PEDAGOGIK TEXNOLOGIYALAR
Quyidagi pedagogik vaziyatli masalalarni o’qing, unga javob bering va javobingizni izohlang.
1- masala. Bir ayol shunday fikr bildiradi: «Bizning oilamizda har xil ixtisosdagi kishilar bor. Тurmush o’rtog’im - muhandis, men- muxbir, otam- hisobchi, onam- tikuvchi. Ishonamanki, qizim har tomonlama rivojlangan odam bo’lib yetishadi».
Ayol haqmi? Uning fikrini bola rivojlanishi qonunlari nuqtai nazaridan tanqidiy tahlil qiling.
2- masala. Ona shunday deydi: «Men bolaning rivojlanishi uchun unga u ishlata oladigan turli buyumlarni berish kerak, deb eshitgan edim. Shu sababli uch yashar o’g’limning stol ustidan, shkafdan turli narsalarni olishiga ruxsat beraman. Unga tez-tez yangi o’yinchoqlar sotib olaman. Lekin u ko’p o’tmay bu buyumlarni har yoqqa otib tashlaydi va xonada kaltak ko’tarib chopib yurishni hamma narsadan yaxshi ko’radi. Men o’g’limning bu borishida yaxshi rivojlanishiga ishonmayman. Nimada xato qilayotganimni bilmayman.»
Onaning xatosini va bolani rivojlantirish uchun turli buyumlardan qanday foydalanish kerakligini uqtiring.
3- MASALA: Bo’lajak o’qituvchilar o’rtasida «Qanday qilib mohir o’qituvchi bo’lib etishish mumkin» degan mavzuda bahs ketmoqda.
- Buning uchun pedagog bo’lib tug’ilish kerak, - dedi bir talaba.
Ba`zilar uning fikriga qo’shilishmadi. Birinchi talaba o’z fikrini shunday asoslashga harakat qildi:
- Pedagogik qalb va mahorat, bolalarga muhabbat bilan tug’ilmagan kishini 5 yil emas, 20 yil institutda o’qitsa ham, undan haqiqiy o’qituvchi etishib chiqmaydi.
- Mening fikrimcha,- dedi boshqa bir talaba,- pedagog bo’lib tug’ilishgina emas, balki pedagog bo’lib tarbiyalanish ham kerak. Chunki o’qituvchilikka qiziqmay, tasodifiy institutga kirib qolgan ba`zi talabalar ham o’qish davrida bu kasbga mehr qo’yib, mohir o’qituvchi bo’lib etishishlari mumkin.
Bu bahsni Siz davom ettiring. Mohir o’qituvchi bo’lib etishishning yo’llari nimada?
Do'stlaringiz bilan baham: |