1.2. O’simlik plastidalari va ularning vazifasi.
PLASTIDALAR. O’simlik hujayralari plastidalarning bo’lishi bilan hayvon hujayralaridan farq qiladi. Plastida-grekcha "plastikos" so’zidan olingan bo’lib, shakllangan degan ma’noni anglatadi.
Sitoplazmada plastidalar o’zlarining qo’shqavat membranalari bilan ajralib turadilar. Ular dumaloq yoki oval shaklda. Yuksak o’simliklarning barg hujayralarida 20-50 donagacha uchraydi. Plastidalar rangsiz (protoplastlar, leykoplastlar) yoki rangli (xloroplastlar, xromoplastlar) bo’ladi.
O’simlik hujayrasida uch xil plastidalar mavjud: xloroplastlar, xromoplastlar va leykoplastlar.
Xloroplastlar - asosan yashil rangda. Tarkibida xlorofill va karotinoidlardan iborat pigmentlar bor. Mazkur organoidning asosiy vazifasi shundan iboratki, unda Fotosintez jarayoni sodir bo’ladi.(1-rasm) Shu sababli u fotosintetik organ ham deyiladi (Fotosintez bo’limida buni kengroq ko’rib chiqamiz).
1-rasm. Xloraplastning tuzulishi.
Xromoplastlar - (grekcha "xroma"- rang so’zidan olingan) sariq, qizil va qo’ng’ir ranglarda bo’lishi mumkin. Ular o’simliklarning yer usti va yer osti organlarida, o’simlik gullari va meva hujayralarining protoplazmasida uchraydi. Xromoplastlarda - karotinoidlar jumlasiga kiruvchi pigmentlar (karotin- S40N56, lyutin - S40N56O2, violaksantin - S40N56O4) bo’ladi. Ular gultoj barglarida, ayrim mevalarda (apelsin po’stlog’ida, namatakda, tarvuz, pomidor, sabzida va boshqalarda) uchraydi. Xromoplastlarning shakli juda xilma-xil: dumaloq, elipsoidsimon, uchburchak, ko’p burchakli, ignasimon, qirrali va hokazo. Gullarning xromoplastlar tufayli turli rangga kirishi va hashoratlarni jalb qilishi biologik ahamiyatga ega. Chunki hasharotlar (ularni) chetdan changlatishni ta’minlaydi.
Leykoplastlarda pigmentlar bo’lmaydi (grekcha "leykos"- oq so’zidan olingan). Shuning uchun ham ular rangsiz. Shakli asosan sharsimon. Tarkibida kraxmal va oqsil donachalari bor. O’simliklarning hosil qiluvchi to’qimalarida, yer osti organlarida va urug’larida uchraydi. Leykoplastlarni 1854 yilda Kryuger topgan. Ular qo’shqavat membrana bilan o’ralgan. Yorug’likda ichki lamellalar strukturasi rivojlanib, yashil xloroplastlarga aylanish xususiyatiga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |