Ikki va undan ortiq uchuvchan komponentlardan tarkib topgan bir jinsli suyuqlik aralashmalarini ajratish uchun qo‘llaniladigan usullardan eng keng tarqalganlari haydash va rektifikatsiyadir.
Rektifikatsiya jarayonlari kimyo, neft va gazni qayta ishlash sanoatlarida juda keng ko‘lamda qo‘llaniladi. Masalan, neftni fraksiyalarga ajratish, aromatik moddalar ishlab chiqarish hamda aralashmalarni dag‘al ajratish uchun qo‘llaniladi. Juda to‘la ajratish uchun rektifikatsiya jarayonidan foydalaniladi.
Haydash va rektifikatsiya jarayonlari bir xil haroratda aralashma komponentlarining turli uchuvchanligiga asoslangandir. Yuqori uchuvchanlikka ega komponent yengil uchuvchan, past uchuvchanlikka ega komponent qiyin uchuvchan deb nomlanadi. Demak, yengil uchuvchan komponent qiyin uchuvchanga qaraganda pastroq haroratda qaynaydi. Shuning uchun ham ular past va yuqori haroratda qaynaydigan komponentlar deb ataladi.
Haydash yoki rektifikatsiya jarayonida boshlang‘ich aralashma yengil uchuvchan komponenti bilan boyitilgan distillyat va qiyin uchuvchan komponent bilan boyitilgan kub qoldig‘iga ajraladi.
Haydash jarayonida hosil bo‘lgan bug‘ kondensator – deflegmatorga kondensatsiyalash natijasida distillyat olinadi. Qurilma kubida esa kub qoldig‘i qoladi.
|