O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta


Voyaga yetmaganlar javobgarligi


Download 1.35 Mb.
bet121/130
Sana05.01.2022
Hajmi1.35 Mb.
#213513
1   ...   117   118   119   120   121   122   123   124   ...   130
Bog'liq
53511c77e324f

18.1. Voyaga yetmaganlar javobgarligi
Insonparvarlik va odillik prinsiрlaridan kelib chiqib, Jinoyat kodeksining oltinchi bo‘limi XV–XVI boblarida «Voyaga yetma­ganlar javobgarligining xususiyatlari» belgilangan. Bu boblarda voyaga yetmaganlarga nisbatan tayingilanadigan jazo tizimi, jazo tayinlash qoidalari, javobgar­likdan, jazodan ozod qilish hollari aks ettirilgan. Bizga ma’lumki, sobiq Ittifoq davrida voyaga yetmaganlar jinoyatchiligining oldini olish va unga qarshi kura­shishga yetarli darajada (ba’zi kamchiliklarini e’tiborga olmagan holda) e’tibor berilgan bo‘lsa ham, ammo Jinoyat qonunidagi bunday jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan normalar shu vaqtgacha biror marta ham tizimlashtirilgan holda hozirgi kodeksimizdagidek, alohida bir bo‘limda berilmagan edi. Unda ko‘rsatilgan normalar jinoiy javobgarlikning umumiy qoidalarini o‘z ichiga olishi bilan birga, voyaga yetmaganlar tomonidan jinoyat sodir etilganda ularga nisbatan jazo turlarining ancha takomil­lashganligi, sud ularga jazo tayinlashda o‘smirning ruhiy rivojlan­ganlik darajasi, turmush sharoiti va tarbiyasini, sog‘lig‘ini, sodir etgan jinoyatining sabablarini, katta yoshdagi kishilar va vaziyatning jinoyat sodir etilishidagi o‘rnini e’tiborga olib, javobgarlik yoki jazodan ozod qilishda unga nisbatan davlatimiz tomonidan beriladigan bir qancha yengilliklarda ifodalanishi ko‘rsatilganki, bunday holatlar kodeksning 7-moddasida ko‘rsa­tilgan inson­parvarlik prinsiрining amalda qo‘llanilayotganligiga misol bo‘ladi. Voyaga yetmaganlar tomonidan jinoyat sodir qilinganida, davlat tomonidan ularning bu qilmishiga beriladigan jazoning kattalarga beriladigan jazoga nisbatan ancha yumshoqligi qadimgi quldorlik davlatlariga ham xos bo‘lganligini Rim davlatining «XII jadval qonunlari»da ham uchratamiz.

Amaliyotchilar va olimlar o‘rtasida ko‘p yillardan beri voyaga yetmaganlarning javobgarligini qonunda alohida ajratib ko‘rsatilishi zarurligi to‘g‘risida turli fikrlar mavjud bo‘lib, bu masala 1994-yil qabul qilingan Jinoyat kodeksida o‘z aksini topdi. Voyaga yetmaganlarning javobgarligi xususida jinoyat huquqi fanida turli fikrlar bildirilgan bo‘lib, aybdor shaxsning ahamiyati sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavfliligi darajasidan kam emasligi ta’kidlanadi.

Jinoyat kodeksining 17-moddasi, 5-qismiga muvofiq o‘n sakkiz yoshga to‘lgunga qadar jinoyat sodir etgan shaxslar umumiy qoidalarga asosan va Jinoyat kodeksining oltinchi bo‘limida nazarda tutilgan xususiyatlar hisobga olingan holda javobgarlikka tortiladilar. Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi 163 ta normasida voyaga yetmaganlar uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

Voyaga yetmagan shaxs deganda, jinoyat sodir etgunga qadar 16 yoshga to‘lgan, ammo 18 yoshga to‘lmagan shaxs tushuniladi. Umumiy qoidaga muvofiq 16 yoshga to‘lgan, aqli raso shaxslar jinoyat subyekti yoshiga yetgan hisoblanadilar. Ba’zi jinoyatlar uchun subyekt yoshi 14 yosh qilib belgilangan. Javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlarda qasddan odam o‘ldirganlik jinoyati uchun subyekt yoshi 13 yosh belgilangan.

Ko‘pchilik davlatlarning jinoyat qonunchiligida voyaga yetma­gan­­larni jinoiy javobgarlikka tortishning eng kam yosh chegarasi belgilangan. Bu yoshga yetmagan, lekin jinoyat sodir etishda aybdor deb topilgan voyaga yetmagan shaxslar jinoiy javob­garlikka tortilmasdan, balki ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘ladilar.

1989-yil BMТning Bosh assambleyasi tomonidan «Bolalar huquqlari to‘g‘risida»gi Konvensiya qabul qilingan bo‘lib, u jinoiy yo‘lga kirib qolgan bolalar va voyaga yetmaganlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qator normalarni o‘z ichiga oladi. Konven­siyaga muvofiq bolalar deganda, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar tushuniladi1. Bu ta’rif O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksidagi voyaga yetmaganlar tushunchasiga mos keladi. Konvensiya voyaga yetmaganlarni jinoiy javobgarlikka tortishning minimal muddatini belgilaydi. Lekin qator davlatlarda bu yosh chegarasi belgilanganidan ham kam bo‘lishi mumkin Masalan, Irlandiya jinoyat qonunchiligida subyekt yoshi 7 yosh, Yaponiyada 13 yosh, Niderlandiyada 12 yosh qilib belgilangan. Jinoyat qonunchiligida subyekt yoshining bunday belgilanishi shaxsning aqliy va jismoniy rivojlanganlik darajasidan kelib chiqqan.

Voyaga yetmagan shaxslar uchun javobgarlikni belgilovchi normalar ikkiga bo‘linadi:
1) jinoyat sodir etgunga qadar voyaga yetmaganlarga nisbatan qo‘llaniladigan normalar;

2) norma qo‘llangunga qadar voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladigan majburlov choralari.


Voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladigan normalar o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lib, ularni quyidagi ikki guruhga bo‘lish mumkin:
birinchi guruh normalarga – jazo turi, jazo tayinlash, jazodan shartli ozod qilish, javobgarlik va sudlanganlik muddatini belgilovchi normalar;

ikkinchi guruh normalarga – jazoni o‘tash koloniyasi tur­larini belgilovchi, tarbiyaviy xususiyatdagi majburlov choralari kiradi.

2001-yil 29-avgustda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisini ikkinchi chaqiriq VI sessiyasida jinoiy jazolarni liberallashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodek­siga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar jazo sanksiyalarining yengillashuviga, jazo muddatlarining kamayishiga, ozodlikdan mahrum qilish, qamoq jazolarining kamroq belgilanishiga olib keldi. Jinoiy jazolar tizimidagi bunday islohotlar voyaga yetmaganlarga nisbatan jazo tayinlashda muhim ahamiyatga ega.

Kriminologik tadqiqotlar, statistik ma’lumotlar shundan dalolat beradiki, voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish, qamoq va umuman, jamiyatdan ajratish bilan bog‘liq bo‘lgan jazolarning qo‘llanishi salbiy natijalarni bermoqda va kelajakda retsidiv jinoyatlarni ko‘payishiga zamin yaratmoqda. Voyaga yetmagan shaxslarning jinoyat sodir etishining oldini olish masalasi respublikamizda barchani o‘ylantirayotgan eng og‘riqli, achinarli va dolzarb muammolaridan biridir. Chunki bu kelajagimiz bo‘lgan yosh avlodning barkamolligi bilan bog‘liqdir. Ularni tarbiyalash, jamiyat uchun foydali, shu bois ma’naviy sog‘lom bo‘lishi har birimiz­ning burchimiz. Shu o‘rinda voyaga yetmaganlar jinoyat­chiligining sabablariga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, voyaga yetmagan shaxslarni jinoyatga yetaklaydigan sabab va shart-sharoitlar quyidagilardan iboratdir:


1) aholi turmush darajasining pasayishi;

2) ota-ona, tarbiyachilar, maktab, internat va boshqa muassa­salarda bolalar tarbiyasi bilan yetarli darajada shug‘ullanmaslik, tarbiyaviy, profilaktik tadbirlarning o‘tkazilmasligi.

3) oila, maktab va o‘quv muassasalarida nazoratning sust­ligi;

4) voyaga yetmagan shaxs yashayotgan, o‘qiyotgan mikromuhit­dagi kriminologik sharoit;

5) maktablarda yuristlar va psixologlarning faoliyat olib bor­masliklari;

6) oilalardagi ajrashib ketish, ota yoki onalik huquqidan mah­­­rum qilish holatlarining yuqoriligi. Masalan, 1999-yilning birinchi yarmida voyaga yetmagan sudlanganlar 1105 kishini tash­kil etib, shulardan 258 tasi (23,3 %) ota-onasiz tarbiyalan­­­gan­lardir;

7) bosqinchilik, o‘g‘rilik kabi jinoyatlarga voyaga yetmagan shaxslarni jalb qilish holatlarining tez-tez uchrashi;

8) axloqqa qarshi jinoyatlar, ya’ni voyaga yetmagan shaxsni g‘ayri-ijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilishi, o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish, o‘n olti yoshga to‘l­magan shaxsga nisbatan uyatsiz buzuq harakatlar qilish, pornografik narsalarni tayyorlash va sotish, fohishaxona saqlash yoki qo‘sh­machilik qilish kabi jinoyatlarning sodir etilib turi­lishi;

9) jazoni o‘tab chiqqan voyaga yetmagan shaxslarni o‘z holiga tashlab qo‘yilganligi, ish bilan band qilishning sust darajada olib borilishi;

10) huquqni muhofaza qiluvchi organlar, xususan militsiya, mahalla posbonlariga voyaga yetmagan shaxslar bilan ishlash, tarbiyaviy, profilaktik choralarni ko‘rish, ishga joylashtirish tad­birlari o‘tkazish vazifasini yuklovchi huquqiy hujjatlarning mavjud emasligi, mavjud bo‘lgan huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlovchi mexanizmning yo‘qligi va hokazolar.


O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 1996-yil 19-iyuldagi «Jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risidagi» 16-qarorida voyaga yetmaganlarga jazo tayinlashda jarima, axloq tuzatish ishlari, qamoq kabi jazolarning samaradorligiga e’tibor berish lozimligi aytilgan. Shu bilan birga og‘ir jinoyat sodir etishda ayblangan, muqaddam sudlangan, huquqni buzganlik uchun ichki ishlar organlarida hisobda turgan voyaga yetmaganlarga jazo tayinlashda qat’iyatsizlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Sudlar voyaga yetmaganlarning jinoyat ishlari yuzasidan dastlabki tergov ishlarini sifatli va puxta olib borilishini, voyaga yetmaganlarning shaxsini ifodalovchi ma’lumotlarni, ularning yashash sharoiti, tarbiyasi, jinoyat sodir qilish motivlari, jinoyat sodir qilishga olib kelgan sharoit va sabablar to‘la va har tomonlama aniqlanishini talab qilishlari lozim. Voyaga yetmaganlarning jinoyat sodir etishida katta yoshdagilarning ta’siri, ularning jinoyat yoki boshqacha huquq­buzarliklarga jalb qilinishining sabablarini batafsil aniqlash kerak, deb ta’kidlangan.

Download 1.35 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   117   118   119   120   121   122   123   124   ...   130




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling