24-modda. Jurnalist
Jurnalist deganda ommaviy axborot vositasi uchun materiallar to‘plash, tahlil qilish va tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi, u bilan mehnat yoki o‘zga shartnoma munosabatlari bilan bog‘langan yoki uning bergan vakolatiga binoan bunday faoliyat bilan shug‘ullanuvchi shaxs tushuniladi.
25-modda. Jurnalistning huquqlari
Jurnalist quyidagi huquqlarga ega:
1) axborot izlash, olish va uni ommalashtirish;
2) jurnalistik kasbi vazifalarini amalga oshirish munosabati bilan mansabdor shaxslar tomonidan qabul qilinish;
3) qonunda ko‘zda tutilgan hollardan tashqari har qanday yozuvni, kino va fotosuratga olishni amalga oshirish;
4) guvohnomasini ko‘rsatib, mitinglar va namoyishlarda, agar jurnalistning hayoti va salomatligi uchun xavfli bo‘lmasa, tabiiy ofatlar yuz bergan joylarda hozir bo‘lish;
5) olingan materiallarda ko‘rsatilgan dalillarni va tafsilotlarni tekshirish chog‘ida mutaxassislarga murojaat qilish;
6) o‘z e’tiqodiga zid keladigan materiallarni o‘z imzosi bilan tayyorlashdan bosh tortish;
7) tahrir chog‘ida mazmuni buzilgan materialdan o‘z imzosini olib tashlash;
8) mualliflik sir saqlanishini shart qilib qo‘yish.
Jurnalist ushbu Qonunga muvofiq o‘ziga berilgan boshqa huquqlardan ham foydalanadi.
26-modda. Jurnalistning burch va mas’uliyatlari
Jurnalist:
1) o‘zi mehnat munosabatlari o‘rnatgan ommaviy axborot vositasi harakat dasturini amalga oshirishga, tahririyat ustaviga amal qilishga;
2) o‘zi berayotgan axborotning to‘g‘riligini tekshirishga;
3) axborotni bergan shaxslarning xabar muallifini ko‘rsatish to‘g‘risidagi iltimosini qondirishga;
4) muharrir (bosh muharrir) yoki tahririyat bergan topshiriq qonunga zid bo‘lsa, uni bajarishdan bosh tortishga;
5) fuqarolarning huquqlarini, qonuniy manfaatlarini, milliy qadr-qimmatini, shuningdek tashkilot va korxonalar huquqlari, qonuniy manfaatlarini hurmat qilishga majbur.
Jurnalist so‘z erkinligini suiiste’mol qilganligi, fuqarolarni, tashkilotlarni badnom qiladigan, haqiqatga mos kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatilganligi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi.
Yuqorida ko‘rsatilgan qoidabuzarlik uchun jurnalist qonunda belgilangan tartibda ma’muriy, moddiy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Jurnalist ushbu Qonun doirasida o‘zga burchlarni ham bajaradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |