O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta
Jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari
Download 1.35 Mb.
|
53511c77e324f
17.6. Jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari
shartli ozod qilish «Shartli ozod qilish» tushunchasi jinoyat huquqi nazariyasida mahkumni muddatidan ilgari davlat organlari tomonidan belgilangan tartibda nazorat ostiga olib, butunlay yoki qisman jazodan ozod qilishda ifodalanadi. Shartli ozod qilish shaxsni jazoni o‘tab bo‘lganidan so‘ng ozod qilishdan yoki amnistiya asosida ozod qilishdan farq qiladi. Muddatidan ilgari shartli ozod qilish mahkumga sud tomonidan belgilangan muddatdan oldin jazodan ozod bo‘lish imkonini beradi, shu bilan bir qatorda agar ular belgilangan tartibni buzsa yoki qaytadan jinoyat sodir etsa, jazoni o‘tash muassasasiga qaytarilishi mumkin. Davlatimiz ham mahkumni belgilangan jazo muddatidan ilgari tuzatish va qayta tarbiyalashdan manfaatdordir. Mahkumni tuzatish va qayta tarbiyalash maqsadiga jazo muddatini o‘tamasdan turib ham erishish mumkin. Jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari ozod qilish o‘zida, nafaqat, mahkumni tuzatish va qayta tarbiyalash, balki umumiy va maxsus ogohlantirish funksiyalarini ham bajaradi. Shuning uchun ham Jinoyat kodeksida tuzalish bilan bir qatorda jazodan ozod qilish uchun mahkum tomonida o‘talishi lozim bo‘lgan minimal jazo muddati belgilangan. Umumiy va maxsus ogohlantirish jinoyatning og‘irlik darajasi, shuningdek, voyaga yetmagan shaxs tomonidan sodir etilgan jinoyat uchun tayinlangan jazoning haqiqatan ham o‘talgan qismini aks ettiradi. Bu holatlar jinoyat o‘ta xavfli jinoyatchilar tomonidan sodir etilganida, ularga nisbatan jazodan ozod qilishning ushbu turini qo‘llash mumkin emasligini anglatadi. Jazodan ozod qilishning bu turi jazoni o‘tayotgan shaxsni jazoning o‘talmay qolgan qismidan muayyan shartlar muvjud bo‘lgandagina ozod qilish mumkinligini ifodalaydi. Shuning uchun ham jazoni muddatidan ilgari shartli ozod qilish, deyiladi. Jazoning o‘talmay qolgan qismi davomida mahkum muayyan shartlarni bajarishi lozim bo‘ladi, aks holda, shartli ozod qilish bekor qilinishi mumkin. Jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish mazmuni mahkumni qonunda belgilangan jazo turlari uchun belgilangan talablarni bajarishi va mehnatga halol munosabatda bo‘lishi, shuningdek, sud tomonidan belgilangan jazo muddatining muayyan qismini o‘talganligida ifodalanadi. Jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilishning mohiyati shundaki, jazoni o‘tayotgan shaxs o‘talmay qolgan muddat davomida yangi jinoyat sodir etmaslik sharti bilan sud tomonidan jazoning qolgan qismini o‘tashdan ozod qilinadi. Jazoning o‘talmay qolgan qismi sinov muddati ahamiyatiga ega bo‘lib, uning shartlarini bajarmaslik jazo muddatini hisobga olishga, ya’ni yangi tayinlangan jazoga qo‘shishga va jazodan ozod qilishni to‘xtatishga asos bo‘ladi. Shu asosga ko‘ra, jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish jazodan ozod qilishning shartli va qisman jazodan ozod qilish turiga kiradi. Jazoni o‘tashdan ozod qilinishi mumkin bo‘lgan jazo turlari qonunda belgilab qo‘yilgan (Jinoyat kodeksining 73-moddasi, 1-qismi). Bu jazo turlariga: ozodlikdan mahrum qilish, intizomiy qismga jo‘natish, xizmat bo‘yicha cheklash yoki axloq tuzatish ishlari kiradi. Jazodan ozod qilishninig obyektiv shartlaridan yana biri mahkumni belgilangan jazo muddatining muayyan qismini o‘taganligi hisoblanadi. Bu mahkum tomonidan sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasiga bog‘liq. Jazodan shartli ozod qilish mahkum tomonidan faktik jihatdan jazoning:
2) og‘ir jinoyat, shuningdek, qasddan sodir etgan jinoyati uchun, agar shaxs ilgari qasddan sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan bo‘lsa, sud tomonidan tayinlangan jazo muddatining kamida yarmini. 3) o‘ta og‘ir jinoyati uchun, shuningdek, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan yoki jazosi yengilrog‘i bilan almashtirilgan shaxs jazoning o‘talmagan qismi mobaynida yangi jinoyat sodir etganligi uchun hukm qilingan bo‘lsa, sud tayinlagan jazo muddatining kamida uchdan ikki qismini haqiqatda o‘tab bo‘lganidan keyin qo‘llanishi mumkin.
Mahkumning belgilangan jazo turlari uchun o‘rnatilgan tartib-qoida talablarini bajarishi deganda, uning mehnat faoliyati, tartibni buzgan yoki buzmaganligi, ichki tartib qoidalarni buzuvchilarga qarshi kurash va umuman, jamoat faoliyatida faol ishtirok etganligi tushuniladi. Mehnatga halol munosabat esa, hammadan ilgari mahkumning jazoni o‘tash muassasalarida tashkil etilgan mehnat faoliyatida o‘z xohishi bilan faol ishtirok etishi bilan belgilanadi. Bunday munosabat mahkumning ishlab chiqarishda, qishloq xo‘jaligida, xo‘jalik ishida, koloniya hududidagi obodonchilik ishida va boshqa turli ijtimoiy foydali ishlarni halol bajarishida ifodalanadi. Mehnatga halol munosabati, shuningdek, mahkumning ma’lum hunar o‘rganishi, o‘z malakasini oshirishga, shuningdek, ratsionalizatorlik, kash-fiyotchilikka intilishi, mehnat musobaqalarida qatnashishi va ish tajribalarini boshqalarga o‘rgatishi bilan xususiyatlanadi. Mahkumning tuzalganligi masalasini hal qilishda uning jamiyat hayotiga munosabati, yetkazilgan zararni tezroq qoplash uchun harakat qilishi ham e’tiborga olinadi. Bu jinoyatning xususiyati va mahkumning shaxsiy xususiyatlarini ham hisobga olish katta ahamiyatga ega. Intizomiy qismga jo‘natish jazosiga mahkum qilinganlar, agar yaxshi xulq-atvori hamda mehnatga va harbiy xizmatga vijdonan munosabati uchun sud tomonidan tayinlangan jazo muddatini uchdan bir qismini o‘tagandan so‘ng intizomiy qism komandirining buyrug‘i bilan axloqan tuzalayotganlar qatoriga qo‘shiladi va umumiy jazo muddatining kamida yarmini o‘tagandan so‘ng jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilinishga taqdim etilishi mumkin1. Yuqorida belgilangan jazo muddatini o‘tab bo‘lgandan so‘ng mahkumlar bir oylik muddat ichida jazoni ijro etuvchi muassasa yoki organ ma’muriyati uni jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilishga taqdim etish haqidagi masalani ko‘rib chiqishi va bu haqda qaror chiqarishi lozim. Ma’muriyat mahkumni jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilishga taqdim etishni rad etgan taqdirda mahkum yoki uning advokati sudga tegishli iltimosnoma bilan murojaat qilishga haqli. Muayyan huquqdan mahrum qilish tariqasidagi jazodan ozod qilish jamoat birlashmasi, jamoa, mahkumning o‘zi yoki uning himoyachisi iltimosnomasiga ko‘ra, sud tomonidan amalga oshiriladi2. Agar sud muddatidan ilgari shartli ozod qilishni rad etsa, bu haqda ajrim chiqqan kundan boshlab olti oy o‘tgandan keyin taqdimnoma takroran kiritilishi yoki iltimosnoma takroran berilishi mumkin. Agar jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari ozod qilish to‘g‘risidagi taqdimnoma alkogolizm, giyohvandlik yoki zaharvandlik kasalliklaridan majburiy davolanish qo‘llanilgan mahkumlarga nisbatan berilganda, sud mazkur ishni ko‘rib chiqishda bunday shaxslarga nisbatan tayinlangan davolash kursining o‘talganligini aniqlashi zarur. Qonunda belgilangan darajada shaxsning axloqan tuzalganligiga ishonch hosil qilgan sud qonunda ko‘rsatilmagan motivlarga ko‘ra, uni jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari, masalan, sud belgilagan jazoning yengilligi, sodir etilgan jinoyatlarning ko‘pligi, jazoni o‘tashda qisqa muddatda bo‘lganligi va hokazolarni ro‘kach qilib shartli ozod qilishga monelik qilishga haqli emas. Jazodan shartli ozod qilish masalasi, hukm chiqarish vaqtida amalda bo‘lgan jinoyat qonuni bilan emas, balki, ushbu masala ko‘rilayotgan vaqtda amalda bo‘lgan jinoyat qonuni asosida hal qilinadi. Jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish masalasini ko‘rayotganda sud jazoning o‘talmay qolgan qismini almashtirishga yoki qisqartirishga haqli emas. Sud mahkumni ozod qilishi yoki ozod qilishni rad etishi mumkin. Zarur hollarda bu masalani kerakli ma’lumotlar olish uchun keyinga qoldirishi ham mumkin. Ayrim shaxslarga nisbatan ushbu jazodan ozod qilish turi qo‘llanilmaydi. Jinoyat kodeksining 73-moddasi, 4-qismiga ko‘ra, ushbu shaxslar doirasiga: 1) o‘lim jazosi avf etish tariqasida ozodlikdan mahrum etish jazosi bilan almashtirilgan shaxslar; 2) o‘ta xavfli retsidivistlar; 3) uyushgan guruh va jinoiy uyushmaning tashkilotchi va qatnashuvchilari; 4) javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish, o‘n to‘rt yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan jabrlanuvchining nomusiga tegish yoki unga nisbatan zo‘rlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish, O‘zbekiston Respublikasi tinchligi va xavfsizligiga qarshi jinoyat sodir etish, jinoiy uyushma tashkil etish, yadroviy, kimyoviy, biologik va boshqa xildagi ommaviy qirg‘in qurollarini, shunday qirg‘in qurollarni ishlab chiqarish uchun foydalanish mumkinligi ayon bo‘lgan materiallar va uskunalarni, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni kontrabanda qilish, shuningdek, giyohvandlik moddalari va psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda g‘ayriqonuniy ravishda sotish uchun jazoga hukm qilingan shaxslarga; 5) jazoni o‘tash tartibini ashaddiy buzuvchi mahkumlar kiradi.
Shaxsning o‘talmagan muddat davomida qasddan yangi jinoyat sodir etmasligi uning jazodan uzil-kesil ozod bo‘lishining sharti ekanligi munosabati bilan mazkur jazoning o‘talmay qolgan muddati shaxs uchun sinov muddati, deb topiladi. Sinov muddatining hisobi tayinlangan jazoning xususiyatlariga bog‘liq ravishda amalga oshiriladi. Demak, agar shaxsga asosiy jazo tayinlangan bo‘lsa-yu, unga jazoni o‘tash muddatidan ilgari shartli ozod qilish qo‘llanilganda, sinov muddati jazoning o‘talmay qolgan qismiga teng bo‘lishi kerak. Agar asosiy jazo bilan birga qo‘shimcha jazoga ham mahkum etilgan bo‘lsa, u holda sinov muddati ikki xil usulda hisoblanishi mumkin. Birinchisi, o‘talmay qolgan asosiy jazo qismi qo‘shimcha jazo muddatidan ko‘proq bo‘lganda qo‘llaniladi. Sinov muddati asosiy jazoning o‘talmay qolgan qismi muddatiga teng bo‘ladi. Ikkinchisi, qo‘shimcha jazo o‘talmay qolgan asosiy jazo qismidan ko‘proq bo‘lgan hollarda qo‘llaniladi. Bunday holatlarda sinov muddatini hisoblash uchun uning qo‘shimcha jazo muddatiga tengligidan kelib chiqish kerak. Sinov muddatining davom etishi jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish to‘g‘risida qaror chiqqan kundan boshlab hisoblanadi. Agar shartli ravishda ozod qilingan shaxs jazoning o‘talmay qolgan qismi davomida qasddan yangi jinoyat sodir etsa, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 60-moddasiga muvofiq, bir necha hukmlar yuzasidan jazo tayinlanadi. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, muddatidan ilgari shartli ozod qilishning quyidagi xususiyatlari mavjud: shaxsga erkinlikdagi turmush tarziga moslashishga va tiklanib olishi uchun imkon beradi; uning ustidan nazoratni amalga oshirishni ta’minlaydi va qayta jinoyat sodir etish ehtimolini kamaytiradi; shaxsning ijtimoiy xavfsizligini hisobga olgan holda unga imkoniyatlar va imtiyozlar beradi; ozodlikdan mahrum qilish joyidagi bosim darajasini kamaytiradi. Download 1.35 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling