2. Iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarning o‘ziga hosligi
Iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarga:
1) o‘zgalar mulkini talon-toroj qilish;
2) o‘zgalar mulkini talon-toroj qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jinoyatlar;
3) iqtisodiyot asoslariga qarshi jinoyatlar;
4) xo‘jalik faoliyati sohasidagi jinoyatlar kiradi.
Moddiy ne‘matlar ishlab chiqarish va mehnat mahsulotlarini taqsimlash sohasidagi ijtimoiy munosabatlarga tajovuz qiluvchi jinoyatlardan eng xavflisi o‘zgalar mulkini talon-taroj qilishdir.
Talon-toroj qilish umumiy tushunchadir. O‘zgalar mulkini o‘zlashtirish usuliga ko‘ra qonunda talon-toroj qilishning: bosqinchlik, tovlamachilik, talonchilik, o‘zlashtirish, rastrata, firibgarlik, o‘g‘rilik kabi shakllari nazarda tutilgan.
Moddiy qiymatga ega bo‘lgan va o‘zgalar mulki hisoblangan, jumladan pul, qimmatbaho qog‘ozlar talon-toroj qilishning predmeti bo‘lishi mumkin. Quyidagilar talon-toroj qilishning predmeti hisoblanmaydi:
a) yovvoyi holda o‘sadigan o‘simliklar va ularning mevalari, yovvoyi qushlar va hayvonlar, yer ostidan kavlab olinmagan foydali qazilmalar;
b) iqtisodiy, xo‘jalik, madaniy qiymatga ega bo‘lmagan yoki mulkdor uchun qiymatini yo‘qotgan narsalar (masalan, ishlab chiqarish chiqindilari);
v) xazina yoki topilma; shuningdek o‘zgalar ixtiyoridan qandaydir tasodifiy sabablar bilan chiqib qolgan mulk (shamol tufayli yo‘qolib qolgan, suv bosishi yoki yer qimirlashi bois yo‘qolgan narsalar va hokazo;
g) qimmatbaho qog‘oz hisoblanmagan hujjatlar (shaxsiy guvohnoma, pasport, to‘lov qog‘ozlari, cheklar va hokazolar). O‘zgalar hujjatini egallash ba‘zan talon-toroj qilishga tayyorgarlik sifatida baholanishi mumkin, masalan, o‘zganing pul mablag‘ini olish uchun omonat daftarchasini o‘g‘rilash;
d) fuqarolar orasida ishlatishi ta‘qiqlangan va ular bilan muomala qilishning maxsus tartibi belgilangan buyumlar; bunday buyumlarni o‘zlashtirish jinoyatning maxsus tarkibini vujudga keltiradi va uning uchun Jinoyat Kodeksining Maxsus qismining oltinchi bo‘limida javobgarlik belgilangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |