9-modda. Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatga olishni rad etish
Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatga olish faqat quyidagi asoslarga muvofiq rad etiladi:
1) agar ommaviy axborot vositasining nomi, maqsadlari va vazifalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, mustaqillik to‘g‘risidagi Deklaratsiyasi hamda ushbu Qonunga zid bo‘lsa;
2) agar ro‘yxatga oluvchi idora ilgari xuddi shu nomdagi ommaviy axborot vositasiga guvohnoma bergan bo‘lsa;
3) agar ariza ommaviy axborot vositasining faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risidagi qaror qonuniy kuchga kirganiga bir yil to‘lmay turib berilgan bo‘lsa.
Ro‘yxatga olishni rad etish haqidagi xabar ushbu Qonunda ko‘zda tutilgan asoslar ko‘rsatilib, yozma ravishda arizachiga yuboriladi.
10-modda. Ommaviy axborot vositasini chiqarishni yoki nashr etishni to‘xtatish
Ommaviy axborot vositasini chiqarish yoki nashr etish muassisning yoki ommaviy axborot vositasini ro‘yxatga olgan idoraning, yoxud sudning qarori bilan to‘xtatilishi mumkin.
Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatga olgan idora yoki sud ushbu Qonunda ko‘zda tutilgan talablar bir yil davomida takror buzilgan taqdirda ommaviy axborot vositasining chiqarilishi yoki nashr etilishini to‘xtatadi.
Agar ommaviy axborot vositasi bir yildan buyon chiqarilmayotgan yoki nashr etilmayotgan bo‘lsa, uni qaytadan chiqarish yoki nashr etish ro‘yxatga olingani to‘g‘risida yangi guvohnoma talab qilinadi.
Muassis ommaviy axborot vositasini chiqarishni yoki nashr etishni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan taqdirda tahririyatning mehnat jamoasi yoki muharrir (bosh muharrir) 5-modda va 6-modda talablari bajarilganda o‘sha nom bilan ommaviy axborot vositasini ta’sis etish masalasini qo‘yish mumkin.
11-modda. Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatga olishni rad etganlik, shuningdek uning faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilish tartibi
Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatga olishni rad etish yoki ro‘yxatga olish uchun belgilab qo‘yilgan bir oylik muddatning davlat idorasi tomonidan bajarilmasligi, shuningdek ommaviy axborot vositasi faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risidagi qaror xususida muassis yoki tahririyat sudga shikoyat qilishi mumkin.
Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatga olishni rad etish yoki uning faoliyatini to‘xtatib qo‘yish haqidagi qaror g‘ayriqonuniy deb topilsa, ustidan shikoyat berilgan qaror bekor qilinadi.
Sud mulkiy nizolarni amaldagi qonunlar asosida ko‘rib chiqadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |