O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori
Ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasining turi va tarbiyalanuvchilarning toifasi
Download 64.23 Kb.
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining autsorsing
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyuldagi 528-son qaroriga 4-ILOVA Maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchilarining sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishini tashkil etish to‘g‘risida NIZOM 1-bob. Umumiy qoidalar 1. Mazkur Nizom maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarining (keyingi o‘rinlarda tarbiyalanuvchilar deb yuritiladi) sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishini tashkil etish tartibini belgilaydi. Ushbu Nizom talablari mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha turdagi maktabgacha ta’lim muassasalariga nisbatan tatbiq etiladi. 2. Tarbiyalanuvchilarning sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishni tashkil etish maktabgacha ta’lim muassasalarining oshxonalarida (keyingi o‘rinlarda oshxona deb yuritiladi) sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq shart-sharoitlar yaratilgan holda amalga oshiriladi. 2-bob. Maktabgacha ta’lim muassasalarida sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishni tashkil etishning asosiy maqsadi va vazifalari 3. Maktabgacha ta’lim muassasalarida sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishni tashkil etishning asosiy maqsadi tarbiyalanuvchilarining sog‘lom va barkamol o‘sishini ta’minlash, oshxonalarda sifatli taomlar tayyorlash, taomlarni iste’mol qilish uchun gigiyenik talablarga muvofiq sharoitlar yaratish hisoblanadi. 4. Quyidagilar maktabgacha ta’lim muassasalarida sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishni tashkil etishning asosiy vazifalari hisoblanadi: tarbiyalanuvchilarning belgilangan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq holda ovqatlanishini tashkil etish; tarbiyalanuvchilarni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash; oziq-ovqat mahsulotlari hamda taomlarning xavfsizligi va sifatini kafolatlash; tarbiyalanuvchilarda ovqatlanish bilan bog‘liq yuqumli kasalliklarning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik; tarbiyalanuvchilar o‘rtasida sog‘lom ovqatlanish ko‘nikmalarini shakllantirish; taomlarni tayyorlashda, oziq-ovqat mahsulotlarini qabul qilish hamda saqlashda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga qat’iy rioya etish. 3-bob. Maktabgacha ta’lim muassasalarida sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishni tashkil etishga qo‘yiladigan asosiy talablar 5. Quyidagilar maktabgacha ta’lim muassasalarida sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishni tashkil etishga qo‘yiladigan asosiy talablar hisoblanadi: tarbiyalanuvchilarning sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishini tashkil etishni bevosita maktabgacha ta’lim muassasalari tomonidan amalga oshirish; tarbiyalanuvchilar uchun sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishni ularning xavfsiz ovqatlanishini tashkil etishga doir sanitariya-gigiyena tadbirlari va epidemiyaga qarshi tadbirlar bajarilishiga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshirish. Tarbiyalanuvchilarning sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishini tashkil etish uchun tegishli tuman (shahar) hokimlari, xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo‘limlari mudirlari hamda ta’lim muassasalari rahbarlari mas’ul hisoblanadi. 4-bob. Maktabgacha ta’lim muassasalarida sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishni tashkil etish 6. Oshxonalarda sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishni tashkil etish tarbiyalanuvchilarning fiziologik yoshiga muvofiq ravishda tuzilgan, mazkur Nizomning 1-ilovasidagi taomnoma asosida amalga oshiriladi. Bunda: O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan berilgan namunaviy taomnomalar asosida tarbiyalanuvchilar uchun o‘n kunlik taxminiy taomnomalar oldindan tuziladi; taomnoma joriy kundagi tarbiyalanuvchilar sonidan kelib chiqib, keyingi ish kuni uchun soat 16.00 ga qadar hamshira tomonidan maktabgacha ta’lim muassasasi oshpazi va ombor mudiri yoki omborchi ishtirokida tuziladi; taomnoma asosida keyingi kun uchun oziq-ovqat mahsulotlari ombor mudiri yoki omborchi tomonidan hamshira yoki navbatchi tarbiyachi ishtirokida ish kuni tamom bo‘lguniga qadar oshxonaga beriladi; taomnoma bir kun oldingi tarbiyalanuvchilar soniga mutanosib ravishda har bir tarbiyalanuvchi uchun bir kunlik o‘rtacha sarflanadigan oziq-ovqat mahsulotlari miqdori va ularning qiymati chiqarilgan holda, ikki nusxada tuziladi; joriy kunda ertalab soat 9.00 ga qadar maktabgacha ta’lim muassasasiga kelgan tarbiyalanuvchilar soni taomnomada nazarda tutilgan tarbiyalanuvchilar sonidan 5 foiz va undan yuqori miqdorda farq qilgan taqdirda, guruh tarbiyachilarining tarbiyalanuvchilar soni to‘g‘risidagi bildirishnomalari asosida taomnomaga o‘zgartirish kiritiladi; taomnoma sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari asosida to‘g‘ri tuzilganligi hamshira va maktabgacha ta’lim muassasasi rahbari tomonidan imzo bilan tasdiqlanadi; taomnomaning bitta nusxasi hamshiraga, ikkinchi nusxasi oshxonaga foydalanish uchun beriladi; kunlik tayyorlanadigan taom turlari va bir tarbiyalanuvchi uchun taom miqdori maxsus ovqat tarqatish joyiga yozib qo‘yiladi; tarbiyalanuvchilar uchun taomlar ovqatlanish texnologiyasi qoidalariga amal qilgan holda tayyorlanadi, saqlanadi va tarqatiladi; taomnoma oziq-ovqat mahsulotlari turlarini ketma-ketlikda yozish orqali shakllantiriladi, bunda oziq-ovqat mahsulotlari turlari non bilan boshlanib, tuz bilan tugatiladi. 7. Kunlik taomnomalar tuzishda bir nafar tarbiyalanuvchiga sarflanadigan oziq-ovqat mahsulotlarining kunlik miqdori maktabgacha ta’lim muassasasining xarajatlar smetasida oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish uchun nazarda tutilgan mablag‘lar miqdoriga muvofiq bo‘lishi talab etiladi. 8. Maktabgacha ta’lim muassasasidagi qisqa muddatli guruhlar uchun taomnoma alohida tuziladi va tasdiqlanadi. 9. Maktabgacha ta’lim muassasasi uchun har o‘n kunlik taomnomalar blankalari oldindan raqamlanadi, maktabgacha ta’lim muassasasi mudiri va hisobchisi tomonidan imzolanadi, muhrlanadi va alohida daftarda ro‘yxatdan o‘tkaziladi. 10. Maktabgacha ta’lim muassasasida oziq-ovqat mahsulotlari va taomlar sifatini o‘rganish bo‘yicha brakeraj komissiyasi (keyingi o‘rinlarda brakeraj komissiyasi deb ataladi) tashkil etiladi. Brakeraj komissiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi maktabgacha ta’lim muassasasi mudirining buyrug‘i har o‘quv-tarbiya yili uchun alohida qabul qilinadi. 11. Maktabgacha ta’lim muassasasi hamshirasi brakeraj komissiyasining raisi bo‘lib, uning tarkibiga tarbiyachi, oshpaz, muassasa kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi va tarbiyalanuvchilarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar (keyingi o‘rinlarda ota-onalar deb yuritiladi) vakillari a’zo sifatida kiritiladi. 12. Brakeraj komissiyasi oshxonaga qabul qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlari va tayyorlanayotgan taomlar sifatini doimiy ravishda o‘rganib boradi. O‘rganish natijalari alohida yuritiladigan, mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shakldagi brakeraj daftarida qayd etiladi. 13. Brakeraj daftari oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, mazasi, kunlik sinama olinganligi, ovqatni tarqatishga ruxsat berilganligi haqidagi ma’lumotlar belgilangan tartibda to‘ldirilib, har kuni hamshiraning imzosi bilan tasdiqlanadi. Brakeraj daftarining yuritilishi brakeraj komissiyasi a’zolari tomonidan monitoring qilib boriladi. 14. Brakeraj daftari tikilgan, nomerlangan, muassasa rahbari tomonidan imzolangan va muhrlangan bo‘lishi shart. 15. Brakeraj daftarining birinchi sahifasida brakeraj komissiyasini tasdiqlash haqidagi buyruqdan ko‘chirma bo‘lishi, daftar raqamlangan, ip o‘tkazib tikilgan va maktabgacha ta’lim muassasasi mudiri tomonidan uning familiyasi, ismi, otasining ismi va sana ko‘rsatilgan holda imzolanib, muhrlangan bo‘lishi lozim. 16. Maktabgacha ta’lim muassasasida tarbiyalanuvchilarning xavfsiz ovqatlanishini ta’minlash maqsadida mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shakldagi sifati tez buziluvchi oziq-ovqat mahsulotlarini qayd etish daftari yuritiladi. Sifati tez buziluvchi oziq-ovqat mahsulotlarini qayd etish daftarida mahsulotlarning ishlab chiqarilgan vaqti, muassasaga qabul qilingan vaqti va oxirgi ishlatish muddati haqidagi ma’lumotlar qayd etib boriladi. Daftar raqamlangan, ip o‘tkazib tikilgan va maktabgacha ta’lim muassasasi mudiri tomonidan uning familiyasi, ismi, otasining ismi va sana ko‘rsatilgan holda imzolanib, muhrlangan bo‘lishi lozim. Daftarning birinchi sahifasida tez buziluvchi mahsulotlarning saqlanish muddatlari haqidagi jadval ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim. 17. Sifati tez buziluvchi oziq-ovqat mahsulotlarini qayd etish daftarining yuritilishi uchun maktabgacha ta’lim muassasasi mudiri va hamshirasi bevosita mas’ul hisoblanadi. 18. Oshxonada tayyor bo‘lgan taom tarbiyalanuvchilarga tarqatilishidan 15-20 daqiqa oldin maktabgacha ta’lim muassasasi hamshirasi tomonidan kunlik sinama olinadi. 19. Olingan sinama toza idishga solinib, idishning ustki qismiga taomning nomi, tayyorlangan va sinama olingan vaqti yozilgan yorliq yopishtirilgan holda muzlatgich yoki boshqa sinama sifatiga ta’sir qilmaydigan sharoitda to‘liq bir sutka saqlanadi. 20. Maktabgacha ta’lim muassasasiga keltirilgan oziq-ovqat mahsulotlari brakeraj komissiyasi a’zolari tomonidan ko‘rib chiqilganidan keyin muassasa ombor mudiri tomonidan omborxonaga qabul qilib olinadi. 21. Oziq-ovqat mahsulotlarini qabul qilishda brakeraj komissiyasi a’zolari tomonidan mahsulotlarning sifatini kafolatlovchi hujjatlar (sertifikat, markirovka) mavjudligi, shartnomada belgilangan narxi va mahsulotning tavsifiga muvofiqligi ko‘rib chiqiladi. 22. Qabul qilingan oziq-ovqat mahsulotlari sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq holda saqlanadi va sarflanadi. 23. Omborxonaga keltirilgan va kunlik taomnoma asosida oshxonaga berilgan oziq-ovqat mahsulotlari mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq shakldagi omborxonada saqlanayotgan oziq-ovqat mahsulotlarini qayd etish daftariga yozib qo‘yiladi. Daftarning yuritilishi uchun ombor mudiri bevosita mas’ul hisoblanadi. 24. Omborxonada saqlanayotgan oziq-ovqat mahsulotlarini qayd etish daftarida omborxonaga keltirilgan va oshxonaga topshirilgan oziq-ovqat mahsulotlari nomma-nom yozib boriladi. Bunda har bir oziq-ovqat mahsuloti uchun alohida varaq yuritiladi. Omborxonada saqlanayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining qoldig‘i har kuni belgilab boriladi. 25. Omborxonada saqlanayotgan oziq-ovqat mahsulotlarini qayd etish daftari raqamlangan, ip o‘tkazib tikilgan va maktabgacha ta’lim muassasasi mudiri tomonidan uning familiyasi, ismi, otasining ismi va sana ko‘rsatilgan holda imzolanib, muhrlangan bo‘lishi lozim. 26. Maktabgacha ta’lim muassasalarida sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga nisbatan tarbiyalanuvchilarning oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanish darajasi oyma-oy tahlil qilib boriladi hamda choraklik tahlil natijalari chorak yakunlanganidan keyingi oyning 5-sanasiga qadar xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo‘limlariga topshiriladi. Xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanuvchilarning oziq-ovqat bilan ta’minlanish darajasi to‘g‘risidagi umumlashtirilgan hisobotlar chorak yakunlanganidan keyingi oyning 10-sanasiga qadar tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasiga taqdim etiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi tomonidan maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanuvchilarning oziq-ovqat bilan ta’minlanish darajasi to‘g‘risidagi umumlashtirilgan hisobotlar chorak yakunlanganidan keyingi oyning 15-sanasiga qadar O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligiga topshiriladi. 5-bob. Maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanuvchilarning kunlik ovqatlantirish narxlarini belgilash 27. Maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanuvchilarning sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishi hududiy tuman (shahar) hokimliklarining moliya bo‘limlari tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilish uchun ajratilgan mablag‘lar hisobga olingan holda tashkil qilinadi. Maktabgacha ta’lim muassasasining xarajatlar smetasida choraklar kesimida ko‘rsatilgan mablag‘ni muassasaning bir chorak mobaynidagi ish kunlariga bo‘lish orqali muassasada bir kunda sarflanadigan mablag‘ miqdori chiqariladi va ushbu mablag‘ doirasida taomnoma qiymati belgilanadi. 28. Tarbiyalanuvchining maktabgacha ta’lim muassasasida bo‘lgan davri uchun badal to‘lovlari ham tarbiyalanuvchilarning ovqatlanishini tashkil etishga qo‘shimcha ravishda yo‘naltiriladi. Bunda har bir tarbiyalanuvchiga taomnoma asosida beriladigan oziq-ovqat mahsulotlari miqdori belgilangan kunlik sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq bo‘lishi talab etiladi. 29. Maktabgacha ta’lim muassasasida tarbiyalanuvchilarni ovqatlantirish jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari yoki muassasaning budjetidan tashqari mablag‘lari hisobiga tashkil etilgan taqdirda, tarbiyalanuvchilar uchun belgilangan bir kunlik ovqatlanish ratsioni sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq belgilangan normalardan oshmasligi lozim. 6-bob. Maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarining ovqatlanishini tashkil etish 30. Maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarining mazkur muassasada ovqatlanishini tashkil etish maktabgacha ta’lim muassasasi mudiri bilan xodim o‘rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq to‘lov asosida amalga oshiriladi. 31. Maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlari taomnoma bo‘yicha tushlik uchun beriladigan birinchi taom, choy va non hisobidan ovqatlanadilar. 32. Taomnomada haqiqatda ovqatlangan xodimlar soni, ular uchun sarflangan oziq-ovqat mahsulotlarining miqdori va qiymati ko‘rsatiladi. 33. Joriy oyda xodimlarning maktabgacha ta’lim muassasasi hisobidan ovqatlanishi uchun bir oylik to‘lov miqdori oldingi oyda tuzilgan taomnoma bo‘yicha xodimlarga sarflangan oziq-ovqat mahsulotlarining haqiqatda ovqatlangan xodimlar o‘rtacha soniga bo‘lish orqali aniqlanadi. 34. Xodimlarning maktabgacha ta’lim muassasasida ovqatlanganligi uchun to‘lovlar joriy oyning 10-sanasidan kechiktirmay banklarga to‘lanadi hamda to‘lov to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat (kvitansiya) nusxasi maktabgacha ta’lim muassasasiga taqdim etiladi. Xodimlarning maktabgacha ta’lim muassasasida ovqatlanganligi uchun to‘langan mablag‘lar maktabgacha ta’lim muassasalarining shaxsiy g‘azna hisobvaraqlarida ulardan keyinchalik foydalanish uchun hisobga olinadi. 35. Xodimlarning maktabgacha ta’lim muassasasida ovqatlanganligi uchun to‘lovlar miqdorini hisoblashda xodimning faqat ishda bo‘lgan kunlari e’tiborga olinadi. Xodimning ishda bo‘lmagan kunlari uchun undirilgan to‘lovlar keyingi oy uchun to‘lov amalga oshirilayotganida hisobga olinadi. 36. Xodimlarning maktabgacha ta’lim muassasasida ovqatlanganligi uchun amalga oshirgan to‘lovlari to‘liq oziq-ovqat xarajatlariga yo‘naltiriladi. 7-bob. Maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarining sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishini tashkil etishda ishtirok etadigan xodimlarning vazifalari 37. Maktabgacha ta’lim muassasasining mudiri: tarbiyalanuvchilarning sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishini tashkil etishga hamda ularni oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash ishlariga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi; tarbiyalanuvchining maktabgacha ta’lim muassasasida bo‘lgan davri uchun badal to‘lovlari va davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish yuzasidan shartnomalar tuzadi; maktabgacha ta’lim muassasasi hisobchisi bilan birgalikda bir nafar tarbiyalanuvchiga kunlik ovqatlanish narxlarini belgilash, taomnoma blankalarini raqamlash, muhrlash, omborxonadagi oziq-ovqat mahsulotlari hisobini olib borish, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beruvchilar bilan tuzilgan shartnomalar shartlari bajarilishi va tarbiyalanuvchilarning davlat maktabgacha ta’lim muassasasida bo‘lgan davri uchun badal to‘lovlari vaqtida va to‘liq to‘lab borilishini ta’minlaydi; ota-onalar yig‘ilishlarida tarbiyalanuvchilarning sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishi uchun tayyorlanayotgan taomlarning sifati, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarida belgilangan oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanish darajasi to‘g‘risida har chorakda bir marta hisobot berib boradi; har yarim yilda kamida bir marta ota-onalar o‘rtasida tarbiyalanuvchilarning sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishini tashkil etish darajasini baholash maqsadida so‘rovnomalar o‘tkazadi va uning natijalarini muhokama qilib boradi; maktabgacha ta’lim muassasasidagi brakeraj komissiyasining tarkibini tasdiqlaydi, zarur hollarda tarkibga o‘zgartirishlar kiritadi, brakeraj komissiyasining ishini muvofiqlashtiradi. 38. Maktabgacha ta’lim muassasasi hamshirasi: taomnomalarning xilma-xilligi va sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga asosan tuzilishi, oshxona va omborxonaning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya qilgan holda faoliyat yuritishini nazorat qiladi; oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, saqlanish qoidalariga amal qilinishini hamda iste’molga berilishini, tayyorlangan taomlar sifatini, mahsulotlarning taomlarni tayyorlashda to‘g‘ri taqsimlanishini, taom vaznini va sifatini, oziq-ovqat mahsulotlarining belgilangan me’yorlar asosida sarflanishini ta’minlaydi; tarbiyalanuvchilarning tasdiqlangan muassasa rejimiga asosan ovqatlantirilishini tashkil etadi; asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari bo‘yicha ta’minlanishi yuzasidan har o‘n kunlik hisobotini yuritadi; yig‘ma hisobotlardan kelib chiqib, taomlar ratsioniga kiritilgan oziq-ovqat mahsulotlarining tarkibiy qismi va energetik qiymatini doimiy ravishda tahlil qilib boradi; tayyor taomlardan sinama olish, organoleptik (hid bilish, ta’m bilish, ko‘rish) usul asosida baholash va jurnalga qayd etish hamda taomlardan olingan sinamalarni talab etilgan darajada saqlanishini ta’minlaydi; ombor mudiri va oshpaz bilan hamkorlikda taomnoma tuzadi; har uch yilda bir marta maktabgacha ta’lim muassasalarida sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishni tashkil etish bo‘yicha malaka oshiradi. 39. Maktabgacha ta’lim muassasasi oshpazi: maktabgacha ta’lim muassasasidagi taomnoma asosida taomlarni tayyorlash texnologiyasiga amal qilgan holda tayyorlaydi; tarbiyalanuvchilarning yoshlariga muvofiq tarzda taomlarni porsiyalarga bo‘ladi va tarqatadi; kunlik taomnomani tuzishda ishtirok etadi; oziq-ovqat mahsulotlarining belgilangan tartibda saqlanishi va taomnoma asosida to‘g‘ri sarflanishini ta’minlaydi; taomlarni tayyorlashda mahsulotlarga dastlabki va issiqlik ishlov berishni amalga oshiradi; turli xildagi oziq-ovqat mahsulotlarining xarakteristikasi va biologik qiymatini o‘rganadi hamda ularni organoleptik usul orqali sifat ko‘rsatkichlarini farqlaydi; issiqlik ishlov beruvchi, vazn o‘lchovchi, muzlatgich va boshqa jihozlardan foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalariga qat’iy amal qiladi; har uch yilda bir marta maktabgacha ta’lim muassasalarida sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishni tashkil etish bo‘yicha malaka oshiradi. 40. Maktabgacha ta’lim muassasasi ombor mudiri (omborchi): oziq-ovqat mahsulotlarini qabul qilishni tashkil etadi, omborxonaga joylashtiradi va ularni saqlashda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga amal qiladi; kunlik taomnomani tuzishda ishtirok etadi; oziq-ovqat mahsulotlarining omborxonadagi qoldiq miqdoridan kelib chiqib yetkazib beruvchilarga buyurtmalar shakllantirishda ishtirok etadi; kunlik taomnomada belgilangan barcha turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini oshxonaga beradi; yetkazib beruvchilar tomonidan topshirilgan oziq-ovqat mahsulotlarini yuk xatiga mosligini tekshiradi, ularning vaznini o‘lchaydi va sifatini ko‘zdan kechiradi; omborxonadagi oziq-ovqat mahsulotlarining hisobini yuritadi, mahsulotlarni sifat xarakteristikasiga, foydalanish muddatlariga amal qilgan holda saqlaydi; omborxonada saqlanayotgan oziq-ovqat mahsulotlarini qayd etish daftarini yuritadi; har uch yilda bir marta maktabgacha ta’lim muassasalarida sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishni tashkil etish bo‘yicha malaka oshiradi. 8-bob. Maktabgacha ta’lim muassasalarida sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishni tashkil etish monitoringini amalga oshirish 41. Maktabgacha ta’lim muassasalarida sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishni tashkil etishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi, xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo‘limlari hamda ta’lim muassasalari vakolatlari quyidagilardan iborat: maktabgacha ta’lim muassasalarida sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishni tashkil etish yuzasidan doimiy monitoring olib borish, jumladan tarbiyalanuvchilarning oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanganlik darajasini tahlil qilib borish; tegishli mahalliy davlat hokimiyati organlariga oshxonalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha takliflar kiritish; monitoring natijalarini har chorakda hududiy tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi yig‘ilishlarda prokuratura, moliya, sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limlari rahbarlari ishtirokida muhokama qilib borish; oshxonalarda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq bo‘lmagan holatlarni zudlik bilan bartaraf etish choralarini ko‘rish. 42. Hududiy davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari tomonidan maktabgacha ta’lim muassasalari oshxonalarida sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari hamda sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi tadbirlarning bajarilishiga rioya qilinishi yuzasidan nazorat ishlari amalga oshiriladi. Olib borilgan nazorat ishlari har chorakda hududiy tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi yig‘ilishlarda muhokama etiladi va tegishli tadbirlar belgilanadi. 9-bob. Yakuniy qoida 43. Maktabgacha ta’lim muassasalarida sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishni tashkil etishga mas’ul xodimlarning malakasini oshirish O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etiladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda ishlab chiqilgan o‘quv dastur va reja asosida amalga oshiriladi. Maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarining sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishini tashkil etish to‘g‘risidagi nizomga 1-ILOVA
Download 64.23 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling