O'zbekiston respublikasi
Download 0.85 Mb. Pdf ko'rish
|
siyosat nazariyasi
M U Q A D D I M A
Bugungi kunda mamlakatimizda eski mafkuraviy asoratlardan xoli bo'lgan, jahon siyosiy fanida erishilgan yutuqlarni mujassamlashtiruvchi zamonaviy darslik va o'quv qo'llanmalarini yaratish eng dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Negaki, bu yo'nalishda mukammal darslik va o'quv qo'llanmalarini yaratmay turib mamlakatimizning yorqin va buyuk kelajagi, erkinlik va demokratik jamiyat sari dadil qadam tashlab bo'lmaydi. Tabiiyki, mustaqillik yillarida Respublikamizda politologiyadan zamonaviy darslik va o'quv qo'llanmalar yaratish yo'lida muhim ishlar amalga oshirildi. Bu fanga oid darslik va o'quv qo'llanmalari dunyoga keldi. Xususan, prof. A.A.A‘zamxo'jayev, mas‘ul muharrirligida «Politologiya asoslari» (T., «Universitet», 1992); Sharipov F. Sh. o'g'lining «Siyosatshunoslik» (3 kitob-T.: 1996); I.Ramazonov, E.Mo'minovning «Politologiya» darslik; A.Qodirovning «Politologiya» (-T.: «O'zbekiston», 1999); I.E. Ergashev, G.Yusupova, S.Otamurodov va boshqalarning «Politologiya» ma‘ruzalar matni (-T.: 2000) kabilar tayyorlandi va chop etildi. Ushbu darslik va o'quv qo'llanmalarida siyosiy fanning asoslari haqida qiziqarli ilmiy ma‘lumotlar berildi. Bu kitoblar oliy va o'rta maxsus o'quv yurtlarining talabalari tomonidan iliq kutib olindi va ularning ishonchli hamrohiga aylandi. Biroq, bugungi kunda mamlakatimizda politologiyadan darslik va o'quv qo'llanmalarni yaratish yo'lida qilingan ishlar qanchalik muhim bo'lmasin, ularni yetarli, deb bo'lmaydi. Bu yo'nalishda bajarilgan ishlar mamlakatimizning talab va ehtiyojlarini qondira olmaydi. Afsuski, o'zbek tilida yozilgan darslik va o'quv qo'llanmalari ham nazariy, ham uslubiy jihatdan zamon talablariga, to'liq javob bermaydi. Ularning ko'pchiligi mavhumligi, eski an‘analar, marksistik mafkura asoratlaridan xoli emasligi, nazariy va uslubiy jihatdan bo'sh ekanligi hech kimga sir emas. Shuning uchun ham, bugungi kunda mamlakatimizda politologiya fanidan zamonaviy darslik va o'quv qo'llanmalarni yaratish eng dolzarb va kechiktirilib bo'lmaydigan vazifalardan biri hisoblanadi. Politologiyadan zamonaviy, nufuzli darslikni yaratish oson ish emas, balki o'ta murakkab vazifadir. Bu vazifa jahonda, avvalo, ilg'or mamlakatlarda, siyosiy fan sohasida erishilgan yutuqlardan oqilona va samarali foydalanishni talab etadi. Darslikni yaratishda xorijiy davlatlarning siyosiy fan sohasida erishgan yutuqlarini inkor etish noto'g'ri bo'lar edi. Bu yutuqlarni «o'zlashtirmagan» darslik tom ma‘nodagi darslik bo'la olmas edi. Bunday darslik nazariy jihatdan cheklangan, amaliy jihatdan ojiz bo'lib qolgan bo'lar edi. Shu bilan birga, tajriba va kuzatishlar shuni ko'rsatadiki, xorijiy mamlakatlarda erishilgan yutuqlarni mutlaqlashtirish, ulardan ko'r-ko'rona, mexanik tarzda foydalanish yaxshi samara bermaydi. Aksincha, bu yo'l cheklash va yomon oqibatlarga, milliy xususiyatlardan mahrum bo'lgan mavhum darsliklarning ko'payishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun ham, o'zbek tilidagi darslikni yaratishda faqat xorij tajribasi bilan cheklanib bo'lmaydi. Politologiyadan o'zbek tilida zamonaviy darslikni yaratish – mamlakatimizning shart- sharoitini hisobga olishni, uning asrlar davomida siyosiy fan sohasida erishgan boy va ulkan yutuqlaridan samarali foydalanishni taqozo etadi. Bu yutuqlar hisobga olinmas ekan, darsliklar zamonaviy bo'la olmaydi. Politologiyadan zamonaviy darslik ilg'or xorijiy mamlakatlar va yurtimizning siyosiy qurilish tajribasini aks ettirish asosidagina yaratiladi. Xorijda va mamlakatimizda siyosiy fan sohasida erishilgan yutuqlardan samarali foydalanish politologiyadan zamonaviy darslikni yaratishning garovidir. Politologiyadan o'zbek tilida zamonaviy darslikni yaratish g'oyat mas‘uliyatli vazifadir. Bu vazifaning amalga oshirilishi mamlakatimiz va xalqimiz uchun muhim ahamiyatga ega bo'ladi. Bunday darslik eski mafkuraviy stereotiplardan xoli bo'lgan, siyosiy jihatdan erkin va mustaqil, chuqur va keng fikrlaydigan kadrlarni tayyorlashga imkon beradi. Bunday darslik farzandlarimizning intellektual salohiyatini o'stiradi, ularni yuzakilik, bir tomonlamalikdan, fundamentalizm va eksterimizmning buzg'unchilik ta‘siridan asraydi. Prezidentimiz I.Karimov «Fidokor» gazetasi muxbiri savollarga bergan javobda: «Ko'p asrlik tariximiz shuni ko'rsatadiki, inson dunyoqarashi shakllanishida ma‘rifatning, xususan, ijtimoiy fanlarning o'rni beqiyos. Bu jamiyatshunoslik bo'ladimi, tarix, falsafa, siyosatshunoslik bo'ladimi, psixologiya yoki iqtisod bo'ladimi, ularning barchasi odamning intellektual kamolotga erishuvida katta ta‘sir kuchiga ega», - deb bejiz ta‘kidlamagan. E‘tiboringizga havola qilinayotgan ushbu darslik ana shu dolzarb, murakkab va mas‘uliyatli vazifani hal etishga qaratilgan urinishlardan biridir. Uning maqsadi – eski mafkuraviy asoratlardan xoli bo'lgan, jahon siyosiy fanida erishilgan yutuqlarni mujassamlashtiruvchi, mamlakatimiz fuqarolarining, ayniqsa yoshlarning talab va ehtiyojlarini qondira oladigan, ularni erkin va mustaqil siyosiy fikrlashga yordam bera oladigan darslikni yaratishdan iboratdir. Ana shu maqsadni ro'yobga chiqarish uchun darslikda bir qator ishlar amalga oshirildi. Eng avvalo, ishda o'zini oqlamagan eskicha yondashuvlardan voz kechildi. Yangicha yondashuvlar, ayniqsa, sotsiologik, tizimli yondashuvlar, tarixiylik, mantiqiylik, qiyoslash va boshqa yondashuvlardan keng foydalanildi. Darslikda siyosiy fanning asosiy tushunchalari to'la sistemali tarzda bayon qilindi. Bu tushunchalarning mohiyati, mazmuni, turlari va shakllari o'zaro aloqadorlikda, uzluksiz mantiqiy izchillik va ketma-ketlikda ko'rib chiqildi. Siyosiy hodisalar va muammolarning o'ziga xosligi va ko'rinishlarini xolisona, aniq va ravshan tahlil etishga alohida e‘tibor berildi. Bu hodisalarning milliy, mintaqaviy xususiyatlari inobatga olindi. Darslikda siyosiy hodisalar va muammolarni tushuntirishda bir tomonlama yondashuvdan voz kechildi. Unda mazkur hodisalarni yoritishda xilma-xil, ba‘zan bir-birini inkor etuvchi fikrlar ham o'z aksini topdi. Bu bilan o'quvchiga tanlash, mustaqil fikrlash imkoniyati yaratildi. «Siyosat nazariyasi»ni yozish va tayyorlashda, xorijiy davlatlar va mamlakatimizda siyosiy fanga doir nashr qilingan manbalar va materiallar, darsliklar va o'quv qo'llanmalardan oqilona foydalanildi. Unda Prezident I.A.Karimov va boshqa davlat, jamoat arboblarining risolalari, ma‘ruzalari, nutqlari, Sharq va G‘arb mutafakkirlarining asarlari, ijtimoiy-siyosiy hayotning dolzarb muammolariga bag'ishlangan zamonaviy ilmiy izlanishlaridagi g'oyalarni aks ettirishga alohida e‘tibor qaratildi. Mazkur darslik O'zbekiston Respublikasi davlat ta‘limi standartiga mos keladi. U Oliy va o'rta maxsus o'quv yurtlarining talabalari, magistrlari, aspirantlari, o'qituvchilari, shuningdek, barcha siyosat ilmi bilan qiziqadiganlar uchun foydali bo'lib xizmat qiladi, deb umid qilamiz. Albatta, ushbu darslik ham nazariy, ham uslubiy jihatdan mukammal va bekami-ko'st bajarilgan, degan fikrdan yiroqmiz. Unda muayyan kamchilik va nuqsonlar bo'lishi tabiiy. Mualliflar jamoasining kelajakda darslik ustida ishlash, uni mukammallashtirish niyati ham yo'q emas. Shu bois, mazkur darslik haqidagi fikr-mulohazalaringiz va tavsiya-takliflaringiz uchun avvaldan minnatdorchilik bildirgan holda ularni Mirzo Ulug‗bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti ijtimoiy-siyosiy fanlar fakulteti politologiya kafedrasiga yo'llashlaringizni so'raymiz. Download 0.85 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling