O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi urganch davlat universiteti sharifzoda sardorbek o‘rozboy tabib o‘G‘li umumiy pedagogika
Download 0.7 Mb.
|
ped. qo\'llanma
- Bu sahifa navigatsiya:
- “Harbiy hiylalar”
Eposlar mazmunida bayon etilishicha, xotin-qizlar turli sharoitlarda erkaklar bilan teng sharoitda faoliyat ko‘rsatganlar. Ular xo‘jalik ishlari bilan chegaralanib qolmay, urushlarda ham jasorat ko‘rsatganlar.
Tarixdan ma’lumki, dastlab Amudaryoning asosiy tarmog‘i O‘zboy Kaspiy dengiziga quyilgan. Uning o‘ng qirg‘og‘i Turon, chap qirg‘og‘i Eron deb yuritilgan. Eramizdan oldin Ahamoniylar sak va massaget qabilalariga ketma-ket hujum qilib turgan. Ana shu tarixiy voqealar sak va massagetlar tomonidan yaratilgan eposlarda o‘z ifodasini topgan. Eron shohi Kir ko‘chmanchi sak va massaget qabilalariga qarshi urushib mag‘lubiyatga uchraydi va 529-yilda halok bo‘ladi. Tarixchilar Kir va uning qo‘shinlarini avval o‘z hududlarining ancha ichkarisiga bostirib kirishlariga imkon berib, keyin qo‘shinning katta qismini qirib tashlagan qahramonlar haqida ma’lumotlar beradi. Polienning “Harbiy hiylalar” asarida keltirilgan rivoyatlarda Shiroq (Siroq) obrazi vatanparvarlik va qahramonlik timsoli sifatida hali hanuz yoshlarni tarbiyalab keladi.1Yoki Gerodotning “Tarix” kitobida keltirilgan massagetlar hukmdori To‘marisga uylanish bahonasida Eron shohi Kirning Turon o‘lkasiga uyushtirgan hujumi haqidagi ma’lumotlar ham muhim ahamiyatga egadir.2 Demak, xalqimizning ta’lim-tarbiyaga oid qarashlari, xulq-atvoriga oid xislatlari eng qadimgi epik yodgorliklar - “Avesto”, “Shohnoma” kabi asarlar, mif va afsonalar orqali bizgacha yetib kelgan. Qadimgi ajdodlarimiz insonga xos jasurlik, adolat, sadoqat va insoniylik kabi xislatlarni qadrlaganlar. Bu xislatlar insonda o‘z-o‘zidan shakllanmagan. Tabiat va jamiyat hayotida ro‘y bergan o‘zgarishlar, ibtidoiy urug‘chilik davrida qaror topgan turmush tarzi insonda ana shunday xislatlarning shakllanishini taqozo etgan. Ikki katta kuch - yaxshilik va yomonlik o‘rtasidagi ayovsiz kurash insonda yuqorida qayd etilgan xislatlarning bevosita tarkib topishiga turtki bo‘lgan. Eng qadimgi qo‘shiq va lirik she’rlarda jasurlik, adolat, sadoqat va insoniylik kabi xislatlar tarannum etilgan. Bunday qo‘shiq va lirik she’rlar XI asrda yashagan ulug‘ olim Mahmud Qoshg‘ariy tomonidan yaratilgan “Devonu lug‘ot at-turk” asari orqali bizgacha yetib kelgan. Turkiy xalqlarning tarixini yorituvchi qadimgi manbalarda pand-nasihat va o‘gitlar bayon etilgan asarlar ham ko‘plab uchraydi. Ana shunday asarlar jumlasiga Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘ot at-turk” asari ham kiradi. Alloma mazkur asarni 1076-1077-yillarda yozgan. Geograf olim H. Hasanov shunday misol keltiradi: 1914-yil Turkiyaning Diyorbakir shahrida bir beva xotin pulga muhtoj bo‘lib, kitob do‘koniga eski qo‘lyozmani keltiradi va 30 liraga sotishini aytadi. Ammo bu narxga kitobni hech kim olmaydi. Bir kun do‘konga keksa kitob muxlislaridan Ali Amiriy kirib qoladi va bir do‘stidan qarz olib, kitobni sotib oladi (Ali Amiriy 1857-1924-yillarda yashagan, o‘z shaxsiy kutubxonasida 15 mingga yaqin kitob yig‘ib, hammasini Shayx Fayzulloh madrasasiga hadya etgan. Keyinchalik bu kitoblar Fotih kutubxonasi - milliy kutubxonaga o‘tkazilgan). Bu kitob Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘ot at-turk” asari edi. Mazkur qo‘lyozma asl nusxasidan xattot Muhammad ibn Abu Bakr ibn Abdul Fotih as-Soviy al-Damashqiy tomonidan devon yozilgandan 200 yil o‘tgach (1266- yilda) ko‘chirilgan edi. Qo‘lyozma 219 varaqli jilddan iborat bo‘lib, sahifalar raqamlanmagan, fikrlarning boshi va oxiri noma’lum edi. Hozir bu qo‘lyozma Istambulda Fotih kutubxonasining Ali Amiriy fondida saqlanadi.1 “Devonu lug‘ot at-turk” asarida qadimgi turkiy so‘zlarning arabcha izohli tarjimasi ham berilgan. Ushbu asarni qadimiy turkiy tilning izohli lug‘ati ham deyish mumkin. “Devonu lug‘ot at-turk” 1928-yilda nemis olimi Brokelman tomonidan nemis tiliga tarjima qilingan. 1939-yilda esa Bosim Atalay uni usmonli turk tiliga tarjima qilgan va mazkur tarjima Anqarada chop etilgan. O‘zbekistonda asar Solih Muttalibov tomonidan tarjima qilinib, 1960-1963- yillarda uch jilddan iborat “Turkiy so‘zlar lug‘ati” nomi bilan nashr qilingan. 1967-yilda indeks lug‘at ko‘rsatkichi ham chop etilgan. “Devonu lug‘ot at-turk” asarining she’riy parchalari ham nemis tiliga tarjima qilinib, 1914-yilda nashr etilgan. Turk olimi Fuad Kuprilzoda, rus turkologlari V. Radlov hamda S.F. Malovlar ham “Devonu lug‘ot at-turk” asari yuzasidan tadqiqotlar olib borganlar. Abdurauf Fitrat ham she’riy parchalarni tarjima qilib, ularning lug‘atini tuzgan va 1930-yilda Samarqandda nashr ettirgan. N.M. Mallayev “Oʻzbek adabiyoti tarixi” darsligiga “Devonu lug‘ot at-turk”dagi qo‘shiq va maqollarni kiritib, ularni tahlil etadi. A. Qayumov esa noyob qadimgi yodgorliklarimiz - qo‘shiqlar (she’riy parchalar)ni birinchi marta nasrdan nazmga o‘girib, “Qadimiyat obidalari” nomli asariga kiritgan. Aziz Qayumovning “Qadimiyat obidalari” nomli asaridagi pand-nasihatga oid o‘gitlar bilan sug‘orilgan she’riy parchalar tarjimasi mazmuni orqali ularda ilgari surilgan ma’rifiy g‘oyalar asosida o‘sha davrda olib borilgan tarbiya mazmuni haqida ma’lumotlarga ega bo‘lamiz.2 Asarning mohiyatini yoritishga xizmat qiluvchi manbalarning aksariyatida Mahmud Qoshg‘ariyning qo‘shiqlarni xalq orasidan yiqqanligi ta’kidlanadi. Aziz Qayumov esa bu she’r parchalarining asl nusxasida o‘sha davrda mavjud bo‘lgan badiiy ijodga nisbatan yuksak talabchanlik aniq sezilib turishi, she’rlarni yaratgan shoirlarning juda ma’lumotli ekani, chuqur bilim va nafis badiiy didga ega ekani xususidagi fikrlarni qayd etadi va pand-nasihatga oid qo‘shiqlarni alohida guruhga ajratib, ularni tarjima qilib, mazmunini tahlil etadi. Download 0.7 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling