O’zbekiston respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi muqimiy nomidagi qo'qon davlat
Vatan, sevgi, yoshlik mavzusidagi she’rlari
Download 45.25 Kb.
|
maryam
Vatan, sevgi, yoshlik mavzusidagi she’rlari
Erkin Vohidov – yurtsevar ijodkor. Uning she`riyatida vatanparvarlik, xalqchillik, milliy g’urur va iftixor ruhi balqib turadi. Shoir uchun vatan o’zini o’rab turgan tog’ -u tosh, dov-daraxtdan iborat moddiylik emas, balki qalbda qo’nim topgan ma`naviy-ruhiy mohiyatdir. Shoir har qanday davrda Vatan va millat oldidagi burch va mas`uliyatidan og’ishmay ijod qilgan. Xatto sho’ro davrining suronli yillarida ham yuragidan sizib chiqqan elparvarlik, xalqsevarlik hislaridan tonmagan. She`r yozganda yurak so’zidan boshqa so’zni uqqan emasman. Nozirlarning qattol ko’zidan g’azbidan qo’rqqan emasman‖, degan shoir “O’zbegim” qasidasini mahorat va jasorat bilan bitgan. O’sha davr uchun ulkan ma`naviy jasorat timsoli bo’lgan. “O’zbegim” qasidasi nafaqat, o’zbek she`riyati osmonida, balki jahon she`riyati osmonida ham porlagan otashin quyosh yanglig’ charaqlab chiqdi. Tarixingdir ming asrlar Ichra pinhon o’zbegim, Senga tengdosh Pomir-u Oqsoch Tiyonshon, o’zbegim. Qasidada ―Ko’hna tarix shodasida bitta marjon‖ bo’lgan o’zbek xalqining shon-u shavkati bilan bir qatorda Ilm-u she`rda shoh-u sulton, Lek taqdiriga qul‖, o’z elida g’urbat chekkan ―zor-u nolon xalqning kechmish-u kechinmalari aks etgan. Xalqimizning buyuklar ichra buyuk daholari, millatga xos bo’lgan tantilik, ko’ksi osmonlik tuyg’ ulari tarannum etilgan. Shoir ona zaminni bog’ga o’zbek millatini esa gulga, Vatanni ko’zga, millatni mujgonga mengzaydi. Eng qimmatlisi, shoir asarda o’zbek ekanligi bilan faxrlanadi, boshidagi do’ppisi bilan qayga bormasin g’oz yurib iftixor etadi. “O’zbegim” qasidasi ijodkor uchun “Olam uzra nomi ketgan O’zbekiston, xalq va millatning “oq sut-u tuz hurmati‖ bitilgan bo’lsa, millat uchun bu asar dilnoma, iftixornoma bo’lib buyuk ahamiyat kasb etdi. Chinakam inson o’z elidan, tilidan, millatidan faxrlanishni kanda qilmaydi. Shoirning “O’zbek bo’lish oson emasdir” she`rida juda jo’n, sodda satrlar bilan kashf etilgan buyuk iftixor tuyg’ usi inson qalbida dilbar titroq uyg’ otadi: Yaponchilik demaydi yapon, Nemischilik demaydi olmon, O’zbekchilik bor bo’lsin omon, O’zbek bo’lish oson emasdir. Erkin Vohidov Vatan mavzusidagi she`rlari bilan yurt tushunchasini ma`naviy qadriyatga aylantira olgan. U vatanni el, xalq, millat bilan bir butun, chambarchas tasavvur qiladi. Shu ma`noda ijodkor haqiqiy millatparvar shoir sifatida shon-sharaf sohibidir: Tojik-yuksak Pomirim, Turkman-tutash tomirim, Qirg’iz, qozoq, bovirimTurkiston bir, Vatan bir. Shoir she`rlarini vatanning ruhiy manzaralari deyish mumkin. Ijodkor ona yurtni kishilar ruhiyatiga ko’chira olgani uchun ham uning bitiklari yuksak ahamiyatlidir. Badiiy qiymati beqiyos bo’lgan ushbu satrlar shunchaki yaltiroq dabdaba, suronli chaqiriq emas, ohorli tuyg’ular zamzamasidir: Bog’laringni sayr etganimda Sen bor eding qalbda, Vatanim. Bog’ husniga she`r bitganimda, Uni dastlab senga atadim Minglab tilda madhingni so’zlar Bunda o’sgan har bitta daraxt. Nur emadi millionlab ko’zlar Ko’kdan sening husningga qarab. Shoir tuyg’ulari konkret voqea-hodisadan jonlanadi va o’qirmanni hayratga solar darajada badiiy ifoda bilan jilolanadi. Shoirning “Bir nihol” deb nomlangan hajman kichikkina she`ri yurtdoshni bir hihol ekishga undash bilan boshlanadi. Ekilgan niholning “Yaxshilik” deb, nihol yoniga gul ekib gulning ismini “Go’zallik” deb qo’yilishini istagan shoir qalbida ulkan yaratuvchanlik, obodlik, ezgulik kabi tuyg’ ular silsilasini kuzatsak, gul va niholga hayot baxsh etish uchun “Mehr” otliq suv quyishga da‘vat etayotgan mohir ruhiyat rassomining ko’ngil odami ekanligi, mehr va muhabbat kuychisi, samimiyat sohibkori, xushfe‘l va xushsiyratligiga ishonch hosil qilamiz. Lekin asosiysi bu emas, shoirning asl maqsadi she`rning oxirgi baytida namoyon bo’ladi: Sendan farzandingga bog’ qolsin, ey do’st, Bog’ing Vatan degan nom olsin, ey do’st. Shoir jonidan ortiq ko’rgan yurtining manzaralarini tasvirlashda ham mahorat ustasi. Bu jihatdan “Manzara”, “Tong lavhasi”, “O’lka” kabi she`rlari ahamiyatlidir. Ayniqsa, shoirning “Daryo oqshomi” she`ri ijodkorning nazari o’tkir, sinchkov shoir ekanligini isbotlaydi: Yelkalarni tebratib asta Ona daryo Alla ayatadi. So’zni rozg’or buyumidek ishlatadigan, she`riy qatorlaridagina Vatan uchun jonini tutgan “shoir”larning son-sanog’i yo’q. Faqat va faqat tildagina Vatanga iddaolar qiladigan kishi vatan sevgisidan mosuvo bo’ladi. Yurt tushunchasi tilidagina bo’lib qolmay, ko’ngliga ko’chib ruhini butkul egallagan ijodkor nima haqida yozsa ham, vatanni tasvirlayotgan bo’lib chiqaveradi. Aslida u o’z ichki olamini ifoda etadi. Bu ichki olam tanho vatan surati va siyratidan iborat bo’ladi. Shoirning “Bahor”she`ri aslida tabiat manzarasiga atalgan asar. She`rda bahorning barqut kiyib bezangan bog’lari, qizg’aldoqning sahro ko’ksiga taqilishi, quyoshning oq bulutdan etak bog’ lab o’rik shoxlarida bodroq qovirishi, barglarning chapak chalib shodon uyg’onishi, butoqqa qo’nib gul kitobini varaqlayotgan bulbulning g’ azalxonligi, g’ unchaning gul bo’lish tashvishida gul ochishi, haydalgan daladan xas ortmoqlab chumolining yugurishi-yu, tabib irmoqlarining yer tomiriga qon quyish uchun shoshilib chopishi-bari-bari borib ona tuproqqa tutashadi. Bahorning shu kabi sifatlari yo’g’rilgan she`r ona tuproqning kuz tashvishida “Yuksak xirmonlarga siynasi yuklik” bo’lishi, sokingina tin olishida Onalarga xos bir buyuklik‖ ifodasi bilan yakunlanadi. Vatan va ona buyukligi tenglashiladi. She`r qadrini biladigan haqiyqiy she`riyat shaydolari chinakam ijtimoiy bitikka ehtiyojmand, tashna bo’ladi. Buyuk shoir Erkin Vohidovning “Vatan, to tanda jonim bor” she`rida ijodkorni vatan bilan bir butunlikda, yakdillikda ko’ramiz: Agar shodliklaring ozdir, Meningdirsan, meningdirsan. Magarkim g’amlarim bisyor, Seningdirman, seningdirman. Shuningdek shoir “Vatan qadri”, “O’zbekiston “, “Yurtim bolasi”, “Vatan sog’ inchi”,”Sen davlatsan, aziz Vatandosh!” kabi she`rlari bilan chinakam Vatan farzandi sifatida ijod qildi, el-yurt dardini kuylab yashadi. “Shoir uchun el nazaridan qolish – eng oliy jazo. Qolganini iztirob demasa ham boʻladi”, deb yozgandi muhtaram adibimiz. Ustoz, so’z san`atkori Erkin Vohidov hamisha yurtini, xalqini sevib ardoqladi va ona vatan ham o’z navbatida yurtsevar farzandini suyib, siylab keldi. Shoir butun umr qutlugʻ saodatni his qilib yashadi, hamisha – el nazarida, ehtiromida boʻldi. O`zbek adabiyotining yetuk vakili Erkin Vohidov she`riyati o’ziga xos jozibasi, badiiyati va mazmundorligi bilan ajralib turadi. Shoirning ilk she`rlari u hali maktabda o’qib yurgan kezlaridayoq chop etila boshlaydi. Birinchi she`rlar to’plami esa 1961-yilda “Tong nafasi‖ nomi bilan nashr etiladi. Shundan so’ng ijodkorning “Yurak va aql”, “Mening yulduzim”, “Yoshlik devoni”, “Hozirgi yoshlar”, “Muhabbat’’, “Tirik sayyoralar”, “Bedorlik”, “Yaxshidir achchiq haqiqat”, “Sharqiy qirg`oq”, “Kelajakka maktub”, “Orzuli dunyo”, “Tabassum”, “Yangi she`rlar‖ kabi bir qancha kitoblari, shuningdek, shoirning uzoq yillik ijodiy faoliyati samarasi bo’lmish “Saylanma”si chop etildi. Bu “Saylanma” to’rt jilddan iborat bo’lib, ular: “Ishq savdosi”, “She`r dunyosi”,, “Umr daryosi”, “Ko’ngil nidosi‖ deb nomlangan. Ushbu to’plamlarga kiritilgan she`rlarning har birida shoirning shaxsiyati, ruhiyati o’z ifodasini topgan. Erkin Vohidov o’z ijodiy faoliyati davomida nafaqat go’zal she`rlar dostonlar va sahna asarlari yaratdi, balki badiiy tarjima bilan ham shug`ullandi. Jahon adabiyotining bir qator yetuk badiiyat namunalarini o’zbek tiliga mahorat bilan tarjima qildi. Mumtoz adabiyotimiz darg`alari izidan borib betakror g`azallar yaratdi. Erkin Vohidov she`riyati xuddi ijodkorning o’zi kabi ko‗p qirralidir. Bu she`riyat falsafiylikka, donishmandlikka va latofatga boy. Muallifning so‗z tanlash va uni munosib qo‗llash mahorati u yaratgan she`rlarga sehr baxsh etadi, satrlar jonlanadi, uni o‗qiyotgan qalblar uyg`onadi, junbushga keladi. Bu esa ijodkorning ilohiy iste`dod egasi ekanligidan dalolat beradi. Zero, shoir qalbining u yozgan bitiklarda aks etmog`i uchun faqat mehnatning o’zi kifoya qilmasligi ayon haqiqat. Erkin Vohidov har bir satrda yangicha ma`noni ifodalashga intiladi. Shu bois ijodkorning bizga qisqagina tuyulgan she‘larida ham katta mazmun yashirin. Buni shoirning bir qancha she`rlari misolida kuzatishimiz mumkin: Kecha kerak bo’lding, Bolalik chog`im! Senga qo’l uzatdim, Yo’q, Yetolmadim. Oshkora g`irromlik qildi O`rtog`im, – Men: bor o’ynamayman, Deb ketolmadim… Bolalik, ya`ni ma‘sumiyat davrini tark etishning eng qiyin tomoni bu shoir ta`kidlagani kabi do’stlarning g`irromligini ko’rib tursang ham bu aloqalarni uzish, bariga qo’l siltab ketish endi oldingidek oson emas. Ba‘zan ulg`ayish bu – go’daklik imtiyozlaridan mahrum bo’lish bilan barobar. Chunki kattalarning xatolari kechirilmaydi. Yuqoridagi she`rda aks etgan holat barchamizga tanish, ammo bu voqelikni mohirlik bilan nazmga tera olish har kimning ham qo’lidan kelavermaydi. Erkin Vohidov ijodida bunday saralangan satrlar bisyor. Shoir o’z ichki olamini she`rlarga jo qiladi. Hayotiy voqelikni badiiy so’z orqali ijod namunlariga singdiradi. Shoirning o‗zi buni shunday misralar bilan ifodalaydi: El ustozim, men esam tolib, So’z durlarin termoqdir ishim. Odamlarning o’zidan olib Odamlarga bermoqdir ishim. Ijodkor chin ma`noda so’z durlarini terguvchi zotdir. Shoir o’z bitiklariga eng sara so’zlarni marjon kabi tizadi. Bu so’zlarda ohangdorlik bilan birga kuchli mazmun ham uyg`unlashganligi misralar jozibasini yanada oshiradi. Shoir ilhomni, andozani insonlardan, hayotdan oladi va uni satrlarda jonlantirib o’z egalariga qayta taqdim etadi. Erkin Vohidov o’z asarlari bilan insonlarni poklikka, sadoqatga ezgu a‘mollarga amal qilgan holda yashashga da‘vat etadi. U har bir kishi hayoti davomida o’z oldiga qo’ygan maqsadlaridan og`ishmasligi, hamisha kimgadir naf keltirib yashashi joizligini ta`kidlaydi. Insonlarni quyosh kabi o’z nuri va harorati bilan ko’zlarni va qalblarni yoritib turishga, barchaga birdek marhamatli bo’lishga toki hayot ekan yonib yashashga chorlaydi. Faqat, jonim, o’zingni zinhor Yulduzlarga etmagil qiyos. Yonib yasha to tanda jon bor, Quyosh bo’lgin, azizim, quyosh! Erkin Vohidov she`riyati haqida ko’plab ilmiy tadqiqotlar yaratilgan. Shoir adabiy portretini yaratishda o’z asarlari bilan birga, u haqidagi zamondoshlarining xotiralari va shoir ijodini o’rganish bo’yicha yaratilgan ilmiy maqolalarga ham tayanish o’rinli bo’ladi. Adabiyotshunos N. Rahimjonov o’zining “Badiiyat qirralari” nomli maqolasida shoir shaxsi va ijodi haqida qimmatli fikrlar bildiradi: “Erkin Vohidovning adabiyot va san`atga, badiiy asarga, ijodkorga bo’lgan talablari ana shu ijtimoiy zaruratdan, ruhoniy ehtiyoj taqozosidan kelib chiqadi. Erkin Vohidovning ishonch- e`tiqodiga ko’ra ijodkor odam hamisha hayotning ma`nosini izlashi, o’z tirikligining mazmunini ezgulikka, olijanoblikka safarbar etmog`i, adolatning qaror topishiga xizmat etmog`i lozim” Chindan-da, betakror ijodkor Erkin Vohidovning hayot va ijod yo’liga nazar tashlar ekanmiz, uning o’z umr yo’lida yuqoridagi ezgulik mezonlariga to’la amal qilgan holda yashaganligi va ijod qilganligiga guvoh bo’lamiz. Erkin Vohidov yaratgan har bir satridan shoirning insonlarga bo’lgan samimiy mehri ufurib turadi va o’z navbatida ana shu mehr bizning qalbimizga ham singib ketadi. Shoir ijodini talqin qilgan Yo’ldosh Solijonov o’zining “Ruhiyatni yoritgan she`riyat” nomli maqolasida Erkin Vohidov haqida shunday yozadi: “Mehr-muhabbati kuchli, sadoqati beqiyos bo’lganligi tufayli Erkin Vohidov xalqimizning chindan ham nihoyatda suyukli shoiri bo’lib qoldi. Shoir o’zbek she`riyatiga yangicha fikr, yangi shakllar, yangi obraz, yangicha ohang, yangicha usul va vositalar olib kirdi va uning tamoman yangilanishiga munosib hissa qo’shdi. Shoir she`rlari ko’ngillarga orom, ruhimizga ko’tarinkilik, vujudimizga madad bag`ishlaydi. Demak, shunday shoirni sevmaslik, asarlarini chin dildan suyib mutolaa qilmaslik mumkin emas!” Darhaqiqat, Erkin Vohidov she`riyatida shoirning ko’ngil kechinmalari, ruhiyati, fikriy teranligi va keng dunyoqarashi bo’y ko’rsatadi. Uning yozganlari fikrimizni charxlaydi va shuning barobarida ko’nglimizga taskin beradi. Ijodkor uchun adabiyot – ko’ngil ishi, she`r yozmoq, yaratmoq ko’ngil xohishidir. Buni yaxshi anglagan shoir o’zining har bir satriga qalb sadosini muhrlaydi. Shu sabab Erkin Vohidov she`riyatida shoirning bedor ko’ngli aks etadi. “Yoshlik devoni haqida. Uning mavzu mundarijasi. XX asrning 60-yillari oxiriga kelib Erkin Vohidov yetakchiligidagi adabiy avlod asta-sekin inson shaxsi, uning tuyg’ulari tasvirigae`tibor qarata boshladi. Insonning ruhiy kechinmalari, turfa sezimlari poetik tasvir obyektiga aylandi. Bu hol esa, tabiiy ravishda, davrga to’g’ri kelmaydi deb, chetga suribroq qo’yilgan aruzning jonlanishiga imkon yaratdi. E.Vohidov g’azalning xaloskori yanglig’ paydo bo’lib, uning jonsizlanib qolgan taniga yangicha nafas bag’ishlaganday bo’ldi. Shoir “Yoshlik devoni” kitobining “Debocha”sida eski poetik shakl yangi gap aytishga yaramaydi deydigan kishilar bilan bahsga kirishadi: Ey munaqqid, sen g’azalni ko’hna deb kamsitmagil, Sevgi ham Odam Atodin qolgan inson qonida. Shoir inson qonida azaldan mavjud bo’lgan sevgi tuyg’usi bugun ham yashayotgani yanglig’ uning ifodasiga moslashgan g’azal ham yashashga haqli ekanini mantiq jihatidan ishonarli, ifoda jihatidan go’zal yo’sinda ko’rsatdi. Shoir g’azalni shunchaki she`riy janr rutbasidan yuksaltirib, mangu tuyg’ularning poetik ramzi hamda har qanday fikrni ifodalay olishga qodir badiiy vosita darajasiga ko’taradi. Ta`kidlash kerakki, Erkin Vohidov, umuman, aruz vazni, xususan, g’azal janrini tiklash uchun emas, balki o’z o’yu tuyg’ulari aynan g’azalda moddiylashishga moyil bo’lgani uchun bu janrga qo’l uradi. G’oyat nazokatli va zarif shoirni bezovta qilgan fikru tuyg’ular ham uning shaxsiyati singari nazokatu zarofatli yo’sinda ifodalanishni taqozo etardi. Shoir o’z davri uchun shakkoklik sanalgan isyonkor fikrlarni ham g’azalning go’zal, mayin va jozibali libosiga o’rab bera bildi. E.Vohidov poetik fikrining zalvori g’oyat og’ir bo’lgani holda uning ifoda yo’sini o’ta mayin bo’lardi. Uning she`rlarida o’tli chaqiriq bor edi. Lekin bu da‘vat o’qirmanni olamni ag’dar-to’ntar qilishga emas, balki dunyo va undagi tartibot haqida jiddiy o’yga toldiradigan yo’sinda latif she`riy shaklda taqdim etilardi. Ehtimol, “O’zbegim” she`ri barmoqda bitilganida mutlaqo bosib chiqarilmagan bo’lardi. E.Vohidov g’azallarida oshiqning dil rozlari, ma‘shuqaning ta‘rif-tavsifi mumtoz adabiyotdagi yanglig’ har qancha mubolag’ador, serbo’yoq bo’lmasin, undagi timsollar bugunning odami ekani anglashilib turadi. Ular ―zamon zayli‖ni hisobga oladigan, o’y-fikri, tuyg’ulari bugungi odamlarga tushunarli bo’lgan kishilardir. Ma`lumki, mumtoz she`riyatda vaqt tushunchasi ancha nisbiy bo’lgan. Chunki mumtoz shoirlar o’tkinchi, bugunning tashvishlari aks etgan mavzularga qo’l urmaganlar. Shuning uchun ham ularning ijodida o’z davrining belgilari ko’zga tashlanib turmaydi. E.Vohidovning g’azallarida esa bugunning nuqsi aks etadi. Shoirning «Fursating» g’azali o’zida davr belgisi, zamondoshlar tabiatini aks ettirishi jihatidan xarakterlidir. G’azalning birinchi baytidayoq davr ruhi ko’zga yaqqol tashlanib turadi: “Fursating yetmaydi doim, hech qachon yetgan emas, Mehnating bitmaydi doim, hech qachon bitgan emas”. Bu misralarda davrning tezkor va shiddatli qarqin (sur‘at)i, undan orqada qolmaslik ilinjida halloslab borayotgan chog’dosh tabiati namoyon bo’ladi. Keyingi baytda davr ruhi yanada bo’rttirib ko’rsatiladi: Chun zamondek bepoyondir ko’ksing ichra orzu, Fursatu orzuni quvlab hech kishi yetgan emas. Zamonning cheksizligi azaldan ma`lum, ammo davr kishisining orzusi ham chegara bilmasligi ifodasi – shoirning kashfiyoti. Shoir tinimsiz o’zgarib turadigan insonning hech o’zgarmas intilishi – kamolot haqida to’xtalar ekan, uning ham hech qachon erishib bo’lmas orzu ekanini ishonarli aks ettiradi: “Intilar borliqni inson barkamol etmoq uchun, Ne ajab, insonni borliq barkamol etgan emas”. O’zi komil bo’lmagani holda borliqni mukammallashtirishni da‘vo qiladigan inson tabiatidagi chigallik shu yo’sin tasvirlanadi. Shoirning tasvir mahorati yuqoridagi misralar so’ngida kelgan «etmoq uchun» va «etgan emas» singari fe‘lli birikmalarga zidlash ma`nosini yuklay bilganida ham ko’rinadi. E.Vohidov «Inson» g’azalida insonning baland martabaga egaligi, olam yaralishidan maqsad aynan odam ekanligini aks ettirar ekan, odam o’zining yuksak martabasiga loyiq ma`naviyat egasi bo’lishi lozimligini orzu qiladi. Chunki: Bu yorug’ dunyo nadur? Koshonadur, vayronadur, Senga mehmonxonadur, mehmon o’zing, mezbon o’zing. Ayni misralarda insonning mohiyat va imkoniyati aks etgan. Chindan ham odam bu dunyoga mehmon va buni o’zi biladi. Lekin yorug’ olamning mezboni ham uning o’zi ekani hamisha esida turavermaydi. Demak, mezbon sifatida dunyoning obodligi, tinchligi, to’kisligi uchun har bir inson mas`uldir. G’azalda shoir insonning bugungi kamoloti, zakovati, erishgan mislsiz zafarlarini tasvirlar ekan, unda ko’ngil g’ariblashib, ma`naviyat qashshoqlashib borayotganidan xavotirini: “Minding ilm narvoniga, chiqding funun osmoniga, Bu jahon ayvoniga arkon o’zing, vayron o’zing” tarzida aks ettiradi. Shoir ilmu fan taraqqiyoti tufayli inson jahon ayvoniga «arkon» darajasiga ko’tarilgani, ayni paytda, shu «ustun»ni qulatib «vayron» etadigan ham insonning o’zi ekanini ifodalaydi. So’ng bu fikr rivojlantirilib yuzaga kelishi mumkin bo’lgan ayanchli holat she`rxon ko’z o’ngiga keltiriladi: Zarrani ijod etib, dahshat balo bunyod etib, Oqibatni yod etib, vayron o’zing, hayron o’zing. «Zarra» bu – atom. Odam uni yaratib, vayron keltiruvchi qudratini sinab ko’rgachgina o’z qilmishiga «hayronu», o’z buzg’unchiligidan ko’ngli «vayron» ekani shoir tomonidan go’zal ifoda etilgan. G’azalchi insonning buyuk kashfiyotlari nuqul dahshatu balolar keltiradi deb hisoblamaydi, ularni ezgulikka xizmat qildirish ham odamning qo’lida ekanini tasvirlaydi: “Bog’i arz obod erur, sendin agar imdod erur, Yo’qsa u barbod erur, to’fon o’zing, to’g’on o’zing”. Agar inson o’zining yaratuvchilik, ezgulik singari ulug’ vazifalarini unutmasa, umri mazmun kasb etadi, hayot yashashga arziydigan bo’ladi. Olamni barbod qiladigan to’fon ham, uni balolardan saqlab qoladigan to’g’on ham odamning ozi. Shuning uchun dunyoni bo’ston qilishga, jannatga aylantirishga urinmoq kerak: Kelding olamga demak, etmas uni so’rmak, yemak, Erni etmog’ing kerak, bo’ston o’zing, rizvon o’zing. Shoir borgan sari tafakkuri kuchayib, aqlu zakovati oshayotgan inson zimmasida behad ulkan yuk mavjudligini, bu yuk – olamning taqdiriga javobgarlik ekanini g’azal zamiriga singdiradi. Shuning uchun ham bugun odam kelajagi barbod bo’lmaydigan yo’lni tutishi, o’zini doimo «inson etishi» kerakligi she`rda ta`sirchan ifodasini topgan: “Bo’lmasin subhing qaro, bor bo’l mudom borliq aro, O’zing etgil doimo inson o’zing, inson o’zing”. She`rda odamning hayotdagi o’rni, uning tafakkur imkoniyatlari ezgulikka xizmat qilishi kerakligi mutafakkir kishining o’ylari ta`sirli aks etgan. “Yoshlik devoni”ga kirgan she`rlarida mumtoz shoirlarimiz ta`siri, mumtoz she`riyatimiz an`analari aniq sezilib turadi. Shoirimizning mumtoz adabiyotimizga bo’lgan cheksiz muhabbati namoyon bo’ladi. “Ko’zing”, “Kiprigingdan o’q uzib”, “Yo’q emish orzuda ayb”, “Senga baxtdan taxt tilarman”, “Dostonga yoz”, “Samar bo’lg’ay”, “Hijron yuki”, “Uyg’otmagil”, “Rashk”, “Xazina”, ‘Hofizga” kabi she`rlarida mumtoz she`riyatimiz xos uslub, g’oya, ohang ko’zga tashlanadi. Ayni paytda, ko’pgina she`rlarda mumtoz she`riyatimizga xos so’z, ibora, atama, tushuncha, obraz va timsollar ishlatilgani kuzatiladi. “Azganush” he‘ridagi “orazi gul”, “sochi sunbul”, “parivash”; “Tun bilan yig’labdi bulbul…” she`rida “bulbul”, “g’uncha”, “sabo”, “sanam”, “Bisitun”; “Surma” she`ridagi “surma”, “mayxona”, “mastonavor”, “g’am tog’I”; “Yo’q emish orzuda ayb…”da “sayd‘, “sayyod”, “dom‘, “ohu”, “band‘, “jodu”, “ishq‘, “ishq domi”, “kahrabo”; “Uzum” she`rida “mashshota”, “xum‘, “qadah‘, “gulgun‖, “sharob”, “may”, “devon”; “Zamon‖ she`rida “charx”, “falak”, “kajraftor‘, “zolim”, “badxu”, “bevafo”, “Xayyom”, “may”, “sayyor”, “ohu”, “fitna” “fano”, “g’azal”, “nazm” kabilar fikrni tasdiqlaydi. Shoirning ba`zi she`rlarida mumtoz shoirlarimiz, ayniqsa, Navoiy asarlarida singdirilgan g’oyalarga mos mulohazalar bildirilgan. Navoiyning asarlarida, xususan, “Xamsa”da inson umri, hayoti bilan bog’liq qarashlar bayon qilingan. Navoiy inson vafot etish uchun tug’iladi, deydi. E.Vohidovning “Insoniyat tarixi” she`rida ana shu mazmun sigdirilgan. Mana, shoirning xulosasi: Olimlar donishmandi Shunda debdi: xoqonim, Odamlar tug’iladi, G’am chekadi, o’ladi, Insoniyat tarixin Mazmuni shu bo’ladi. E.Vohidov Navoiy g‗azallarini teran anglaydi. Ularni hech bir olimdan kam bo’lmagan holda sharhlay oladi. 1991-yil chop etilgan “Alisher Navoiy. G’azallar. Sharhlar” kitobida mumtoz adabiyotimiz bilimdonlari S.G’anieva, N.Komilov, Muhammad Ali, J.Kamol, A.Abdug’afurov, I.Haqqulovlar qatorida shoirimiz tomonidan tahlil qilingan Navoiyning “Junun vodiysida” g’azali sharhi kiritilgan. Tahlil shoirona badiiy ifoda bilan olimga xos teran mushohada uyg’unligini o’zida singdirgan. G’azal tahliliga o’tish jarayonida bildirilgan mana bu fikrlar Navoiyga bo’lgan ulug’ muhabbatni anglatadi: “Navoiy baytlari bizning hayotimizga bolalikdan, dastlabki o’qish kitoblari bilan kirib keladi. Biz ilk bor buyuk shoirni donishmand muallim sifatida taniymiz… So’ng o’smirlik, yigitlik faslida bizga Navoiy muhabbat, vafo darsini beradi”. Shoir she`rlarida Navoiy o’zgacha bir mehr, e`tiqod bilan eslanadi. Navoiydek bobosi borligidan ko‗ksi qalqonligidan masrur shoir ko’p she`rlarida buni ifodalaydi. Navoiy va Fuzuliy she`rlarini hayoti mazmuni ekanligi, ularsiz ko’k ham tatimasligini uqtiradi. “Kosmonavt va shoir” she`rida ana shu mazmun mavjud: Navoiyning, Fuzuliyning she`rlarini Olar edim, olar edim men barini. Bularsiz men uchmoqqa hech rozimasman, Fazolarga kuchmoqqa hech rozimasman. Shoirning “Debocha” she`rida Mir Alisher, “O’zbegim” qasidasida Navoiy, “Uzum”she`rida Navoiy nomlari tilga olinadi. Fuzuliy, Boburlar kabi Navoiy g’azaliga muxammas bog’lanishi ham ko’p narsani bildiradi. “Hijron yuki” she`riga Navoiyning mashhur g’azalidan “Aylagin jondin judo Etguncha jonondin judo” misrasini epigraf qilib keltirilishi, shu ruh va mazmunda misralar bitish shoirning ulkan iqtidoridan nishonadir. E.Vohidov she`rlarida Sharq adabiyotida tez-tez uchraydigan an`anaviy obrazlar ham uchraydi. Mumtoz adabiyotimizda sevgi-muhabbat timsollari hisoblangan Farhod, Shirin, Layli, Majnun, Qays, Laylo kabilarni shoir she`rlarida ham ko’ramiz. Ba`zi o’rinlarda lirik qahramon o’zini Farhod va Majnunlarga qiyoslasa, boshqa bir misralarda ishq va jafokashlikda ulardan ustunligini, mahbubasi ham go’zallikda Shirin va Layli yoki Laylodan ortiqligini sevinch bilan tasvirlaydi. Agar “Yoshlik” she`rida yoshlik – bu sevish va sevilish davri, ishqu oshiqlik onlari, ya`ni Majnunu Laylilik fasli ekanligini uqtirsa, “Visol sog’inchi”da yor visoli umidida Farhodu Majnundan-da dardli holga tushganini bayon etadi: Gar sog’inchim sharhin aytsam Yondirar Farhod o’zin, Yo ochay Majnunga dardim, Ul-ku mendan sog’rog’ Shoirning she`rlarida mumtoz adabiyotimiz shakllari – janrlar ham qayd etilgan. G’azal, muxammas, musaddas kabilar tilga olingan. “Yoshlik” she`rida: Na bir g’azal, na bir musaddas, Uning o’zi she`rdan muqaddas. Mumtoz adabiyotimizda badiiy san`atlarning alohida o’rni bor. Ular she`r badiiyatini oshiradi. Shoirning yuksak mahoratini ko’rsatadi. E.Vohidov she`rlarida ham tazod, tashbeh, tajnis atamalari va ular singdirilgan she`rlarni uchratamiz. Tazodning yuksak namunasini “Barcha shodlik senga bo’lsin”, “Dutorim tori ikkidur…” she`rlarida ko’rish mumkin. Mana bu misralar mumtoz she`riyatimiz ruhiga hamohang: Sen shahanshohlikni olgin, Menga qullik bo’lsa bas, Bor jafokorlik senga-yu, Bor vafodorlik menga. Umuman, bunday mulohazalarni ko’plab keltirish mumkinki, shularning o’zi ham E.Vohidov she`riyati mumtoz adabiyotimiz an`analarini o’zida mujassamlashtirganini ko’rsatadi. Download 45.25 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling