Ikkinchi bosqich oliy ma’lumot beruvchi o‘quv yurtlari bizning aspiranturaga to‘g‘ri keladi. Bu o‘quv yurtiga kirish uchun ikki fandan imtihon topshirilishi shart. O‘qishni muvaffaqiyatli bitirgan talaba magistrlik darajasini oladi. Magistrlik ilmiy darajasini olgan talaba doktoranturaga kirishi mumkin. Amerikada doktoranturaga kirish uchun faqat mutaxassislikdan jiddiy imtihon topshiriladi. Imtihon komissiyasi tarkibida talabaning bo‘lajak ilmiy rahbari ham ishtirok etadi. O‘qishni muvaffaqiyatli bitirib, dissertatsiya yoqlagan talaba doktorlik ilmiy darajasini oladi. Ijtimoiy fanlardan doktorlik dissertatsiyasi yoqlagan talabalarning hammasiga «falsafa doktori» ilmiy unvoni beriladi. AQSH maktablari — oliy maktabgacha mana shunday bosqichlarga ega.
Yaponiyada ta’lim tizimi
Yaponiya ta’limining shakllanishi 1867—1868 yillarda boshlangan. Yaponiya o‘z oldiga ikki vazifani: 1—boyish, 2-G‘arb texnologiyasini Yaponiya ishlab chiqarishiga kiritish masalasini qo‘yadi va bu ishni amalga oshirish uchun birinchi galda ta’lim tizimini tubdan o‘zgartirish kerakligi aytiladi.
1872 yili «Ta’lim haqida Qonun» qabul qilindi. Bunda yapon ta’limi G‘arb ta’limi bilan uyg‘unlashtiriladi. 1908-yil Yaponiyada boshlang‘ich ta’lim majburiy 6 yillikka aylantirildi. 1893-yili kasb yo‘nalishidagi dastlabki kollej paydo bo‘ldi.
1946-yili qabul qilingan Konstitutsiya fuqarolarning ta’lim sohasidagi huquq va burchlarini belgilab berdi. Unda barcha bolalar bepul umumiy ta’lim olishlari shart ekanligi belgilab qo‘yilgan. Hozirgi zamon yapon ta’lim tizimlarining tarkibi quyidagicha: bog‘chalar, boshlang‘ich maktab, kichik o‘rta maktab, yuqori o‘rta maktab, oliy ta’lim tizimlariga kiruvchi o‘quv yurtlari. Bolalar yosh xususiyatlariga qarab 3, 2, 1 yillik ta’lim kurslariga jalb qilinadi. Yaponiyada maktabgacha ta’lim muassasalarining 59,9% xususiy, 40,8% munitsipal, 0,3% davlatnikidir.
Majburiy ta’lim. Ta’limning pog‘onasi 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarni o‘z ichiga oladi. 6 yillik boshlang‘ich ta’lim va 3 yillik kichik o‘rta maktab, 9 yillik majburiy ta’limni tashkil etadi va u bepuldir, tekin darsliklar bilan ta’minlangan. Muxtoj oilalarning bolalari bepul nonushta, o‘quv qurollari, tibbiy xizmat bilan ta’minlanadi. Zarur bo‘lgan taqdirda ularning oilalariga moddiy yordam ko‘rsatiladi. Shu qatorda xususiy maktablar ham mavjud.
Yuqori bosqich o‘rta maktab 10, 11, 12 sinflarni o‘z ichiga oladi, bunday maktablarning kunduzgi, sirtqi va kechki bo‘limlari mavjud. O‘quvchilarning 95% kunduzgi maktablarda o‘qiydilar.
Yaponiyada o‘quv yili 240 kun (AQSH 180). O‘quv yili 1 apreldan boshlanib martda tugaydi. Yozgi kanikul iyun oyining oxirida boshlanib, avgustda tugaydi. Darslar 7 soatdan o‘tiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |