qarashlari va hayotiy e’tiqodlari asosida shakllantiriladi. «Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi» O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonuni g‘oyalariga muvofiq, milliy tajribaning tahlili va ta’lim tizimidagi dunyoviy yutuqlar asosida tayyorlangan hamda yuksak umumiy va kasb-hunar madaniyatiga, ijodiy va ijtimoiy faollikka, ijtimoiy-siyosiy hayotda mustaqil ravishda mo‘ljalni to‘g‘ri ola bilish mahoratiga ega bo‘lgan, istiqbol vazifalarini ilgari surish va hal etishga qodir kadrlarning yangi avlodini shakllantirishga yo‘naltirilgandir. Dasturning maqsadi - ta’lim sohasini tubdan isloh qilish, uni o‘tmishdan qolgan mafkuraviy qarash va sarqitlardan to‘la halos etish, rivojlangan demokratik davlatlar darajasida, yuksak ma’naviy va axloqiy talablarga javob beruvchi yuqori malakali kadrlar tayyorlash milliy tizimini yaratishdan iboratdir*. Ushbu maqsadni ro‘yobga chiqarish bir qator vazifalarning ijobiy hal qilinishini nazarda tutadi. Ya’ni: O‘zRning «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq ta’lim tizimini isloh qilish, davlat va nodavlat ta’lim muassasalari hamda ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasida raqobat muhitini shakllantirish negizida ta’lim tizimini yagona o‘quv, ilmiy ishlab chiqarish majmui sifatida izchil rivojlantirishni ta’minlash; ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimini jamiyatda amalga oshirayotgan demokratik huquqiy davlat qurilishi jarayonlariga moslashtirish; kadrlar tayyorlash tizimi muassasalarini yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlash, pedagogik faoliyatining nufuzi va ijtimoiy maqomini ko‘tarish; kadrlar tayyorlash tizimi va mazmunini mamlakatning ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyoti istiqbollaridan, jamiyat ehtiyojlaridan, fan, madaniyat, texnika va texnologiyaning zamonaviy yutuqlaridan kelib chiqqan holda qayta qurish; ta’lim oluvchilarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashning va ma’rifiy ishlarning samarali shakllari hamda uslublarini ishlab chiqish va joriy etish; ta’lim va kadrlar tayyorlash, ta’lim muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazish va akkreditatsiya qilish sifatiga baho berishning xolis tizimini joriy etish; yangi ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarda ta’limning talab qilinadigan darajasi va sifatini, kadrlar tayyorlash tizimining amalda faoliyat ko‘rsatishi va barqaror rivojlanishining kafolatlarini, ustuvorligini ta’minlovchi normativ, moddiy-texnika va axborot bazasini yaratish; ta’lim, fan, ishlab chiqarish samarali integratsiyalashuvini ta’minlash, tayyorlanayotgan kadrlarning miqdori va sifatiga nisbatan davlatning talablarini, shuningdek, nodavlat tuzilmalari, korxonalar va tashkilotlarning buyurtmalarini shakllantirishning mexanizmlarini ishlab chiqish; uzluksiz ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimiga budjetdan tashqari mablag‘lar, shu jumladan, chet el investitsiyalari jalb etishning real mexanizmlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish; kadrlar tayyorlash sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish. Kadrlar tayyorlash milliy modelining asosiy tarkibiy qismlari Kadrlar tayyorlash milliy modeli faqat ta’lim-tarbiya jarayonini qamrab olmay, shu bilan birga ishlab chiqarish va ijtimoiy munosabatlarni ham o‘z ichiga oladi. «Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi»ning asosida kadrlar tayyorlash milliy modeli va uning mohiyati yoritiladi. Kadrlar tayyorlash milliy modeli shaxs, davlat va jamiyat, uzluksiz ta’lim, fan va ishlab chiqarish kabi tarkibiy qismlarning o‘zaro hamkorligi, ular o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorlik asosida «yuksak ma’naviy va axloqiy talablarga javob beruvchi yuqori malakali kadrlarni tayyorlash Milliy tizimi» mohiyatini aks ettiruvchi andoza, loyiha hisoblanadi. Milliy modelning o‘ziga xos xususiyati mustaqil ravishda to‘qqiz yillik umumiy o‘rta hamda uch yillik o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limini joriy etilishi bilan belgilanadi. Bu esa o‘z navbatida umumiy ta’lim dasturlaridan o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi dasturlariga o‘tilishiga zamin yaratadi. Kadrlar tayyorlash milliy modelning tarkibiy qismlari shaxs, davlat va jamiyat, uzliksiz ta’lim, far hamda ishlab chiqarishdan iborat. Shaxs kadrlar tayyorlash tizimining bosh subyekti va obyekti, ta’lim sohasidagi xizmatlarning iste’molchisi va ularni amalga oshiruvchidir. Shaxs uzluksiz ta’lim jarayonida dunyoviy, ilmiy bilimlarni o‘zlashtiradi, fan asoslarini puxta egallaydi, ishlab chiqarish sohalari bilan tanishadi, shuningdek, o‘zida ijtimoiy ta’sirlar yordamida ma’naviy-axloqiy sifatlarni tarbiyalab boradi. Shaxsda o‘zlashtirilgan bilim, faoliyat ko‘nikmalari va hayotiy tajriba asosida kasbiy mahorat ham shakllanib boradi. Yuksak ma’naviy-axloqiy sifatlar va yuqori darajadagi kasbiy malakaga ega bo‘lish uchun shaxs o‘z oldiga muayyan maqsadni qo‘ya olishi hamda unga erishish yo‘lida tinimsiz izlanishi, o‘qib-o‘rganishi lozim. Shundagina u ijtimoiy raqobatga chidamli, malakali kadr bo‘lib shakllanadi. Davlat va jamiyat ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimi faoliyatini tartibga solish va nazorat qilishni amalga oshiruvchi kadrlarni tayyorlash va ularni qabul qilib olishning kafillaridir. Davlat va jamiyat ta’lim muassasalarining yuqori malakali raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash yo‘lidagi faoliyatini ham uyg‘unlashtiradi hamda quyidagilarga kafolat beradi: fuqarolarning bilim olish, kasb tanlash va o‘z malakasini oshirish huquqlarning ro‘yobga chiqarilishiga; majburiy umumiy o‘rta ta’lim hamda akademik litsey yoki kasb-hunar kollejida ta’lim olish yo‘nalishini tanlash huquqi asosida majburiy o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limini olishga; davlat grantlari yoki pulli-shartnomaviy asosda oliy ta’lim va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limni olish huquqiga; davlat ta’lim muassasalarini mablag‘ bilan ta’minlashga; ta’lim oluvchilarning o‘qishi, turmushi va dam olishi uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi vazifalarning hal etilishida jamoatchilik boshqaruvini rivojlan- tirishga; ta’lim jarayoni qatnashchilarini ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga; sog‘liq va rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan shaxslarning ta’lim olishiga zamin yaratadi. Uzluksiz ta’lim malakali, raqobatbardosh kadrlar tayyorlashning asosi bo‘lib, ta’limning barcha turlari, davlat ta’lim standartlarini, kadrlar tayyorlash tizimi tuzilmasini o‘z ichiga oladi. Uzluksiz ta’lim O‘zRning taraqqiyotini ta’minlovchi, shaxs, jamiyat va davlatning iqtisodiy, ijtimoiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy ehtiyojlarini qondi- ruvchi ustuvor soha bo‘lib, ijodkor, ijtimoiy faol, ma’naviy boy shaxsni shakl- lantirish va yuqori malakali raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash uchun sharoitlarni yaratadi*. Uzluksiz ta’lim jarayoni shaxsning har tomonlama qaror topishi uchun eng qulay davr sanaladi. O‘zbekiston Respublikasida uzluksiz ta’lim Davlat ta’lim standartlari hamda o‘quv dasturlari talablariga muvofiq tashkil etiladi. Uzluksiz ta’lim ta’lim muassasalarida amalga oshiriladi. Fan yuqori malakali mutaxassisni tayyorlovchi, undan foydalanuvchi, ilg‘or pedagogik, axborot texnologiyalarini ishlab chiqaruvchi sanaladi. Ishlab chiqarish - kadrlarga bo‘lgan ijtimoiy ehtiyojni shuningdek, ularning tayyorgarlik sifati va saviyasiga nisbatan qo‘yiladigan talablarni belgilovchi asosiy buyurtmachi, kadrlar tayyorlash tizimini moliyaviy va moddiy- texnika jihatdan ta’minlash jarayonining qatnashchisi. «Ishlab chiqarishning talab- ehtiyojlari kadrlar tayyorlash tizimining yo‘nalishi, darajasi va miqyoslarini shakllantiradi, kasb tayyorgarligining maqsadi, vazifalari va mazmunini belgilaydi. 1.3. Ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari. O‘zbekiston Respublikasi Ta’lim to‘g‘risidagi qonunining 3-moddasida ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari belgilangan. Mohiyatiga ko‘ra ushbu prinsiplar mamlakat ta’lim konsepsiyasining asosini tashkil etadi. O‘zbekiston Respublikasining ta’lim sohasidagi davlat siyosatining bosh g‘oyasi ta’lim sohasini tubdan isloh qilish, milliy ta’lim tizimini jahon ta’lim standartlariga tenglashtirish, kadrlar tayyorlash milliy modeliga muvofiq zamonaviy bilimlarni puxta egallagan, erkin, mustaqil fikrlovchi, har tomonlama rivojlangan komil inson va malakali mutaxassisni tarbiyalab voyaga yetkazishdan iborat. O‘zbekiston Respublikasining ta’lim sohasidagi davlat siyosatining mohiyati O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi hamda «Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi to‘g‘risida»gi Qonunlarida, shuningdek, Respublika Vazirlar Mahkamasi, tegishli vazirlik hamda idoralarning ta’lim mazmunini yorituvchi hujjatlarida o‘z ifodasini topgan. O‘zbekiston Respublikasining ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari quyidagilar: ta’lim va tarbiyaning insonparvar, demokratik harakterda ekanligi; ta’limning uzluksizligi va izchilligi; umumiy o‘rta, shuningdek, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining majburiyligi; o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining yo‘nalishi, akademik litseyda yoki kasb-hunar kollejida o‘qishni tanlashning ixtiyoriyligi; ta’lim tizimining dunyoviy harakterda ekanligi; davlat ta’lim standartlari doirasida ta’lim olishning hamma uchun ochiqligi; ta’lim dasturlarini tanlashga yagona va tabaqalashtirilgan yondashuv; bilimli bo‘lishni va iste’dodni rag‘batlantirish; ta’lim tizimida davlat va jamoat boshqaruvini uyg‘unlashtirish. Ta’lim sohasidagi davlat siyosatining amalga oshirish mexanizmi qonun bilan tasdiqlangan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi hisoblanadi. Ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy tamoyillari fuqarolarning ijtimoiy kelib chiqishi, irqi, tili, e’tiqodi, ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar ta’lim olishda teng huquqqa ega ekanliklarini ifodalaydi. Ta’lim va tarbiyani insonparvarlashtirish shaxsning ijodiy qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarishga imkon yaratadi. Shuningdek, ta’lim jarayonida uning ma’naviy-axloqiy ehtiyojlari, xohish-istaklari va hiziqishlarini hisobga olishni nazarda tutadi. Ya’ni ta’lim-tarbiya jarayoni shaxsni har tomonlama kamol topishini ta’minlashga yo‘naltiriladi, uning shaxsiga nisbatan hurmat bilan yondashiladi. Ta’lim va tarbiyani demokratlashtirish ta’lim mazmunining ochiqligi, o‘quv materiallari, ta’lim shakl va metodlarining xilma-xilligi, milliy-hududiy xususiyatlarning inobatga olinishi, shuningdek, tarbiya jarayonining demokratik g‘oyalarga muvofiq tashkil etilishini anglatadi. Tamoyil mazmuniga hamda o‘quvchilarning xohishlariga ko‘ra dars jadvaliga qo‘shimcha fanlar kiritiladi, yuqori sinflarda muayyan fanlar chuqurlashtirilib o‘rgatiladi, fakultativ mashg‘ulot va to‘garaklar tashkil etiladi, darslarning yakka va guruhli shaklda bo‘lishiga e’tibor qaratiladi. Ta’limning uzluksizligi va izchilligi uzluksiz ta’lim tizimining barcha bosqichlarida o‘qitish o‘zaro aloqadorlik, bog‘liqlik asosida yo‘lga qo‘yilishini ifodalaydi. Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining o‘quv dasturlari akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining, o‘z navbatida ularning o‘quv dasturlari oliy o‘quv yurti o‘quv dasturlari bilan mutanosiblikda yaratilib, biri o‘zidan avvalgi bosqichda o‘zlashtirilgan ma’lumotni boyitadi va rivojlantiradi. Umumiy o‘rta, shuningdek, o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limining majburiyligi o‘quvchilarning imkoniyatlari va qiziqishlarini hisobga olgan holda ularning jadal intellektual rivojlanishi, kasb-hunarga moyilligi, bilim va ko‘nikmalarini chuqur rivojlantirish, tanlab olingan kasb-hunar bo‘yicha bir yoki bir necha ixtisoslikni egallash imkoniyatini yaratishni ifodalaydi. Ta’lim tizimining dunyoviy harakterda ekanligi mamlakatda ta’lim taraqqiyotining rivoji ilmiy asoslarga ega bo‘lib, u fan-texnika, madaniyatning yutuqlariga bog‘liq holda rivojlanib borishini anglatadi. O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonuni (4-modda)da fuqarolar millati, tili, jinsi, yoshi, diniy e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, mavqei, xizmat turi, turar joyi, respublika hududida qancha vaqt yashayotganligidan qat’i nazar bilim olish huquqiga egaliklari aytiladi. Davlat ta’lim standartlari doirasida ta’lim olishning hamma uchun ochiqligi tamoyili aynan mana shu holatni yoritishga xizmat qiladi. Ushbu tamoyil, shuningdek, chet ellik fuqarolarning respublika hududida xalqaro shartnomalarga muvofiq bilim olish huquqiga egaliklarini ham ifodalaydi. O‘zRda istiqomat qilayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar bilim olishda respublika fuqarolari bilan teng huquqlarga ega bo‘ladilar. Ta’lim dasturlarini tanlashga yagona va tabaqalashtirilgan yondashuv O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonuni (7-modda)da o‘z ifodasini topgan. Davlat ta’lim standartlari (DTS) umumiy o‘rta, o‘rta maxsus kasb-hunar va oliy ta’lim mazmuni sifatiga qo‘yiladigan talablarni belgilab beradi. Davlat ta’lim standartlarini bajarish barcha ta’lim muassasalari uchun majburiydir. Biroq ta’lim muassasalari DTS asosida o‘quv dasturlari variantini ishlab chiqib, undan foydalanishlari mumkin. Bilimli bo‘lishni va iste’dodni rag‘batlantirish ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy tamoyillaridan biri sanalib, ta’limning barcha bosqichlarida bu tamoyilga to‘la amal qilinadi. Ta’lim oluvchilarning iste’dod va qobiliyatlari davlat tomonidan moddiy va ma’naviy jihatdan rag‘batlantirilib boriladi. 1993-yil 5-fevralda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining «O‘zbekistonda o‘quvchi-yoshlarni rag‘batlantirish choralari to‘g‘risida»gi Farmoni, 1993-yil 25-martda «O‘zbekiston o‘quvchi-yoshlarini taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risid»gi respublika Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra ilmiy salohiyat, iqtidorga ega talabalar va aspirantlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyalari ta’sis etildi. Stipendiya iqtidorli talabalarga har yili o‘n bir ta’lim yo‘nalishi - texnika va informatika, tibbiyot, fizika-matematika, iqtisodiyot, jurnalistika, gumanitar, huquq va xalqaro munosabatlar, pedagogika, madaniyat va san’at, chet tillar, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkaziladigan tanlov yakunlariga ko‘ra beriladi. Iqtidorli talabalar uchun, shuningdek, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Abu Ali ibn Sino va Imom al-Buxoriy nomidagi stipendiyalar joriy etilgan. Bundan tashqari iste’dodli yoshlarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, chet elda ta’lim olishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Umid», «Iste’dod», «Respublika bolalar fondi», «Sog‘lom avlod uchun», «Ulug‘bek», “El-yurt umidi” va boshqa jamg‘armalar tashkil etilgan. Ta’lim tizimida davlat va jamiyat boshqaruvini uyg‘unlashtirish ta’limni tashkil etish, sifatini oshirish, bunda davlat va jamiyatning hamkorlikka erishishni nazarda tutadi. Ta’lim tizimida davlat va jamiyat boshqaruvi ta’lim samaradorligini oshirishga zamin yaratadi. malaka talablarini ilgari suradi, ta’limning zamonaviy texnologiyalari va shakllarini tanlashni taqozo etadi»1. Nazorat uchun savollar O’zbekiston Respublikasining “ Ta’lim to’g’risida”gi Qonuni maqsadini izohlang? Kadrlar tayyorlash milliy dasturining maqsadi va vazifalarini izohlang? Kadrlar tayyorlash milliy modelining tarkibiy qismlari nimalardan iborat. Ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy pinsiplarini izohlang? PEDAGOGIKA SHAXS TARBIYASI VA RIVOJLANISHI TO‘G‘RISIDAGI FAN Download 1.36 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling