Oʻzbekiston respublikasi oliy va oʻrta maxsus ta’lim vazirligi toshkent davlat iqtisodiyot universiteti samarqand filiali iqtisodiyot fakulteti oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi iqtisodiyoti kafedrasi qishloq xoʻjaligida menejment fanidan ma’ruza


Qishloq xoʻjaligining Respublika iqtisodiyotidagi oʻrni va ahamiyati


Download 128.12 Kb.
bet6/14
Sana18.02.2023
Hajmi128.12 Kb.
#1210911
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   14
Bog'liq
1-mavzu Qishloq xo’jaligida menejment fanining predmeti

1.1. Qishloq xoʻjaligining Respublika iqtisodiyotidagi oʻrni va ahamiyati.

Qishloq xoʻjaligi asosiy maqsadiga erishishi uchun turli xildagi mahsulotlar yetishtiriladi, ishlar, xizmatlar bajariladi, ular talabni qondirish maqsadida taqsimlanadi, sotiladi. Korxonalar, birlashmalar, tarmoqlar (tuman, viloyat, respublika) miqyosida kechayotgan bu jarayonlar erkin bozor munosabatlari asosida amalga oshirilishi maqsadga muvofiqdir. Ularni nazariy va amaliy jihatdan talab darajasida hal etish uchun respublikada tub islohotlarni amalga oshirish zarur.


Ma’muriy-buyruqbozlikka asoslangan, markazdan rejali boshqarilgan iqtisodiyotdan erkin bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich oʻtish sharoitida davlat ustuvorligida qishloq xoʻjaligida talabga javob beradigan, samarali huquqiy, tashkiliy, iqtisodiy va ijtimoiy munosabatlar tizimi yaratilmoqda: mulkchilikning turli shakllari barpo etilmoqda, natijada erkin mulkiy munosabat vujudga kelmoqda, tadbirkorlikning har xil turlarini yaratish, ularni rivojlantirish yoʻlidan borilmoqda, yer-suv islohotlari amalga oshirilmoqda; tarmoqning cheklangan ishlab chiqarish resurslari (yer-suv, kapital, mehnat, tadbirkorlik qobiliyati)dan samarali foydalanish, ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotish, daromad, foyda va ularning taqsimlanishi, investisiyalarni jalb etish, ulardan samarali foydalanish, tarmoq ishlab chiqarishini maqsadga muvofiq joylashtirish, ixtisoslashtirish hamda agrosanoat integrasiyasini xalqaro munosabatlar asosida tashkil etish va rivojlantirish bilan bogʻliq boʻlgan iqtisodiy munosabatlar tizimi yaratilib, ular takomillashtirilmoqda, rivojlantirilmoqda.
Yuqorida ta’kidlangan iqtisodiy munosabatlar tizimini yaratishda xalqimiz hamda qishloq xoʻjaligining oʻziga xos xususiyatlarini e’tiborga olgan holda tabiiy, ijtimoiy, iqtisodiy qonunlar, iqtisodiy kategoriyalar talablaridan oqilona foydalanish taqazo etiladi. Yuqoridagilarga asoslanib, qishloq xoʻjaligining barqaror iqtisodiy asosini, takror ishlab chiqarish jarayoni rivojlantirilishini ta’minlaydigan iqtisodiy munosabatlar tizimini yaratish va ularni hayotga joriy etish masalalarini, yoʻllarini, boshqaruvini oʻrgatish «Qishloq xoʻjaligida menejment» fanining ham predmeti, ham maqsadi hisoblanadi. «Qishloq xoʻjaligida menejment» fani predmeti (maqsadi)ni hal etish uchun quyidagi asosiy vazifalar yechimining nazariy, uslubiy asoslarini oʻrgatish lozim:
- qishloq xoʻjaligining bosqichma-bosqich rivojlanishini, uning respublika iqtisodiyotidagi oʻrni, ahamiyati hamda oʻzgarish qonuniyatlarini aniqlashni;
- tarmoqqa davlat rahbarligini, unda amalga oshirilayotgan agrar-iqtisodiy islohotlar mazmuni va mohiyatining holatini, ularni rivojlantirish yoʻllarini, masalalarini koʻrsatish;
- qishloq xoʻjaligida faoliyat koʻrsatayotgan tadbirkorlik turlari, ularning faoliyatiga baho berish va takomillashtirish yoʻllari;
- tarmoqning cheklangan yer-suv, mehnat resurslari, investisiyalar va ulardan tadbirkorlik bilan samarali foydalanish darajasiga iqtisodiy baho berish tartibini oʻrganish, ularni takomillashtirish va rivojlantirish yoʻllarini asoslab berish;
- qishloq xoʻjaligida amalga oshirilayotgan doimiy va oʻzgaruvchan, oʻrtacha xarajatlarni, ularning tarkibi va kamaytirish yoʻllarini, etishtirilgan mahsulotning hajmini, sifatini, samarali taqsimlanishini hamda pul oqimlarini oʻrgatish;
- tarmoqda iqtisodiy munosabatlarni amalga oshirishda foydalanilayotgan baholarning tizimini, tarkibini, mazmunini, daromad va foydani aniqlash, ularni oqilona taqsimlash yoʻllarini koʻrsatish;
- qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishining qay darajada ixtisoslashganligini, joylashganligini hamda ichki va tashqi integrasiyalashganligini va boshqa masalalarini oʻrganish zarur.
Ularni hal etishda boshqa fanlarga asoslanish maqsadga muvofiqdir.
« Qishloq xoʻjaligida menejment» fani oʻzining maqsad va asosiy vazifalarini hal etishda barcha iqtisodiy munosabatlarni dialektik materializm ta’limotlariga asoslanib, emperik holda tadqiq etadi. Amalga oshirilayotgan iqtisodiy voqealarni induktiv hamda deduktiv usullarga asosan oʻrganib, iqtisodiy mushohada qilish hamda «analiz», «sintez» usullaridan keng koʻlamda foydalaniladi. Jumladan, qishloq xoʻjaligi menejmenti bilan shugʻullanuvchi boshqaruvchilar iqtisodiy muammolar hal etilishini ta’minlaydigan siyosatning iqtisodiy prinsiplarini, mexanizmlarini ilmiy jihatdan asoslagan holda shakllantirib borishlari lozim. Buning uchun dastavval har bir muammoga taalluqli boʻlgan ilmiy, uslubiy, statistik ma’lumotlarni, misollarni toʻplab, ularni turli usullar yordamida tahlil qilishlari, shu asosda har bir iqtisodiy prinsipga, mexanizmga ta’sir etuvchi omillarni real xoʻjaliklar, tarmoqlar miqyosida aniqlashlari kerak.
Har qanday iqtisodiy prinsip va mexanizmning amal qilishini aniqlashda dastavval nazariy gʻoyalarga, soʻngra ularning amal qilishiga asoslaniladi. Bu jarayon muammoni tadqiq etishning deduktiv usuli deb nomlangan. Yuqoridagi masalani tadqiq etishda, oʻrganishda dastavval ma’lumotlar, voqyealar, faktlar oʻrganiladi. Nazariy gʻoyalarni yaratish jarayoni esa induktiv tadqiq etish usuli deb nomlangan. Demak, qishloq xoʻjaligida amalga oshirilayotgan har qanday iqtisodiy muammoni avval uning nazariyasidan, ya’ni gʻoyasidan amal qilishiga qarab oʻrganish yoki bu muammoning amaliyotga joriy etilishidan, ya’ni amaliyotdagi holatiga asoslangan holda gʻoya yoki nazariyasini yaratishga qarab tadqiqot olib borish mumkin. Ikkala holatda ham iqtisodiy prinsiplarning, mexanizmlarning, muammolarning yechimi samarali aniqlanishi kerak. Iqtisodchilar oʻz gʻoyalariga, taxminlariga, ayrim voqyealarga, ma’lumotlarga asoslangan holda yaratgan yoki shakllantirgan gʻoyalarini, taxminlarini gipoteza, ya’ni asoslanmagan gʻoya, deb atashadi. Ilmiy yoki amaliy gipotezalar induktiv va deduktiv tadqiqot usullari yordamida shakllantirilishi mumkin. Yuqorida ta’kidlangan tadqiq qilish, oʻrganish usullari qoʻllangan holda yaratilgan, shakllantirilgan prinsiplar, mexanizmlardan foydalanib, u yoki bu muammoni hal etishning iqtisodiy siyosati, strategiyasi belgilanadi. Yaratilgan iqtisodiy siyosatni joriy etish mexanizmlari va ularni amalga oshirish usullarini iqtisodchilar mukammal oʻrganishlari lozim. Masalan, respublika qishloq xoʻjaligida mulkning turli shakllarini barpo etish gʻoyasi bozor iqtisodiyoti rivojlangan davlatlardagi nazariy gʻoyalarga va ularning amaliyotda hal etilishiga asoslangan. Muammoni tarmoqda hal etishda respublika qishloq xoʻjaligi amaliyotidagi holatlar, misollar, ma’lumotlar asos qilib olinib, bu jarayon tobora rivojantirilmoqda va chuqurlashtirilmoqda.
«Qishloq xoʻjaligida menejment» fani tarmoqda amalga oshirilayotgan tashkiliy, iqtisodiy, ijtimoiy munosabatlar majmuasining nazariy asoslarini, yoʻnalishlarini, samaradorligini mavjud tadqiqot usullari yordamida oʻrgatish orqali talabalarda tarmoq iqtisodiyoti boʻyicha iqtisodiy mushohada qilish, uni rivojlantirishga oid muammolarni qoʻyish, hal etish, samaradorligini oshirish, yoʻnalishlarini belgilab berish qobiliyatini shakllantirib, bozor iqtisodi talablariga javob bera oladigan agrar-iqtisodchilar tayyorlashga koʻmaklashadi.
Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning qulay hududida joylashgan. Uning hududida azaldan insoniyat uchun nihoyatda kerakli hisoblangan turli xildagi qishloq xoʻjalik mahsulotlari ishlab chiqarildi. Chunki bu hududda tabiiy-iqlim sharoitlar yetarlidir. Jumladan, Respublikada yillik samarali temperatura 26-30°Cni tashkil etib, quyoshli soat 3600 dan ortiq boʻlib, bir yilda bir necha marta hosil olish imkonini beradi. Oʻzbekistonning jami yer maydoni 44,4 mln. gektar boʻlib, shundan 50,8 foizini turli xildagi qishloq xoʻjalik korxonalari, tashkilotlari hamda dehqon xoʻjaliklari foydalanadilar: ularning yigʻindisi mamlakat qishloq xoʻjaligini tashkil etadi. Uning asosiy maqsadi tarmoqda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan mamlakat aholisining iste’mol tovarlariga, qayta ishlash sanoatini esa xomashyoga boʻlgan talablarini qondirishdir. Buning uchun:
- aholi birdaniga iste’mol qiladigan sifatli qishloq xoʻjalik mahsulotlarini barcha talablarni qondiradigan darajada ishlab chiqarish;
-qayta ishlash sanoati korxonalarining qishloq xoʻjalik mahsulotlariga boʻlgan talabini qondirishi lozim.
Hozirgi davrda, bu tarmoqda aholi iste’mol qilayotgan tovarlarning 95 foizidan koʻprogʻi ishlab chiqarilmoqda. Ular oʻsimlikchilik hamda chorvachilik mahsulotlaridan iboratdir. Mamlakatimiz qishloq xoʻjaligida ham chuqur tarkibiy oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda.
“2020 yil qabul qilingan O’zbekiston Respublikasining 5 ta qonuni, Prezidentning 12 ta farmoni va 30 dan ortiq qarori hamda hukumatning ko’plab qarorlari ayni shu yo’nalishga qaratilgandir.
Qishloq xo’jaligi tarmog’iga bozor mexanizmlari, jumladan, agroklaster tizimining joriy etilgani qisqa fursatda o’zining ijobiy samarasini berayotganidan barchangiz yaxshi xabardorsiz.
Bugungi kunda mamlakatimizda 97 ta paxta-to’qimachilik, 149 ta meva-sabzavotchilik, 65 ta g’allachilik, 35 ta sholichilik va 7 ta dorivor o’simliklar yetishtirishga ixtisoslashgan klasterlar va 11 ta paxta-to’qimachilik kooperasiyalari faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, qoramolchilik yo’nalishida 34 ta, parrandachilik bo’yicha 10 ta, baliqchilik tarmog’ida 36 ta, asalarichilik yo’nalishida 15 ta fermer xo’jaligida klaster usulida mahsulot yetishtirish yo’lga qo’yildi. Shu bilan birga, keyingi ikki yilda respublikada pillachilik sohasida 62 ta klaster ishga tushirilib, ular tomonidan 600 milliard so’mga yaqin mahsulot ishlab chiqarildi.
2020 yilning o’tgan davrida respublika bo’yicha 11 mingga yaqin, ya’ni 90 foiz fermer xo’jaliklari ko’p tarmoqli xo’jaliklarga aylantirildi. Buning natijasida qariyb 37 ming aholi ish bilan ta’minlandi.
Xabaringiz bor, biz so’nggi yillarda aholi tomorqalaridan unumli foydalanish bo’yicha qator qarorlar qabul qildik. Mahalla va oilani qo’llab-quvvatlash vazirligi, uning hududiy organlari, mahalla fuqarolar yig’inlarida tomorqa xo’jaliklari bo’yicha alohida o’rinbosar lavozimi joriy etildi. Shaxsiy tomorqa xo’jaliklari samaradorligini oshirishga qaratilayotgan ana shunday chora-tadbirlar natijasida bu yil respublika bo’yicha to’rt yarim million aholiga tegishli 432 ming gektar tomorqa maydonlarida ekinlar to’liq ekilishi ta’minlandi. Hisob-kitoblarga ko’ra, bu maydonlarda 10 million tonnadan ziyod mahsulot yetishtirildi.
Davlat tomonidan shaxsiy tomorqa egalariga artezian quduqlari qazish hamda ixcham issiqxonalar qurish uchun subsidiyalar va imtiyozli kreditlar ajratilayotgani ham aholini ijtimoiy qo’llab-quvvatlashning yana bir o’ziga xos yo’nalishiga aylandi. Ushbu ezgu maqsadlar uchun O’zbekiston fermer, dehqon xo’jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Jamg’armadan 65 yarim milliard so’m, tomorqa xizmati korxonalari, qishloq xo’jaligi kooperativlari va fermerlarni qo’llab-quvvatlash uchun esa 110 milliard so’mga yaqin mablag’ yo’naltirildi.
Amalga oshirilgan ana shunday islohotlar va tarkibiy o’zgarishlar natijasida bu yil, jahonda yuz berayotgan pandemiyaning salbiy ta’siriga qaramasdan, 822 million dollardan ziyod miqdordagi qariyb 1,5 million tonna meva-sabzavot 70 dan ortiq davlatga eksport qilindi.
Albatta, bugun hyech bir sohada ilm-fan yutuqlari va innovasion texnologiyalarni amaliyotda qo’llamasdan turib taraqqiyotga erishib bo’lmaydi. Bu esa keng va zamonaviy bilimga ega kadrlarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish, xorijiy tajribalarni o’zlashtirish kabi dolzarb vazifalarni oldimizga qo’ymoqda.
Shu maqsadda agrar sohaga ixtisoslashgan oliy o’quv yurtlarida ta’lim sifatini tubdan oshirish, taraqqiy etgan davlatlarning nufuzli ta’lim dargohlari bilan yaqin hamkorlikni yo’lga qo’yish, urug’chilik, naslchilik va veterinariya yo’nalishidagi ilmiy muassasalar faoliyatini takomillashtirish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
2020-2021 o’quv yilidan boshlab mavjud qishloq xo’jaligi oliygohlari bilan bir qatorda, Guliston, Buxoro, Qarshi, Namangan, Samarqand, Farg’ona, Urganch davlat universitetlarida agrar soha mutaxassislarini tayyorlash uchun bakalavriat ta’lim yo’nalishlari bo’yicha qabul kvotalari ajratildi.
Sohadagi ilg’or tajribalarga tayangan holda, hududlarda “Tuproq klinikasi” mobil laboratoriyalari tashkil etilib, sho’rlanish, suv, shamol eroziyasi, ozuqa elementlari kamayishining oldini olish, tuproq unumdorligi va mahsuldorligini oshirish borasida fermer xo’jaliklari va klasterlariga zarur xizmatlar ko’rsatmoqda.
Shu o’rinda paxta maydonlari hamda bog’, uzumzor va issiqxona xo’jaliklarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish xarajatlarining bir qismi davlat tomonidan qoplab berilayotganini alohida qayd etish lozim”1.
Barcha turdagi qishloq xoʻjalik mahsulotlarni ishlab chiqarishda respublika iqtisodiyotida band boʻlgan mehnat resurslarining 31 foizga yaqini qatnashgan.
Lekin Respublika qishloqlarida jami aholining uchdan ikki qismi yashaydi. Ishlab chiqarilgan barcha mahsulotlar 26 mln. gektarga yaqin qishloq xoʻjalik yerlaridan olingan, shundan 3695,7 ming gektari ekinzor.
Mamlakat dehqonchiligi sugʻorishga asoslanganligi uchun katta miqdordagi suv resurslarini talab yetadi. Lekin bu talab ichki suv resurslari bilan atigi 40 foizgagina qondirilmoqda. Bunday hol Amudaryo hamda Sirdaryo xavzalaridan katta miqdordagi suv resurslarini jalb etishni talab yetadi. Hozirgi davrda qishloq xoʻjaligida 42-46 mlrd m3 suv resurslaridan foydalanilmoqda. Tabiatda yer va suv resurslari cheklangan, ular takror ishlab chiqarilmaydigan resurslar hisoblanadi. Shuning uchun ularning har bir gektaridan, m3 dan tadbirkorlik bilan fan-texnika yutuqlarini joriy etib, yil davomida toʻliq va samarali foydalanish lozim.
Qishloq xoʻjalik mahsulotlarini etishtirishda sanoat korxonalarida ishlab chiqarilayotgan koʻplab qishloq xoʻjalik texnikalari, kimyoviy vositalar, yoqilgʻi, yonilgʻi, yogʻlovchi materiallar va boshqa vositalardan foydalanilmoqda. Masalan, tarmoqda 78,9 mingga yaqin turli xildagi traktorlar, 22,7 mingtadan koʻproq yuk tashish mashinalari, 4,4 mingtaga yaqin gʻalla yigʻishtiradigan, bir mingtaga yaqin paxta teradigan kambayinlar, koʻplab boshqa texnikalardan foydalanilgan. Tarmoq miqyosida yerlarning unumdorligini, ekinlarning esa hosildorligini oshirish maqsadida 332,7 ming tonna mineral oʻgʻitlardan foydalanilgan. Qishloq xoʻjaligida ishlab chiqilayotgan mahsulotlarni jahon bozoriga chiqarilishi natijasida Oʻzbekistonning mavqei oshib bormoqda. Shuning bilan birgalikda Oʻzbekiston jahon bozoriga nihoyatda sifatli boʻlgan qorakoʻl terisini, pillasini, sabzavot, poliz va bogʻdorchilik mahsulotlarini olib chiqib sotmoqda. Lekin Respublikaning bu boradagi salohiyatidan toʻliq foydalanilayotgani yoʻq. Uni ijobiy hal etish uchun tarmoqda etishtirilayotgan qishloq xoʻjalik mahsulotlarini qayta ishlab, jahon bozoriga tayyor mahsulotlarni chiqarish lozim. Bu borada soʻngi yillarda chet el investitsiyalarini jalb etib katta ishlar amalga oshirilmoqda. Ularni kelajakda jadal sur’atlar bilan rivojlantirish siyosiy, iqtisodiy hamda ijtimoiy jihatdan maqsadga muvofiqdir. Hozirgi davrda mamlakat aholisining qishloq xoʻjalik mahsulotlari bilan ta’minlash darajasi yil sayin ortib bormoqda. respublika aholisining jon boshiga 160 kg.ga yaqin un mahsulotlari, 135 kg paxta xom ashyosi, 127 kg sabzavot mahsulotlari, 34 kg dan koʻproq kartoshka, 38 kg. goʻsht, 164 kg sut hamda 72 donaga yaqin tuxum ishlab chiqarilgan. Demak, mamlakatda aholining unga va un mahsulotlariga boʻlgan talabi qondirilgan. Kelajakda uning sifatini yaxshilashga alohida e’tibor berish talab etiladi. Lekin boshqa mahsulotlar boʻyicha xalqimizning medisina me’yorlari boʻyicha talabi toʻliq qondirilganicha yoʻq. Bunday xol Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligini yanada jadal sur’atlar bilan rivojlantirilishini taqozo yetadi. Soʻngi oʻn yillarda bu borada muayyan ishlar amalga oshirildi. Jumladan, mamlakat qishloq xoʻjaligida erkin bozor iqtisodi talablariga mos iqtisodiy munosabatlarni shakllantirish imkoniyatini beradigan, huquqiy, tashkiliy, iqtisodiy hamda ijtimoiy islohotlar bosqichma-bosqich qat’iy ishonch bilan amalga oshirilishini ta’minlab beradigan tadbirlar ishlab chiqilib, izchillik bilan hayotga joriy etilmoqda. Masalan, yer fuqarolarga umurbod meros qoldirish huquqi bilan bepul berilmoqda, fermer xoʻjaliklariga esa 30 yildan 50 yilgacha boʻlgan muddatga foydalanish uchun ijaraga berilmoqda. Qishloqda mulk islohoti natijasida mulkdorlar sinfi barqaror ravishda shakllanib, rivojlanmoqda.
Barcha paxta, gʻalladan tashqari boshqa mahsulotlarni etishtirib, ularni sotishda erkinlik berildi. Tadbirkorlarga ishlab chiqarishini rivojlantirish uchun turli xildagi imtiyozli kreditlar berilgan. Lekin amalga oshirilayotgan tadbirlar oʻsib borayotgan talabni toʻliq qondira olmaydi. Shuning uchun qishloq xoʻjaligida amalga oshirilayotgan barcha turdagi islohotlarni erkinlashtirish, ularni yanada chuqurlashtirish maqsadga muvofiqdir. Bu kelajakda qishloq xoʻjaligining yuqori sur’atlarda rivojlanishini ta’minlab, uning ahamiyatini oshirib, respublika iqtisodiyotining yuksalishini ta’minlaydi.



Download 128.12 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   14




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling